Sayt test holatida ishlamoqda!
03 Sentabr, 2026   |   21 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:29
Quyosh
05:51
Peshin
12:22
Asr
16:59
Shom
18:57
Xufton
20:15
Bismillah
03 Sentabr, 2026, 21 Rabi`ul avval, 1448

Fitna tushunchasi

22.10.2022   5150   6 min.
Fitna tushunchasi

Azhariy aytadilar: “Arablarning kalomida fitna so'zi “sinov, imtihon” degan ma'nolarni bildiradi. Bu aslida “fatantul fizzota vaz zahaba” degan so'zdan olingan bo'lib, oltin va kumushni yaxshisini yomonidan ajratish uchun olovda eritdim, deganini bildiradi. Alloh taoloning “Yavma hum alan naari yaftanun” degan so'zi ham mana shu ma'nodadir”[1].

Ibnul Arobiy fitnaning ma'nolarini o'zlarining quyidagi so'zlari bilan xoslaydilar: “Fitna bu – sinov, fitna bu – mashaqqat, fitna bu – mol, fitna bu – farzandlar, fitna bu – kufr, fitna bu – insonlarning fikrlari bilan ixtilof qilishlari, fitna bu – olov bilan yondirish”[2].

Ibnul Asir rahmatullohi alayh aytadilar: “Fitna – imtihon, sinov degani. U qiyinchiliklar paytidagi sinov ma'nolarida ko'p ishlatilardi. Keyin keng tarqaldi, hatto gunoh, kufr, o'ldirish, yondirish, yo'ldan toydirish, biror-bir ishdan burish ma'nolarida ham ishlatiladigan bo'ldi”. Ibn Hajar “Fathul Boriy” kitobida ham xuddi shunga o'xshash gaplarni aytganlar.

Fitna lug'atda oltinni sinovdan o'tkazish maqsadida olovga qo'yishga aytiladi. Oltin fitnalanganda, ya'ni olovda yondirilganda yaxshisi yomonidan ajralgandek, fitna ham haqiqiy mo'minni yolg'onchidan ajratadi, mo'minlar qalbidan fasodni chiqaradi va fitnadan keyin sof qalblilarni chiqarib beradi. Istilohda esa, har bir yomon narsa yomonlikka olib boradigan narsaga fitna deyiladi. Masalan, kufr, gunoh, ma'siyat, fojirlik, musibat va shunga o'xshash yomon narsalar kabi. Agar bu narsalar Alloh tarafidan bo'ladigan bo'lsa, bu biror bir hikmatga ko'ra bo'lgan bo'ladi. Agar Allohning amrisiz banda tarafidan bo'ladigan bo'lsa, bu mazammat qilingandir[3].

Fitna so'zi lug'atda “imtihon va sinov” degan ma'nolarni bildiradi. Aslida fitna bir narsani yaxshisini yomonidan ajratish uchun yondirishga aytiladi. Istelohda esa, insonning yaxshi va yomon holati u bilan namoyon bo'ladigan narsaga fitna deyiladi. Fitna musibat bo'lib, u botiniy ishlarni ko'rsatib beradigan muomuladir. O'z navbatida fitnaning ham turlari bor. Alloh taoloning roziligi va oxirat diyoridagi ulug' ne'matlarga erishishni niyat qilib yo'lga chiqqan kishi uchun o'z manziliga etishi uchun unga ikki xil kuch-quvvat kerak bo'ladi. Birinchisi ilmiy quvvat bo'lsa, ikkinchisi amaliy quvvatdir. Ilmiy quvvat bilan u inson yo'lni ko'rib boradi. Bu qorong'i kechada yo'lni yoritish uchun qo'lida chiroq ko'tarib yurganga o'xshaydi. Amaliy quvvat bilan esa hassasini qo'ltig'iga qo'yib, eng shimarib, o'z maqsadi ya'ni, Alloh taolo tomonga yurib boradi. Mana shundan kelib chiqib, fitnani ikkiga bo'lishimiz mumkin. Chunki har ikki turdagi fitnalar mana shu ikki quvvatga bo'g'liqdir. Demak, fitna ikki xil bo'ladi:

  1. Shubhalar fitnasi. Bu ikkinchisidan ko'ra kattaroq fitnadir. Bunday fitnalar insonda ilmiy quvvatning kamligi va qalb ko'zining zaifligidan kelib chiqadi. Hususan, fosid maqsadlar qilish, havoyi nafsga ergashish bilan bog'liq bo'ladi. Bu fitnaning natijasi oxir-oqibat egasini kufr va nifoqqa olib boradi. Bu turdagi fitna gohida fosid tushunchadan, gohida yolg'on naqllardan, gohida fasod maqsadlardan, gohida esa havoyi nafsiga ergashishdan paydo bo'lishi mumkin. Bu fitnadan faqat Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ergashish va din ishlarining barchasida xoh u botiniy bo'lsin, xoh zohiriy bo'lsin u zotning hukmlariga ergashish bilangina najot topish mumkin.
  2. Shahvatlar fitnasi. Bu turdagi fitna insondagi amaliy quvvatning fasodligi va azimatining zaifligi natijasida kelib chiqadi. Chunki bu narsalar insonga Allohning amrlariga itoat qilishiga yordam beradi. Bular zaiflashgan sari, inson itoatdan chiqa boshlaydi va shahvatlarga ergashadi.

Gohida har ikki turdagi fitna bir insonda jamlangan bo'ladi.  Gohida esa bittasi bo'ladi. Aslida hamma fitnalar fikrni shariatdan ustun qo'yish va havoyi nafsni aqldan ustun qo'yish natijasida kelib chiqadi. Birinchi ko'rinishda ya'ni fikrni shariatdan ustun qo'yishdan shubhalar fitnasi kelib chiqsa, ikkinchi holatdan ya'ni havoyi nafsini aqlidan ustun qo'yishdan shahvatlar fitnasi kelib chiqadi. Shubhalar fitnasi yaqin ilm (aniq ishonch) bilan ketkazilsa, shahvatlar fitnasi sabr bilan ketkaziladi. Shuning uchun Alloh taolo dindagi peshvolikni bu ikki ishga bog'liq qilgan: “Va sabr qilgan paytlarida ulardan Bizning amrimiz ila hidoyatga boshlaydigan peshvolar chiqardik. Ular Bizning oyatlarimizga aniq ishonadilar”. Mana shu oyat sabr va yaqin ilm bilan pechvolikka erishish mumkinligiga, komil aql va sabr bilan shahvatlar fitnasi daf qilinishligiga, komil basira va yaqin ilm bilan esa shubhalar fitnasi daf qilinishligiga dalolat qiladi.[4]

 

Boboxon Boboxonov,

TII Modul' ta'lim shakli talabasi,

Samarqand shahar Ho'ja Nisbatdor jome

masjidi imom-xatibi

 

[1]Abu  Mansur Muhammad ibn Ahmad al-Azhariy, “Tahzibul lug'at” Dorul misriyya” – M. 1967

[2]Ibnul Munzir. “Lisonul arab” Doru sodr – M. 2003. 444-b.

[3] Ahmad Ibrohim Ahmad. “Al-Fitnatu va asaruhu al-mudommarotu”. Damanhur, Misr. Dorul leyna. 2004.20-b. .

[4]Ahmad Ibrohim Ahmad. “Al-Fitnatu va asaruhu al-mudommarotu”. Makka Mukarrama,. Dorul leyna. 2004.40-b.

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Taniqli ulamolar "Imom Buxoriy" ordeni bilan taqdirlandi

22.08.2026   46012   1 min.
Taniqli ulamolar

Prezidentimizning "O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, sport, madaniyat va san’at sohalari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida"gi Farmoni e’lon qilindi.

Bugungi kunning eng quvonchli xabari shuki, diniy-ma’rifiy sohada fidokorona xizmat qilib kelayotgan, xalqimizning ma’naviy yuksalishiga beqiyos hissa qo‘shayotgan taniqli ulamolarimiz va faxriylarimizning jonkuyar mehnatlari yuksak darajada e’tirof etildi!

Ularning haq yo‘ldagi sa’y-harakatlari, ma’rifat tarqatishdagi fidoyiliklari davlatimiz tomonidan yuksak orden bilan munosib taqdirlandi. Bu nafaqat ularning shaxsiy yutuqlari, balki butun diniy-ma’rifiy jamoamiz uchun katta sharaf va cheksiz quvonchdir!!

"Imom Buxoriy" ordeni:

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov;

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Faxriylar kengashi raisi Shayx Abdulaziz Mansur;

Samarqand viloyati Payariq tumani "Imom al-Buxoriy" jome masjidi faxriy imomi Mahmudjon domla Ibodullayev;

Buxoro viloyati Kogon tumani "Bahouddin Naqshband" masjidi imom-xatibi Abdug‘ofur domla Razzoqov.

O‘zbekiston musulmonlari idorasining butun jamoasi, davlatimizning yuksak mukofotlariga sazovor bo‘lgan aziz ulamolarimiz va fidoiy xodimlarimizni chin qalbdan, samimiy muborakbod etadi!

Sizlarga Alloh taolodan mustahkam sihat-salomatlik, oilaviy hayotingizga fayzu baraka, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik tilaymiz. Kelgusi xayrli faoliyatlaringizda yanada ulkan zafarlar, ezgu maqsadlaringizga erishishda doimiy muvaffaqiyatlar yor bo‘lishini tilaymiz!

Hamisha elu yurtning duosida bo‘lib, dinimizga, Vatanimizga xizmat qilish sharafi bardavom bo‘lsin!

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari