Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Avgust, 2026   |   10 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:15
Quyosh
05:40
Peshin
12:26
Asr
17:12
Shom
19:15
Xufton
20:36
Bismillah
23 Avgust, 2026, 10 Rabi`ul avval, 1448

Vatan osoyishtaligi ulkan ne'mat

05.10.2022   1805   8 min.
Vatan osoyishtaligi ulkan ne'mat

Barchamizga ma'lumki, har qanday taraqqiyot – hoh diniy, hoh ijtimoiy, hoh iqtisodiy, hoh oilaviy taraqqiyot bo'lsin, uning negizida bir narsa – tinchlik, hotirjamlik yotadi.

Bobolarimiz, momolarimiz duo qilganlarida: “Tani sihhat, xotirjamlik, dili beg'amlik bergin”, deb aytar edilar. Chunki, tinchlik – Alloh taoloning insoniyatga bergan ulkan ne'matlardan biridir. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham muborak hadislarida tinchlik-xotirjamlikni ulkan ne'mat ekanligini ta'kidlab shunday deydilar:

 

يقول النبي ﷺنعمتان مغبون فيهما كثير من الناس: الصحة، والفراغ

“Ikki ne'mat borki, ko'pchilik odamlar undan mahrumdirlar: sihat-salomatlik va tinchlik-xotirjamlik”

Albatta, har bir hurfikr inson bu ne'mat uchun shukrini qilmog'i lozim. Ayrim ne'matlar bor-ki, ularning shukri “Alhamdulillah” deyish bilan ado bo'ladi, ammo tinchlik ne'matining shukri “Alhamdulillah” deyish bilan ado bo'lmaydi. Bu ne'matni asrab turish uchun har bir jabhada, avvalo ma'rifat sohasida  kurashmoq kerak.

Ushbu tinchlik-xotirjamlikni bizlarga ta'min qilib beradigan, osoyishta yashamog'imizga o'zining beqiyos hissasini qo'shayotgan kasb egalari borki, hamisha ularninig xizmatlarini e'tirof etib yodimizda tutishimiz kerak. Yon davlatlar bilan yaxshi qo'shnichilik munosabatlarini tiklab, dunyoning siyosiy maydonida mohirona diplomatik munosabatlarni amalga oshirib kelayotgan hukumatimiz rahbarlarining xizmatlarini ham alohida e'tirof etmog'imiz kerak.

 Alhamdulillah, Vatanimiz sarhadlarini, hududiy yaxlitligini, aholini tinch hayotini va uning xavfsizligini 30 yildan beri kecha-yu kunduz ta'minlab turgan Milliy Armiyamiz – O'zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari mavjud. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:

رسول الله صلى الله عليه وسلم يقول رباطُ يومٍ فى سبيل الله أفضلُ من شهْرٍ صيامه و قيمه

 “Alloh roziligi uchun bir kecha-kunduz Vatan sarhadini qo'riqlash bir oylik kunduzlari ro'za tutib, kechalari ibodat bilan qoim o'tkazganni savobidan afzalroqdir”, deganlar.

أنَّ رَسولَ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عليه وسلَّمَ قالَرِبَاطُ يَومٍ في سَبيلِ اللَّهِ خَيْرٌ مِنَ الدُّنْيَا وما عَلَيْهَا

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:“Alloh roziligi uchun bir kecha-kunduz Vatan sarhadini qo'riqlash dunyo va undagi barcha narsadan yaxshiroqdir”, dedilar.

Shuningdek, boshqa hadisda:

رسول الله صلى الله عليه وسلم يقول عَيْنَانِ لَا تَمَسُّهُمَا النَّارُ: عَيْنٌ بَكَتْ مِنْ خَشْيَةِ الله، وَعَيْنٌ بَاتَتْ تَحْرُسُ فِي سَبِيلِ الله

 “Do'zaxda azoblanmaydigan ikki ko'z (egalari) bor: Alloh taolodan qo'rqib yig'laydigan ko'z va Alloh roziligi yo'lida mijja qoqmay kechani qo'riqchilik qilib o'tkazgan ko'z”, deb, Alloh yo'lida fuqarolar tinchligini, Vatan sarhadlarini qo'riqlashning ajr-savobi naqadar buyuk ekanligini, bu xizmatda tunni bedor o'tkazganlar uchun ulkan ajr – do'zax o'tidan omonlik berilishini mujda berdilar.

Bugungi kunimizda mamlakatimizning tinchligini ko'rolmaydigan toifalar ham bor. Ularning ayrimlari siyosiy maqsadlarini amalga oshirish uchun “inson huquqlari”, “demokratiya” kabi so'zlarni o'zlariga qalqon qilib mamlakatda fitna qo'zg'ashga harakat qilsalar, ayrimlari muqaddas dinimizning muqaddas shiorlarini o'z maqsadlari uchun qalqon qilishib, jamiyatda fitna urug'ini sepishga harakat qilishmoqda. Holbuki, Alloh taolo O'zining Kalomi sharifida shunday marhamat qiladi:

﴿وَالفِتْنَةُ أشَدّ مِنَ القَتْل

“Fitna odam o'ldirmoqdan ko'ra gunohi og'irroqdir”. (Baqara surasi, 191-oyat.)

Bir hududda fitna olovini yoqishning gunohi odam o'ldirganning gunohidan og'irroq ekan. Chunki, qotilning zarari bir insonning umrini zavol qilish bilan to'xtaydi, ammo fitnachining fitnasi ortidan keladigan zarar  esa yillar o'tsada to'xtamaydi. Shuningdek, boshqa oyatda :

﴿إنَّ الصَّلاةَ تَنْهَى عَنِ الْفَعْشَاءِ وَ الْمُنْكَرِ

Ya'ni, “Namoz fahsh va munkar (gunoh) ishlardan qaytarur”, (Ankabut surasi, 45-oyat.) deb marhamat qiladi.

Agar iymonimiz, ibodatlarimiz bizlarni fahsh-munkar sanalgan amallardan, jamiyat ichida fitna qo'zg'aydigan harakatlardan qaytarmas ekan unda iymonli ekanligimizda, ibodatlarimizning maqbul bo'lishida shubha bor.

Darhaqiqat, mamlakatimiz tinchlik va o'zaro hurmat siyosatini olib borib, o'z hududida va qo'shni davlatlar hududida tinchlikni asrash uchun ulkan ishlarni amalga oshirmoqda. Bugungi kunda O'zbekistonda istiqomat qilayotgan aholi tinch-totuv umrguzaronlik qilib, o'z kundalik tashvishlari bilan band.

Ulug' shayx Alixon To'ra Sog'uniy rahmatullohi alayh aytadilar: To'rt narsa insoniylik sharafi va uning iqbolining butunligidan dalolatdir: 1) Ozodlik, hurlik va erkinlik; 2) Mehnat bilan topilgan boylikka o'zi egalik qilishi; 3) Tug'ilib o'sgan ona vatanida istiqomat qilishi; 4) Pokiza va muqaddas haq din Islomga e'tiqod qilmog'i.

Alixon To'ra Sog'uniyga ko'ra mana shu to'rt narsa kimda bo'lsa, demak o'sha inson baxtlidir, saodatlidir. Ushbu mezonga ko'ra O'zbekiston xalqi ham tom ma'noda baxtlidir. Aziz vatandoshlar, mamlakatimiz uchun eng muhim bayram Mustaqilligimizning 31 yilligi nishonlash arafasidamiz. Alloh taolo Vatanimizni, sarhadlarimizning tinchligini, osmonimiz musaffoligini va dunyoda tinch-xotirjam, osuda hayotni barqaror qilsin. Tinchligimiz barqaror, mustaqilligimiz abadiy bo'lsin. Yaqinlashib kelayotgan mustaqillik bayrami barchamizga muborak bo'lsin.

NODIR Qobilov, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqotlar markazi ilmiy xodimi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Malayziya telekanalida O‘zbekistonning ziyorat turizmi imkoniyatlari keng yoritildi

17.08.2026   51191   2 min.
Malayziya telekanalida O‘zbekistonning ziyorat turizmi imkoniyatlari keng yoritildi

Malayziyaning “Berita RTM” telekanalida O‘zbekistonda ziyorat turizmi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga bag‘ishlangan maxsus dastur namoyish etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida efirga uzatilgan ushbu ko‘rsatuvda malayziyalik professorlar – Badrul Isa va Norfadilah Kamaruddin tomonidan ishlab chiqilgan “O‘zbekiston–Malayziya: kreativ turizm” nomli loyiha taqdim etildi.

Olimlar tashabbusi bilan yaratilgan mazkur loyiha mamlakatimizning Malayziyadagi elchixonasi, Turizm qo‘mitasi va Islom sivilizatsiyasi markazi hamkorligida amalga oshirildi.

Tashabbus O‘zbekistonning turizm imkoniyatlari haqida “Visual storytelling” formatida professional raqamli kontent yaratishni nazarda tutadi.

Loyihaga ko‘ra, 17–31 avgust kunlari Malayziya UiTM texnologiya universitetining professional fotograflari va dizaynerlaridan iborat ijodiy jamoa Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xorazmda suratga olish ishlarini olib boradi.

Malayziyalik ijodkorlar yurtimiz haqida tayyorlagan foto va videomateriallar “Instagram”, “Facebook”, “TikTok”, “YouTube” kabi internet platformalarda joylashtirilishi rejalashtirilgan. Loyihada yurtimiz oliy o‘quv yurtlarining dizayn, san’at, turizm va mehmonxona biznesi yo‘nalishidagi talabalari ham ishtirok etadi. Bu akademik, turizm va ijodiy sohalarda tajriba almashishni tashkil etish imkonini beradi.

Dasturda fikr bildirgan Badrul Isa loyiha ASЕAN mamlakatlari va musulmon olamida O‘zbekistonni yanada kengroq tanitishga xizmat qilishini ta’kidladi. Uning fikricha, raqamli platformalar orqali mamlakatimiz tarixiy merosi, ziyorat turizmi va amalga oshirilayotgan so‘nggi o‘zgarishlari keng yoritiladi.

“Biz boy tarixiy meros, yuksak madaniyat va mehmondo‘st xalqqa ega bo‘lgan O‘zbekistonni ASЕAN mintaqasi aholisi tomonidan qayta kashf etilishini istaymiz”, – dedi professor.

Shuningdek, u O‘zbekiston xalqini mustaqillikning 35 yilligi bilan tabriklab, loyiha natijalari ushbu sanaga munosib sovg‘a bo‘lishini qayd etdi.

Ushbu tashabbus O‘zbekistonning ziyorat turizmini ommalashtirish va ASЕAN mamlakatlaridan ko‘proq sayyohlarni jalb qilishga xizmat qilishi kutilmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari