Sayt test holatida ishlamoqda!
03 Avgust, 2026   |   20 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:47
Quyosh
05:15
Peshin
12:34
Asr
17:30
Shom
19:42
Xufton
21:11
Bismillah
03 Avgust, 2026, 20 Safar, 1448

Arab tilidagi e’rob xatolikmi yoki afzallik?!

29.12.2023   1801   5 min.
Arab tilidagi e’rob xatolikmi yoki afzallik?!

E’rob (fleksiya) arab tilining o‘ziga xos belgilaridan biridir. Arab tilida e’rob (fleksiya)dan ko‘zda tutilgan bir qancha maqsad va foydalar bor. Boshqa o‘zgarmas tillarda bunday bir so‘zdagi pur ma’nolikni uchratmaymiz. Agarda siz: “E’rob (fleksiya) tilni o‘rganishdagi qiyinchilikka va uni talaffuzidagi chigallikka olib boradi. Qolgan o‘zgarmas tillar iste’mol va o‘rganish jihatdan achagina qulaydir”, deb o‘ylasangiz. Siz arab tilidan bir necha so‘zni olib ularning har birini uch xil grammatik o‘rinda raf (bosh kelishik), nasb (tushum kelishik), jar (qaratqich kelishik)da foydalaning. Bu tilning iste’mol va o‘rganish jihatdan qulayligini bir nishonasidir.

Darhaqiqat, so‘z yasashda so‘zning oxiri o‘zgarmasdan qo‘shimchalar qo‘shish orqali hosil qilinadigan tillar iste’mol va o‘rganish jihatdan eng qulay va yengildir. Lekin bu har doim tilda afzallik va o‘ziga xos xususiyat bo‘lib kelganmi? Qulaylik har doim afzallikmi?  Agar sizda ikkitadan qurilma bo‘lsa, masalan, ikkita kir yuvish mashinasi, kompyuter kabi. Ulardan biri boshqasidan murakkab va qiyinroq. Shu bilan birga uning qiyinligiga mos foydasi ham bor. Bu murakkablikda biror naf va foyda bo‘lmasa inkor etib bo‘lmaydigan nuqson va kamchilik bo‘ladi.

Demak, osonlik har doim o‘lchov, mezon emas, balki foyda o‘lchovdir. Til faqat inson tafakkuri va qalbidagi ma’nolarni ifodalash uchun xizmat qiladi. Shu e’tibordan ma’nolarni ifodalashda daqiq, ko‘lami keng, dalolati umum bo‘lgan til to‘g‘riroq va maqbulroq bo‘ladi.[1]

Arab tilida so‘z grammatik o‘rni o‘zgarishi bilan u ifoda qilayotgan ma’no ham o‘zgarib boradi. Ayrim iboralarni faqat e’rob (fleksiya) yordamida tushunish mumkin. Fleksiyaviy har qanday o‘zgarishdan keyin ma’no o‘zgarishi kuzatiladi.

Bunga misol tariqasida quyidagilarni keltiramiz:

 كيف أنتَ و محمدٌ ؟ - Sen  va Muhammad qanday?

كيف أنتَ و محمداً ؟  - Sen bilan Muhammad o‘rtasidagi aloqa qanday?

Bir xil ko‘rinishdagi so‘roq gap. Avvalgi gapda ikkinchi shaxs va Muhammadning hol-ahvoli so‘ralmoqda. Ikkinchi gapda esa ikkinchi shaxs va Muhammad o‘rtasidagi aloqa haqida so‘ralmoqda.[2]

صبرٌ جميلٌ – matonatli sabr qilish!

صبرا جميلا – biroz vaqt chiroyli sabr qilish!

(الصبر)Sabr so‘zi yuqoridagi ikki gapda shaklan bir xil bo‘lsada, ma’no jihatdan bir-biridan farq qiladi. Bu ma’no o‘zgarishiga fleksiyani o‘zgarishi ta’sir qilmoqda. Bosh kelishik bilan ifoda qilingan gapdagi sabr uzluksiz, davomiy sabrga chorlaydi. Tushum kelishigi bilan ifoda qilingan gapdagi sabr esa ma’lum bir vaqt  sabr qilishga undaydi.

Manbalar asosida Andijon

“Sayyid Muhyiddin maxdum”

o’rta maxsus islom bilim yurti

mudarrisi Abdulaziz Furzulov tayyorladi

Manbalar

  1. Kalosh Hanifa. Zohirotul e’rob fid darsil lug‘aviy dirosat va tahqiq. – J. Jomeatul arabiy, 2012. – 245 b.
  2. Abdulkarim Roiyz. Arab tilida e’rob ko’rinishlari. – B. Madrastul arobiyya, 2002. – 302-bet.
  3. Ibn Jinni. Xususuyatlar. – Dorul ma’rifat al-jomiyya, 1999. – 1/35-bet.
  4. Abu Hayyon: Alloma Muhammad ibn Yusuf ibn Aliy ibn Yusuf ibn Hayyon Asiruddin Abu Hayyon G`ornatiy Andalusiy Jiyoniy Nafziy. Hijriy 654-745-yillar. Bahrul muhit. – B. Madrastul arobiyya, 2002. – 9/40-bet.

 [1] Ibn Jinni. Xususuyatlar. – Q. Dorul ma'rifat al-jomiyya, 1999. – 1/35-bet.

[2] Abu Hayyon: Alloma Muhammad ibn Yusuf ibn Aliy ibn Yusuf ibn Hayyon Asiruddin Abu Hayyon G`ornatiy Andalusiy Jiyoniy Nafziy. Hijriy 654-745-yillar. Bahrul muhit. – B. Madrastul arobiyya, 2002. – 9/40-bet.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Pekinda O‘zbekistonning Islom sivilizatsiyasi markazi taqdimoti o‘tkazildi

29.07.2026   26418   2 min.
Pekinda O‘zbekistonning Islom sivilizatsiyasi markazi taqdimoti o‘tkazildi

O‘zbekiston elchixonasida ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik, sivilizatsiyalar muloqoti va umumiy merosga bag‘ishlangan madaniy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Tadbirda SHHT Kotibiyati rahbariyati, Pekinda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus vakillari, vazirlik va idoralar xodimlari, yetakchi tahlil markazlari, ilmiy-akademik hamda madaniy doiralar vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuvda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi ham qatnashdi.

Ishtirokchilarga Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati keng namoyish qilindi. Markazning noyob konsepsiyasi, asosiy ekspozitsiyalari, ilmiy-ma’rifiy yo‘nalishlari hamda xalqimizning boy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha xalqaro missiyasi haqida atroflicha ma’lumot berildi. Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati haqidagi film ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

Tadbir davomida qatnashchilar e’tiboriga O‘zbekistonning boy tarixi va madaniyati, zamonaviy taraqqiyotini aks ettiruvchi 100 dan ortiq video va fotosuratlardan iborat ko‘rgazma havola qilindi.

Mutaxassislar O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi jahon ahamiyatiga molik yirik loyiha ekanini e’tirof etdi. Dunyoda o‘xshashi bo‘lmagan bunday noyob markazning tashkil etilishi davlat rahbarining o‘z xalqi tarixi va madaniy merosiga bo‘lgan cheksiz hurmatini aks ettirishi, O‘zbekistonning sivilizatsiyalar chorrahasidagi yuksak o‘rnini yaqqol namoyon etishi ta’kidlandi.

“Bugun biz tarixiy voqeaga – Toshkentda barpo etilgan va allaqachon global ahamiyat kasb etgan Islom sivilizatsiyasi markazining muhtasham binosi taqdimotiga guvoh bo‘ldik. O‘zbekiston yetakchisi Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ushbu yirik loyihaning amalga oshirilishi butun dunyoga buyuk sivilizatsiyalar ruhini mujassam etgan Yangi O‘zbekistonni barpo etishning asl mohiyati va g‘oyasini namoyon etdi”, – dedi SHHT Bosh kotibi o‘rinbosari Suhayl Xon.

Uchrashuvda qatnashgan Pekin xalqaro muloqot klubi bosh kotibi Xan Xua ham ushbu markaz haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, Islom sivilizatsiyasi markazi jahon madaniyati va san’atining muhim maskanlaridan biridir. Yangi O‘zbekistonda bu jihat Prezident Shavkat Mirziyoyevning oqilona siyosati tufayli yaqqol namoyon bo‘lmoqda. U alohida ta’kidlaganidek, mazkur muhtasham muassasa nafaqat O‘zbekiston, balki butun Sharq sivilizatsiyasining boy madaniy va ma’naviy merosini dunyoga targ‘ib etmoqda.

 O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari