Dinimizning ikki muqaddas manbai - Qur'on va sunnatda odamlar orasini isloh qilish eng katta savob amallardan ekani va aksincha, kishilar orasini buzish, bir-biriga gijgijlash esa ulkan gunohligi ta'kidlangan.
Kishilar orasini buzish fitna hisoblanadi. Fitna ma'naviy jinoyatdir. Uning dastidan oila, mahalla-ko'y, hattoki butun boshli jamiyat parokanda bo'lib ketishi mumkin.
Kimlargadir yaqin bo'lish va ba'zi maqsadlarga etishishdek g'arazni ko'zlab bir mo'min birodari (do'sti, hamkasbi, qarindoshi...) ga tuhmat etish, gap tashish, chaqimchilik qilish qabr azobiga sabab bo'ladi.
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: "Chaqimchi jannatga kirmaydi!" deganlar ( Imom Muslim).
Kishi fitna qilib o'zi ta'lim olayotgan maskan, rizqlanib turgan ish joyining ma'naviy hayotini bulg'ashi, u erda o'qiyotgan, mehnat qilayotganlarning bir-biriga ishonchi yo'qolishiga sabab bo'luvchi nosog'lom muhitni yuzaga keltirishi nonko'rlik hamdir.
Har qanday gunoh ishga qo'limiz, tilimiz, hech qursa, dilimiz bilan qarshi turishga buyurilganmiz. Bir-birimizni yaxshilikka chaqirib, yomonlikdan qaytarish har birimizning mo'minlik burchimizdir. Shunday ekan, fitna qo'zg'algani hamono, uning tarqalishi uchun karnay bo'lish o'rniga, darhol yoyilishiga to'siq bo'lib, fitna qo'zg'ayotganlarni insofga chaqirishimiz kerak.
Fitna qilish kabi qabih ishlarning javobi og'ir, azobi qattiqdir. Arzimas va o'tkinchi dunyo matohini ko'zlab, qabih ishlar bilan shug'ullanib yurganlar nainki abadiy oxirat saodatini boy berishayotgani, balki shu dunyodayoq xoru zor bo'lishlarini esdan chiqarmasinlar. Zero, Parvardigorning adolat tarozusi bor: " Bas, kimki ( dunyoda) zarra miqdorida yaxshilik qilgan bo'lsa,( qiyomat kuni) uni ko'rar. Kimki zarra miqdorida yomonlik qilgan bo'lsa, uni ham ko'rar" ( Zalzala, 7-8).
Ibrohim Qosimxo'jayev,
Namangan shaxar “G'oyibberdi maxdum” jome masjidi imom xatibi
Imom Buxoriy majmuasi nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olami uchun ulug‘ va muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.
Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.
Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.
Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.
Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.
Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.
Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.
Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati