Azhariy aytadilar: “Arablarning kalomida fitna so'zi “sinov, imtihon” degan ma'nolarni bildiradi. Bu aslida “fatantul fizzota vaz zahaba” degan so'zdan olingan bo'lib, oltin va kumushni yaxshisini yomonidan ajratish uchun olovda eritdim, deganini bildiradi. Alloh taoloning “Yavma hum alan naari yaftanun” degan so'zi ham mana shu ma'nodadir”[1].
Ibnul Arobiy fitnaning ma'nolarini o'zlarining quyidagi so'zlari bilan xoslaydilar: “Fitna bu – sinov, fitna bu – mashaqqat, fitna bu – mol, fitna bu – farzandlar, fitna bu – kufr, fitna bu – insonlarning fikrlari bilan ixtilof qilishlari, fitna bu – olov bilan yondirish”[2].
Ibnul Asir rahmatullohi alayh aytadilar: “Fitna – imtihon, sinov degani. U qiyinchiliklar paytidagi sinov ma'nolarida ko'p ishlatilardi. Keyin keng tarqaldi, hatto gunoh, kufr, o'ldirish, yondirish, yo'ldan toydirish, biror-bir ishdan burish ma'nolarida ham ishlatiladigan bo'ldi”. Ibn Hajar “Fathul Boriy” kitobida ham xuddi shunga o'xshash gaplarni aytganlar.
Fitna lug'atda oltinni sinovdan o'tkazish maqsadida olovga qo'yishga aytiladi. Oltin fitnalanganda, ya'ni olovda yondirilganda yaxshisi yomonidan ajralgandek, fitna ham haqiqiy mo'minni yolg'onchidan ajratadi, mo'minlar qalbidan fasodni chiqaradi va fitnadan keyin sof qalblilarni chiqarib beradi. Istilohda esa, har bir yomon narsa yomonlikka olib boradigan narsaga fitna deyiladi. Masalan, kufr, gunoh, ma'siyat, fojirlik, musibat va shunga o'xshash yomon narsalar kabi. Agar bu narsalar Alloh tarafidan bo'ladigan bo'lsa, bu biror bir hikmatga ko'ra bo'lgan bo'ladi. Agar Allohning amrisiz banda tarafidan bo'ladigan bo'lsa, bu mazammat qilingandir[3].
Fitna so'zi lug'atda “imtihon va sinov” degan ma'nolarni bildiradi. Aslida fitna bir narsani yaxshisini yomonidan ajratish uchun yondirishga aytiladi. Istelohda esa, insonning yaxshi va yomon holati u bilan namoyon bo'ladigan narsaga fitna deyiladi. Fitna musibat bo'lib, u botiniy ishlarni ko'rsatib beradigan muomuladir. O'z navbatida fitnaning ham turlari bor. Alloh taoloning roziligi va oxirat diyoridagi ulug' ne'matlarga erishishni niyat qilib yo'lga chiqqan kishi uchun o'z manziliga etishi uchun unga ikki xil kuch-quvvat kerak bo'ladi. Birinchisi ilmiy quvvat bo'lsa, ikkinchisi amaliy quvvatdir. Ilmiy quvvat bilan u inson yo'lni ko'rib boradi. Bu qorong'i kechada yo'lni yoritish uchun qo'lida chiroq ko'tarib yurganga o'xshaydi. Amaliy quvvat bilan esa hassasini qo'ltig'iga qo'yib, eng shimarib, o'z maqsadi ya'ni, Alloh taolo tomonga yurib boradi. Mana shundan kelib chiqib, fitnani ikkiga bo'lishimiz mumkin. Chunki har ikki turdagi fitnalar mana shu ikki quvvatga bo'g'liqdir. Demak, fitna ikki xil bo'ladi:
Gohida har ikki turdagi fitna bir insonda jamlangan bo'ladi. Gohida esa bittasi bo'ladi. Aslida hamma fitnalar fikrni shariatdan ustun qo'yish va havoyi nafsni aqldan ustun qo'yish natijasida kelib chiqadi. Birinchi ko'rinishda ya'ni fikrni shariatdan ustun qo'yishdan shubhalar fitnasi kelib chiqsa, ikkinchi holatdan ya'ni havoyi nafsini aqlidan ustun qo'yishdan shahvatlar fitnasi kelib chiqadi. Shubhalar fitnasi yaqin ilm (aniq ishonch) bilan ketkazilsa, shahvatlar fitnasi sabr bilan ketkaziladi. Shuning uchun Alloh taolo dindagi peshvolikni bu ikki ishga bog'liq qilgan: “Va sabr qilgan paytlarida ulardan Bizning amrimiz ila hidoyatga boshlaydigan peshvolar chiqardik. Ular Bizning oyatlarimizga aniq ishonadilar”. Mana shu oyat sabr va yaqin ilm bilan pechvolikka erishish mumkinligiga, komil aql va sabr bilan shahvatlar fitnasi daf qilinishligiga, komil basira va yaqin ilm bilan esa shubhalar fitnasi daf qilinishligiga dalolat qiladi.[4]
Boboxon Boboxonov,
TII Modul' ta'lim shakli talabasi,
Samarqand shahar Ho'ja Nisbatdor jome
masjidi imom-xatibi
[1]Abu Mansur Muhammad ibn Ahmad al-Azhariy, “Tahzibul lug'at” Dorul misriyya” – M. 1967
[2]Ibnul Munzir. “Lisonul arab” Doru sodr – M. 2003. 444-b.
[3] Ahmad Ibrohim Ahmad. “Al-Fitnatu va asaruhu al-mudommarotu”. Damanhur, Misr. Dorul leyna. 2004.20-b. .
[4]Ahmad Ibrohim Ahmad. “Al-Fitnatu va asaruhu al-mudommarotu”. Makka Mukarrama,. Dorul leyna. 2004.40-b.
Joriy yilning 19-20 avgust kunlari bo‘lib o‘tgan nufuzli anjuman diniy ta’lim tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, ilmiy-tadqiqot ishlari ko‘lamini kengaytirish va sohaga ilg‘or pedagogik yondashuvlarni tatbiq etish va zamon talabiga mos kadrlar tayyorlashda yo‘lidagi salmoqli amaliy qadam bo‘ldi.
Tadbirlar davomida sohaga oid ilmiy ma’ruzalar bilan bir qatorda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Raqamli ta’lim va sun’iy intellektni rivojlantirish markazi hamda ilmiy-tadqiqot sohasining yetakchi mutaxassislari tomonidan ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyot, diniy ta’limda raqamli transformatsiya, sun’iy intellekt va ilmmetriya masalalariga bag‘ishlangan mahorat darslari ham o‘tkazildi. Mashg‘ulotlar tizimda zamonaviy yondashuvlarni ommalashtirish, dars jarayonlarida yangicha uslublarni qo‘llash hamda soha vakillarining kasbiy mahoratini oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, anjuman doirasida oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining muhtaram Prezidentimizga yo‘llagan Murojaatnomasi o‘qib eshittirildi.
Unda so‘nggi yillarda diniy-ma’rifiy sohani tubdan rivojlantirish, milliy va diniy qadriyatlarimizni tiklash hamda ulug‘ ajdodlarimizning boy ma’naviy merosini o‘rganish va diniy ta’limni rivojlantirish borasida olib borilayotgan tarixiy islohotlar alohida e’tirof etildi. Jumladan, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi, Imom Termiziy islom instituti kabi diniy ta’lim maskanlari, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va Bahouddin Naqshband kabi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etilishi yurtimizda ma’rifat ahli uchun keng imkoniyatlar ochgani ta’kidlandi.
O‘z navbatida, pedagoglar ushbu yuksak e’tibor va shart-sharoitlar uchun Davlatimiz Rahbariga minnatdorlik bildirib, bunga javoban yoshlarni Vatanga muhabbat va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, Islom dinining asl insonparvarlik g‘oyalarini o‘zlashtirgan va sohada yetuk kadrlarni tayyorlashini ta’kidladilar.
Bo‘lib o‘tgan anjuman diniy ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish, innovatsion va raqamli texnologiyalarni o‘quv jarayoniga tatbiq etish hamda sohada yuqori malakali, zamon bilan hamnafas mutaxassislarni tayyorlashda muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati