Ali ibn Abu Tolib (roziyallohu anhu) Kumaylga: «Ilm moldan yaxshidir, u seni muhofaza qiladi, molni esa sen qo'riqlaysan. Ilm hokim, mol mahkumdir. Mol nafaqa qilish bilan kamaysa, ilm ziyoda bo'ladi», degan.
Ali (roziyallohu anhu) yana aytadi: «Olim kishi kechalari qoyim, kunduzlari ro'zador Alloh yo'lidagi kishidan afzaldir. Olim vafot etsa, Islomda bir yoriq paydo bo'ladi. U yoriqni faqat olimning o'rinbosarigina to'ldiradi». Abdulloh ibn Muborakdan: «Komil insonlar kimlar?» deb so'rashganda u zot: «Olimlar», deb javob berdi. Yana: «Podshohlar kim?» deb so'rashdi. «Zohidlar», deya javob qildi. «Pastkashlarkim?» degan savolga esa: «Din nomidan dunyo eydiganlar», deb javob berdi.
Ibn Muborak olimlardan boshqasini komil inson demadi. Chunki insonni hayvonlardan ajratib turadigan asosiy xususiyati aql bo'lsa, aqlni peshlaydigan narsa ilmdir. Inson nima bilan sharafli bo'lsa, o'sha narsa tufayli insondir. Uning afzalligi jismoniy quvvatida emas. Zero, tuya insondan ancha baquvvatdir.
Jismning kattaligi bilan ham afzal emas, zero, fil undan kattaroqdir. Afzallik shijoat bilan ham o'lchanmaydi, chunki yirtqich hayvon undan ko'ra shijoatliroqdir. Yeb-ichish bilan ham afzal emas, ho'kizning qorni unikidan kattaroq.
Demak, inson faqat o'z aqli va ilmi bilan boshqa jonzotlardan ajralib turadi. Zero, uning bu dunyoda yaratilganidan asosiy maqsad Rabbisini tanib, ibodat qilishidir. Rabbisini tanish uchun ilm o'rganishi lozim. Hakimlardan biri aytadi: “Men ikki kishiga achinganimchalik boshqa hech kimga achin maganman: ilmni tushunmasdan turib o'rgangan kishiga, ilmning muhimligini tushunib, uni o'rganmagan kishiga”.
Muoz ibn Jabal (roziyallohu anhu) ilm o'rganish va o'rgatish haqida aytadi: “Ilm o'rganinglar, zero, uni o'rganish Allohdan qo'rqish, uni talab qilish ibodat, muzokarasi tasbeh, uni izlash bamisoli jiddu jahd qilish, bilmaganga o'rgatish sadaqa, uni o'z ahliga bildirish Allohga yaqinlik hosil qilishdir.
Ilm tanholikda hamroh, xilvatda do'st, to'g'ri yo'l ko'rsatuvchi dalil, xursandligu xafalik paytida ko'makchi, do'stlar oldida vazir, begonalar oldida yaqin do'st va jannat yo'lining mash'ali dir. Alloh ilm bilan qavmlarni yuksaltirib, etakchi qilib qo'yadi. Ular odamlarni yaxshilikka etaklaydi, boshqalar ularning izidan yuradi, qilgan ishlari e'tiborli bo'ladi”.
Yahyo ibn Muoz: “Olimlar Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) ummatlariga ota-onalaridan ham mehribondir”, dedi. “Nima uchun?” deb so'rashdi. “Ota-onalar farzandlarini dunyo otashidan himoya qiladi, olimlar esa ularni oxirat olovi – jahannamdan muhofaza etadi”, deb javob berdi
Olimxon Isaqov
"Hidoya" o'rta maxsus islom
bilim yurti o'qituvchisi
Raddiya: Islomda peshvolikni da’vo qiladigan guruh va oqimlar dindagi ayrim tushuncha va so‘zlarni g‘arazli maqsadlari yo‘lida buzib, noto‘g‘ri talqin qilishi hammaga ma’lum. Ular shu orqali musulmonlar hissiyotiga teginish, o‘zlariga tobelarni ko‘paytirish, dindor va ilmli bo‘lib ko‘rinishga harakat qiladi. “Tog‘ut” so‘zi ular ko‘p ishlatadigan, insonlarni, ayniqsa hukmdorlarni ayblashda qo‘llaydigan tushunchalardan biri. Aslida u nima? Qanday ma’nolarda ishlatiladi? Kimlar tog‘ut bo‘lishi mumkin?
“Tog‘ut” lafzi “tug‘yon” so‘zi bilan o‘zakdosh bo‘lib, Alloh belgilab qo‘ygan chegaradan chiqishga, kufrda haddan oshishga, isyon qilishga nisbatan ishlatiladi. Islomda Allohning yo‘lidan boshqa yo‘l “tog‘ut” deyiladi. Tog‘utning kattasi Shaytondir.
“Tog‘ut” kalimasi Qur’oni karimning sakkiz joyida zikr qilingan bo‘lib, ulamolarimiz uni turlicha tafsir qilgan. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu, Imom Sha’biy, Imom Zahhok “Tog‘utdan murod – Shayton” degan. Imom Abu Oliya va Muhammad ibn Sirin tog‘ut sehrgar va folbin ekanini aytgan.
“Tafsiri Jalolayn”da tog‘ut so‘zi tafsiriga murojaat qilaylik: “Kim tog‘utga kufr keltirib, Allohga iymon keltirsa, batahqiq uzilmaydigan mustahkam tutqichni ushlagan bo‘ladi” (Baqara surasi, 256) va “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir. Ularni nurdan zulmatlarga chiqarurlar” (Baqara surasi, 257) oyatlarida tog‘utlar – but-sanamlar va Shayton, “Kitob (Tavrot)dan nasibador bo‘lganlarning “Jibt” va “Tog‘ut”ga sig‘inishlarini va kofirlarga “Shular mo‘minlardan ko‘ra to‘g‘riroq yo‘ldadir” deyishlarini ko‘rmadingizmi?!” (Niso surasi, 51) oyatida – Jibt va Tog‘ut Quraysh qabilasidagilarning ikki sanami, “O‘zlarini, Sizga nozil qilingan (Qur’on) va Sizdan oldin nozil qilingan (ilohiy kitoblar)ga iymon keltirgan, deb hisoblaydiganlarning hukm so‘rab, Tog‘ut huzuriga borishni xohlayotganlarini ko‘rmadingizmi?” (Niso surasi, 60) oyatidagi tog‘ut kufrda haddan oshgan, tug‘yonga ketgan Ka’b ibn Ashraf, “Kofirlar (esa) Tog‘ut yo‘lida jang qiladilar” (Niso surasi, 76-oyat) va “Kim Allohning la’natiga uchragan, g‘azabiga duchor bo‘lgan, maymun va cho‘chqaga aylantirilgan va tog‘utga ibodat qilgan bo‘lsa, ana o‘shalar yomon martabadagi va to‘g‘ri yo‘ldan butunlay adashgan kimsalardir” (Moida surasi, 60) oyatlarida ular Shayton, “Batahqiq, Biz har bir ummatga: “Allohga ibodat qiling va tog‘utdan chetlaning” deb payg‘ambar yuborganmiz” (Nahl surasi, 36-oyat) va “Tog‘utdan, unga ibodat qilishdan chetda bo‘lganlarga va Allohga qaytganlarga xushxabar bor” (Zumar surasi, 17-oyat) oyatlarida ham ular Shayton deb nazarda tutilgan.
Alloma Ibn Atiyya aytadi: “Ba’zi olimlar: “Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘utdir”, degan”. Fir’avn, Namrud va o‘zini iloh deb e’lon qilganlar va ibodat qilinadigan but-sanamlar tog‘ut deyiladi.
Muqotil roziyallohu anhu “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir” oyatidagi tog‘utni Ka’b ibn Ashraf va Huyay ibn Axtab deb tafsir qilgan. U ikkisi islom va musulmonlarga adovati cheksiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ko‘p aziyat bergan, musulmonlarga qarshi urushga juda ko‘p da’vat qilgan yahudiylardan edi.
Imom Navaviy aytadi: “Lays, Abu Ubayda, Kisoiy va ko‘pchilik tilshunoslar: “Tog‘ut – Alloh taolodan boshqa ibodat qilinadigan narsa”, degan”.
Shayx Muhammad Amin Shinqitiy: “Haqiqat shuki, Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘ut, eng katta tog‘ut esa Shaytondir”, deydi.
Tog‘ut so‘zining ma’nosi haqida buyuk mufassir Imom Tabariy “Jomi’ul bayon” tafsirida: “Fikrimcha, tog‘ut haqida to‘g‘ri gap shuki, tog‘ut Allohga tug‘yon qilib, Uni tark etib, Undan o‘zgaga ibodat qilingan narsadir. O‘sha ma’bud inson, shayton, but va boshqa narsalar bo‘lishi mumkin”, deydi.
Mufassir olim Hasan Tahsin Fayzli “tog‘ut” so‘zini “Allohdan uzoqlashtiradigan, uning amrlarini bajarishni man etadigan kimsalar”, deb izohlagan.
Demak, sahobai kiromlar, tobeinlar va ulamolarimizning so‘zlaridan tog‘ut kalimasi shayton, sehrgar, folbin va Allohdan boshqa ibodat qilinadigan har qanday narsa ekani ma’lum bo‘lmoqda.
Afsuski, hozirgi kunda ba’zi toifalar musulmon rahbarlarni tog‘ut deb atab, ularni osongina kofirga chiqarmoqda. Ularning uslubi xavorijlarnikiga o‘xshaydi. Ular arzimas narsalar tufayli iymonli odamni kofirga chiqarib, qonini halol hisoblab, qanchadan-qancha beayb musulmonlar umriga zomin bo‘lmoqda, islomning pok nomiga dog‘ tushirib, asl mohiyat va tamoyillarini yot va buzg‘unchi g‘oyalardan iborat fitnalar soyasiga tushirib qo‘ymoqda.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi