Sayt test holatida ishlamoqda!
31 Iyul, 2026   |   17 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:42
Quyosh
05:12
Peshin
12:34
Asr
17:33
Shom
19:45
Xufton
21:12
Bismillah
31 Iyul, 2026, 17 Safar, 1448

Ularga hatto dengizdagi baliqlar ham istig'for aytadi

01.10.2022   4917   5 min.
Ularga hatto dengizdagi baliqlar ham istig'for aytadi

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning eng katta va buyuk vazifalari – ta'lim berish bo'lgan. U zot sollallohu alayhi vasallam mo'minlarni go'zal bir o'xshatish ila ta'riflaganlar: "Mo'minlar bir-biriga yopishgan bino kabidir", deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).

Bu ummat go'yoki bir imoratga kabidir. Ammo ushbu binoning quruvchilari kim? Uni qurish uchun g'isht qo'yganlar kimlar bilasizmi? Albatta – ustozlar.

Agar muallim g'ishtni noto'g'ri qo'ysa, kasbiga mas'uliyatsiz bo'lsa bino mustahkam bo'lmaganidek, millat ham parokanda bo'ladi, inqirozga yuz tutadi.

O'qituvchining muhim jihatlaridan biri bu – uning tashqi ko'rinishidir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xilqatlari go'zal, xushbo'y hidli, qiyofalari chiroyli edi. Alloh taolo shunday yaratgandi. Biroq Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni saqlashga qattiq intilardilar. Hushbo'ylik ishlatardilar, pokiza kiyim kiyardilar, soch-soqollarini parvarishlardilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Albatta Alloh taolo O'z payg'ambarlarini chiroyli yuzli va yoqimli ovozli qilgan", deb aytganlar.

Nima uchun chiroyli yuz va ovozli bilasizmi? Sababi kishilarning qalbiga yo'l ochish uchun bo'lgan.

Agar o'qituvchi yoqimsiz hid, o'ziga befarq va eskirgan kiyim bilan darsga kelsa, o'quvchilar undan qanday qilib saboq olishini tasavvur qilasizmi?

O'qituvchilar uchun muhim axloq-odoblardan yana biri bu – barcha o'quvchilarga bir xil munosabatda bo'lishdir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalarga hatto nazarlarini ham teng taqsimlar edilar. Bugun ko'p o'qituvchilar butun dars jarayoniga faqat birinchi qatordagi yoki sinfning ma'lum bir tomonidagi o'quvchilarga e'tibor qaratadi. Bu adolatsizlikdir va bunday qilishdan ehtiyot bo'lish lozim.

Ustozning burchlardan yana biri bu – yangi iste'dodlarni ochishdir. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Meros ilmi bo'yicha eng ilmlisi Zayd, halol va harom masalasini eng yaxshi biladiganingiz Mu'oz ibn Jabal, men ilm shahriman, Ali esa uning darvozasi", deb aytardilar.

Iqtidorni aniqlash har bir o'qituvchining muhim vazifasidir. Ular ertaga jamiyat uchun kimlarni taqdim etishadi? Malakali shifokornimi, muhandis yoki jurnalist yo olimnimi?

Agar o'qituvchi o'z o'quvchilarining iqtidorini erta aniqlashga va ularning qiziqishlarini rag'batlantirmasa jamiyatda turli tartibsizlik kelib chiqadi. Sohalar rivojlanmaydi, mutaxassislar etishib chiqmaydi.

Ta'lim berish vazifasi faqatgina maktab o'qituvchilariga tegishli emas. Har kim o'qituvchi bo'lib, bu sharafli va qadr-qimmati yuksak martabaga erishishi mumkin.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: "Alloh taolo, Uning farishtalari, hatto inidagi chumoli va dengizdagi baliqlar ham insonlarga yaxshilikdan ta'lim beruvchilarga salavot aytadilar", dedilar (Imom Termiziy rivoyati).

Tasavvur qiling, agar uch-to'rt kishiga bo'lsa ham yaxshilikni o'rgatsangiz, Yer yuzidagi barcha mavjudot sizning haqqingizga duo qiladi. Bundan ham kattaroq ajru savob bo'lmasa kerak.

Ta'lim berish bu umumiy mas'uliyatdir. Bu shunday og'ir mas'uliyatki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga o'rinbosarlik qilishning bir qismidir.

Kunlarning birida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir guruh ilmga muhtoj odamlarni uchratdilar, ammo qo'shnilari esa ularga beparvo bilan qarashardi. U zot bundan qattiq g'azablandilar. Masjidga borib: "Sizlarga nima bo'ldi-ki, qo'shnilaringizga ta'lim bermayapsiz?" dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu tanbehni ikki-uch bora takrorladilar.

Sahobalardan ba'zilari Madina shahridagi bir qabila borishdi. Keyin: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ehtimol sizni nazarda tutgandirlar. Chunki sizlar ilmlisiz, lekin qo'shnilaringiz esa ilmsiz", deyishdi. Ular darhol Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga borib: "Yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam siz bizni nazarda tutgan edingizmi?" deb so'rashdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshqalarga ta'lim berish mas'uliyatini tasdiqlab, aytgan gaplarini yana takrorladilar.

Demak, kimningdir qo'shnisi, do'sti yoki hamkasbi ilmsiz bo'lsa, unga ta'lim berishga e'tiborsizlik qilmaslik lozim ekan. Ilm izlash va uni tarqatish har bir mo'min-musulmonning burchidir.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam safarda edilar. Shunda bir a'robiy kelib tuyalarining jilovidan tortib, Nabiy alayhissalomni to'xtatdi. Badaviy Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga qarab: "Ey Muhammad, menga nima foyda keltirishini o'rgat" dedi. Uning qo'pol muomalasidan sahobalar roziyallohu anhum qattiq g'azablanishdi. Ammo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalarga tabassum qildilar va: "U hidoyat topdi", dedilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bu so'zlari badaviyga ijobiy ta'sir qildi. Uning yanada ilm olishga bo'lgan ishtiyog'i ortdi. Shuning uchun o'qituvchilar hamisha o'quvchilarini yaxshi so'z bilan rag'batlantirib turishlari lozim.

Ilm berish uchun har qanday fursatdan unumli foydalanish kerak. Ammo zinhor uni kechirtirmaslik va orqaga surmaslik lozim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Albatta men muallim etib yuborildim", deganlar.

Demak, ta'lim beruvchilar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ergashuvchilardir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ergashsangiz Alloh taoloning ushbu oyatiga amal qilgan bo'lasiz: “Ayting (ey, Muhammad!): “Agar Allohni sevsangiz, menga ergashingiz. Shunda Alloh sizlarni sevadi va gunohlaringizni mag'firat etadi. Alloh kechiruvchi va rahmlidir” (Oli Imron surasi, 31-oyat).

 

Davron NURMUHAMMAD

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Namangan vakilligi yangi binosi foydalanishga topshirildi

30.07.2026   5195   1 min.
Namangan vakilligi yangi binosi foydalanishga topshirildi

Bugun, 30 iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Namanganga safarlari davomida viloyat vakilligining yangi binosi ochilish marosimida ishtirok etdilar.

Muftiy hazratlari vakillik xodimlari va hududdagi diniy soha vakillarini yangi bino bilan muborakbod etib, bunday zamonaviy sharoitlar va diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar Prezidentimizning sohaga qaratayotgan alohida e’tibori natijasi ekanini ta’kidladilar.

Shuningdek, Shayx hazratlari bugun imom-xatiblar moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlanib, vakilliklarga alohida e’tibor qaratilayotgani, 100 nafar Prezident hojisi muborak safarga yuborilganini alohida e’tirof etdilar. So‘ng ushbu e’tibor va imkoniyatlarning qadriga yetib, yanada fidokorlik bilan mehnat qilish zarurligini uqtirdilar.

Tadbirda so‘zga chiqqan senator, “Nuroniy” jamg‘armasi Namangan viloyati bo‘limi raisi Ikromxon Najmiddinov vakillik ahlini yangi bino bilan qutlab, yaratilgan bunday muhtasham sharoitlar Yurtboshimiz tomonidan diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan ezgu islohotlarning uzviy davomi ekanini alohida ta’kidladi.

Yig‘ilish davomida Diniy idoraning Namangan viloyat vakilligi yangi binosini barpo etishda alohida jonbozlik va fidokorlik ko‘rsatgan mutasaddilar tashakkurnoma bilan taqdirlandi. Shuningdek, Muftiy hazratlari tomonidan viloyat vakilligiga avtomashina sovg‘a qilindi. Ushbu xayrli ishga hissa qo‘shgan mutasaddilar hamda homiylar haqiga duo qilindi.

Safar asnosida Muftiy hazratlari va mehmonlar vakillik xodimlarining munosib faoliyat yuritishi uchun yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar va qulayliklarni ko‘zdan kechirib, amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlaridan mamnun bo‘ldilar.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari