Adashgan oqimlarning shakllanishi uzoq tarixiy o'tmishga borib taqaladi. Tarixda o'zaro ziddiyatlar tufayli «ahli sunna»dan ajrab chiqqan firqalar bor. Ularning g'arazli g'oyalarini o'rganishga bag'ishlangan asarlar ko'p. Abu Mansur Moturidiy, Abul-Hasan Ash'ariy, Abu Mansur Bag'dodiy, Abu Hafs Nasafiy, Muhammad Shahristoniy kabi ulamolar adashgan firqalarning uslublarini sinchkovlik bilan o'rgangan hamda ularga raddiyalar berganlar.
Islom tarixida «xorijiy»lar ilk adashgan oqim sifatida paydo bo'lgan. Din niqobi ostida faoliyat ko'rsatgan va ulamolar tomonidan qattiq qoralangan firqalar faoliyatini Bag'dodiy «al-Farq baynal-firaq» asarida mufassal bayon qilgan. Dastlabki bo'linish Hazrati Ali roziyallohu anhu davridagi «Jamal voqeasi ishtirokchilari», sahoba Muoviya, «Siffiyn ishtirokchilari» hamda ikki hakam Abu Muso Ash'ariy va Amr ibn Os roziyallohu anhumning chiqargan hukmlari sababli yuz bergan. «Siffiyn» jangida Hazrati Ali roziyallohu anhuning tarafdorlari o'rtasida norozilik paydo bo'lib, ikki guruhga bo'lindi. Birinchi guruh Hazrati Ali roziyallohu anhu tarafdori bo'lib, ikkinchi guruh esa «xorijiy» (ajralib chiqqanlar) nomini olgan.
Islom olimlari xorijiylar eng birinchi ixtilofni keltirib chiqarganini ta'kidlashgan. Bu ixtilof katta bo'linishlarga olib kelgan.
Horijiylar dastlab Hazrati Ali roziyallohu anhuning tarafdorlari edilar. Siffin jangidan so'ng Hazrati Alini Muoviya roziyallohu anhu bilan kelishuvga rozi bo'lganlikda ayblab, o'z tarafdorlaridan iborat qo'shin bilan ajralib chiqishgan. Ular aqidada jiddiy adashish va xatti-harakatlarida ko'p qabihliklarga yo'l qo'yishgan.
Shahristoniy yozishicha, xorijiylar o'z maqsadlariga erishishda quroldan foydalanib, o'zlariga xayrxoh bo'lmaganlarni oila a'zolari bilan o'ldirib, ko'p musulmonlar hayotiga zomin bo'lganlar.
Horijiylar o'zlaricha amalni iymonning uchinchi tarkibi hisoblab, kishi kalima keltirsa, biroq ibodatlarni tark etsa yoki katta gunoh ishlarga qo'l ursa iymondan ajraydi, deyishgan. Ularning iddaosicha: «katta gunoh qilganlar dindan qaytgan iymonsizdir». Ular bunday insonlarning oila a'zolari, hatto go'daklariga ham shafqat qilmaslikni ta'kidlashgan.
Ali ibn Muhammad Faxriy kitobida xorijiylar o'z g'oyalariga erishishda ko'plab qabih ishlarni qilganlariga guvohlik bergan. Shuningdek, buzg'unchi firqa etakchilaridan biri Najda ibn Omir Azraqiyga maktub yozilgan. Ushbu maktubga javoban, adashgan firqa etakchisi o'z g'oyasi va xatti-harakatlarini oqlash maqsadida hatto Qur'oni karim oyatlarini buzib talqin qilishga ham uringan.
Adashgan firqa rahbari Nofe' ibn Azraq misoli orqali barcha firqa yo'lboshchilari firqa g'oyasi va faoliyatini quvvatlantirish maqsadida Islom manbalaridan o'zboshimchalik bilan iqtiboslar olib, etarli ilm va tajribaga ega bo'lmagan izdoshlarini mutaassibona tarbiyalash va xatti-harakat sodir etishda foydalangani shubhasizdir.
Bu firqa o'zining shafqatsizligi bilan boshqalardan farq qiladi. Ularning e'tiqodida, muxoliflariga qarashli bo'lgan yosh go'daklar, keksalar, nogironlar, ko'zi ojizlar, kasallar va zimmiylarni o'ldirish muboh sanaladi. Hatto ular birovlarning omonatlarini ham halol deb biladilar.
Horijiylar Islom tarixida Hazrati Ali bilan Muoviya roziyallohu anhumning har ikkoviga ham itoat etmasdan ajralib chiqqani uchun «isyonchi toifa» degan nom oldi. Horijiylar tomonidan amalga oshirilgan bir necha yillik qo'zg'alonlar xalq notinchligi va talafotlariga sabab bo'ldi.
Islom ulamolari xorijiylarning adashgan quyidagi jihatlarini alohida qayd etishgan:
- ular o'z yo'llariga yurmagan, katta gunoh qilganlarni iymondan chiqqan deyishadi;
- begunoh mo'min odamning qonini to'kishni halol sanashadi;
- sunnatga amal qilishni inkor etishadi;
- doimo gunohi kabira qilib vafot etgan kishi abadiy do'zaxda qoladi, deyishadi;
- oxiratdagi shafoatni inkor etishadi;
- jannatda Allohni ko'rishni inkor qilishadi;
- Qur'oni karimni maxluq deyishadi.
Horijiylar davlat rahbariga itoat etishdan bosh tortib isyon ko'targani uchun «bog'iy»ga hukm qilingan. Ibn Umar roziyallohu anhu xorijiylarni odamlarning eng yomoni deb hisoblagan. Ahli sunna ulamolari: «Qaysi zamon va makonda bo'lmasin, musulmon mamlakat rahbariga itoat qilishdan bosh tortgan kishi xorijiylar toifasidan sanaladi», deyishgan.
Zamonlar o'tishi bilan xorijiylar nafaqat ulamolarning, balki oddiy xalqning ham qarshiligiga uchradi.
Shermuhammad domla Boltayev,
Horazm viloyati, Shovot tumani
Yusuf Hamadoniy jome masjidi imom-xatibi
Raddiya: Islomda peshvolikni da’vo qiladigan guruh va oqimlar dindagi ayrim tushuncha va so‘zlarni g‘arazli maqsadlari yo‘lida buzib, noto‘g‘ri talqin qilishi hammaga ma’lum. Ular shu orqali musulmonlar hissiyotiga teginish, o‘zlariga tobelarni ko‘paytirish, dindor va ilmli bo‘lib ko‘rinishga harakat qiladi. “Tog‘ut” so‘zi ular ko‘p ishlatadigan, insonlarni, ayniqsa hukmdorlarni ayblashda qo‘llaydigan tushunchalardan biri. Aslida u nima? Qanday ma’nolarda ishlatiladi? Kimlar tog‘ut bo‘lishi mumkin?
“Tog‘ut” lafzi “tug‘yon” so‘zi bilan o‘zakdosh bo‘lib, Alloh belgilab qo‘ygan chegaradan chiqishga, kufrda haddan oshishga, isyon qilishga nisbatan ishlatiladi. Islomda Allohning yo‘lidan boshqa yo‘l “tog‘ut” deyiladi. Tog‘utning kattasi Shaytondir.
“Tog‘ut” kalimasi Qur’oni karimning sakkiz joyida zikr qilingan bo‘lib, ulamolarimiz uni turlicha tafsir qilgan. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu, Imom Sha’biy, Imom Zahhok “Tog‘utdan murod – Shayton” degan. Imom Abu Oliya va Muhammad ibn Sirin tog‘ut sehrgar va folbin ekanini aytgan.
“Tafsiri Jalolayn”da tog‘ut so‘zi tafsiriga murojaat qilaylik: “Kim tog‘utga kufr keltirib, Allohga iymon keltirsa, batahqiq uzilmaydigan mustahkam tutqichni ushlagan bo‘ladi” (Baqara surasi, 256) va “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir. Ularni nurdan zulmatlarga chiqarurlar” (Baqara surasi, 257) oyatlarida tog‘utlar – but-sanamlar va Shayton, “Kitob (Tavrot)dan nasibador bo‘lganlarning “Jibt” va “Tog‘ut”ga sig‘inishlarini va kofirlarga “Shular mo‘minlardan ko‘ra to‘g‘riroq yo‘ldadir” deyishlarini ko‘rmadingizmi?!” (Niso surasi, 51) oyatida – Jibt va Tog‘ut Quraysh qabilasidagilarning ikki sanami, “O‘zlarini, Sizga nozil qilingan (Qur’on) va Sizdan oldin nozil qilingan (ilohiy kitoblar)ga iymon keltirgan, deb hisoblaydiganlarning hukm so‘rab, Tog‘ut huzuriga borishni xohlayotganlarini ko‘rmadingizmi?” (Niso surasi, 60) oyatidagi tog‘ut kufrda haddan oshgan, tug‘yonga ketgan Ka’b ibn Ashraf, “Kofirlar (esa) Tog‘ut yo‘lida jang qiladilar” (Niso surasi, 76-oyat) va “Kim Allohning la’natiga uchragan, g‘azabiga duchor bo‘lgan, maymun va cho‘chqaga aylantirilgan va tog‘utga ibodat qilgan bo‘lsa, ana o‘shalar yomon martabadagi va to‘g‘ri yo‘ldan butunlay adashgan kimsalardir” (Moida surasi, 60) oyatlarida ular Shayton, “Batahqiq, Biz har bir ummatga: “Allohga ibodat qiling va tog‘utdan chetlaning” deb payg‘ambar yuborganmiz” (Nahl surasi, 36-oyat) va “Tog‘utdan, unga ibodat qilishdan chetda bo‘lganlarga va Allohga qaytganlarga xushxabar bor” (Zumar surasi, 17-oyat) oyatlarida ham ular Shayton deb nazarda tutilgan.
Alloma Ibn Atiyya aytadi: “Ba’zi olimlar: “Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘utdir”, degan”. Fir’avn, Namrud va o‘zini iloh deb e’lon qilganlar va ibodat qilinadigan but-sanamlar tog‘ut deyiladi.
Muqotil roziyallohu anhu “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir” oyatidagi tog‘utni Ka’b ibn Ashraf va Huyay ibn Axtab deb tafsir qilgan. U ikkisi islom va musulmonlarga adovati cheksiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ko‘p aziyat bergan, musulmonlarga qarshi urushga juda ko‘p da’vat qilgan yahudiylardan edi.
Imom Navaviy aytadi: “Lays, Abu Ubayda, Kisoiy va ko‘pchilik tilshunoslar: “Tog‘ut – Alloh taolodan boshqa ibodat qilinadigan narsa”, degan”.
Shayx Muhammad Amin Shinqitiy: “Haqiqat shuki, Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘ut, eng katta tog‘ut esa Shaytondir”, deydi.
Tog‘ut so‘zining ma’nosi haqida buyuk mufassir Imom Tabariy “Jomi’ul bayon” tafsirida: “Fikrimcha, tog‘ut haqida to‘g‘ri gap shuki, tog‘ut Allohga tug‘yon qilib, Uni tark etib, Undan o‘zgaga ibodat qilingan narsadir. O‘sha ma’bud inson, shayton, but va boshqa narsalar bo‘lishi mumkin”, deydi.
Mufassir olim Hasan Tahsin Fayzli “tog‘ut” so‘zini “Allohdan uzoqlashtiradigan, uning amrlarini bajarishni man etadigan kimsalar”, deb izohlagan.
Demak, sahobai kiromlar, tobeinlar va ulamolarimizning so‘zlaridan tog‘ut kalimasi shayton, sehrgar, folbin va Allohdan boshqa ibodat qilinadigan har qanday narsa ekani ma’lum bo‘lmoqda.
Afsuski, hozirgi kunda ba’zi toifalar musulmon rahbarlarni tog‘ut deb atab, ularni osongina kofirga chiqarmoqda. Ularning uslubi xavorijlarnikiga o‘xshaydi. Ular arzimas narsalar tufayli iymonli odamni kofirga chiqarib, qonini halol hisoblab, qanchadan-qancha beayb musulmonlar umriga zomin bo‘lmoqda, islomning pok nomiga dog‘ tushirib, asl mohiyat va tamoyillarini yot va buzg‘unchi g‘oyalardan iborat fitnalar soyasiga tushirib qo‘ymoqda.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi