E’rob (fleksiya) arab tilining o‘ziga xos belgilaridan biridir. Arab tilida e’rob (fleksiya)dan ko‘zda tutilgan bir qancha maqsad va foydalar bor. Boshqa o‘zgarmas tillarda bunday bir so‘zdagi pur ma’nolikni uchratmaymiz. Agarda siz: “E’rob (fleksiya) tilni o‘rganishdagi qiyinchilikka va uni talaffuzidagi chigallikka olib boradi. Qolgan o‘zgarmas tillar iste’mol va o‘rganish jihatdan achagina qulaydir”, deb o‘ylasangiz. Siz arab tilidan bir necha so‘zni olib ularning har birini uch xil grammatik o‘rinda raf (bosh kelishik), nasb (tushum kelishik), jar (qaratqich kelishik)da foydalaning. Bu tilning iste’mol va o‘rganish jihatdan qulayligini bir nishonasidir.
Darhaqiqat, so‘z yasashda so‘zning oxiri o‘zgarmasdan qo‘shimchalar qo‘shish orqali hosil qilinadigan tillar iste’mol va o‘rganish jihatdan eng qulay va yengildir. Lekin bu har doim tilda afzallik va o‘ziga xos xususiyat bo‘lib kelganmi? Qulaylik har doim afzallikmi? Agar sizda ikkitadan qurilma bo‘lsa, masalan, ikkita kir yuvish mashinasi, kompyuter kabi. Ulardan biri boshqasidan murakkab va qiyinroq. Shu bilan birga uning qiyinligiga mos foydasi ham bor. Bu murakkablikda biror naf va foyda bo‘lmasa inkor etib bo‘lmaydigan nuqson va kamchilik bo‘ladi.
Demak, osonlik har doim o‘lchov, mezon emas, balki foyda o‘lchovdir. Til faqat inson tafakkuri va qalbidagi ma’nolarni ifodalash uchun xizmat qiladi. Shu e’tibordan ma’nolarni ifodalashda daqiq, ko‘lami keng, dalolati umum bo‘lgan til to‘g‘riroq va maqbulroq bo‘ladi.[1]
Arab tilida so‘z grammatik o‘rni o‘zgarishi bilan u ifoda qilayotgan ma’no ham o‘zgarib boradi. Ayrim iboralarni faqat e’rob (fleksiya) yordamida tushunish mumkin. Fleksiyaviy har qanday o‘zgarishdan keyin ma’no o‘zgarishi kuzatiladi.
Bunga misol tariqasida quyidagilarni keltiramiz:
كيف أنتَ و محمدٌ ؟ - Sen va Muhammad qanday?
كيف أنتَ و محمداً ؟ - Sen bilan Muhammad o‘rtasidagi aloqa qanday?
Bir xil ko‘rinishdagi so‘roq gap. Avvalgi gapda ikkinchi shaxs va Muhammadning hol-ahvoli so‘ralmoqda. Ikkinchi gapda esa ikkinchi shaxs va Muhammad o‘rtasidagi aloqa haqida so‘ralmoqda.[2]
صبرٌ جميلٌ – matonatli sabr qilish!
صبرا جميلا – biroz vaqt chiroyli sabr qilish!
(الصبر) – Sabr so‘zi yuqoridagi ikki gapda shaklan bir xil bo‘lsada, ma’no jihatdan bir-biridan farq qiladi. Bu ma’no o‘zgarishiga fleksiyani o‘zgarishi ta’sir qilmoqda. Bosh kelishik bilan ifoda qilingan gapdagi sabr uzluksiz, davomiy sabrga chorlaydi. Tushum kelishigi bilan ifoda qilingan gapdagi sabr esa ma’lum bir vaqt sabr qilishga undaydi.
Manbalar asosida Andijon
“Sayyid Muhyiddin maxdum”
o’rta maxsus islom bilim yurti
mudarrisi Abdulaziz Furzulov tayyorladi
Manbalar
[1] Ibn Jinni. Xususuyatlar. – Q. Dorul ma'rifat al-jomiyya, 1999. – 1/35-bet.
[2] Abu Hayyon: Alloma Muhammad ibn Yusuf ibn Aliy ibn Yusuf ibn Hayyon Asiruddin Abu Hayyon G`ornatiy Andalusiy Jiyoniy Nafziy. Hijriy 654-745-yillar. Bahrul muhit. – B. Madrastul arobiyya, 2002. – 9/40-bet.
بِسْمِ اللَّهِ الرَّحْمَنِ الرَّحِيمِ
عن جابر بن عبد الله رضي الله عنهما قال: قال رسول الله صلى الله عليه وسلم:
« المجالس بالأمانة إلا ثلاثة مجالس: سفك دم حرام، أو فرج حرام، أو اقتطاع مال بغير حق »
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Majlislar omonatdir. Faqat uch majlis bundan mustasno: nohaq qon to‘kish, harom shahvoniy aloqa (zino) va nohaq molni tortib olish haqidagi majlislar” (Imom Abu Dovud rivoyati).
“Majlislar omonatdir”, ya’ni odamlar yig‘ilgan har qanday majlisda aytiladigan gaplar omonat hisoblanadi. Agar suhbatdoshlar ma’lum bir gapning sir saqlanishini istasalar yoki vaziyat shuni taqozo etsa, u holda u gapni boshqalarga tarqatish joiz emas.
Bunga quyidagilar kiradi: shaxsiy sirlar; oilaviy maslahatlar; ishxona yoki tashkilot yig‘ilishlari; davlat ishlariga oid maxfiy suhbatlar; faqat ishtirokchilarga tegishli bo‘lgan ma’lumotlar.
“Omonat” degani faqat mol-mulkni saqlash emas, balki sirni, ma’lumotlarni va eshitilgan gapni ham saqlashni o‘z ichiga oladi.
Nima uchun majlis omonat deb atalgan? Chunki odamlar bir-biriga ishonib, erkin maslahatlashishi va dardini aytishi uchun ularning gaplari tashqariga chiqmasligi zarur. Agar majlisda yoki biror yig‘inda qatnashgan kishi eshitganlarini boshqalarga tarqataversa, odamlar bir-biriga ishonmay qo‘yadi, g‘iybat va chaqimchilik ko‘payadi, munosabatlar buziladi, jamiyatda o‘zaro ishonch yo‘qoladi. Shu bois solih salaflar majlis sirini oshkor qilishni omonatga xiyonat deb hisoblashgan.
“Faqat uch majlis bundan mustasno...” ya’ni ba’zi hollarda sir saqlash mumkin emas. Agar bir kishi: “Men falonchini o‘ldirmoqchiman yoki unga zarar yetkazmoqchiman” desa va uning bu ishi jiddiy ekani ma’lum bo‘lsa, uni yashirish joiz emas. Balki qotillikning oldini olish uchun tegishli mas’ullarni yoki huquqni muzofaza qiluvchi tashkilotlar vakillarini ogohlantirish shart.
“Harom shahvoniy aloqa (zino)”. Agar bir kishi zino qilish yoki birovning nomusiga tajovuz qilish niyati borligini bildirsa, bu haqda ham sukut qilish mumkin emas. Bunday holda jabrlanuvchini yoki buning oldini oladigan mas’ul shaxslarni ogohlantirish lozim bo‘ladi.
“Nohaq molni tortib olish”. Agar kimdir o‘g‘rilik, firibgarlik qilishni, birovning haqini tortib olishni rejalashtirayotganini aytsa, bu sirni ham saqlab turish joiz emas. Chunki bu boshqalarning haqiga tajovuzdir.
Xo‘sh, shunday vaziyatga duch kelgan kishi qanday yo‘l tutishi lozim?
Avvalo, o‘sha odamga nasihat qilinadi va Allohdan qo‘rqishi eslatiladi. Agar u fikridan qaytmasa va xavf haqiqiy bo‘lsa, zararning oldini olish uchun tegishli shaxslarga xabar beriladi. Bu xabar berish faqat jinoyatni to‘xtatish bo‘lishi kerak, odamni sharmanda qilish yoki obro‘sini to‘kish emas.
Xulosa qilib aytganda, barcha hadislar kabi mazkur hadis ham mo‘min-musulmonlarga juda muhim axloqiy qoidani o‘rgatadi: majlisda eshitilgan gaplar omonat hisoblanadi va ularni egasining roziligisiz tarqatish aslo mumkin emas. Biroq agar bu sirni saqlash oqibatida insonning joniga, nomusiga yoki mol-mulkiga katta xavf tug‘ilsa, zararning oldini olish uchun shu haqda xabar berish ba’zi hollarda vojib bo‘ladi. Shu tariqa Islom ham omonatni saqlashni, ham odamlarning hayoti, nomusi va mol-mulkini muhofaza qilishni ta’minlaydi.
Manbalar asosida
T.NIZOM tayyorladi.