Fitna so'zi Alloh taoloning kitobi Qur'oni karimda bir nechta ma'nolarda kelgan. Ahli ilm ulamolar ularni yig'ib, o'n beshtagacha etkazganlar. Ba'zilar o'n bitta ham deyishgan.
أَحَسِبَ النَّاسُ أَن يُتْرَكُوا أَن يَقُولُوا آمَنَّا وَهُمْ لَايُفْتَنُونَ
“Odamlar: “iymon keltirdik” deyishlari ila imtihon qilinmay tark etilishlarini o'yladilarmi?” degan. Oyatdagi “Laa yuftanuun” so'zi imtihon, sinov ma'nosida kelmoqda[1].
وَأَنِ احْكُم بَيْنَهُم بِمَاأَنزَلَ اللّهُ وَلاَ تَتَّبِعْ أَهْوَاءهُمْ وَاحْذَرْهُمْ أَن يَفْتِنُوكَ عَنبَعْضِ مَا أَنزَلَ اللّهُ إِلَيْكَ فَإِن تَوَلَّوْاْ فَاعْلَمْ أَنَّمَا يُرِيدُ اللّهُ أَن يُصِيبَهُمبِبَعْضِ ذُنُوبِهِمْ وَإِنَّ كَثِيراً مِّنَ النَّاسِ لَفَاسِقُون(49)
“Ular orasida Alloh nozil etgan narsa ila hukm yurit. Ularning xohishlariga ergashma va ular seni Alloh senga nozil qilgan narsada fitnaga solishlaridan hazir bo'l”[2] , deyilgan. Imom Qurtubiy oyatdagi “an yaftinuka” so'zini “seni yo'ldan to'sadilar” deb tafsir qilganlar.
ثُمَّ إِنَّ رَبَّكَلِلَّذِينَ هَاجَرُواْ مِن بَعْدِ مَا فُتِنُواْ ثُمَّ جَاهَدُواْوَصَبَرُواْ إِنَّ رَبَّكَ مِن بَعْدِهَا لَغَفُورٌ رَّحِيمٌ {110}
Oyatdagi “futinu” so'zi “uzzibuu”, ya'ni azoblanganlar ma'nosida kelgan.
وَقَاتِلُوهُمْ حَتَّى لاَ تَكُونَ فِتْنَةٌ وَيَكُونَالدِّينُ لِلّهِ فَإِنِ انتَهَواْ فَلاَ عُدْوَانَ إِلاَّ عَلَى الظَّالِمِينَ {193}
“Fina bosilib, butun din Alloh uchun bo'lgunga qadar ular bilan urushingiz! Agar tinsalar, u holda zolimlardan boshqaga nisbatan adovat qilishlik (Islomda) yo'q”,[3] deb marhamat qilgan. Ibn Kasir oyatdagi “fitna” so'zini “shirk” deb, tafsir qilganlar.
فَأَمَّا الَّذِينَ في قُلُوبِهِمْ زَيْغٌ فَيَتَّبِعُونَ مَا تَشَابَهَمِنْهُ ابْتِغَاء الْفِتْنَةِ وَابْتِغَاء تَأْوِيلِهِ وَمَا يَعْلَمُ تَأْوِيلَهُ إِلاَّ اللّهُ
“Ammo dillarida og'ish bor kimsalar odamlarni fitnaga solish va o'z talqiniga muvofiq ma'nolar berish uchun uning (Qur'onning ) mutashobih oyatlariga ergashadilar”[4] deyilgan.
يُنَادُونَهُمْ أَلَمْ نَكُن مَّعَكُمْ قَالُوا بَلَى وَلَكِنَّكُمْ فَتَنتُمْأَنفُسَكُمْ وَتَرَبَّصْتُمْ وَارْتَبْتُمْ وَغَرَّتْكُمُ الْأَمَانِيُّ حَتَّى جَاء أَمْرُاللَّهِ وَغَرَّكُم بِاللَّهِ الْغَرُور
Ularga (munofiqlar): “Biz siz bilan birga emasmidik?!” – deb nido qilurlar. Ular: “Huddi shunday. Lekin sizlar Allohning amri kelguncha o'zingizni o'zingiz fitnaga duchor qildingiz, ko'z tikib kutdingiz, shubha qildingiz va sizlarni xomxayollar g'ururga ketkazdi. Sizlarni Alloh haqida aldamchi aldab qo'ydi”[5] degan so'zi. Imom Bag'aviy oyatdagi “fatantum anfusakum” jumlasini “O'zlaringizni nifoqqa tashladingiz va shahvat va ma'siyatlarni qilish bilan halok qildingiz”, deb tafsir qilganlar.
إِنْ خِفْتُمْأَن يَفْتِنَكُمُ الَّذِينَ كَفَرُواْ إِنَّ الْكَافِرِينَ كَانُواْ لَكُمْ عَدُوّاً مُّبِيناً {101}
“Agar kufr keltirganlar sizlarni fitna qilishidan qo'rqsangiz” degan. Bundan murod, kofirlarning mo'minlar namozda sajda holatida turganlarida ularni qatl qilish yoki asir olish uchun hamla qilishlaridir. Ibn Jarir mana shu gapni aytganlar. Ya'ni bundan “Agar kufr keltirganlar sizlarni o'dirish yoki asirga olishidan qo'rqsangiz” degan ma'no kelib chiqadi.
وَيُبْصِرُونَ فَسَتُبْصِرُ {5} بِأَييِّكُمُ الْمَفْتُونُ {6
“Bas, tezda ko'rasan va ular ham ko'rurlar. Sizlardan qaysingizda majnunlik borligini”[6] degan so'zi. Bu oyatdagi “maftun” so'zi “majnun” ma'nosida kelgan.
إنَّ الَّذِينَفَتَنُوا الْمُؤْمِنِينَ وَالْمُؤْمِنَاتِ ثُمَّ لَمْ يَتُوبُوا فَلَهُمْ عَذَابُ جَهَنَّمَ وَلَهُمْعَذَابُ الْحَرِيقِ
“Albatta, mo'min va mo'minalarni fitna qilib, so'ngra tavba qilmaganlarga, ana o'shalarga jahannam azobi va kuydiruvchi azob bor”[7], deb marhamat qilingan.
وَمَن يُرِدِ اللّهُ فِتْنَتَهُ فَلَن تَمْلِكَ لَهُ مِنَ اللّهِ شَيْئا
“Kimniki Alloh (fitnada) sinashni istasa, Siz uning uchun Allohdan hech narsaga ega bo'la olmaysiz”[8], degan. Bu oyatdagi fitna so'zi “zalolatga ketish “ ma'nosida kelgan. Buni Abu Hayyon aytganlar.
ثُمَّ لَمْ تَكُن فِتْنَتُهُمْ إِلاَّ أَن قَالُواْ وَاللّهِرَبِّنَا مَا كُنَّا مُشْرِكِينَ {23}
“So'ngra ularning fitnasi (uzri) faqat:”Robbimiz – Allohga qasamki, (biz)mushrik bo'lmaganmiz!”[9] – deyishlari bo'lur.
فَلْيَحْذَرِ الَّذِينَ يُخَالِفُونَ عَنْ أَمْرِهِأَن تُصِيبَهُمْ فِتْنَةٌ أَوْ يُصِيبَهُمْ عَذَابٌ أَلِيمٌ {63}
“(Payg'ambarning) amriga xilof ish tutadigan kimsalar o'zlariga biror kulfat etib qolishidan yoki alamli azob etib qolishidan saqlansinlar”, deyilgan.
أَوَلاَ يَرَوْنَأَنَّهُمْ يُفْتَنُونَ فِي كُلِّ عَامٍ مَّرَّةً أَوْ مَرَّتَيْنِ ثُمَّلاَ يَتُوبُونَ وَلاَ هُمْ يَذَّكَّرُونَ {126}
“Ko'rmaydilarmi, (ular) har yili bir yoki ikki marta sinovga uchramoqdalar. (Shundan) so'ng (ham) na tavba qiladilar va na eslatma oladilar”[10], deyilgan.
Ibn Hajar rahmatullohi alayh aytadilar: “Fitna so'zidan nima iroda qilingani kalomning siyoqi va uning qarinalaridan bilinadi”. “Zodul maod” kitobining muallifi o'zlarining kitoblarida quyidagilarni aytganlar: “Ularni mana shunday bir-birlariga fitna qildik” yoki Muso alayhissalomning oyatdagi “Bu faqat sening fitnangdir. U bilan xohlagan kishingni adashtirasan va xohlagan kishingni hidoyat qilasan” degan so'zi kabi Alloh taolo O'ziga izofa qilgan yoki Allohning Rasuli Unga izofa qilgan fitna bu boshqa ma'nodadir. Bular Alloh taoloning O'z bandalarini yaxshilik va yomonlik, ne'mat va musibat bilan imtihon qilishi ma'nosidadir. Bular boshqa turdagi fitnalar , mushriklarning fitnasi esa boshqa xil. Mo'minning moli, farzandi va qo'shnisidagi fitnasi boshqa xil. Ali va Muoviya o'rtasidagi, Jamal ahli o'rtasidagi kabi Islom ahli orasida sodir bo'lgan fitnalar esa boshqa xildagi fitnalardir”.
Yuqorida aytib o'tganimizdek, balo-musibatlar, o'ldirishlar, azoblar kabi ishlardan bo'ladigan fitnalar Alloh taolo tarafidan ham banda tarafidan ham bo'lishi mumkin ekan. Lekin bu erda tushunishimiz kerak bo'lgan bir narsa bor. U ham bo'lsa Alloh tarafidan bo'lgan fitna qanday bo'ladi-yu, banda tarafidan bo'lgan fitna qanday bo'ladi? Agar fitna Alloh tarafidan bo'ladigan bo'lsa, bu Alloh O'zi biladigan hikmatga ko'ra bo'ladi. Lekin Allohning amrisiz banda tarafidan bo'ladigan bo'lsa, bu malomatga sabab bo'ladigan fitnadir. Alloh taolo Qur'onda “Fitna urushdan ashaddiyroqdir” deb, insonni mazammat qilgan fitna mana shudir.
Shermuhammad domla Boltayev,
Horazm viloyati, Shovot tumani Yusuf Hamadoniy
jome masjidi imom-xatibi
[1]Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Qur'oni karim va uning o'zbek tilidagi ma'nolar tarjimasi – T.: “Sharq” 2011. 396-b
[2] Shayx Abdulaziz Mansur, Qur'oni Karim ma'nolarining tarjimasi – T. “Toshkent Islom Universiteti”, 2001. 78-b
[3] Shayx Abdulaziz Mansur, Qur'oni Karim ma'nolarining tarjimasi – T. “Toshkent Islom Universiteti”, 2001. 30-b.
[4]Shayx Abdulaziz Mansur, Qur'oni Karim ma'nolarining tarjimasi – T. “Toshkent Islom Universiteti”, 2001. 47-b.
[5]Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Qur'oni karim va uning o'zbek tilidagi ma'nolar tarjimasi – T.: “Sharq” 2011. 539-b
[6] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Qur'oni karim va uning o'zbek tilidagi ma'nolar tarjimasi – T.: “Sharq” 2011. 564-b.
[7]Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Qur'oni karim va uning o'zbek tilidagi ma'nolar tarjimasi – T.: “Sharq” 2011. 590-b.
[8]Shayx Abdulaziz Mansur, Qur'oni Karim ma'nolarining tarjimasi – T. “Toshkent Islom Universiteti”, 2001. 113-b.
[9]Shayx Abdulaziz Mansur, Qur'oni Karim ma'nolarining tarjimasi – T. “Toshkent Islom Universiteti”, 2001. 145-b.
[10]Shayx Abdulaziz Mansur, Qur'oni Karim ma'nolarining tarjimasi – T. “Toshkent Islom Universiteti”, 2001. 237-b.
Insoniyat sivilizatsiyasi tarixida ayrim davrlar borki, ular faqat muayyan xalq yoki mintaqaning emas, balki butun jahon taraqqiyotining yo‘nalishini belgilab bergan. Islom sivilizatsiyasining IX–XV asrlardagi yuksalish davri ana shunday tarixiy bosqichlardan biri hisoblanadi. Bu davrda ilm-fanning turli sohalari bir-biridan ajralmagan holda. o‘zaro uyg‘unlikda rivojlandi. Matematika astronomiya bilan, tibbiyot falsafa bilan, geografiya matematika bilan, tilshunoslik tarix bilan, diniy ilmlar esa mantiq va tafakkur madaniyati bilan muloqot qilgan. Bugun fanlararo tadqiqot, raqamli gumanitaristika, sun’iy intellekt va kompleks ilmiy yondashuvlar jahon ilm-fanining eng muhim yo‘nalishlariga aylangan bir paytda, o‘sha tarixiy tajriba yanada qiziqarli ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur uyg‘unlik tasodifiy emas edi. U Qur’oni karimda ilmga berilgan yuksak qadr, tafakkurga da’vat, insonni borliqni anglashga chorlovchi g‘oyalar bilan mustahkamlangan ilmiy dunyoqarash mahsuli edi. Shu sababli o‘sha davr olimlarini bugungi zamonaviy tushunchalardagi qat’iy «mutaxassisliklar» doirasiga joylashtirish qiyin.
Forobiy falsafa, mantiq, siyosat, axloq va musiqa nazariyasi bilan shug‘ullangan. Xorazmiy matematika va astronomiya sohalarida ishlagan. Beruniy astronomiya, geografiya, geodeziya, mineralogiya, tarix va etnografiyaga oid asarlar yaratgan. Ibn Sino tibbiyot bilan bir qatorda falsafa, mantiq va tabiiy fanlar haqida ham keng tadqiqotlar olib borgan. Ulug‘bek esa davlat boshqaruvi, ta’lim va astronomik tadqiqotlarni birlashtirgan ilmiy muhitni shakllantirgan. Bu misollarning umumiy jihati shundaki, bilim sohalari o‘rtasidagi chegaralar qat’iy bo‘lmagan.
Bugun «interdissiplinar tadqiqot» deb ataladigan yondashuvning ayrim tamoyillari aynan ana shu intellektual an’analar bilan hamohang.
Shuningdek, islom sivilizatsiyasining intellektual merosini faqat tabiiy va aniq fanlar bilan cheklash ham to‘g‘ri emas. Chunki diniy ilmlar sohasida ham manbalarni yig‘ish, tekshirish, tasniflash va baholashga qaratilgan murakkab ilmiy an’analar shakllangan.
Imom Buxoriyning hadis ilmidagi merosi bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Hadislarni saralashda roviylar haqidagi ma’lumotlar, rivoyat zanjiri va boshqa mezonlar o‘rganilgan. Imom Moturidiy esa aqidaviy masalalarni aql va naql uyg‘unligi asosida tahlil qilgan. Uning merosi islom intellektual an’anasida aqliy dalillash va diniy bilim o‘rtasidagi munosabat masalasida muhim o‘rin tutadi.
Shu jihatdan Islom sivilizatsiyasi tarixini faqat diniy yoki faqat ilmiy tarix sifatida emas, keng intellektual jarayon sifatida ko‘rish mumkin.
O‘zbekistonda ilgari surilayotgan Uchinchi Renessans g‘oyasi tarixiy ilmiy merosni zamonaviy taraqqiyot ehtiyojlari bilan bog‘lashga qaratilgan.
Bu yondashuvning markazida ilm-fan, ta’lim, innovatsiya, madaniyat va ma’naviyatni o‘zaro bog‘liq tizim sifatida rivojlantirish g‘oyasi turadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ham ana shu konsepsiyaning muhim amaliy ifodalaridan biridir.
Markazning vazifasi faqat tarixiy eksponatlarni namoyish qilish bilan cheklanmaydi.
Uning konsepsiyasida islom sivilizatsiyasining ilm-fan, ta’lim, falsafa, san’at, me’morchilik va insonparvarlik sohalaridagi merosini kompleks ravishda o‘rganish va namoyish etish g‘oyasi mujassam.
Nafaqat muzey, balki intellektual platforma
Markazni an’anaviy muzey tushunchasi doirasidagina baholash uning konsepsiyasini to‘liq ifodalamaydi. Zamonaviy muzey faqat eksponat saqlaydigan joy emas. U tadqiqot, ta’lim, raqamlashtirish va xalqaro ilmiy muloqot markaziga aylanishi mumkin. O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi konsepsiyasida ham ana shu yondashuv muhim o‘rin tutadi.
Qadimiy qo‘lyozma — shunchaki tarixiy buyum emas. U til, tarix, matnshunoslik, kodikologiya, san’at, materialshunoslik va raqamli texnologiyalar nuqtayi nazaridan tadqiq qilinishi mumkin bo‘lgan murakkab manba. Arxeologik merosni o‘rganishda esa geoinformatsion tizimlar, raqamli modellashtirish, 3D texnologiyalar va boshqa zamonaviy usullardan foydalanish imkoniyatlari kengaymoqda. Shunday qilib, madaniy merosni o‘rganishning o‘zi fanlararo jarayonga aylanmoqda.
O‘tmishni sun’iy intellekt bilan bog‘lash
Texnologiyalar madaniy merosni o‘rganish usullarini ham o‘zgartirmoqda.
Qo‘lyozmalarni yuqori sifatda raqamlashtirish, matnlarni elektron bazalarga kiritish, sun’iy intellekt yordamida matnlarni tahlil qilish, 3D modellar yaratish va virtual muhitlarda tarixiy obyektlarni qayta tiklash imkoniyatlari ilmiy tadqiqotlar uchun yangi yo‘nalishlarni ochmoqda.
Bu yerda muhim nuqta bor. Texnologiya tarixning o‘rnini bosmaydi — u tarixni yangi avlod uchun tushunarli va tadqiqot uchun yanada ochiq qiladi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining konsepsiyasi ham o‘tmishdagi ilmiy merosni zamonaviy texnologiyalar bilan bog‘lashga qaratilgan.
Bu yondashuv tarixiy bilimni arxiv va kitoblar doirasidan chiqarib, xalqaro tadqiqotchilar, talabalar va keng jamoatchilik uchun ochiq intellektual resursga aylantirish imkonini beradi.
«Ma’rifat bilan jaholatga qarshi»
Islom sivilizatsiyasining ilmiy merosini o‘rganishning yana bir ahamiyati bor.
Global axborot makonida din, tarix va madaniyat haqida turli xil, ba’zan bir-biriga zid tasavvurlar yuzaga kelganda tarixiy merosni ilmiy asosda tushuntirish nafaqat madaniy, balki ma’rifiy ahamiyatga ham ega.
Islom sivilizatsiyasi tarixini faqat diniy marosimlar yoki siyosiy voqealar orqali emas, balki matematika, tibbiyot, astronomiya, falsafa, geografiya, me’morchilik va boshqa sohalardagi yutuqlar bilan birga o‘rganish uning murakkab va ko‘p qirrali tabiatini yaxshiroq anglash imkonini beradi.
Shu ma’noda ma’rifat tarixiy bilimni zamonaviy axborot muhitidagi noto‘g‘ri talqinlarga qarshi muhim vositaga aylantirishi mumkin.
O‘zbekistonning yangi xalqaro ilmiy platformasi
Islom sivilizatsiyasi bir mamlakat yoki bir xalqning merosi emas. U Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika, Janubiy Osiyo va boshqa hududlarni qamrab olgan keng tarixiy va intellektual makonni ifodalaydi. Shu sababli bu merosni o‘rganish ham xalqaro hamkorlikni talab qiladi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi oldidagi muhim vazifalardan biri ham turli mamlakatlarning olimlari, universitetlari, muzeylari va ilmiy-tadqiqot markazlari o‘rtasida muloqotni kuchaytirishdan iborat.
Bu O‘zbekistonning o‘z tarixiy merosini dunyoga tanitish bilan birga, mamlakatni global gumanitar tadqiqotlarning faol ishtirokchisi sifatida namoyon etishiga xizmat qilishi mumkin.
Uchinchi Renessansning asosiy kuchi
Uchinchi Renessans haqida gap ketganda, masala faqat yangi binolar qurish yoki yangi muassasalar tashkil etishdan iborat emas. Asosiy savol boshqa: O‘zbekiston o‘zining boy ilmiy merosini zamonaviy bilim va innovatsiyalarga qanday aylantira oladi? Bu savolning javobi ilm-fan, ta’lim, texnologiya, madaniyat va inson kapitalining bir nuqtada birlashishini talab qiladi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ahamiyati ham shu nuqtada namoyon bo‘ladi. U tarixiy merosni saqlash bilan birga, uni tadqiq qilish, raqamlashtirish, xalqaro ilmiy muloqotga olib chiqish va yangi avlodga yetkazish uchun platformaga aylanishi ko‘zda tutilmoqda.
Shu ma’noda Markazni o‘tmishga bag‘ishlangan inshoot emas, kelajakka yo‘naltirilgan intellektual investitsiya sifatida baholash mumkin.
Chunki sivilizatsiyaning haqiqiy qiymati faqat uning o‘tmishda yaratgan merosi bilan emas, balki bu meros yangi avlod uchun qanday yangi bilim va g‘oyalarga aylanishi bilan ham o‘lchanadi.
Xorazmiyning hisoblash usullaridan bugungi algoritmlargacha, Beruniyning kompleks tadqiqotlaridan zamonaviy fanlararo loyihalargacha, Ulug‘bek rasadxonasidan raqamli astronomiyagacha bo‘lgan yo‘l bir haqiqatni ko‘rsatadi: ilm taraqqiyoti chegaralar emas, muloqot va hamkorlik orqali tezlashadi.
Ehtimol, Uchinchi Renessansning eng muhim vazifasi ham ana shunda — ajdodlar yaratgan bilimlarni shunchaki eslash emas, balki ulardan yangi bilimlar yaratish uchun foydalanish. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi esa ana shu g‘oya atrofida shakllanayotgan yangi intellektual muhitning muhim platformalaridan biridir.
Muallif: Abulfayz Sayidasqarov, iccu.uz
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati