Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Avgust, 2026   |   7 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:10
Quyosh
05:37
Peshin
12:26
Asr
17:15
Shom
19:19
Xufton
20:41
Bismillah
20 Avgust, 2026, 7 Rabi`ul avval, 1448

Ko'r-ko'rona taqlid – johillik

24.10.2022   2178   13 min.
Ko'r-ko'rona taqlid – johillik

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo'lgan o'zbek tili xalqimiz uchun milliy o'zligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho ma'naviy boylikdir. Turkiy tillarning katta oilasiga mansub bo'lgan o'zbek tilining tarixi xalqimizning ko'p asrli kechmishi, orzu-intilishlari, dardu armonlari, zafarlari va g'alabalari bilan chambarchas bog'liq.

So'nggi yillarida ona tilimizni tom ma'noda davlat tiliga aylantirish yo'lida katta chora-tadbirlar ko'rildi. Jumladan, ma'naviy hayotimizni yanada rivojlantirish, jumladan, ta'lim-tarbiya ishlarini zamon talablari asosida tashkil etish, madaniyat, san'at va adabiyot sohalarini takomillashtirish, kitobxonlik madaniyatini oshirish bo'yicha qabul qilingan o'nlab farmon va qarorlar o'zbek tili ravnaqiga xizmat qilmoqda.

Davlat tilini rivojlantirishga qaratilgan ishlarning mantiqiy davomi sifatida mamlakatimizda yana bir muhim qadam qo'ydik. Prezidentimiz 2020 yil 20 oktyabr' kuni “O'zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmonni imzoladi. Ushbu tarixiy hujjat ona tilimizning davlat va jamiyat hayotidagi ta'siri va mavqeini yanada oshirishga keng yo'l ochmoqda.

Oxirgi yillarda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti faoliyati yo'lga qo'yilishi, azim poytaxtimiz markazidagi Milliy bog' hududida Adiblar xiyoboni bunyod qilinishi, hududlarda ijod maktablari tashkil etilishi va Vazirlar Mahkamasi huzurida davlat tilini rivojlantirish bo'yicha alohida tuzilma ta'sis etilgani o'zbek tilining nufuzi va mavqeini oshirishda muhim bosqich bo'ldi.

 

Ommalashayotgan jiddiy muammo

Afsuski, jamoat joylarida, ko'chalarda, binolar peshtoqida yozuvlar, turli lavha va reklamalar ko'pincha xorijiy tillarda, ma'naviyatimizga yot mazmun va shakllarda aks ettirilmoqda. Bu davlat tili talablariga, milliy madaniyat va qadriyatlarimizga bepisandlikdan, umumiy savodxonlik darajasi esa tushib ketayotganidan dalolat beradi.

Bugungi kunda tillarning bir-biriga salbiy ta'siri va chetdan noo'rin so'zlar kirib kelishi ko'lami ortmoqda. Yurtimizda ham bu jarayon sekin-asta yuz berayotgani, turli nomlarni ifodalashda ko'r-ko'rona taqlid qilinayotgani xavotirli holatdir. Chunki ijtimoiy ob'ektlarga nom berish — bu shunchaki shaxsiy yoki xususiy ish emas. Bu barchamizning vatanparvarlik va ma'naviy saviyamizni yaqqol ko'rsatadigan o'ziga xos mezondir.

Ma'rifatparvar Abdulla Avloniy bobomiz aytganidek: “Har bir millatning dunyoda borlig'in ko'rsatadurgan oyinai hayoti til va adabiyotidur. Milliy tilni yo'qotmak millatning ruhini yo'qotmakdur”.

Ona tili har bir millatning ruhi, davlatning timsoli. Mutafakkir Alisher Navoiy “Ko'ngil qulfi maxraning qulfi til va gulfin kalitin so'z bil”, ya'ni inson qalbining xazinasi til, bu qalb xazinasining kaliti so'zdir, deganida tilning nainki muloqot, balki dillarni bog'lovchi vosita ekaniga urg'u bergan.

O'zbek tili boy va qadim tarixga ega bo'lishiga qaramay, so'nggi paytlarda savdo do'konlari, xizmat ko'rsatish shoxobchalari va tamaddixonalarning nomi ajnabiy tilda atalishi yoki ko'chalarda chet tillardagi tushunarsiz atamalar ko'payishi o'z tilimizga nisbatan hurmatsizlikni keltirib chiqarmoqda.

Taassufki, tijoriy sohada mijozlarni jalb etish, mahsulotni ommabop darajaga ko'tarish yoki mo'min-musulmonlar ongida diniylik bor degan tasavvurni uyg'otish maqsadida arab va turk tillaridagi jozibador nom, islomiy so'z va atamalardan keng foydalanish jamiyatda ko'r-ko'rona taqlidga olib kelmoqda. To'g'ri, hamma jarangdor, yoqimli eshitiladigan, yodda qolarli nom qo'yishni xohlaydi. Lekin nom qo'yishda ma'no, mantiqqa ham e'tibor qaratish lozim. Qolaversa, har qanday chet tildagi so'zning o'zbek tilidagi muqobili mavjud. Hatto barcha uchun tushunarli nodir iboralar ham juda ko'p. 

Qayd etganimizdek, o'zlashma so'zlarning tez sur'atlarda kirib kelishi kuzatilmoqda. Masalan, arab tilidagi ism va joy nomlaridan foydalanish, yangi tug'ilgan chaqaloqqa mintaqa uchun noan'anaviy ism qo'yish, ovqatlanish shoxobchalariga turlicha nom berish, shuningdek, diniy mazmundagi yozuvlar aks etgan lavhalarni avtomashina kabi turli texnika vositalariga yopishtirish holatlari shular jumlasidan. Masalan, arab tilida o'zbek tili fonetikasiga to'g'ri kelmaydigan jihatlar, jumladan, to'rt xil “ze” harfi, uch xil “se” harfi bor. Bular talaffuzda ham, ma'noda ham bir-biridan keskin farq qiladi. O'zbek tilida esa bitta “ze”, bitta “se” harfi bor. Halqimizda arabcha ismlar qo'yishda mazkur jihatlarni e'tibor qilinmayapti. Oqibatda odamlarni arabcha ismlari bilan chaqirishda ham, ko'zlangan ma'noni ifodalashda ham ko'p xatolarga yo'l qo'yilmoqda.

Ayniqsa, liboslarga turli diniy atama va shakllarni yozib olish nojoiz. Ba'zilar kiyim va avtoulovlarga “Alloh”, “Muhammad”, “Mashaalloh”, “La ilaha illalloh” kabi muborak kalimalar yoki oyatlarni yozib oladi. Shunday yozuv va iboralar bor liboslarni kiyish mumkin emas, ya'ni dinning ehtiromini buzadigan narsalar yozilgan kiyim kiyish joiz emas. Mazkur liboslar qachondir oyoq-osti bo'lsa yoki vaqti kelib tashlab yuborilsa, ularning hurmatiga putur etadi. Oqibatda bu ishni qilgan kishi katta gunohkor bo'ladi. 

Islom dini manbalarida Alloh taoloning ism va sifatlari, oyati karimalar, hadislar, payg'ambarlarning ismlari yozilgan narsalar bilan ayrim nojo'ya joylarga kirish katta zarar ekani alohida bayon etilgan. Arab tili Qur'on tili ekani va u yuksak e'zozu ehtiromga munosibligini barchamiz e'tirof etamiz. Lekin ushbu muborak til va yozuvlarni hurmatsiz qilishga hech kimning haqqi yo'q.

Bundan tashqari, shunday liboslarda xo'jako'rsinlik, riyo kabi alomatlar ham uchraydi. Vaholanki, dinga e'tiqod qilishning tub asosi qalb amallaridir. Alloh taolo bu haqda quyidagicha marhamat qiladi: “Ish bundoq. Kim Allohning shiorlarini ulug'lasa, bas, albatta, bu qalblarning taqvosidandir” (Haj surasi, 32-oyat). Boshqa bir oyati karimada: “Shundoq ekan, o'zingizni oqlamang, U kim taqvodorligini yaxshi biladir” (Najm surasi, 32-oyat). 

Saudiya Arabistoni yirik ulamolari hay'atining fatvosida: “Bu kabi ishlar Qur'oni karim va Payg'ambar alayhissalom sunnatida asli yo'q, bid'at ishlardan”, deyilgan. 

Alloh taoloning go'zal ismlari hurmati vojib zikrlardan. Alloh taolo ular bilan duo qilishga chaqirgan. “Allohning go'zal ismlari bordir. Bas, Unga o'sha (ism)lar ila duo qiling va Uning ismlaridan og'adiganlari tek qo'ying. Yaqinda qilgan amallariga yarasha jazolanurlar” (A'rof surasi, 180-oyat).

Alloh taoloning ismlaridan og'ish, asosan, ikki yo'l bilan bo'ladi: birinchisi – Alloh taologa loyiq bo'lmagan ismlarni qo'llash, ikkinchisi – Alloh taologa xos bo'lgan ismlarni Undan boshqaga ishlatish. 

Shu o'rinda aytish kerakki, ajnabiy tilda yozilib, ko'pincha fahsh va haqorat ma'nolarini anglatuvchi liboslardan ham saqlanish kerak. Aslida dinimiz liboslar sodda, ortiqcha naqshi nigorlardan xoli, oq rangda bo'lishini targ'ib qiladi. Islom tarixida Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga hadya qilingan naqshli kiyim u zotni biroz chalg'itdi. Shunda: “Buning belgilari meni chalg'itdi”, deganlari rivoyat qilingan.  

Odat tusiga kirib borayotgan noto'g'ri ishlardan yana biri – do'kon va maishiy xizmat ko'rsatish maskanlarining muqaddas so'zlar bilan nomlanishi. Ming afsuski, aksariyat nomlanishlarda faoliyati din bilan bog'liq bo'lmasa-da, go'yoki taqvodorlik va halollikni ko'rsatish maqsadida Allohning ismi-sifatlari va Qur'oni karimdagi suralarda kelgan so'zlardan foydalanish holatlariga guvoh bo'lmoqdamiz. Faraz qilaylik, savdo yoki xizmat ko'rsatish shoxobchalariga hech qachon “Alloh”, “Hudo” yoki “Haq” degan ismlar qo'yilmaydi-ku, Alloh taoloning qolgan ismlari ham shunday azizu mukarramdir. 

Nomlarning oldiga bilib-bilmasdan “ال” – “al” qo'shimchasini qo'shish ko'paymoqda. Aslida arab tilida ism guruhiga kiruvchi so'zlar aniq yoki noaniq holatda bo'ladi. Noaniq holatdagi ismni aniq holatga o'tkazish uchun so'zga “ال” old qo'shimchasi qo'shiladi. Shuningdek, ayrim ismlarning oldiga “ال” – “al” qo'shilishi Allohning 99 ta muborak ismidan birini anglatadi. 

Shunday ekan, bunday muqaddas ismlarni xizmat qildirish mutlaqo joiz emas. Chunki ishchi-xodimlar tomonidan yo'l qo'yilgan nuqson va kamchilik tufayli mazkur muqaddas ismlarga nisbatan turli noloyiq holatlar yuzaga keladi. Bu kabi shiorlarning hurmati vojib ekaniga oyatdan dalil keltirdik. Bunday nomlardan tijoriy niyatlarda foydalanish aslo mumkin emas. Hatto bu borada Saudiya Arabistonida 1420 hijriy yilda tijoriy nomlar nizomi podshohlik farmoni ham e'lon qilingan.

Yana bir jihat. Ota-bobolarimiz din bilan bog'liq jihatlarga juda ehtiyotkor munosabatda bo'lishgan. Tasbehlari ko'ksilaridan pastga tushmagan, joynamozlarini baland joylarga qo'yganlar. Arab yozuvidagi matnlar bitilgan ashyolarni mehr bilan ehtiyotlab saqlaganlar. Chunki ular dinga aloqasi bor har bir narsaga alohida odob bilan muomala qilganlar. Chunki bu dinimiz talabi. Aksincha, Alloh taoloning shiorlarini oyoqosti qilish, ulardan birortasini kamsitish, behurmat qilish, mensimaslik, xor qilish mo'min kishining diniga rahna soladi, Alloh saqlasin.

 

Ustunlik chin e'tiqod va samimiylikda

Qur'oni karimda odamlarning tili va rangidagi farqlar Alloh taoloning hikmati ekani ko'p bor bayon etilgan. Dunyodagi turli-tumanlik Yaratganning irodasi bilan bog'liq. Alloh dastlab odamzotni bir ota va bir onadan yaratdi, so'ngra ularni turli millat va elat hamda xalqlarga ajratdi. Bu borada Qur'oni karimda bunday deyiladi: “Ey, insonlar! Darhaqiqat, Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishingiz uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila (elat)lar qilib qo'ydik” (Hujurot surasi, 13-oyat). 

Bunday rang-baranglikda fazilat juda ko'p. Islom ta'limotiga ko'ra, butun bashariyat jinsi, irqi, rangi, tili, ijtimoiy kelib chiqishidan qat'i nazar, barchasi barobardir. 

Bu borada Rasul alayhissalom: “Insonlar taroq tishlari kabi tengdirlar. Arabning boshqa xalqlardan, oqning qoradan, erkakning ayoldan ustunligi yo'q. Faqat taqvoda, xolos”, deb marhamat qilganlar. Demak, dinga faqat taqlidiy, ko'r-ko'rona amal qilish bilan ish bitmaydi. Balki chin e'tiqod va ixlos bilan ko'zlangan maqsadga etishiladi.

Ma'rifatparvar Ishoqxon Ibrat: “Bizning yoshlar, albatta, boshqa tilni bilish uchun sa'y-harakat qilsinlar, lekin avval o'z ona tilini ko'zlariga to'tiyo qilib, ehtirom ko'rsatsinlar. Zero, o'z tiliga sadoqat — bu vataniy ishdir”. 

Demak, til ham inson uchun muhim omil, aziz va qadrli unsurlar qatorida bo'lib, sof saqlash barchamizning insoniy burchimizdir. Har qanday tilga, xususan, ona tiliga, biror darajada bo'lsin, nopisandlik yoki kamsitish bilan qarash inson va el qadriga hurmatsizlik, inson va xalq hamiyatiga daxl qilish bo'lib, kishilar ko'nglini og'ritishi tabiiydir. Ona tilidagi sobitlik har bir davrda dolzarb bo'lgan.

Til boyishga moyil. Ammo bu qanchalik tabiiy jarayon bo'lmasin, qaysi tildan qachon, nimani olish yoki olmaslikni bilish kerak. Bir tilning boshqa tilga ta'siri boyish bilan birga, til buzilishi bo'lishi mumkin. Bu jarayon ham ijobiy, ham salbiy ma'noda, zohiriy va botiniy holda kechadi. Biz esa ko'pincha ko'zga ko'rinib turgan narsalarnigina ko'ramiz-u, parda ortidagi narsalarni payqamaymiz. To'g'rirog'i, ko'zga tashlanib turgan natija yoki oqibatni ko'ramiz-u, ularni keltirib chiqarayotgan tub sabablarni mutlaqo sezmaymiz.

Tilning boyishi ham, buzilishi ham ikki xil yo'sinda kechadi. Biri — xorijiy so'zlarni o'rinli va noo'rin qo'llash. Ikkinchisi — xorijiy tilning ta'siri.

Hulosa shuki, globallashuv sharoitida milliy tilimiz sofligini saqlash, lug'at boyligini oshirish, turli sohalarda zamonaviy atamalarning o'zbekcha muqobilini yaratish, ularning bir xil qo'llanishini ta'minlash dolzarb vazifa bo'lib qolmoqda. 

Muqaddas dinimiz zohirga haddan tashqari e'tibor qaratib, botinni esdan chiqarishdan qaytaradi. Shu bilan birga, solih amallarni ko'proq qilib, qalbimizdagi ixlos va niyatni to'g'ri va go'zal qilishga undaydi.

Alloh taolo milliyligimiz va imon-e'tiqodimizda sobitqadam aylasin.

Nuriddin domla HOLIQNAZAROV,

O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, 

O'zbekiston Halqaro islom akademiyasi faxriy doktori

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Halol bo‘ling, rost so‘zlang, iymon va insoniylikni asrang!

19.08.2026   10940   4 min.
Halol bo‘ling, rost so‘zlang, iymon va insoniylikni asrang!

Halollik va rostgo‘ylik insonning shaxsiy fazilatlari bo‘lish bilan birga, oila mustahkamligi, jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy munosabatlarning barqarorligini ta’minlaydigan muhim milliy, diniy, ma’naviy-axloqiy qadriyatlardir.

Islom dinida halollik va rostgo‘ylikka inson hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi muhim tamoyillar sifatida qaraladi. Halol va haromni farqlash, shubhali ishlardan saqlanish, o‘zgalarning haq-huquqini poymol qilmaslik, rostgo‘y va adolatli bo‘lish insonning nafaqat shaxsiy kamoloti, balki jamiyat oldidagi mas’uliyatini ham belgilaydi.

Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ko‘plab hadisi shariflarida insonlarni halollik va rostgo‘ylikka da’vat qilish, har doim halol bo‘lishga undash, aldov va yolg‘on guvohlik berishdan qaytarishga alohida e’tibor qaratilgan. Zero, halollik va rostgo‘ylik insonning ma’naviy kamolotini, imoni mustahkam va axloqi go‘zalligini namoyon etuvchi eng muhim fazilatlardir. Harom va yolg‘on esa nafaqat shaxsning obro‘si va unga ishonchini yemiradi, balki jamiyatda o‘zaro ishonchsizlik, adovat va nizolar kelib chiqishiga ham sabab bo‘ladi.

Alloh taolo "Nahl" surasining 105-oyatida bunday marhamat qilgan: “Yolg‘on so‘zlarni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to‘qiydilar. Aynan o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchilardir”.

Bu o‘rinda yolg‘onning qanchalik og‘ir ma’naviy illat ekani bayon qilinib, uning Allohning oyatlariga munosabat bilan bog‘liq jihati ko‘rsatib berilyapti. Oyatning nozil bo‘lish sababi Makka mushriklarining Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan turli asossiz da’volarni ilgari surgani, jumladan, u zotni yolg‘onchilikda ayblaganidir. Ular Qur’oni karimni go‘yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari to‘qib chiqargani to‘g‘risida asossiz da’volarni ilgari surgan. Qur’oni karim esa bunday iddaolarni ochiq-oydin rad etgan.

Aslida yolg‘onni faqat imonsiz kishilargina to‘qiydi. Chunki, mo‘min kishi yolg‘onni katta gunoh deb biladi. Yolg‘on sababli qiyomatda azobga qolishdan qo‘rqadi. Shuning uchun har qanday vaziyatda rostgo‘y bo‘lishga intiladi. Hatto o‘z manfaatiga zid bo‘lgan holatlarda ham haqiqatni aytishni afzal biladi. Zero, haqiqiy imon insonni faqat ibodatlarga emas, balki yuksak axloqiy fazilatlarga ham undaydi.

Islom ta’limotida halollik va to‘g‘riso‘zlik maqtalgan, yolg‘on gapirish va haqiqatni yashirish keskin qoralangan. Jumladan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Nabiysollallohu alayhi vasallam:“Rostgo‘ylikni o‘zingizga lozim tutingiz (rostgo‘y bo‘lingiz)! Chunki, rostgo‘ylik yaxshilikka yetaklaydi, yaxshilik esa jannatga yetaklaydi. Kishi doim rost gapirsa, Allohning huzurida “siddiq” (o‘ta rostgo‘y) deb yozib qo‘yiladi. Yolg‘ondan saqlaning! Chunki, yolg‘on fojirlikka (gunoh va buzuqlikka) yetaklaydi, fojirlik esa do‘zaxga yetaklaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa, Allohning huzurida “kazzob” (o‘ta yolg‘onchi) deb yozib qo‘yiladi”, dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rostgo‘ylik va yolg‘onchilikning inson axloqi, ma’naviy hayoti va oxiratiga qay darajada ta’sir qilishini ochiq tarzda bayon qilib beryaptilar. Hadis mazmunidan anglashiladiki, insonning jannatga yoki do‘zaxga tushishida uning tili, ya’ni rostgo‘yligi yo yolg‘onchiligi hal qiluvchi omillardan ekan.

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam halol va harom o‘rtasidagi shubhali narsalardan saqlangan kishi dini va obro‘yini pok saqlashi borasida bunday marhamat qilganlar: No‘’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha,“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlarini eshitdim: Halol ham aniq, harom ham aniq. Ularning o‘rtasida shubhali narsalar bor. Ko‘p odamlar buni bilmaydi. Kim shubhalardan saqlansa, dini va obro‘yini pok saqlaydi...” (Imom Buxoriy rivoyati).

Bu o‘rinda Nabiy sollallohu alayhi vasallam insonlarni ehtiyotkorlik va poklikka da’vat etmoqdalar. Chunki, halollik tamoyillariga amal qilgan inson hayotning har bir jabhasida, jumladan, so‘zida, oilaviy munosabatlarida, ta’lim olishda, mehnat faoliyatida va jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarida adolat, poklik va rostgo‘ylikka intiladi. O‘zgalarning haq-huquqlarini hurmat qiladi, birovning mol-mulki yoki mehnatining mahsuliga tajovuz qilmaydi, aldov, xiyonat va manfaatparastlikdan uzoq bo‘lishga harakat qiladi. Bunday fazilatlar insonning shaxsiy obro‘-e’tiborini yuksaltirish bilan birga jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini mustahkamlaydi.

Muxtasar qilib aytganda, halollik va rostgo‘ylik ijtimoiy hayotning barqarorligini, insonlar o‘rtasidagi ishonch va jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi muhim ma’naviy-axloqiy asosdir. Islom ta’limotidagi halollik, rostgo‘ylik, adolat va omonatdorlikka oid ko‘rsatmalar bu qadriyatlarning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Har bir inson o‘z hayoti va faoliyatida halollik, rostgo‘ylik, adolat va vijdonlilikni ustuvor tamoyilga aylantirsa, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish imkoniyati ortadi.

Yo‘ldoshxon Isayev, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Ibratli hikoyalar