Nuh alayhissalomning o'g'li o'zgarmaslikka qaror qilgandi, natijada uning oqibati halokat bo'ldi!
Fir'avnning ayoli o'zgarishga qaror qilgan edi, natijada Jannat ahli xonimlaridan bo'ldi!
Biri eng katta da'vatchining o'g'li, biri esa eng katta zolimning ayoli.
Demak, vaziyatlaringiz, lavozimlaringiz qanday bo'lishidan qat'i nazar, o'zingizni o'zgartirishga qodir va bu borada qarorga ega shaxs ekansiz!
O'zgartirishga kirishganingizni o'zida qiyin deb o'ylaganingiz ishning eng katta qismiga ega chiqqan bo'lasiz. Zero, qiyin ko'ringan hech bir ish qat'iyatlilar nazdida qilib bo'lmas ish emas.
Insonlar doim o'zgartirish tomon harakat qiladilar. Biroq bu o'zgartirish yo yaxshi tomonga, yoki yomon tomonga qaratilgan bo'ladi. O'zgarmasdan yashaydigan odam juda kam. Hamma ham o'zgaradi, faqat kimdir oldinga olg'a qadam tashlab o'zgaradi, yana kimdir ortga chekinib. Bu haqda Qur'oni karimda oyat bor:
“Sizlardan peshqadam bo'lishni yoki ortda qolishni xohlayotgan kimsalar uchun hamdir” (Muddassir surasi, 37-oyat).
Shunday ekan dunyo-yu oxiratda sizga foyda beradigan narsani o'zingiz uchun ixtiyor eting!
O'zgartirish shunchaki orzu qilish bilan ro'yobga chiqib qolmaydi, jiddiy tarzda amalga kirishish orqali hosil bo'ladi. Ishga kirishganda uning boshlanishi va tugash nuqtasi ma'lum bo'lishi kerak. Agar shunday qilinsa Allohning o'zgartirishi ro'yobga chiqadi. Zero, Alloh taolo Ra'd surasining 11-oyatida:
“Albatta, to bir qavm o'zlarini o'zgartirmagunlaricha, Alloh ularning holini o'zgartirmas”, deya marhamat qilgan.
Oyatda aytilgan o'zgartirish – biror holatni aksiga o'zgartirishdir. U yomon holatdan yaxshi holatga o'zgartirish bo'lishi ham mumkin yoki buning aksi bo'lishi ham mumkin.
Fir'avnning odamlari Allohning ne'matini o'zgarishini talab qildilar, Allohning oyatlarini yolg'onga chiqardilar. Oqibatda Alloh ulardagi ne'matlarni azoblarga o'zgartirdi. Chunki ular o'zlaridagi yaxshi holatni yomon holatga o'zgartirishgan edi.
Har birimiz o'zimizga ochiqchasiga savol beraylik:
Qanchadan-qancha ma'ruza, va'z-nasihatlarni eshitganmiz, hayotimiz davomida qancha-qancha voqea-hodisalarni boshimizdan kechirganmiz. Ho'sh, bular bizdagi biror narsani o'zgartirdimi, yo'limizni to'g'rilab qo'ydimi, bizni to'g'ri yo'lga yo'naltirib qo'ydimi?
Odamlar bilan o'zaro mehr-muhabbatimiz yaxshilashdimi, munosablatlar iliqlashdimi yoki aksincha gina-adovatlar avj oldimi?
O'zaro bir-birimizni kechiruvchan bo'lib boryapmizmi yoki kek-adovat qalbimizni qurshab olganmi?
Eshitgan, bilganlarimiz bizni Allohga yaqinlashtirmoqdami yoxud aksincha, uzoqlashtirmoqdami?
Hamma ishlarimizni bir chekkaga qo'yib, vaqt o'tib ketmasidan mana shu savollarni oldimizga qo'yaylik!
Doktor Hasson Shamsi Poshoning "Metin qoyalar" kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Ne'matulloh Isomov tarjimasi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Barmoq izlarimiz boshqalarning barmoq iziga o‘xshamasligini hammamiz yaxshi bilamiz. Garchi dunyoda milliardlab insonlar bo‘lsa ham birining barmoq izi boshqasinikidan farq qiladi.
Shuningdek, har bir insonda o‘ziga xos hid bo‘ladi. Biz uni oddiy hid bilish qobiliyatimiz bilan ajrata olmaymiz. Lekin iskovich itlar bir insonning hidini minglab odamlar ichidan ajrata oladi.
Bundan tashqari insonning ovozi ham har kimniki o‘ziga xos bo‘ladi. Buni bugungi kun ilm-fan isbotlagan. Hatto insonning og‘iz bo‘shlig‘i ham boshqasinikiga o‘xshamas ekan. Alloh taolo qiyomat kunida har kimni o‘z suratida qayta tiriltirishini eslatish uchun bunday mo‘jizalarni bizga ko‘rsatib qo‘ygan.
Inson o‘zining farzandlariga mehr berishda ham adolatli qilib yaratilgan. Misol uchun, ota kichik farzandlarini kattasiga qaraganda ko‘proq yaxshi ko‘radi. Nima uchun? Chunki otaning yoshi o‘tgani sayin katta farzandlari kichigiga nisbatan baribir ko‘proq mehr ko‘rgan bo‘laveradi. Bu tengsizlikni to‘g‘rilash uchun ham ota farzandlariga mehr ko‘rsatishda adolat qilishga moyil qilib qo‘yilgan.
Shu o‘rinda yuqorida kelgan oyatni yana bir bor eslasak: “O‘zingizda ham (oyat mo‘jizalar bor)”.
Oyati karimada aytilganidek Allohning borligini, adolatning bor bo‘lishi kerakligini inson tabiiy his qila oladi. Alloh taolo bunday degan:
﴿فَأَلْهَمَهَا فُجُورَهَا وَتَقْوَاهَا﴾
“Unga (nafsga) gunohlarini ham, taqvosini ham ko‘rsatib qo‘ydi” (Shams surasi, 8-oyat).
Nafs yaxshilik bilan yomonlikni ajrata olmaydi. Balki Alloh bildirgan narsanigina biladi. Allohning bildirishi esa tabiiy ravishda yaxshi va yomonni ajrata oladigan qilib qo‘yganligidir.
Faqatgina inson emas, borliqdagi barcha narsada Allohning borligiga dalillar bisyor.
Shayx Muhammad Mutavalli Sha’roviy rahimahullohning
"Allohning borligiga aqliy dalillar" kitobidan