Yurtimiz tinch-osoyishta va xalqimiz farovon hayot kechirayotgan bir davrda, ba'zi qo'shtirnoq ichidagi kimsalar o'z joniga qasd qilish bilan birga yurtimiz kelajagi bo'lgan yoshlarni, irodasi sust kishilarni hatto ayol-qizlarni ham yo'ldan urib, xavfli kasallik OITS (SPID)ni tarqatuvchi asosiy omil bo'lgan giyohvandlikni yuqtirmoqdalar, tarqatmoqdalar.
Giyovandlik ilmiy tilda narkomaniya deyilib, yunoncha “narke” – karaxtlik, harakatsizlik, “maniya” – aqldan ozish ma'nosini anglatadi. Soha mutaxassislari: “Giyohni bir marta iste'mol qilgan kimsa, ruhiy holatini, ya'ni kayfiyatini ko'tarib, bosh miyani ishdan chiqaradi. Tez-tez iste'mol qilsa, unga o'rganib qoladi va giyohlarsiz yasholmaydigan bo'lib qoladi”, deb ta'kidlaydilar.
Giyohlarni doimiy iste'mol qilib, kasallikka chalingan bemorlarga giyohvand deyiladi. Ular hayotning barcha lazzatidan ayriladi, insoniy qiyofasini yo'qotadi, eslash qobiliyati, ruhiy holati, fikrlash sistemasi va aql-idroki pasayib butunlay izdan chiqadi. Ularda mehr-oqibat, kattaga hurmat, kichikka izzat, hayo-uyat va xulq-odob kabi insoniy xislatlarning zarrasi ham qolmaydi. Ular ota-onasi, oilasi, mahalla-ko'yi, el-yurti, xalqi hamda Ona Vatani oldidagi vazifasi, burch va majburiyatlarini unutadilar. Qisqa qilib aytganda, ma'naviy hayotdan uzilib, inson suratida qoladilar, xolos.
Muqaddas dinimiz insonni o'z-o'zini halok qilish, joniga qasd qilish, salomatligiga zararli narsalarni iste'mol qilish kabi ishlardan qaytaradi. Alloh taolo bu haqida shunday marhamat qiladi:
“…o'z qo'llaringiz (baxilligingiz) bilan o'zlaringizni halokatga tashlamangiz!..”(Baqara, 195).
Giyohvandlik nafaqat insonning joniga balki moli, oilasi, qarindoshlari, yaqinlari va jamiyatning barcha a'zolariga zarar keltiradi. Jamiyat taraqqiyotini ma'lum miqdorda orqaga tortadi. Jamiyat tinchligiga rahna soladi. Statistik ma'lumotlarga qaraganda qotilliklarning, bezoriliklarning katta qismi giyohvandlar tomonidan amalga oshirilar ekan. Bir giyohvand bir yil mobaynida besh nafar sog'lom o'smir-yoshlarni yo'ldan urib, giyohvandlik domiga tortarkan.
Bu haqida Abu Said Hudriy (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilingan hadisda Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Islomda zarar keltirish yo'q. Kim musulmonga (moli, joni, matosiga nohaqdan) zarar keltirsa, Alloh taolo uning o'ziga zarar etkazib qo'yadi. Kim musulmon bilan zulm qilib tortishsa, Alloh taolo uni mashaqqatga solib qo'yadi” (Imom Hokim rivoyati).
Mutaxassislar giyohvandlikka sabab qilib, quyidagi ba'zi omillarni aytishadi:
– oilaviy kelishmovchiliklar, ziddiyatlar, etishmovchiliklar;
– barcha narsaning ta'mini bilish, sinab ko'rish uchun intilish;
– zo'riqishning oldini olish va bo'shashish maqsadida;
– hayot qiyinchiliklari va zerikish;
– johillik, aqlsizlik oqibati;
– kayfichog'lik qilish istagi;
– atrofdagilarga taqlid qilish va hokazo.
Giyohvandlikning sabablari juda ko'p. Tegishli muassasalar, tashkilotlarning o'zi bilangina ularning oldini olish mushkul ish. Shuning uchun bu illatga qarshi jamiyatning har bir a'zosi birdek kurashsa, natijaga erishish mumkin. Jamiyatdagi har bir shaxs avval o'zini, so'ngra qo'l ostidagilarni, oilasini, farzandlarini bu jirkanch balodan saqlashga urinsa, xalq bu illatdan xalos bo'ladi. Farzandlarga ta'lim-tarbiya berilsa, hunar o'rgatilsa, ularni mehr-oqibatli, hurmat-izzatli, odobli qilib tarbiya qilinsa, ularning bo'sh vaqtlarini foydali ishlar bilan band qilinsa, lo'nda qilib aytganda, yuksak ma'naviyat sohibi qilib etishtirilganda bu illatdan qutulish, forig' bo'lish mumkin. El-yurt tinchligi, osoyishtaligi buyuk ne'matligini his etib, ushbu zararli illat ayni ko'rnamaklik ekanligini anglab etsak, bu kasallikdan xalos bo'lamiz.
Toshkent Islom instituti
talabasi Soatov Mansur
Toshkent islom instituti magistratura bosqichi hamda Hadis ilmi maktabiga hujjat topshirgan talabgorlar uchun joriy yilning 11 avgust kuni ijodiy imtihonlar o‘tkaziladi.
Talabgorlar tanlagan yo‘nalishlari bo‘yicha quyidagi fanlardan imtihon topshiradilar:
Teologiya (Tafsir va Qur’on ilmlari): Qur’oni karim va tajvid, Tafsir;
Teologiya (Hanafiylik va fiqh ilmlari): Fiqh, Usulul-fiqh;
Hadis ilmi maktabi: Hadis va mustalahul hadis.
Imtihonlar 11 avgust kuni soat 8:00 da Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti binosida boshlanadi. Talabgorlarni ro‘yxatga olish jarayoni soat 7:30 dan start oladi.
Muhim eslatma: Abituriyentlar imtihonga pasport (yoki ID-karta) asli hamda «Imtihon ruxsatnomasi» bilan kelishlari shart. Ushbu hujjatlardan biri bo‘lmagan talabgorlar imtihonga kiritilmaydi.
Manzil: Toshkent shahri, Olmazor tumani, Zarqaynar 18-berk ko‘chasi, 47-uy.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati