Bugun, 25 avgust kuni Toshkent shahrida “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar” xalqaro mediaforumining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi xabar bermoqda darakchi.uz.
Tadbirda qariyb 50 mamlakatdan 300 nafarga yaqin media va ekspertlar hamjamiyati vakillari — yirik mediakompaniyalar, axborot agentliklari va telekanallar rahbarlari, jurnalistlar, noshirlar, kinematograflar, olimlar, tadqiqotchilar hamda raqamli texnologiyalar sohasi mutaxassislari ishtirok etmoqda.
Toshkent va Samarqand shaharlarida o‘tkazilayotgan forumning asosiy maydoni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bo‘ldi. Anjuman O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida tashkil etilgan.
Forumning ochilishida so‘zga chiqqanlar Islom sivilizatsiyasi merosini zamonaviy media vositalari orqali xalqaro jamoatchilikka yetkazish, tarixiy haqiqatni xolis yoritish va turli xalqlar o‘rtasida o‘zaro ishonchni mustahkamlash masalalariga to‘xtaldi.
Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilayotgan tadbirning o‘ziga xos ramziy ma’nosi bor. Zero, Islom sivilizatsiyasi, avvalo, ilm-ma’rifat, tafakkur va bag‘rikenglik tamoyillariga asoslangan ulkan tarixiy merosdir. Markaz mazkur merosni ilmiy, madaniy va zamonaviy texnologik yondashuvlar asosida keng jamoatchilikka tanitishga qaratilgan muhim maskanlardan biri hisoblanadi.
Mediaforumda dunyodagi yirik axborot vositalari ham ishtirok etmoqda. Xususan, “CNN” va “Euronews” forumning bosh axborot hamkorlari sifatida qatnashmoqda. “BBC” va “TRT World” kabi xalqaro medialar vakillari ham anjuman ishtirokchilari safidan o‘rin olgan.
Forum dasturidan yalpi majlislar, muhokamalar, maxsus ma’ruzalar, media ko‘rgazmalari, matbuot brifinglari va ikki tomonlama uchrashuvlar o‘rin olgan. Ularda tarixiy va madaniy merosni xalqaro media makonida zamonaviy formatlarda taqdim etish, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish, jurnalistikada yangi yondashuvlarni joriy etish masalalari muhokama qilinadi.
Xususan, “Euronews” bosh va tahririy direktori Klaus Shtruns forumda Yevropa va Markaziy Osiyoni madaniyat, media va g‘oyalar orqali yaqinlashtirish mavzusida maxsus ma’ruza bilan ishtirok etdi. “CNN” vakillari ham forumning yalpi sessiyalarida qatnashmoqda.
Ta’kidlanganidek, bu kabi muloqot maydonlari O‘zbekistonning boy sivilizatsion merosini jahon axborot makonida yangi talqinlar asosida namoyon etish, xalqaro jurnalistlar va ekspertlar o‘rtasida professional hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Xalqaro mediaforum 28 avgustga qadar Toshkent va Samarqand shaharlarida davom etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati