Shuni ta'kidlash lozim, Islomda haqqoniy xalifalik davri allaqachon o'tib ketgan. Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam hayotlik chog'laridayoq haqqoniy xalifalik davrini aniq aytganlar. U zot alayhissalom: “Halifalik o'ttiz yildir! Undan keyin podsholik bo'ladi”, deganlar (Imom Termiziy, Imom Abu Dovud, Imom Ahmad ibn Hanbal rahimahumulloh rivoyati).
Ushbu hadis Payg'ambarimizning mo''jizalaridan biri bo'lib, unda aytilgan xabar Rasulullohdan keyin o'ttiz yil davomida o'z tasdig'ini topdi. Ma'lumki, Islom ummati uchun to'rt roshid xalifa bor. Ular: Abu Bakr, Umar, Usmon va Ali roziyallohu anhum. Shu to'rt xalifaning musulmonlar ustida rahbarlik davri o'ttiz yilga to'g'ri kelgan. Bularning davri o'tgach, Islom ummati orasida haqqoniy xalifalik davri tugab, Payg'ambarimiz bashorat qilganlaridek, podsholik davri boshlandi.
Hizbchilar xalifasi bo'lmagan ummatning ibodatida naf yo'q, deydilar. Ular bu qarorga Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning ushbu hadisini asos qilmoqchi bo'lishadi: “Kim imom (boshliq)siz o'lsa, johiliyatda o'libdi” (Imom Ahmad rivoyati). Ular bu hadisga tayanib, xalifalik masalasini Islom arkonlaridan ham muhim deb birinchi o'ringa qo'yishgan. Buning oqibatida o'zlari ham adashib, tobelarini ham zalolatga boshlaganlar.
Hadis esa mazmun jihatidan ikki xil ma'noga ega:
1) haqqoniy xalifa mavjud bo'laturib, unga itoatsizlik qilganlar go'yo johiliyat davrida o'lganlar kabi o'libdi;
2) boshida rahnamosi, imomi, boshlig'i bo'laturib, unga itoat qilmagan o'zboshimchalar go'yo johiliyatda o'lgandek o'libdi.
Birinchi ma'noga ko'ra, hadis ma'lum davrgagina xos bo'lib, bugungi kunda o'z kuchini yo'qotgan hisoblanadi. Chunki yuqoridagi hadisda aytilganidek, haqqoniy xalifalik davri dastlabki o'ttiz yilda nihoyasiga etgan. Demak, bu hadis hozirgi kunga daxldor emas. Hizbchilarning unga suyanishi xatodir.
Ikkinchi ma'noga ko'ra, hadis hukmi umumiy bo'lib, bugungi kunda ham o'z kuchini yo'qotmagan. Biroq, aynan xalifani emas, balki imomni, boshliqlarni nazarda tutadi. Diqqat qilsangiz, ikki ehtimoliy ma'noda ham hadis hizbchilarning zarariga “ishlaydi”.
Birinchi ma'noga ko'ra, hizbning xalifalik yo'lidagi harakati o'ta mantiqsizlik va amrimahol xalifalikni qayta tiklashga behuda urinish bo'lib chiqadi. Birinchidan, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam tomonlaridan aniq vaqti va chegarasi bayon qilingan narsani qayta tiklashga urinish yo aqlsizlik, yoki Rasulullohga ishonmaslikdir!
Ikkinchi ma'noga ko'ra esa, hizbning o'zi hadisga ochiqcha ters harakat qilayotir. Axir o'z yurtboshisi, rahnamosi, hokimiga itoatda yashab kelayotgan jamiyatda mavjud hukumatni ag'darib, o'rniga o'zlari istagan shaxsni tayinlashga urinishlari mavjud boshchiga, ilm ahliga, imom-domlalarga itoatsizlik emasmi?!
Hadisga ikkinchi ma'no nuqtai nazaridan yondashsak, hizb a'zolarining o'zlari johiliyat o'limini topuvchi adashgan toifalarning birinchi qatorida turibdi-ku?!
Hanafiy mazhabining yirik olimi, hindistonlik Mulla Jivan hazratlari hukm oyatlariga doir “at-Tafsirotul Ahmadiya” asarida mavzuga doir quyidagi fikrni ilgari suradi: «Bilib qo'yish lozim, tom ma'nodagi komil xalifalik (davri) Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning ushbu: “Halifalik mendan so'ng o'ttiz yildir! Undan keyin talashib-tortishiladigan podsholiklar (davri) bo'ladi”, degan hadisi taqozosiga ko'ra, Ali roziyallohu anhuda tamom bo'lgan. Noqis xalifalik esa unday emas (ya'ni o'ttiz yildan keyin ham davom etgan). Chunki abbosiylar davrida, noqis bo'lsa-da, xalifalik bo'lgan. Haqqoniy imomat ham bugungi zamonamizda shartlari yo'q bo'lib ketgani bois topilmaydi. Zero, imomat shartlari ichida eng oxirgisi qurayshiy bo'lishdir. Bu ham hozirgi davrda juda ko'p joylarda topilmaydigan shartdir.
Shuningdek, mutlaq tarzda kelgan: “Ey imon keltirganlar! Allohga itoat qiling, Payg'ambarga va o'zingizdan bo'lgan ishboshilarga itoat qiling” (Niso surasi, 59) oyati karimasiga ko'ra, rahbarlarga (dinga zid ishlarni buyurmasa) itoat qilish vojib bo'ladi. Ular xalifa yo haqqoniy imom deb emas, balki ishboshilarimiz bo'lgani uchun itoat qilamiz, ergashamiz» (Mulla Jivan “At-Tafsirot ul-Ahmadiya”. 201-B. Qozon. Haritonov matbaasi. 1904 m).
Demak, hizbchilarning xalifalik haqida ilgari surayotgan fikrlari voqelikda sodir bo'lishi mumkin bo'lmagan amrimahol xayolotdan boshqa narsa emas. Ahli sunna e'tiqodini mahkam tutaman degan shaxs hizbning xayoliy tasavvurotlariga, aslida, buzg'unchi g'oyalariga aldanmasdan, sog'lom fikr yuritsa, haqni topadi.
Botirjon TOJIBOYeV,
Andijon shahar “G'ishtli” jome
masjidi imom-xatibi
18 avgust Toshkentning nafaqat diniy, balki madaniy va ilmiy merosi tarixida muhim o‘rin tutuvchi sana. Qur’oni Karimning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri sifatida e’zozlanadigan Usmon Mus'hafi asrlar davomida Markaziy Osiyo tarixining turli bosqichlariga guvoh bo‘lib kelgan, xabar bermoqda iccu.uz.
Ushbu nodir qo‘lyozma yirik hajmdagi pergament varaqlarga yozilgan bo‘lib, matni qadimiy Hijoz xatida bitilgan. Mus'hafda hozirgi arab yozuvidagi nuqta va harakat belgilari mavjud emas. Manbalarda uning saqlanib qolgan qismi 338 yoki 353 varaqdan iborat ekani haqida turli ma’lumotlar uchraydi. Ayrim yo‘qolgan pergament varaqlar keyinchalik qog‘oz bilan almashtirilgan. Qo‘lyozmaning aniq sanasi xususida ilmiy adabiyotlarda turli qarashlar mavjud.
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mus'haf uzoq yillar Samarqandda saqlangan. 1868–1869 yillarda u Sankt-Peterburgga olib ketilgan va Imperator xalq kutubxonasiga topshirilgan. 1905 yilda qo‘lyozmaning 50 ta faksimile nusxasi ko‘chirilgan. 1917 yildagi siyosiy o‘zgarishlardan keyin musulmon ulamolarining talabi bilan Mus'haf avval Ufaga, keyin esa O‘rta Osiyoga qaytarilishi jarayoni boshlangan.
1924 yilda Usmon Mus'hafi Tatariston, Boshqirdiston va Turkiston ulamolaridan tashkil topgan maxsus kuzatuvchilar hamrohligida maxsus poyezd orqali Ufadan Toshkentga olib kelindi. Toshkentga olib kelinganidan so‘ng Mus'haf bir muddat shahardagi masjidlardan birida saqlandi. Keyinchalik uning asrab-avaylanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirildi.
1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Musulmonlarning IV quriltoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Usmon Mus'hafining musulmonlar ixtiyoriga qaytarilgani e’lon qilindi. Keyinchalik u O‘zbekiston musulmonlari idorasi ixtiyoriga topshirildi. Mus'haf bir muddat Hazrati Imom majmuasidagi «Mo‘yi Muborak» madrasasi muzey-kutubxonasida maxsus sharoitda ham saqlandi.
Usmon Mus'hafining tarixiy va madaniy ahamiyati xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan. 1997 yilda qo‘lyozma YUNЕSKOning «Memory of the World» — «Jahon xotirasi» dasturi ro‘yxatiga kiritilgan.
2025 yil 13 noyabr — Usmon Mus'hafi tarixida yana bir muhim sana. Aynan shu kuni nodir qo‘lyozma O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga olib kelindi. Bugun Qur’on zalidagi asosiy eksponatlardan biri sifatida alohida o‘rin egallab, yurtimizning ko‘p asrlik diniy, ilmiy va ma’naviy merosini namoyon etuvchi bebaho yodgorlik sifatida taqdim etilgan. Shuningdek, Markazda turli davrlarda Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar davrida ko‘chirilgan Qur’on nusxalarini ham ko‘rish mumkin. Usmon Mus'hafi tarixi bu faqat bir qo‘lyozmaning tarixi emas. Bu asrlar osha saqlangan ilmiy va ma’naviy meros, uni asrab-avaylagan avlodlar xotirasi va O‘zbekiston zaminida shakllangan buyuk islom sivilizatsiyasining uzviy davomiyligi haqidagi tarixdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati