Mavzu' arabcha (الموضوع) shaklida bo'lib, lug'atda – qo'yilgan, to'qilgan, darajasi past bo'lgan ma'nolarini anglatadi.
Istelohda esa, to'qilgan yolg'on bo'lib, sun'iy ravishda keltirilgan va Payg'ambar sollallohu alayhi va sallamga nisbat berilgan xabardir. Bunday narsaning “mavzu'” deb nomlanishining sababi shuki, kim shu ishni qilsa, martabasi albatta pasayadi. Bu narsaning o'zi ham past narsa, yaramas narsa hisoblanadi[1].
Mavzu' hadisning “mavzu'” so'zi ortidan “hadis” so'zini ham qo'shib “mavzu' hadis”, deb aytish haqida ulamolardan turli fikrlar kelgan.
Jumladan, Ibn Siloh to'qima hadis zaif hadislarning eng yomonrog'idir, degan fikrni aytadi. Hofiz Ibn Hajar aytishicha, Hattobiyning fikri ham shunday bo'lgan.
Imom Hattobiy yana shunday deydi: Ahli hadislar nazdida hadis uch turga bo'linadi: sahih hadis, hasan hadis, saqim (illatli, zaif) hadis. So'zining davomida sahih, hasan hadisni ta'riflab bo'lganidan so'ng zaif hadis haqida shunday deydi: “Zaif hadisning tabaqasi ko'p, eng past tabaqasi mavzu' so'ngra maqlub va hokazo” [2].
Hofiz Ibn Hajar mavzu' hadis haqida shunday deydi: “Mavzu'ni hadis deb atashni ma'qullamayman, chunki u hadisi nabaviydan emas, mavzu'ni zaif hadislarning yomonrog'i deyishlik, uni hadislar qatorida hisoblashni ifodalamaydi”.
Doktor Mohir Mansur Abdurazzoq shunday deydi: Haqiqatdan ham, mavzu'ni hadis deb atash to'g'ri emas, ammo ko'pchilik ulamolarning uni hadis deb nomlashlariga quyida uch sababni keltiramiz:
Demak, mavzu' zaif hadis bo'lishi uchun Payg'ambar sollallohu alayhi va sallam o'zlari aytgan hadis bo'lishi kerak. Vaholanki, mavzu' hadis roviylar silsilasi ichidagi kishilardan bo'lmagan mutlaqo boshqa shaxslar tarafidan to'qilgan hisoblanadi. Shuning uchun mavzu' hadislarni hadisning alohida bir turi sifatida o'rganilishi maqsadga muvofiq bo'ladi.
Ma'lumki, sahobalar o'z jonlari-yu mollarini din uchun, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam uchun fido qilgan zotlar bo'lishgan. Ular Payg'ambar sollallohu alayhi va sallamning hadislariga bevosita shohid bo'lganlarki, ularning hadis to'qishi ehtimoldan yiroq ishdir. Chunki, Islom tarixidan bilamizki, sahobalar har bir xato, nojo'ya ishlarga, yolg'onga jim qarab turmaganlar, balki bu kabi holatlarga juda qattiq turganlar.
Ammo, tobe'inlar davrida ilk siyosiy ixtiloflar vujudga kelishi bazi mavzu' hadislarning paydo bo'lishiga sabab bo'la boshladi. Lekin, bu davrda adolatpesha sahobalarning hayotliklari bu harakatlarning keng tus olishiga to'sqinlik qilgan.
Tobe'inlardan keyingi davrda Islom dinining turli xalqlar orasida keng tarqalishi, siyosiy ixtiloflarning keng tus olishi, haqiqiy diniy ilmlardan uzoqlashish turli sohalarda mavzu' hadislarning ko'payishiga olib keldi[5].
Mavzu' hadislar to'qilishining asosiy sabablari quyidagicha:
Bazi olimlar mavzu' hadislar hijriy 41yiliga, ya'ni Ali raziyallohu anhuning xalifalik davriga to'g'ri keladi degan fikrni olg'a surganlar. Shialar o'z da'vosini qo'llab quvvatlash uchun quyidagi mavzu' hadislarni to'qib chiqardilar: “Mening o'rinbosarim, mening sirdoshim, ahli baytimdan mening xalifam, mendan keyin xalifalikka eng loyiq odam Alidir”, “Har bir Payg'ambarning vasiyatchisi va vorisi bo'lgani kabi mening ham vasiyatchim va vorisim Ali ibn Abu Tolibdir”, “Kim Alini insonlarning eng yaxshisi demasa, kofir bo'ladi”, “Aliga nazar tashlash ibodatdir” [6]
Shuningdek, shialar Abu Bakr, Umar, Muoviya raziyallohu anhu va umaviylarni kamsitadigan hadislarni to'qiganlar. Ayni paytda bir qism musulmonlar xorijiylar nomi ostida alohida siyosiy firqani tashkil qildilar. Biroq, bu siyosiy ixtiloflar diniy tus oldi va islomda turli noto'g'ri diniy oqimlarning vujudga kelishiga ulkan ta'sir ko'rsatdi. Chunki, har bir guruh o'z mavqe'sini Qur'on va Sunnat bilan quvvatlashga harakat qilar edi. Mana shu paytda bazi firqalar orasida Qur'onni o'z da'volariga muvofiq o'zgartirish va Payg'ambar sollallohu alayhi va sallamga nisbat berib hadislar to'qish harakatlari paydo bo'ldi.
Bu sohadagi to'qilgan hadislarning mazmuni asosan bazi shaxslarni ulug'lash ma'nosida bo'ldi. Har bir toifa o'z etakchisi, boshlig'ining fazilati haqida hadis to'qishga harakat qildi.
Manba'larda ko'rsatilishicha, bu harakatni birinchi bo'lib “shia” toifasi boshlagan.
Shu o'rinda, mazkur mazmundagi mavzu' hadislarni bazilarini misol tariqasida aytish mumkin:
“ Men ilm shahri bo'lsam, Ali uning eshigidir”,[7]
“ Sizlarning qozingiz Alidir”.[8]
Halifalik Umaviylarga o'tgandan keyin ularning tarafdorlari arab millatiga mansub bo'lmagan odamlarga nisbatan mensimaslik va kamsitish tuyg'usi bilan muomala qilganlar. Natijada, turli to'qima hadislar vujudga keldi.
Islom tarixidan ma'lumki, Hulafoi Roshidinlar davrida yuz bergan yana bir fitnalardan biri xorijiylar va Ali raziyallohu anhu o'rtasidagi bo'lgan to'qnashuvdir. Horijiylarning hadis to'qishlari masalasida olimlar turli fikr bildirganlar. Ibn Lahi'a, Ubaydulloh ibn Amr va Imom Suyutiy xorijiylarga mansub bo'lgan va umrining oxirida tavba qilgan bir kishidan quyidagi so'zni rivoyat qilganlar: “Hadislar bir dindir. Shuning uchun diningni kimdan o'rganayotganingga e'tibor ber. Chunki, biz bir fikrni amalga oshirmoqchi bo'lsak, uni hadisga aylantirar edik”.[9] Biroq, boshqa olimlar xorijiylar yolg'on gapirishni gunohi kabira hisoblagani uchun ularning mavzu' hadislar vujudga kelishida hech qanday o'rni yo'q deb hisoblaydilar.
Boboxon Boboxonov,
Toshkent islom instituti
Modul' ta'lim shakli talabasi,
Samarqand shahar "Ho'ja Nisbatdor"
jome masjidi imom-xatibi
[1] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Mustalahul hadis. – T.: Sharq, 2011. – B. 164.
[2] Ali Qori. Al-masnu' miy ma'rifatil hadisil mavzu'. – Bayrut: Al-maktabatul-ilmiy, 1969. – B. 22.
[3] Mustalahul hadis, ya'ni hadis ilmi
[4] Ali Qori. Al-masnu' miy ma'rifatil hadisil mavzu'. – Bayrut: Al-maktabatul-ilmiy, 1978. – B.14.
[5] Ali Qori. Asrorul marfu'a fil axbaril mavzu'a. – Bayrut: Al-maktabatul-ilmiy, 1971. – B. 26.
[6] –O' sha asar, – B. 356.
[7] Ali Qori. Asrorul marfu'a fil axbaril mavzu'a. – Bayrut: Al-maktabatul-ilmiy, 1971. – B. 138.
[8] – O'sha asar, – B. 124.
[9] – O'sha asar, – B. 89.
[10] Ali Qori. Asrorul marfu'a fil axbaril mavzu'a. – Bayrut: Al-maktabatul-ilmiy, 1971. – B. 90.
[11] Ali Qori. Asrorul marfu'a fil axbaril mavzu'a. – Bayrut: Al-maktabatul-ilmiy. 1971. – B. 89.
Turk tili instituti Ilmiy kengashi a’zosi, filolog olim, professor Zeki Kaymaz O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Dunyo” AA orqali yurtdoshlarimizga o‘zining samimiy tabrigi va ezgu tilaklarini yo‘lladi.
– Avvalo, O‘zbekiston xalqini istiqlolning 35 yilligi munosabati bilan chin ko‘ngildan tabriklayman. O‘ttiz besh yil oz vaqt emas. Men yuz yildan oshgan mustaqil Turkiya fuqarosi sifatida Sizlarga ham yana ko‘p asrlar mustaqillik shodiyonasini nishonlashingizni tilayman.
Tarixga nazar tashlasak, Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston bilan yaqin munosabatda bo‘lib kelganmiz. Ayniqsa, Turkiyadagi milliy ozodlik kurashi davrida bizga bu diyordan jo‘natilgan ko‘makni doimo katta minnatdorlik bilan yodga olamiz.
Qardosh o‘zbek xalqi biz uchun doimo yaqin birodar, qalin do‘st bo‘lib kelgan. O‘zbekistonning bugungi taraqqiyoti bizni juda mamnun qiladi. Ushbu zaminga har borganimda go‘zal va obod mamlakatni ko‘ramaz. Yurtingizda madaniyat va ma’rifat o‘choqlari bisyor. Albatta, bu tamaddun va sivilizatsiyaning ildizlari uzoq o‘tmishga borib taqaladi.
Markaziy Osiyodagi ilk o‘rta asrlardagi Birinchi renessans hamda Amir Temur asos solgan Ikkinchi renessans davrlarida bu zaminda buyuk sivilizatsiya shakllandi. Toshkentda bunyod etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasi, Imom Moturidiy ziyoratgohi kabi madaniy-ma’naviy maskanlar islom olamida muhim ahamiyatga ega.
Geostrategik mavqei nuqtayi nazaridan, men kelgusi o‘n yil ichida O‘zbekistonni turkiy dunyo, xususan, Markaziy Osiyo davlatlari orasida yorqin yulduz sifatida ko‘raman.
Buning sabablari bor, albatta. Avvalo, mamlakatdagi kuchli iqtisodiyot. Qolaversa, chuqur ildizlarga ega bo‘lgan boy madaniyat va tarix. Turkiya bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik va yaqin hamkorlik aloqalari ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Tilagim – do‘stlik rishtalarimiz yanada mustahkamlansin, davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari yuqori darajaga ko‘tarilsin.
Yana bir bor mustaqillik bayrami bilan chin qalbimdan tabriklayman va o‘zbek xalqiga samimiy salomlarimni yo‘llayman.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati