Qur'oni karimda mutashobih oyatlar ham bo'lib uning asl ma'nosi bandasiga ma'lum emas. Masalan, bunday oyatlardan biri “Toho” surasining 5-oyatida: "Rahmon atalmish Zot Arsh uzra mustaviy bo'ldi", – deyiladi. Bu erdagi "mustaviy bo'ldi" iborasini “tik turdi”, “to'g'ri bo'ldi”, “o'rnashdi”, “egalladi” kabi mazmunda tarjima qilish mumkin bo'lsada, bulardan qaysi biri to'g'ri ekani yoki boshqa ma'nosi borligi faqat Allohning o'ziga ma'lum. Bu kabi oyatlarga faqat imon keltirib, Allohdan ekanligini tasdiqlab qo'yishning O'zi kifoyadir.
Bu haqda Qur'oni karimda shunday deyiladi: “U Sizga Kitobni (Qur'onni) nozil qilgan zotdir. Unda muhkam – oydin oyatlar ham bor va ular kitobning aslidir va yana mutashobih (ma'nosi O'zidan boshqaga noma'lum) oyatlar ham bor. Ammo dillarida og'ish bor kimsalar odamlarni fitnaga solish va o'z talqiniga muvofiq ma'nolar berish uchun uning (Qur'onning) mutashobih oyatlariga ergashadilar. Holbuki, unday oyatlar ta'vilini (asl ma'nosini) faqat Allohning O'zigina bilur. Ilmda mustahkam (haqqoniy olim)lar esa, deydilar: «Unga imon keltirdik. Hamma (oyatlari) Rabbimiz huzuridandir». (Bundan) faqat aql egalarigina eslatma olurlar” (Oli Imron surasi 7-oyat).
Imom Abu Ja'far at-Tahoviy “Aqidatut-Tahoviy” kitobida bunday deganlar: “Kim o'rganish man qilingan narsaga kirishsa, vasvasaga tushgan, adashgan va shakka tushgan holatda bo'ladi”.
“O'rganish man qilingan narsa” deganda, mutashobih oyatlar tushuniladi. U oyatlardan nima iroda qilinganini faqat Allohning O'zi biladi. Imom Tahoviy mutashobih oyatlarni ta'vil qilmaslik (tafsiriga kirishmaslik) yo'lini tanlaganlar.
Hozirgi kundagi soxta salafiylar bu oyatlarning zohiriga mahkam yopishib olib, Alloh taolo Arshga o'tirgan, Arsh esa osmonda, demak, Alloh ham osmonda, degan noto'g'ri xulosaga kelishmoqda. Vaholanki, mutashobih oyatlarni tasdiqlash va ulardagi haqiqiy ma'no qasd qilinmaganiga e'tiqod qilish oldingi ulamolarimiz yo'li edi. Ahli sunna ulamolari Alloh taologa makon nisbat bermaydilar, ulardan hech birlari bu gapni aytgan emaslar. Aksincha, ba'zi ulamolar Alloh taologa makon nisbat berish kufr ekanini aytishadi, chunki Alloh taologa makon tayin qilish U Zotni bandalariga o'xshatishdir.
Keyingi zamonlarda mutashobih oyatlar haqida savollar ko'payib ketgach, Ahli sunna mutaaxxir ulamolari u oyatlarni Alloh taoloning azamatiga mos keladigan ma'nolarga ta'vil qilishni joiz ko'rganlar. Aynan “istivo” kalimasini “istilo”, ya'ni “o'ziga mulk qilib egallash va hukmini o'tkazish” ma'nosidagi – deb ta'vil qilganlar. Tavfiq Allohdandir.
Namangan viloyati vakilligi
Chust tuman vakili B. Sharipov
Raddiya: Islomda peshvolikni da’vo qiladigan guruh va oqimlar dindagi ayrim tushuncha va so‘zlarni g‘arazli maqsadlari yo‘lida buzib, noto‘g‘ri talqin qilishi hammaga ma’lum. Ular shu orqali musulmonlar hissiyotiga teginish, o‘zlariga tobelarni ko‘paytirish, dindor va ilmli bo‘lib ko‘rinishga harakat qiladi. “Tog‘ut” so‘zi ular ko‘p ishlatadigan, insonlarni, ayniqsa hukmdorlarni ayblashda qo‘llaydigan tushunchalardan biri. Aslida u nima? Qanday ma’nolarda ishlatiladi? Kimlar tog‘ut bo‘lishi mumkin?
“Tog‘ut” lafzi “tug‘yon” so‘zi bilan o‘zakdosh bo‘lib, Alloh belgilab qo‘ygan chegaradan chiqishga, kufrda haddan oshishga, isyon qilishga nisbatan ishlatiladi. Islomda Allohning yo‘lidan boshqa yo‘l “tog‘ut” deyiladi. Tog‘utning kattasi Shaytondir.
“Tog‘ut” kalimasi Qur’oni karimning sakkiz joyida zikr qilingan bo‘lib, ulamolarimiz uni turlicha tafsir qilgan. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu, Imom Sha’biy, Imom Zahhok “Tog‘utdan murod – Shayton” degan. Imom Abu Oliya va Muhammad ibn Sirin tog‘ut sehrgar va folbin ekanini aytgan.
“Tafsiri Jalolayn”da tog‘ut so‘zi tafsiriga murojaat qilaylik: “Kim tog‘utga kufr keltirib, Allohga iymon keltirsa, batahqiq uzilmaydigan mustahkam tutqichni ushlagan bo‘ladi” (Baqara surasi, 256) va “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir. Ularni nurdan zulmatlarga chiqarurlar” (Baqara surasi, 257) oyatlarida tog‘utlar – but-sanamlar va Shayton, “Kitob (Tavrot)dan nasibador bo‘lganlarning “Jibt” va “Tog‘ut”ga sig‘inishlarini va kofirlarga “Shular mo‘minlardan ko‘ra to‘g‘riroq yo‘ldadir” deyishlarini ko‘rmadingizmi?!” (Niso surasi, 51) oyatida – Jibt va Tog‘ut Quraysh qabilasidagilarning ikki sanami, “O‘zlarini, Sizga nozil qilingan (Qur’on) va Sizdan oldin nozil qilingan (ilohiy kitoblar)ga iymon keltirgan, deb hisoblaydiganlarning hukm so‘rab, Tog‘ut huzuriga borishni xohlayotganlarini ko‘rmadingizmi?” (Niso surasi, 60) oyatidagi tog‘ut kufrda haddan oshgan, tug‘yonga ketgan Ka’b ibn Ashraf, “Kofirlar (esa) Tog‘ut yo‘lida jang qiladilar” (Niso surasi, 76-oyat) va “Kim Allohning la’natiga uchragan, g‘azabiga duchor bo‘lgan, maymun va cho‘chqaga aylantirilgan va tog‘utga ibodat qilgan bo‘lsa, ana o‘shalar yomon martabadagi va to‘g‘ri yo‘ldan butunlay adashgan kimsalardir” (Moida surasi, 60) oyatlarida ular Shayton, “Batahqiq, Biz har bir ummatga: “Allohga ibodat qiling va tog‘utdan chetlaning” deb payg‘ambar yuborganmiz” (Nahl surasi, 36-oyat) va “Tog‘utdan, unga ibodat qilishdan chetda bo‘lganlarga va Allohga qaytganlarga xushxabar bor” (Zumar surasi, 17-oyat) oyatlarida ham ular Shayton deb nazarda tutilgan.
Alloma Ibn Atiyya aytadi: “Ba’zi olimlar: “Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘utdir”, degan”. Fir’avn, Namrud va o‘zini iloh deb e’lon qilganlar va ibodat qilinadigan but-sanamlar tog‘ut deyiladi.
Muqotil roziyallohu anhu “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir” oyatidagi tog‘utni Ka’b ibn Ashraf va Huyay ibn Axtab deb tafsir qilgan. U ikkisi islom va musulmonlarga adovati cheksiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ko‘p aziyat bergan, musulmonlarga qarshi urushga juda ko‘p da’vat qilgan yahudiylardan edi.
Imom Navaviy aytadi: “Lays, Abu Ubayda, Kisoiy va ko‘pchilik tilshunoslar: “Tog‘ut – Alloh taolodan boshqa ibodat qilinadigan narsa”, degan”.
Shayx Muhammad Amin Shinqitiy: “Haqiqat shuki, Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘ut, eng katta tog‘ut esa Shaytondir”, deydi.
Tog‘ut so‘zining ma’nosi haqida buyuk mufassir Imom Tabariy “Jomi’ul bayon” tafsirida: “Fikrimcha, tog‘ut haqida to‘g‘ri gap shuki, tog‘ut Allohga tug‘yon qilib, Uni tark etib, Undan o‘zgaga ibodat qilingan narsadir. O‘sha ma’bud inson, shayton, but va boshqa narsalar bo‘lishi mumkin”, deydi.
Mufassir olim Hasan Tahsin Fayzli “tog‘ut” so‘zini “Allohdan uzoqlashtiradigan, uning amrlarini bajarishni man etadigan kimsalar”, deb izohlagan.
Demak, sahobai kiromlar, tobeinlar va ulamolarimizning so‘zlaridan tog‘ut kalimasi shayton, sehrgar, folbin va Allohdan boshqa ibodat qilinadigan har qanday narsa ekani ma’lum bo‘lmoqda.
Afsuski, hozirgi kunda ba’zi toifalar musulmon rahbarlarni tog‘ut deb atab, ularni osongina kofirga chiqarmoqda. Ularning uslubi xavorijlarnikiga o‘xshaydi. Ular arzimas narsalar tufayli iymonli odamni kofirga chiqarib, qonini halol hisoblab, qanchadan-qancha beayb musulmonlar umriga zomin bo‘lmoqda, islomning pok nomiga dog‘ tushirib, asl mohiyat va tamoyillarini yot va buzg‘unchi g‘oyalardan iborat fitnalar soyasiga tushirib qo‘ymoqda.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi