Bugun insoniyat g'oyaviy urushlar, ma'naviy ziddiyatlar, bir hovuch zo'ravon g'oyalarning dunyoni qayta taqsimlashga qaratilgan o'yinlari avj olgan bir vaziyatda yashayapti. Hozir zulm va istibdod, terror va buzg'unchiliklar, axloqsizlik va ma'naviy inqirozlar har qachongidan xatarli tus olmoqda. Musulmonlar bunday sharoitlarda har qachongidan xushyor va ogoh bo'lishlari, do'st kimu, dushman kimligini yaxshi ajrata olishlari, g'animlar fitnasiga uchmasliklari, yovuz kuchlar qo'lidan qo'g'irchoq bo'lib qolib, dindoshlari va millatdoshlari qotiliga aylanmasliklari zarur. Chunki har bir fitna va fasod ish ortida g'arazli maqsadlar, manfaatdor kuchlar turganini bir lahza ham unutishga haqqimiz yo'q.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizlarga fitnalar to'g'risida juda ko'p bora aytib, undan ehtiyot bo'lish lozimligini ta'kidlaganlar.
Rasuli akram (sav) ham bu kabi fitnalardan ehtiyot bo'lish lozimligini ta'kidlab: “Fitnalar sodir bo'lganda tik turgandan ko'ra o'tirgan afzaldir, tik turgan esa yurib ketayotgandan, yurib ketayotgan esa yugurub ketayotgandan afzaldir, kimki fitnaga aralashib qolsa, halokatga uchraydi va kimki undan panoh topsa, darhol yashirinsin!” – dedilar.
Islom dini har qanday sharoitda ham ekstremistik va terrorchilik kabi keskin harakatlarni amalga oshirishga ruxsat bermaydi. Uning ta'limotiga ko'ra, nohaq qon to'kilishi kimning qoni bo'lishidan qat'i nazar, eng og'ir gunoh hisoblanib, uning jazosi ham og'ir ekani ma'lum.
Bugungi kunda o'zini fuqaro sifatida anglayotgan barcha yurtdoshlarimizdan turli kuchlar tomonidan qilinayotgan fitnalar, turli tajovuzlar mohiyatini to'g'ri va teran anglash talab etiladi.
Payg'ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi vasallam hayot vaqtlarida aslo vujudga kelmagan, ammo kelajak asrlarda vujudga kelishi mumkin bo'lgan, xalq va millatlar birligi va osoyishtaligiga tahdid soluvchi fitna-fasod, buzg'unchiliklar haqida xabar berib: “Ummatimdan qaysi biri ummatimga qarshi chiqsa, uning yaxshi va yomonini farqiga bormasa, mo'miniga ziyon tegishidan o'zini tiymasa, bergan va'dasiga vafo qilmasa, u mening ummatim emas!”-deya ogoh etgan edilar.
Hulosa shuki, jonajon yurtimizni turli xil fitna, g'arazli xuruj va yot g'oyalardan, himoya qilish hamda ularning asl maqsadlarini birinchi navbatda o'sib kelayotgan yosh avlodga shuningdek, barcha fuqarolarimizga
tushuntirish muhim ekanligini har birimiz chuqur his etishimiz kerak. Vatandoshlarimizni loqaydlik, befarqlikdan yiroq bo'lgan holda mavjud vaziyatdan ogohlikka chaqirishga har birimiz burchlimiz.
O'MIning Sirdaryo viloyati vakili o'rinbosari A. Yorbekov
O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Buxoro viloyatida faoliyat olib borayotgan imom-xatib va imom-noiblar o‘rtasida “Qur’on tinchlikka buyuradi” shiori ostida Qur’on musobaqasi o‘tkazildi.
Ochilish marosimida Buxoro viloyati bosh imom-xatibi Jobir domla Elov so‘zga chiqib, mazkur ma’rifiy tadbirning ahamiyati haqida so‘zlab, ishtirokchilarga muvaffaqiyat tiladi.
Musobaqani o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad diniy soha xodimlarining Qur’oni karim bo‘yicha bilim va mahoratini yanada oshirish, ular o‘rtasida o‘zaro hamjihatlik muhitini shakllantirishdir.
Bellashuvda viloyatning tuman va shaharlarida faoliyat yuritayotgan 10 nafar imom-xatib va imom-noib ishtirok etib, Qur’oni karimni o‘qish va yoddan bilish borasidagi bilim va mahoratini namoyish etishdi.
Birinchi o‘ringa Peshku tumani “Chiqirchi” jome masjidi imom-noibi Afzal Shavkatov sazovor bo‘ldi. Ikkinchi o‘rin Buxoro shahridagi “Volidi Abdulazizxon” jome masjidi imom-noibi Abduvohid Akramovga, uchinchi o‘rin Jondor tumani “Raboto‘g‘lon” jome masjidi imom-xatibi Shuhrat Sherovga nasib etdi.
G‘oliblarga diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati