Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Sentabr, 2026   |   7 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:47
Quyosh
06:06
Peshin
12:17
Asr
16:38
Shom
18:32
Xufton
19:47
Bismillah
18 Sentabr, 2026, 7 Rabi`us soni, 1448

Zararli illat

07.11.2022   3531   4 min.
Zararli illat

Yurtimiz tinch-osoyishta va xalqimiz farovon hayot kechirayotgan bir davrda, ba'zi qo'shtirnoq ichidagi kimsalar o'z joniga qasd qilish bilan birga yurtimiz kelajagi bo'lgan yoshlarni, irodasi sust kishilarni hatto ayol-qizlarni ham yo'ldan urib, xavfli kasallik OITS (SPID)ni tarqatuvchi asosiy omil bo'lgan giyohvandlikni yuqtirmoqdalar, tarqatmoqdalar.

Giyovandlik ilmiy tilda narkomaniya deyilib, yunoncha “narke” – karaxtlik, harakatsizlik, “maniya” – aqldan ozish ma'nosini anglatadi. Soha mutaxassislari: “Giyohni bir marta iste'mol qilgan kimsa, ruhiy holatini, ya'ni kayfiyatini ko'tarib, bosh miyani ishdan chiqaradi. Tez-tez iste'mol qilsa, unga o'rganib qoladi va giyohlarsiz yasholmaydigan bo'lib qoladi”, deb ta'kidlaydilar.

Giyohlarni doimiy iste'mol qilib, kasallikka chalingan bemorlarga giyohvand deyiladi. Ular hayotning barcha lazzatidan ayriladi, insoniy qiyofasini yo'qotadi, eslash qobiliyati, ruhiy holati, fikrlash sistemasi va aql-idroki pasayib butunlay izdan chiqadi. Ularda mehr-oqibat, kattaga hurmat, kichikka izzat, hayo-uyat va xulq-odob kabi insoniy xislatlarning zarrasi ham qolmaydi. Ular ota-onasi, oilasi, mahalla-ko'yi, el-yurti, xalqi hamda Ona Vatani oldidagi vazifasi, burch va majburiyatlarini unutadilar. Qisqa qilib aytganda, ma'naviy hayotdan uzilib, inson suratida qoladilar, xolos.

Muqaddas dinimiz insonni o'z-o'zini halok qilish, joniga qasd qilish, salomatligiga zararli narsalarni iste'mol qilish kabi ishlardan qaytaradi. Alloh taolo bu haqida shunday marhamat qiladi:

“…o'z qo'llaringiz (baxilligingiz)  bilan o'zlaringizni halokatga tashlamangiz!..”(Baqara, 195).

Giyohvandlik nafaqat insonning joniga balki moli, oilasi, qarindoshlari, yaqinlari va jamiyatning barcha a'zolariga zarar keltiradi. Jamiyat taraqqiyotini ma'lum miqdorda orqaga tortadi. Jamiyat tinchligiga rahna soladi. Statistik ma'lumotlarga qaraganda qotilliklarning, bezoriliklarning katta qismi giyohvandlar tomonidan amalga oshirilar ekan. Bir giyohvand bir yil mobaynida besh nafar sog'lom o'smir-yoshlarni yo'ldan urib, giyohvandlik domiga tortarkan.

Bu haqida Abu Said Hudriy (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilingan hadisda Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Islomda zarar keltirish yo'q. Kim musulmonga (moli, joni, matosiga nohaqdan) zarar keltirsa, Alloh taolo uning o'ziga zarar etkazib qo'yadi. Kim musulmon bilan zulm qilib tortishsa, Alloh taolo uni mashaqqatga solib qo'yadi” (Imom Hokim rivoyati).

Mutaxassislar giyohvandlikka sabab qilib, quyidagi ba'zi omillarni aytishadi:

– oilaviy kelishmovchiliklar, ziddiyatlar, etishmovchiliklar;

– barcha narsaning ta'mini bilish, sinab ko'rish uchun intilish;

– zo'riqishning oldini olish va bo'shashish maqsadida;

– hayot qiyinchiliklari va zerikish;

– johillik, aqlsizlik oqibati;

– kayfichog'lik qilish istagi;

– atrofdagilarga taqlid qilish va hokazo.

Giyohvandlikning sabablari juda ko'p. Tegishli muassasalar, tashkilotlarning o'zi bilangina ularning oldini olish mushkul ish. Shuning uchun bu illatga qarshi jamiyatning har bir a'zosi birdek kurashsa, natijaga erishish mumkin. Jamiyatdagi har bir shaxs avval o'zini, so'ngra qo'l ostidagilarni, oilasini, farzandlarini bu jirkanch balodan saqlashga urinsa, xalq bu illatdan xalos bo'ladi. Farzandlarga ta'lim-tarbiya berilsa, hunar o'rgatilsa, ularni mehr-oqibatli, hurmat-izzatli, odobli qilib tarbiya qilinsa, ularning bo'sh vaqtlarini foydali ishlar bilan band qilinsa, lo'nda qilib aytganda, yuksak ma'naviyat sohibi qilib etishtirilganda bu illatdan qutulish, forig' bo'lish mumkin. El-yurt tinchligi, osoyishtaligi buyuk ne'matligini his etib, ushbu zararli illat ayni ko'rnamaklik ekanligini anglab etsak, bu kasallikdan xalos bo'lamiz.

Toshkent Islom instituti

talabasi Soatov Mansur

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Saudiya matbuoti: O‘zbekiston madaniy-gumanitar, turizm sohalarida xalqaro hamkorlikni kengaytirmoqda

24.08.2026   75794   1 min.
Saudiya matbuoti: O‘zbekiston madaniy-gumanitar, turizm sohalarida xalqaro hamkorlikni kengaytirmoqda

Saudiya Arabistonining nufuzli OAVda O‘zbekistonning madaniy-gumanitar, turizm va sport sohalaridagi xalqaro hamkorligi hamda mamlakatda bo‘lib o‘tadigan yirik tadbirlarga bag‘ishlangan tahliliy maqolalar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Xususan, Saudiya Arabistonining “Amwaj” nashrida joriy yilning 24–29 avgust kunlari Toshkentda “Islom sivilizatsiyasi: yangicha nigoh, yangi kashfiyotlar” mavzusida xalqaro mediaforum o‘tkazilishi keng yoritildi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadigan ushbu yirik tadbirga yetakchi xorijiy jurnalistlar va xalqaro ekspertlar to‘planishi qayd etilgan. Forum dasturi yalpi majlislar, talabalar uchun mahorat darslari, mediaturlar va Samarqandning tarixiy obidalarini ziyorat qilishni o‘z ichiga oladi hamda O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligini nishonlashga bag‘ishlanadi.

Shuningdek, nashrda Samarqandda O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan birinchi O‘zbekiston–Gruziya turizm forumi ham yoritilgan. Ta’kidlanishicha, tadbir O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Gruziyaga davlat tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarning amaliy ifodasi bo‘ldi.

Tomonlar qo‘shma sayyohlik mahsulotlarini yaratish, to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni kengaytirish va turizmning yangi turlarini rivojlantirish masalalarini muhokama qilgan. Gruziyadan kelayotgan sayyohlar oqimining sezilarli darajada oshgani va O‘zbekiston turizm sohasining umumiy ko‘rsatkichlari yuqori ekani qayd etilgan.

“Saudi Press Agency” axborot agentligi Jidda shahrida Saudiya Arabistoni Islom ishlari, da’vat va irshod vazirligi hamda O‘zbekiston Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi o‘rtasidagi Anglashuv memorandumiga doir ijro dasturi imzolangani haqida xabar berdi.

Ushbu hujjat mo‘tadillik tamoyillarini mustahkamlash, ekstremizmga qarshi kurashish, voiz va imomlar uchun o‘quv kurslarini tashkil etish, Qur’oni Karim ma’nolarini o‘rganish va yoyish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari