Mutaassiblik — o'z e'tiqodi to'g'riligiga o'ta qattiq ishonish, boshqa diniy e'tiqodlarga murosasiz munosabatda bo'lish. Mutaassiblikka yo'liqqan odamlar yoki ularning guruhlari jamiyatda barqarorlikni buzishga urinadi. Insoniyat tarixida mutaassiblikdan g'arazli maqsadlarda ko'p foydalanilgan. Mutaassiblikning paydo bo'lishiga diniy ziddiyatlar, shuningdek, ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy muammolarning xal qilinmagani ham sabab bo'lishi mumkin. Islom dini mutaassiblikka xayrixohlik bildirmaydi. Aksincha, teran uylashga, boshqalarga nisbatan murosali bo'lishga chaqiradi.
Bugungi kunda ekstremistik va terroristik guruhlar mutaassiblik g'oyalari va amaliyoti rivojida gunohi kabira (katta gunoh) qilgan barcha musulmonlarni kofir, ularning ta'limotiga ko'shilmagan kishilarga qarshi jixod e'lon qilish, hattoki, qariya, ayol va bolalarning qonini tukishni halol, deb bilganlar.
O'zidan boshqalarni kofirlikda ayblash islom dini ta'limotiga zid ekani Payg'ambarimiz (s.a.v.) hadislari va ulamolarning asarlarida quyidagicha berilgan. Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda shunday deyiladi: Agar bir kishi o'z birodariga: «Ey kofir» desa, ikkisidan biri o'shanday (ya'ni kofir) bo'ladi».
Ibn Najim aytadilar: «Agar bu masalada kofir deyish uchun to'qson to'qqizta dalil bo'lsa-yu, kofir demaslik uchun birgina dalil bo'lsa, to'qson to'qqizini qo'yib, o'sha bir dalilni olish kerak. Ammo dinda haddan oshib g'uluvga ketganlar bu masalada «mo'min deyish uchun to'qson to'qqizta dalil bo'lsa-yu, kofir deyish uchun birgina dalil bo'lsa, to'qson to'qqizni qo'yib, o'sha bir dalilni olish kerak», deyishga borib etdilar. Bu esa, barcha islomiy mazhablar va ulamolarning tutgan yo'liga teskaridir».
Jaloliddin Suyutiy aytadilar: «Musulmonni kofirlikda ayblagan odam uni o'ldirgan bilan barobardir».
Bu masalada Ahli sunna va jamoa aytgan xulosa shulki, mo'min odam gunohi kabira qilishi bilan kofir bo'lib qolmaydi. Faqat, o'sha ishni halol sanasa, kofir bo'ladi. Ahli sunna va jamoa hammalari gunohi kabira qilgan mo'min butunlay millatdan chiqib ketadigan kofir bo'lmasligiga ittifoq qilganlar.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam: «Laa ilaaha Illallohu» degan kimsaga tegmaslik, Gunohi tufayli uni kofirga chiqarmaymiz. Amali tufayli uni Islomdan chiqarmaymiz», — dedilar».
Yoki bo'lmas bularning fikricha biz kufr davlatida yashayapmiz bu erdan hijrat qilish kerak deydilar. Lekin bularning bu gaplari asossizdir. Chunki yurtimizda minglab masjidlar, madrasa va islomiy oliygohlar faoliyat yuritayotgan, Qur'oni Karim, hadislar va dinimizga oid minglab diniy adabiyotlarlar nashr etilayotgan, musulmonlarimiz emin-erkin o'z e'tiqodlarini bajarib kelayotgan musulmonobod yurtni kufrga chiqarishlik og'ir gunoh bo'lib, bunday ishga qo'l urayotganlar chuqur g'uluvga ketgan va boshqalarni ham gunohlariga sherik qilmoqchilar. Aslida ularning maqsadlari yoshlarimizni aldov yo'li bilan qurolli to'qnashuvlar bo'layotgan mamlakatlardagi jangari lagerlariga olib borish va jangu-jadalga tashlash.
Bu kuchlar mutaassiblikka berilgan shahslarni dunyoning notinchlik hukm surayotgan va o'zlari qo'nim topgan mintaqalariga jamlash va shu orqali rejalashtirilgan geosiyosiy maqsadlarni amalga oshirishga intilishyapti.
Hususan, ular ilm va ma'rifatdan yiroq johil yoshlarni Islom diyori bo'lgan, azon aytiladigan, juma va hayit namozlari o'qiladigan, xullas, Islomning besh arkoni emin-erkin ado etiladigan, musulmonlar tinchlik-xotirjamlikda hayot kechirayotgan Vatanni tark etishga targ'ib qilmoqdalar. Vaholanki, ona yurtini tashlab, o'zga ellarda sarson-sargardon yurish, o'zi kabi manqurt shaxslar bilan birlashib, kindik qoni to'kilgan yurtiga qarshi qurol ko'tarish Islom ta'limotiga zid ekani barchaga ma'lum.
Shuning uchun dunyoda bo'layotgan voqea va hodisalardan hamisha ogoh bo'lib mutaassiblikka berilmaslik, ona-Vatanimizdagi tinch, osoyishta va farovon hayotning qadriga etish, shu farovon, osuda hayotni yanada mustahkamlash uchun har bir inson o'z hissasini qo'shmog'i darkor.
Ayniqsa, bu ta'limotni yoshlarimiz, farzandu nabiralarimizning qalbiga mustahkam joylash barchamizning ham qonuniy, ham shar'iy vazifamizdir.
O'MI Samarqand viloyat vakilligi xodimi
Jahongirxon Abrorov manbalar asosida tayyorlagan
O‘zbekistonda noyob Qur’on yaratish bo‘yicha jahon xattotlar tanlovi 26 avgust kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida e’lon qilinadi. Tanlov «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» xalqaro mediaforumi doirasida o‘tkaziladi, xabar bermoqda UzDaily.uz.
«Dunyo Qur’oni: xattotlik an’analaridan — kelajak merosi sari» loyihasini xattot va Islom sivilizatsiyasi markazi huzuridagi Xattotlik maktabi direktori Habibullo Solih taqdim etadi. Bu haqda tadbir tashkilotchisi xabar berdi.
Tanlov doirasida turli mamlakatlar va xattotlik maktablarining islomiy xattotlikdagi eng yaxshi an’analarini birlashtirgan noyob Qur’on yaratish ko‘zda tutilgan.
Tanlovning tantanali e’loni «Asrlarni birlashtiruvchi meros. Islom sivilizatsiyasining ma’naviy mazmunlari» mavzusidagi yalpi sessiyaning yakuniy qismi bo‘ladi. Sessiya 26 avgust kuni soat 09:30 dan 12:00 gacha o‘tkaziladi.
Tadbir doirasida ommaviy axborot vositalarining stereotiplar va islomofobiyani yengishdagi roliga bag‘ishlangan xalqaro muhokama ham bo‘lib o‘tadi. Unda Islom hamkorlik tashkiloti, Jazoir, Ummon, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Iroq, Mali va O‘zbekistonning davlat tuzilmalari hamda OAV vakillari ishtirok etadi.
Forum dasturidan Qur’oniy va qo‘lyozma merosga bag‘ishlangan loyihalar ham o‘rin olgan. Ular orasida «114 Qur’on: islom olamining 114 xattotlik durdonasi», «Katta Langar Qur’oni: haqiqat va rivoyatlar» xalqaro loyihasi hamda «Sun’iy intellekt — qadimiy qo‘lyozmalarni o‘qishning raqamli kaliti» loyihasi bor.
O‘zbekistonda xattotlikni rivojlantirishga institutsional darajada ham e’tibor qaratilmoqda. Islom sivilizatsiyasi markazi huzurida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Xattotlik maktabi faoliyat yuritmoqda. Maktabda suls, nasx, nasta’liq, ruq’a, devoniy va kufiy kabi an’anaviy yozuv uslublarini o‘rgatish rejalashtirilgan.
Xattotlik san’ati Samarqand viloyatidagi yangi Imom al-Buxoriy majmuasida ham namoyon etilgan. Majmua peshtoqlari va ayvonlari devorlari «Sahih al-Buxoriy»dan olingan hadislar bitilgan yozuvlar bilan bezatilgan. Majmua huzurida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmiy maktabi ham faoliyat yuritadi.
Xalqaro mediaforumning asosiy maydoni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bo‘ladi.
Tadbirda qariyb 50 mamlakatdan media va ekspertlar hamjamiyatining 300 ga yaqin vakili ishtirok etadi. Ular orasida mediakompaniyalar, axborot agentliklari va telekanallar rahbarlari, jurnalistlar, prodyuserlar, olimlar hamda kreativ industriya mutaxassislari bor.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati