Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Avgust, 2026   |   8 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:12
Quyosh
05:38
Peshin
12:26
Asr
17:14
Shom
19:18
Xufton
20:39
Bismillah
21 Avgust, 2026, 8 Rabi`ul avval, 1448

Adashishlarning oldini olishda aqidaning o'rni

18.10.2022   1544   4 min.
Adashishlarning oldini olishda aqidaning o'rni

Aqida – dinning asosi va mustahkam poydevori hisoblanib, hech qachon undan ayro tushish mumkin emas. Chunki inson o'z aqidasini mahkam tutishi o'ta zarur va ahamiyatli ishdir. Kishining sog'lom nazar bilan hayot ummoniga sho'ng'ib ketishida ham ana shu aqidaning yordami beqiyos. Inson hayotida uning sog'lom bo'lishi birlamchi o'rinda turadi. Shuning uchun ham payg'ambarlar faoliyatidagi eng asosiy vazifalardan biri – insonlar aqidasini isloh qilish bo'lgan.

Islom aqidasi insoniyatga axloqiy fazilatlarni taqdim etadi. Ular Alloh taologa, farishtalarga, kitoblarga, payg'ambarlarga, oxirat kuniga va taqdirga imon keltirish kabilardir. Alloh taologa imon keltirish insonni faqat ezgulikka etaklaydi. Agar uning aqidasi to'g'ri, imoni mukammal bo'lsa, yuksak axloqiy fazilatlar uning qalbiga mustahkam o'rnashib qoladi va hayot tarzi va odob-axloqi ijobiy tomonga o'zgaradi. Agar buning aksi bo'lsa, mana shu fazilatlar o'z-o'zidan ko'tarila boshlaydi.

Islom musulmonlarni farishtalarga imon keltirishga chaqiradi. Ularga ishonish imon arkonlaridan biri bo'lib, ularga imon keltirmaguncha, inson mo'min bo'la olmaydi. Imon ruhiy hayotning asosidir. Bunday hayot esa kishilarni faqat yaxshilikka undaydi. Bundan maqsad, insonni kamolot cho'qqisiga olib chiqishdir. Shuning uchun ham farishtalarga imon keltirish Islom dinining asoslaridan biridir. Qur'oni karim ta'limotlariga ko'ra, Alloh taolo insonga bir necha farishtani biriktirib qo'yganki, ular insonning qilgan ishlarini yozib boradilar. O'ng tomondagi farishta yaxshiliklarni, chap tomondagisi yomonliklarni yozib boradi. Agar inson shu narsalarga ishonsa, dunyoda hech bir yomonlik qilmay yashash harakatida bo'ladi.

Alloh taolo nozil qilgan kitoblarga imon keltirish insonda Alloh insonlarni yaratganidan so'ng ularni o'z holiga tashlab qo'ymagan, balki to'g'ri yo'lga boshlaydigan narsalarni nozil qilganki, bu U zotning o'z bandalariga bo'lgan mehribonligidandir, degan tushunchaning paydo bo'lishiga olib keladi.

Payg'ambarlarga imon keltirishga kelsak, ular bashariyat uchun go'zal namuna bo'lib, solihlik, samimiylik, sidqidillik, so'z va amalda ma'sumlik kabi sifatlar bilan sifatlanganlar. Axloqiy fazilatlarning eng oliy darajalari aynan ularda o'z ifodasini topgan. Oxirat kuniga imon keltirish shuning ifodasiki, mo'min o'z hayotini o'sha kunda jannatga erishish va do'zaxdan xalos bo'lish uchun jiddu jahd bilan o'tkazadi. Binobarin, oxirat kuniga bo'lgan imon insonda axloqiy fazilatlarni paydo qiladigan va mustahkamlaydigan eng muhim omillardan biridir.

Taqdirga imon keltirish haqida so'z yuritadigan bo'lsak, inson o'z hayotida ro'baro' keladigan musibatlar va qiyinchiliklarni unga engil qilib ko'rsatadigan eng muhim sabablardan biri udir. Chunki ularni Allohning sinovi deb bilgan har bir inson unga mag'lub bo'lib qolmaydi. Allohning mukofotini qo'lga kiritish uchun ularga sabr qiladi. Bir so'z bilan aytganda, taqdirga imon keltirish insonda bu hayotdan rozilik hissini paydo qiladi.

Islom aqidasi kishida yuksak fazilatlarni vujudga keltirar, uni to'g'ri hayot tarziga undar ekan, o'z jamiyatini isloh qilish, uning orasida yaxshilik va fazilatlarni keng yoyish kabi xayrli ishlar uchun uni tayyorlagan bo'ladi. Bundan maqsad u yashayotgan jamiyat a'zolari bir-birlariga do'st, mehribon va o'zaro ahil-inoq bo'lishlariga erishishdir. Zero, bunday fazilatlar orqali insonlar va jamiyat saodatli bo'ladi. Ezguliklar keng yoyilib, razolat yo'qoladi. Buzg'unchilik va buzg'unchilar ozayadi.

Yuqorida o'tganlardan xulosa qilib aytish mumkinki, insonlarning qalblarida sog'lom e'tiqodni shakllantirish va uni voqelik bilan bog'lash uchun uzluksiz harakat qilinishi zarur. Insonlarni aqidaviy va axloqiy adashishlardan himoya qilish uchun shu soha vakillari hamjihatlikda faoliyat yuritishlari lozim.
Kenjabek Soliyev,
Chust tumani "G'oyib eronlar" jome masjidi imom-xatibi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Paxtachi tumanida 60 nafar bola maktab uchun barcha zarur narsalar bilan ta’minlandi

19.08.2026   21681   1 min.
Paxtachi tumanida 60 nafar bola maktab uchun barcha zarur narsalar bilan ta’minlandi

Ularga maktab kiyimlari, poyabzal va ryukzaklar bepul berildi.

Xayriya aksiyasi Toshko‘prik masjidi imomi Doniyor Matlabov tashabbusi bilan o‘tkazildi, xabar bermoqda «Samarkandskiy vestnik» nashri.

Masjid ahli va homiylar ko‘magida 35 ta ehtiyojmand oila farzandlari uchun yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rish uchun barcha zarur narsalar xarid qilindi. Sovg‘alar maktab o‘quvchilariga topshirildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari