Qizim bolaligida men bilan yaqin munosabatda bo'lganiga qaramay, o'smirlik davriga kelib oramiz xiyla uzoqlashganini his qildim. Ora-orada bir-birimizni tushunmay, gapimiz kelishmay qoladigan bo'ldi. Keyin men buning sababi haqida o'ylab ko'rdim. Bildimki, qizim bilan etarlicha muloqotda bo'lib unga etarlicha vaqt ajratyapman-u, lekin unga etarlicha mehr bermayotgan ekanman.
Qizim bilan o'tirib gaplashib olmoqchi bo'ldim. Lekin yaxshilab o'ylab ko'rib bu fikrimdan qaytdim. Yaxshisi unga aytmasdan turib mehr beraman. Unga oldingidan ko'ra samimiyroq, iliqroq munosabatda bo'laman deb qaror qildim.
Har safar uydan chiqib ketishimdan oldin yoki uyga qaytib kelganimda qizimga tabassum qilib peshonasidan, yuzlaridan o'pib qo'yadigan bo'ldim. Qizim maktabidan qaytib kelganida kayfiyatim qanday bo'lishidan qat'i nazar tabassum bilan kutib olishni odat qildim. Qizimga “Sensiz uyimiz huvullab qoldi”, “Seni sog'inib qoldim, qizim” degan gaplarni aytishni kanda qilmadim. Ikkimiz oshxonada ish qilsak “Yaxshiyam sen borsan, qizim, sensiz qiynalib qolardim” deb uni xursand qilardim. Shu arzimagan ishlar qizimni menga tobora yaqinlashtirib bordi.
Bora-bora qizimga yaqinligim shu darajaga etdiki, hatto unga maktublar yozib kitob-daftarlarining orasiga yoki tushligi solingan idishga qistirib qo'yadigan bo'ldim. Bu ishni qizim maktabga borganida uni yaxshi ko'rishim bitilgan maktubimni o'qib xursand bo'lsin, kayfiyati ko'tarilsin deb qilardim.
Oradan bir oy o'tar-o'tmas qizimning menga munosabati tubdan o'zgardi. Endi u mening har bir gapimni jon qulog'i bilan eshitar, menga hadeb qarshilik qilavermas, jerkimas edi. Qolaversa, o'zining ichidagi gaplarini, dugonalariga ham aytmaydigan sirlarini yashirmasdan o'zimga aytadigan bo'ldi. Men esa bir tarafdan shuncha paytdan beri g'aflatda qolib, qizim bilan uzoqlashganim uchun u bilan muloqot qilish rohatidan bebahra qolganimdan afsus cheksam, boshqa tarafdan farzandim bilan oramizdagi masofani yaqinlashtirgan, oramizdagi to'siqlarni ko'targan Allohga hamd aytardim.
Doktor Abdulloh Muhammad Abdulmu'tining
“Farzand tarbiyasida 700 ta saboq” kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Kamronbek Islom tarjimasi.
Bugun, hayotda ham, ijtimoiy tarmoqlarda ham, tushunarsiz mantiqqa guvohi bo‘lasiz. Qo‘lida eng so‘nggi modeldagi smartfon hamda sputnik orqali video ulashayotgan “ekspert”, bizga zamonaviy ilmlar kerak emas, faqat nargi dunyomizga oid ilmini o‘rganing, qolgan hammasi vaqtni behuda sarflash, dushmanlarning o‘yini, deb bong uradi.
Eng achinarlisi, bunday chiqishlar ostida minglab “layk”lar va “to‘g‘ri aytdingiz, bolalarni boshqa ilmlarga beraylik” qabilidagi soddadil zamondoshlarimizning izohlari paydo bo‘ladi.
Xo‘sh, aslida-chi? Zamonaviy ilmlarni inkor etish, tibbiyot, IT, astronomiya yoki fizikani “begona ilm” deb bilish qadriyatlarga to‘g‘ri keladimi yoki bu mutaassiblikmi yoki axborot xurujining mahsulimi?
E’tibor bergan bo‘lsak, zehniyatimizga zamonaviy ilmlarni inkor qiluvchi miflar o‘rnashib qolgan.
1-mif: “Dunyoviy ilmlar dindan uzoqlashtiradi”. Bu da’vo – ilmsizlikning oliy ko‘rinishidir. Tarixga nazar solaylik, bugun dunyo tan olgan Ibn Sino, Al-Xorazmiy, Mirzo Ulug‘bek, Al-Beruniy kabi bobolarimiz diniy ilmlarni ham, zamonaviy fanlarni ham birdek mukammal egallashgan. Ular matematika va astronomiyani o‘rganib, dindan uzoqlashib ketmaganlar. Aksincha, koinot qonuniyatlarini matematik hisob-kitoblar orqali anglash ularning Yaratuvchining qudratiga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlagan.
Bugun tibbiyotni inkor etib, “tabib”lik da’vo qilayotgan, farzandlarini ta’limdan uzib, faqat bir tomonlama o‘qitmoqchi bo‘layotganlar aslida jamiyatni zaiflashtirishga xizmat qilmoqda. Kuchsiz, qaram va nosog‘lom jamiyat esa har qanday tashqi kuchning oson o‘ljasiga aylanadi.
2-mif: “Zamonaviy texnologiyalar, IT va ijtimoiy tarmoqlar –buzg‘unchilik quroli”. Texnologiya bu, shunchaki vosita. Pichoq bilan non ham kesish mumkin, inson hayotiga suiqasd qilish ham. Muammo pichoqda emas, uni ushlagan qo‘lda.
Bugun sun’iy intellekt (AI), dasturlash va kosmik texnologiyalar asrida yashayapmiz. Agar biz o‘z yoshlarimizni ushbu sohalardan uzoqlashtirsak, ularni “zararli” deb e’lon qilsak, yaqin kelajakda o‘zgalarga qaram bo‘lib qolamiz. Ijtimoiy tarmoqlarda o‘tirib, “texnologiyadan uzoq bo‘ling” deyishning o‘zi ikkiyuzlamachilikdir. Asl ma’rifat zamonaviy vositalarni egallab, ularni jamiyat va insoniyat foydasiga ishlata olishdir.
Axborot xurujlarini tashkil etuvchi tashqi kuchlar va mutaassib oqimlarning bosh maqsadi bitta: jamiyatni fikrlashdan to‘xtatish. Savodsiz, tahlil qila olmaydigan, kimyo va fizika qonunlarini tushunmaydigan, tibbiyotga ishonmaydigan odamni boshqarish juda oson.
Zamonaviy ilmlardan mahrum odamda tanqidiy fikrlash shakllanmaydi. U har qanday soxta da’vatga, diniy tus berilgan yolg‘on axborotga osongina ishonadi.
Ilm-fan va texnologiyadan orqada qolgan millat hamisha qashshoqlikka va boshqalarga muhtojlikka mahkum. Bu esa mutaassiblik tuzog‘iga tushish uchun eng qulay sharoitdir.
Sog‘lom tafakkur ilmni “diniy” va “dunyoviy”ga ajratmaydi. Insoniyatga, jamiyatga nafi tegadigan har qandan foydali bilim – sharaflidir.
Kasallarni davolayotgan shifokorning mehnati, murakkab dasturlarni yaratib, odamlarning og‘irini yengil qilayotgan IT mutaxassisining ishi, yurtni zamonaviy texnikalar bilan obod qilayotgan muhandisning izlanishi – bularning barchasi savobli va daromadli yo‘nalishlardir.
Qur’oni karimda dunyo va oxiratdagi barcha yaxshiliklarni o‘zida jamlagan go‘zal duolardan biri bor.
Baqara surasi 201-oyatida: “Parvardigoro, bizga bu dunyoda ham, oxiratda ham yaxshilik bergin va bizni do‘zax azobidan asragin”.
Bu duo nafaqat oxiratni, balki bu dunyodagi sog‘liq, halol rizq, baxtli oila, foydali ilm va tinchlik-xotirjamlik kabi barcha yaxshiliklarni so‘rashni o‘z ichiga oladi.
Tarmoqlarda sizni zamonaviy ilmlardan, til o‘rganishdan va taraqqiyotdan to‘smoqchi bo‘lgan virtual “donishmand”larning gaplariga tanqidiy munosabatda bo‘ling. Zero, millatni yengish uchun uni qurol bilan vayron qilish shart emas, uni ilmdan, kitobdan va tafakkurdan ayirishning o‘zi kifoya.
Shermuhammad Boltayev,
Xorazm viloyati Shayx Qosim bobo
masjidi imom-xatibi