Har bir ilmning asosi va sanadi bor. Islom ilmlarining oliy bo'lishida ham sanadning o'rni kattadir.
Imom Muslim rahimahulloh o'z «Sahih»larining muqaddimasida Abdan ibn Usmon roziyallohu anhudan keltirganlar: «Abdulloh ibn Marvaziydan eshitdim: "Sanadlar dindandir. Agar sanad bo'lmaganida, xohlagan odam xohlagan gapini gapirgan bo'lar edi", dedilar». Bizda Qur'on, hadis, aqoid, fiqh va boshqa ilm hamda fanning asosi bor. Bu asoslarning hammasi Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan keladi. Naqshbandiyadagi ikkita mashhur sanad Naqshbandiya tariqatini ifodalaydi. Yoki Rifoiy hazratlarining o'z sahih sanadi bor. Ana shu sanad bo'lgani uchun sanadi bo'lmagan odam gapirishga qo'rqadi. Sahobalar bizdan ko'ra hadis aytishga haqli bo'lganlar. Ularning orasida shunday odat bor ediki, qaysidir sahoba hadis aytadigan bo'lsa, boshqalari «O'ylab gapir! Sen hadis aytyapsan», der edi.
Hadis aytishning mas'uliyati bor. Sanad, rivoyating bo'lishi va shunga o'xshagan bir nechta talablarga qattiq e'tibor qaratiladi. Hozirgi kunga kelib esa, hamma hadis aytadigan bo'lib qoldi. Bilsa-bilmasa, hadis deb aytaveradi. Bundan ehtiyot bo'lish kerak. Hadisi sharifni aytishning mas'uliyati bor. Har bir noto'g'ri va asossiz aytilgan hadis uchun qattiq javob beriladi.
Muhammad ibn Sirin rahimahulloh oltin bir qoidani aytganlar: «Olayotgan ilmlaringiz dindir. Ilm asli dindir. Diningizni kimdan olayotganizga e'tiborli bo'ling».
Imom Hatib Bag'dodiy rahimahulloh: «Ilm ulamolarning og'izlaridangina olinadi», deydilar. Ya'ni ulamolarning og'zidan ilmni olish, sanad bilan olish nazarda tutilyapti. Har bir ilmda ustozlar uzilmasdan muallifga boradi. Masalan, «Tafsiri Nasafiy» Imom Nasafiydan ustoz va shogird an'anasi uzilmasdan kelgan. Sanad ijoza berib kelingan bo'ladi.
Imom Shofe'iy aytadilar: «Sanadsiz ilm talab qiladigan odam kechasi o'tin to'playdigan odamga o'xshaydi. Qo'rong'ida o'tin to'playman deb qo'lini cho'zadi, o'tinning tagida esa zaharli ilon turgan bo'ladi va bir kun chaqib oladi. Ustozsiz ilm hosil qilmoqchi bo'lgan odam ham bir kun mana shu holga tushadi».
Sufyon Savriy aytadilar: «Sanad mo'minning qurolidir. Sening quroling bo'lmasa, nima bilan jang qilasan?». To'rt mazhabni oladigan bo'lsak, har birining sanadi bor. Shuning uchun bu mazhablar asrlar osha davom etib kelyapti. Inshaalloh, bu mazhablar qiyomatgacha davom etadi, chunki ularning pishiq asosi bor.
Biror ilm haqida gap ketganda, albatta, uning sanadiga e'tibor berish lozim. Bir zum ehtiyotkorlikni yo'qotgan odam yot g'oyalar ta'siriga tushib qolishi hech gap emas. Hozirgi kunda avj olayotgan diniy ekstremizm va terrorizm kabi guruhlar ham umuman Islom diniga to'g'ri kelmaydigan ma'lumot va qarashlar bilan kishilarni zaharlamoqda. Ilmi bo'lmagan odamning bunday tuzoqlarga tushib qolishi juda oson. Qaysidir ilm haqida gap ketdimi, tushunmasangiz, ulamolarga murojaat qiling. To'g'ri va asosli ma'lumotni oling. Har qanday vaziyatda ham loqaydlikka yo' qo'ymang. Loqaydlik aslida insoniyat yaratilganidan boshlab uning eng katta dushmani bo'lib kelgan.
Ba'zida shunday hollarga duch kelinyaptiki, hadisni ayrimlar o'zlarining manfaatlariga moslashtirib olishyapti. Buni qanday tushunish kerak? Bilib qo'ying, hadis Payg'ambar alayhissalomning aytgan gaplaridir. Uni o'zgartirish, yolg'onini to'qib chiqarish, o'z manfaatlari yo'lida moslashtirish eng katta gunohdir. Bunday ishlarni qilib turib, xotimangiz chiroyli bo'lishiini kutmang!
Sayyid Rahmatulloh Termiziy
Halollik va rostgo‘ylik insonning shaxsiy fazilatlari bo‘lish bilan birga, oila mustahkamligi, jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy munosabatlarning barqarorligini ta’minlaydigan muhim milliy, diniy, ma’naviy-axloqiy qadriyatlardir.
Islom dinida halollik va rostgo‘ylikka inson hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi muhim tamoyillar sifatida qaraladi. Halol va haromni farqlash, shubhali ishlardan saqlanish, o‘zgalarning haq-huquqini poymol qilmaslik, rostgo‘y va adolatli bo‘lish insonning nafaqat shaxsiy kamoloti, balki jamiyat oldidagi mas’uliyatini ham belgilaydi.
Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ko‘plab hadisi shariflarida insonlarni halollik va rostgo‘ylikka da’vat qilish, har doim halol bo‘lishga undash, aldov va yolg‘on guvohlik berishdan qaytarishga alohida e’tibor qaratilgan. Zero, halollik va rostgo‘ylik insonning ma’naviy kamolotini, imoni mustahkam va axloqi go‘zalligini namoyon etuvchi eng muhim fazilatlardir. Harom va yolg‘on esa nafaqat shaxsning obro‘si va unga ishonchini yemiradi, balki jamiyatda o‘zaro ishonchsizlik, adovat va nizolar kelib chiqishiga ham sabab bo‘ladi.
Alloh taolo "Nahl" surasining 105-oyatida bunday marhamat qilgan: “Yolg‘on so‘zlarni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to‘qiydilar. Aynan o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchilardir”.
Bu o‘rinda yolg‘onning qanchalik og‘ir ma’naviy illat ekani bayon qilinib, uning Allohning oyatlariga munosabat bilan bog‘liq jihati ko‘rsatib berilyapti. Oyatning nozil bo‘lish sababi Makka mushriklarining Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan turli asossiz da’volarni ilgari surgani, jumladan, u zotni yolg‘onchilikda ayblaganidir. Ular Qur’oni karimni go‘yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari to‘qib chiqargani to‘g‘risida asossiz da’volarni ilgari surgan. Qur’oni karim esa bunday iddaolarni ochiq-oydin rad etgan.
Aslida yolg‘onni faqat imonsiz kishilargina to‘qiydi. Chunki, mo‘min kishi yolg‘onni katta gunoh deb biladi. Yolg‘on sababli qiyomatda azobga qolishdan qo‘rqadi. Shuning uchun har qanday vaziyatda rostgo‘y bo‘lishga intiladi. Hatto o‘z manfaatiga zid bo‘lgan holatlarda ham haqiqatni aytishni afzal biladi. Zero, haqiqiy imon insonni faqat ibodatlarga emas, balki yuksak axloqiy fazilatlarga ham undaydi.
Islom ta’limotida halollik va to‘g‘riso‘zlik maqtalgan, yolg‘on gapirish va haqiqatni yashirish keskin qoralangan. Jumladan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Nabiysollallohu alayhi vasallam:“Rostgo‘ylikni o‘zingizga lozim tutingiz (rostgo‘y bo‘lingiz)! Chunki, rostgo‘ylik yaxshilikka yetaklaydi, yaxshilik esa jannatga yetaklaydi. Kishi doim rost gapirsa, Allohning huzurida “siddiq” (o‘ta rostgo‘y) deb yozib qo‘yiladi. Yolg‘ondan saqlaning! Chunki, yolg‘on fojirlikka (gunoh va buzuqlikka) yetaklaydi, fojirlik esa do‘zaxga yetaklaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa, Allohning huzurida “kazzob” (o‘ta yolg‘onchi) deb yozib qo‘yiladi”, dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rostgo‘ylik va yolg‘onchilikning inson axloqi, ma’naviy hayoti va oxiratiga qay darajada ta’sir qilishini ochiq tarzda bayon qilib beryaptilar. Hadis mazmunidan anglashiladiki, insonning jannatga yoki do‘zaxga tushishida uning tili, ya’ni rostgo‘yligi yo yolg‘onchiligi hal qiluvchi omillardan ekan.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam halol va harom o‘rtasidagi shubhali narsalardan saqlangan kishi dini va obro‘yini pok saqlashi borasida bunday marhamat qilganlar: No‘’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha,“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlarini eshitdim: “Halol ham aniq, harom ham aniq. Ularning o‘rtasida shubhali narsalar bor. Ko‘p odamlar buni bilmaydi. Kim shubhalardan saqlansa, dini va obro‘yini pok saqlaydi...” (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu o‘rinda Nabiy sollallohu alayhi vasallam insonlarni ehtiyotkorlik va poklikka da’vat etmoqdalar. Chunki, halollik tamoyillariga amal qilgan inson hayotning har bir jabhasida, jumladan, so‘zida, oilaviy munosabatlarida, ta’lim olishda, mehnat faoliyatida va jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarida adolat, poklik va rostgo‘ylikka intiladi. O‘zgalarning haq-huquqlarini hurmat qiladi, birovning mol-mulki yoki mehnatining mahsuliga tajovuz qilmaydi, aldov, xiyonat va manfaatparastlikdan uzoq bo‘lishga harakat qiladi. Bunday fazilatlar insonning shaxsiy obro‘-e’tiborini yuksaltirish bilan birga jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini mustahkamlaydi.
Muxtasar qilib aytganda, halollik va rostgo‘ylik ijtimoiy hayotning barqarorligini, insonlar o‘rtasidagi ishonch va jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi muhim ma’naviy-axloqiy asosdir. Islom ta’limotidagi halollik, rostgo‘ylik, adolat va omonatdorlikka oid ko‘rsatmalar bu qadriyatlarning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Har bir inson o‘z hayoti va faoliyatida halollik, rostgo‘ylik, adolat va vijdonlilikni ustuvor tamoyilga aylantirsa, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish imkoniyati ortadi.
Yo‘ldoshxon Isayev, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati