Abu Mansur Moturidiy sunniy e'tiqodidagi ikki yirik ta'limotlardan biri bo'lmish moturidiya ta'limotining asoschilaridan hisoblanadilar. U kishining to'liq ismi Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud Hanafiy Moturidiy Samarqandiydir.
Moturidiy fiqh va kalom masalalariga qiziqib, hanafiy mazhabi olimlaridan dars olish davomida ko'plab mashhur faqihlar va muhaddislar bilan muloqotda bo'lganlar. Moturidiy Abu Bakr Ahmad Juzjoniy, Abu Nasr Ahmad Iyoziy, Imom A'zam mazhabidagi buyuk olim Nasr ibn Yahyo Balxiy, Muhammad ibn Fazl kabi ulamolardan ilm olganlar va quyidagi asarlarni yozib qoldirganlar: “Kitob at-Tavhid” “Kitob al-Maqomat”, “Ka'biy zalolatlarining boshlanishini rad qilishga bag'ishlangan kitob”, “Mu'tazila g'avg'olari va undan qo'rqmaslik haqidagi kitob bayoni”, “Qur'on ta'vili kitobi”, “Shariat asoslari”, “Kitob al-jadal”, “Dialektika haqida kitob”. Bulardan tashqari Moturidiyning islom huquqshunosligiga oid “Usul kitobi” asarlari ham mavjud.
Moturidiy yashagan davr Somoniylar hukmronlik qilgan davrga to'g'ri kelib Islom olamida e'tiqod masalalarida bir-biriga qarama-qarshi bo'lgan xilma–xil g'oyalar keng tarqalgan edi. Qadariylar, shialar, jahmiylar, mu'taziliylar, rofiziylar kabi o'nlab oqimlar o'rtasidagi tortishuvlar ba'zan qonli mojarolar bilan yakunlanar edi. Ana shunday murakkab davrda Samarqandda Imom Moturidiy va u kabi ulug' ulamolar chiqib, o'zlarining ilmu-ma'rifatlari, chuqur va teran tafakkurlari bilan jaholatni engishga harakat qildilar. Shu tariqa, sof Islomiy aqidani saqlab qolish uchun o'zlarining bor salohiyatlari va kuch quvvatlarini ayamadilar. Shuni alohida ta'kidlash joizki, ular Qur'oni karim va Sunnat ta'limotlari asosida hamda Muhammad (s.a.v) sahobalari uslubida aqiyda masalalarini yorita boshladilar. Ular fiqhiy mazhabda ahli sunna val jamoa sifatida islom olami tan olgan hanafiylar, shofe'iylar, molikiylar va hanbaliylar, e'tiqodiy mazhabda esa moturidiya va ash'ariya kalom maktablariga asos soldilar. Hususan, musulmonlarni tarqoqlikka olib keluvchi aqidaviy oqimlarga qarshi shu muqaddas kurashda Abu Mansur Moturidiy birinchilar safida bo'ldilar.
Buyuk imomning “Ta'vilot ahli sunna” yoki boshqa bir nomi “Ta'vilot al-Qur'on” deb nomlangan asarlarida sunniy aqidaga (ta'vilda) zid bo'lgan oqimlarga raddiya bildirishda imom Abu Hanifaning qarashlariga suyangan xolda ish ko'radilar.
Moturidiy ta'limot mu'taziliylar kabi faqat aqlga suyanish emas, balki naqldan ham qo'shib foydalanishni zarur deb biladi. Aqida borasida qo'shgan yana bir hissasi shuki, o'sha davrlarda juda ko'plab firqalar e'tiqod borasida o'z fikrlari bilan musulmon ahlini turli yo'llarga boshlagan. Moturidiy bu holga chek qo'yadilar va bu o'lkada yagona aqida tizimini (ya'ni hanafiy mazhab asosida) o'rnatadilar. U kishi barcha aqidalar orasidagi bahsli mavzularni har bir firqaga dalillar asosida isbotlab beradilar. Natijada turli xildagi mayda oqimlar ko'payishining oldi olinadi. Imom Moturidiy o'z ta'limoti va ilmiy asarlari bilan Movarounnahr ilohiyot maktabi rivojiga katta hissa qo'shdilar. Shuningdek, hanafiya ta'limotining O'rta Osiyo xalqlari urf-odatlari bilan chambarchas bog'liq ekanini o'z qarashlari orqali ko'rsatib berdilar.
Joriy yilning 3-5 mart kunlari Samarqand shahrida “Imom Abu Mansur Moturidiy va moturidiya ta'limoti: o'tmish va bugun”mavzusidagi xalqaro konferentsiyasi bo'lib o'tdi. Mazkur xalqaro anjumanga 15 ta mamlakatdan 70 ga yaqin ulamolar, islomshunos olimlar, nufuzli ta'lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot markazlari rahbarlari bilan bir qatorda yurtimiz ulamolari ham ishtirok etdilar. Ikki kun davomida asosiy va ikkita sho''ba majlislarida qirqdan ortiq ma'ruza tinglandi.
Ma'ruzalarda Imom Abu Mansur Moturidiy shaxsi va aqidaviy qarashlari, moturidiylikning mafkuraviy asosi, moturidiya kalom maktabiga oid yangi manbalar, ushbu ta'limotning bugungi kundagi ahamiyati haqida fikrlar bildirildi.
Jumladan, Pokiston bosh muftiysi, Karachi islom universiteti prezidenti Muhammad Rafi' Usmoniy o'z ma'ruzasida hozirgi kunda internet tarmog'i orqali moturidiylik ta'limotiga ayovsiz hujumlar uyushtirilayotgani bilimsizlik natijasi ekanini qayd etdi.
Malayziya islom ilmlari universiteti professori Kamoliddin Nuriddin Marjuniy moturidiya ta'limoti ah li sunna aqidasini himoya qilish, uning raqiblariga raddiya berishda ulkan fazilatlarni namoyon etib borayotgani, uning taassubdan yiroqligi, mo''tadilligi, islom g'oyalarini bag'rikenglik tamoyiliga mos tushuntirishi bilan barchaga o'rnak bo'lib kelayotgani ta'kidladi.
Turkiya islom ilmlari akademiyasi mudiri Ahmad Sa'd Ibrohim Abdurrahmon Usmon Damanhuriyning ayrim yoshlar o'zini shariat bilimdoni qilib ko'rsatgan kishilarning haqiqatni yolg'on bilan qorishtirib targ'ib etishi natijasida ahli sunna val jamoadan bo'lgan ash'ariylik va moturidiylik ta'limotlaridan yiroqlashib borayotgani, oqibatda ibratli ma'naviy merosdan uzilib qolayotgani haqida gapirdi.
Imom Moturidiyning boy ilmiy merosi, ibratli hayot yo'li bilan bog'liq o'rganilmagan jihatlarni tadqiq etish, alloma asarlaridagi insonparvarlik, bag'rikenglik hamda adashgan toifalarga qarshi raddiya berish borasidagi qimmatli ma'lumotlardan samarali foydalanish maqsadga muvofiqdir.
Hulosa o'rnida shuni aytish kerakki, ul zot asos solgan diniy ta'limot – moturidiya maktabi Sharq mamlakatlarida katta shuhrat topishiga sabab shuki, unda ilgari surilgan g'oyalar islom dinining mohiyatini to'g'rilik, ezgulik, insoniylik deb biladigan jamiki mo'min-musulmonlarning qarashlari va intilishlari bilan hamohangdir.
Shokirjon To'xtabayev,
Yangiqo'rg'on tumani "Ko'kyor" jome masjidi imom-xatibi
Insoniyat sivilizatsiyasi tarixida ayrim davrlar borki, ular faqat muayyan xalq yoki mintaqaning emas, balki butun jahon taraqqiyotining yo‘nalishini belgilab bergan. Islom sivilizatsiyasining IX–XV asrlardagi yuksalish davri ana shunday tarixiy bosqichlardan biri hisoblanadi. Bu davrda ilm-fanning turli sohalari bir-biridan ajralmagan holda. o‘zaro uyg‘unlikda rivojlandi. Matematika astronomiya bilan, tibbiyot falsafa bilan, geografiya matematika bilan, tilshunoslik tarix bilan, diniy ilmlar esa mantiq va tafakkur madaniyati bilan muloqot qilgan. Bugun fanlararo tadqiqot, raqamli gumanitaristika, sun’iy intellekt va kompleks ilmiy yondashuvlar jahon ilm-fanining eng muhim yo‘nalishlariga aylangan bir paytda, o‘sha tarixiy tajriba yanada qiziqarli ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur uyg‘unlik tasodifiy emas edi. U Qur’oni karimda ilmga berilgan yuksak qadr, tafakkurga da’vat, insonni borliqni anglashga chorlovchi g‘oyalar bilan mustahkamlangan ilmiy dunyoqarash mahsuli edi. Shu sababli o‘sha davr olimlarini bugungi zamonaviy tushunchalardagi qat’iy «mutaxassisliklar» doirasiga joylashtirish qiyin.
Forobiy falsafa, mantiq, siyosat, axloq va musiqa nazariyasi bilan shug‘ullangan. Xorazmiy matematika va astronomiya sohalarida ishlagan. Beruniy astronomiya, geografiya, geodeziya, mineralogiya, tarix va etnografiyaga oid asarlar yaratgan. Ibn Sino tibbiyot bilan bir qatorda falsafa, mantiq va tabiiy fanlar haqida ham keng tadqiqotlar olib borgan. Ulug‘bek esa davlat boshqaruvi, ta’lim va astronomik tadqiqotlarni birlashtirgan ilmiy muhitni shakllantirgan. Bu misollarning umumiy jihati shundaki, bilim sohalari o‘rtasidagi chegaralar qat’iy bo‘lmagan.
Bugun «interdissiplinar tadqiqot» deb ataladigan yondashuvning ayrim tamoyillari aynan ana shu intellektual an’analar bilan hamohang.
Shuningdek, islom sivilizatsiyasining intellektual merosini faqat tabiiy va aniq fanlar bilan cheklash ham to‘g‘ri emas. Chunki diniy ilmlar sohasida ham manbalarni yig‘ish, tekshirish, tasniflash va baholashga qaratilgan murakkab ilmiy an’analar shakllangan.
Imom Buxoriyning hadis ilmidagi merosi bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Hadislarni saralashda roviylar haqidagi ma’lumotlar, rivoyat zanjiri va boshqa mezonlar o‘rganilgan. Imom Moturidiy esa aqidaviy masalalarni aql va naql uyg‘unligi asosida tahlil qilgan. Uning merosi islom intellektual an’anasida aqliy dalillash va diniy bilim o‘rtasidagi munosabat masalasida muhim o‘rin tutadi.
Shu jihatdan Islom sivilizatsiyasi tarixini faqat diniy yoki faqat ilmiy tarix sifatida emas, keng intellektual jarayon sifatida ko‘rish mumkin.
O‘zbekistonda ilgari surilayotgan Uchinchi Renessans g‘oyasi tarixiy ilmiy merosni zamonaviy taraqqiyot ehtiyojlari bilan bog‘lashga qaratilgan.
Bu yondashuvning markazida ilm-fan, ta’lim, innovatsiya, madaniyat va ma’naviyatni o‘zaro bog‘liq tizim sifatida rivojlantirish g‘oyasi turadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ham ana shu konsepsiyaning muhim amaliy ifodalaridan biridir.
Markazning vazifasi faqat tarixiy eksponatlarni namoyish qilish bilan cheklanmaydi.
Uning konsepsiyasida islom sivilizatsiyasining ilm-fan, ta’lim, falsafa, san’at, me’morchilik va insonparvarlik sohalaridagi merosini kompleks ravishda o‘rganish va namoyish etish g‘oyasi mujassam.
Nafaqat muzey, balki intellektual platforma
Markazni an’anaviy muzey tushunchasi doirasidagina baholash uning konsepsiyasini to‘liq ifodalamaydi. Zamonaviy muzey faqat eksponat saqlaydigan joy emas. U tadqiqot, ta’lim, raqamlashtirish va xalqaro ilmiy muloqot markaziga aylanishi mumkin. O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi konsepsiyasida ham ana shu yondashuv muhim o‘rin tutadi.
Qadimiy qo‘lyozma — shunchaki tarixiy buyum emas. U til, tarix, matnshunoslik, kodikologiya, san’at, materialshunoslik va raqamli texnologiyalar nuqtayi nazaridan tadqiq qilinishi mumkin bo‘lgan murakkab manba. Arxeologik merosni o‘rganishda esa geoinformatsion tizimlar, raqamli modellashtirish, 3D texnologiyalar va boshqa zamonaviy usullardan foydalanish imkoniyatlari kengaymoqda. Shunday qilib, madaniy merosni o‘rganishning o‘zi fanlararo jarayonga aylanmoqda.
O‘tmishni sun’iy intellekt bilan bog‘lash
Texnologiyalar madaniy merosni o‘rganish usullarini ham o‘zgartirmoqda.
Qo‘lyozmalarni yuqori sifatda raqamlashtirish, matnlarni elektron bazalarga kiritish, sun’iy intellekt yordamida matnlarni tahlil qilish, 3D modellar yaratish va virtual muhitlarda tarixiy obyektlarni qayta tiklash imkoniyatlari ilmiy tadqiqotlar uchun yangi yo‘nalishlarni ochmoqda.
Bu yerda muhim nuqta bor. Texnologiya tarixning o‘rnini bosmaydi — u tarixni yangi avlod uchun tushunarli va tadqiqot uchun yanada ochiq qiladi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining konsepsiyasi ham o‘tmishdagi ilmiy merosni zamonaviy texnologiyalar bilan bog‘lashga qaratilgan.
Bu yondashuv tarixiy bilimni arxiv va kitoblar doirasidan chiqarib, xalqaro tadqiqotchilar, talabalar va keng jamoatchilik uchun ochiq intellektual resursga aylantirish imkonini beradi.
«Ma’rifat bilan jaholatga qarshi»
Islom sivilizatsiyasining ilmiy merosini o‘rganishning yana bir ahamiyati bor.
Global axborot makonida din, tarix va madaniyat haqida turli xil, ba’zan bir-biriga zid tasavvurlar yuzaga kelganda tarixiy merosni ilmiy asosda tushuntirish nafaqat madaniy, balki ma’rifiy ahamiyatga ham ega.
Islom sivilizatsiyasi tarixini faqat diniy marosimlar yoki siyosiy voqealar orqali emas, balki matematika, tibbiyot, astronomiya, falsafa, geografiya, me’morchilik va boshqa sohalardagi yutuqlar bilan birga o‘rganish uning murakkab va ko‘p qirrali tabiatini yaxshiroq anglash imkonini beradi.
Shu ma’noda ma’rifat tarixiy bilimni zamonaviy axborot muhitidagi noto‘g‘ri talqinlarga qarshi muhim vositaga aylantirishi mumkin.
O‘zbekistonning yangi xalqaro ilmiy platformasi
Islom sivilizatsiyasi bir mamlakat yoki bir xalqning merosi emas. U Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika, Janubiy Osiyo va boshqa hududlarni qamrab olgan keng tarixiy va intellektual makonni ifodalaydi. Shu sababli bu merosni o‘rganish ham xalqaro hamkorlikni talab qiladi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi oldidagi muhim vazifalardan biri ham turli mamlakatlarning olimlari, universitetlari, muzeylari va ilmiy-tadqiqot markazlari o‘rtasida muloqotni kuchaytirishdan iborat.
Bu O‘zbekistonning o‘z tarixiy merosini dunyoga tanitish bilan birga, mamlakatni global gumanitar tadqiqotlarning faol ishtirokchisi sifatida namoyon etishiga xizmat qilishi mumkin.
Uchinchi Renessansning asosiy kuchi
Uchinchi Renessans haqida gap ketganda, masala faqat yangi binolar qurish yoki yangi muassasalar tashkil etishdan iborat emas. Asosiy savol boshqa: O‘zbekiston o‘zining boy ilmiy merosini zamonaviy bilim va innovatsiyalarga qanday aylantira oladi? Bu savolning javobi ilm-fan, ta’lim, texnologiya, madaniyat va inson kapitalining bir nuqtada birlashishini talab qiladi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ahamiyati ham shu nuqtada namoyon bo‘ladi. U tarixiy merosni saqlash bilan birga, uni tadqiq qilish, raqamlashtirish, xalqaro ilmiy muloqotga olib chiqish va yangi avlodga yetkazish uchun platformaga aylanishi ko‘zda tutilmoqda.
Shu ma’noda Markazni o‘tmishga bag‘ishlangan inshoot emas, kelajakka yo‘naltirilgan intellektual investitsiya sifatida baholash mumkin.
Chunki sivilizatsiyaning haqiqiy qiymati faqat uning o‘tmishda yaratgan merosi bilan emas, balki bu meros yangi avlod uchun qanday yangi bilim va g‘oyalarga aylanishi bilan ham o‘lchanadi.
Xorazmiyning hisoblash usullaridan bugungi algoritmlargacha, Beruniyning kompleks tadqiqotlaridan zamonaviy fanlararo loyihalargacha, Ulug‘bek rasadxonasidan raqamli astronomiyagacha bo‘lgan yo‘l bir haqiqatni ko‘rsatadi: ilm taraqqiyoti chegaralar emas, muloqot va hamkorlik orqali tezlashadi.
Ehtimol, Uchinchi Renessansning eng muhim vazifasi ham ana shunda — ajdodlar yaratgan bilimlarni shunchaki eslash emas, balki ulardan yangi bilimlar yaratish uchun foydalanish. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi esa ana shu g‘oya atrofida shakllanayotgan yangi intellektual muhitning muhim platformalaridan biridir.
Muallif: Abulfayz Sayidasqarov, iccu.uz
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati