Kuni kecha O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Holiqnazarov hazratlarining ahli ilmlarga murojaati e'lon qilindi. Mazkur murojaat bugungi kunning eng dolzarb mavzusi – ahli ilmning odobi masalalariga bag'ishlandi. Hech kimga sir emaski, yurtimizga internet tizimi kirib kelishi bilan barcha soha vakillari qatori O'zbekiston musulmonlari idorasi tizimida faoliyat yuritayotgan ilm ahli ham ijtimoiy tarmoqlarning imkoniyatlaridan foydalana boshladilar. Albatta, internet tarmog'i bu soha vakillari uchun ham juda katta imkoniyatlar eshigini ochdi, lekin shu bilan bir qatorda bu tizimdan foydalanishning salbiy tomonlari ham ko'zga tashlana boshladi. Shulardan biri muftiy hazratlari o'z murojaatlarida to'g'ri ta'kidlaganlaridek, ijtimoiy tarmoqlarda ahli ilm orasida, “Keyingi paytlarda dilni xira qiladigan foydasiz tortishuvlar, nizolar avj oldi. Bu kabi tortishuvlar insonni foydali ilm olishdan uzoqlashtirib, umrni behuda o'tkazishga sabab bo'ladi. Eng yomoni ushbu tortishuvlar diniy mavzular atrofida bo'layotganidir. Ijtimoiy tarmoqlarda ko'rsangiz, diniy mavzudagi tortishuvlar, munozaralar ko'payib ketdi. Bu o'z navbatida insonlar orasida turli tushunmovchiliklarga sabab bo'lyapti”
Muftiy hazratlarining bu gaplarini tinglar ekanmiz, beixtiyor Ulug' bobomiz Nizomiddin Mir Alisher Navoiy hazratlarining “Mahbub ul-qulub” asarlaridagi quyidagi satrlar esga tushadi: “Voiz kerakki, «qolalloh» (“Alloh shunday degan” deb) so'z aytsa va «qola Rasululloh» (“Rasululloh shunday deganlar” deb) muxolafatidin (kelishmovchilikdan) qaytsa, Hudo va Rasul yo'lig'a qadam ursa. O'zi kirgondin so'ngra nasihat bila elni ham kivursa. Yurumagon yo'lga elni boshqarmoq, musofirni (safar qiluvchini) yo'ldin chiqormoqdur va biyobong'a keturmak va bodiyada (cho'l-biyobonda) iturmakdur (adashtirmoqdir). Usrukki (mastki), elga buyurg'ay hushyorliq – uyquvchidekdurki (uyquda yotgan kishikim), elga buyurg'ay bedorliq. Uyqusida so'z degan jevligon (aljiragan) bo'lur va degondek qilmoq ne degon bo'lur”.
Darhaqiqat, ijtimoiy tarmoqlarda ba'zida arzimagan mavzularni ko'tarib chiqib, yana uni asossiz ko'pirtirib, o'zaro ilm ahliga xos odob bilan bahs-munozaralarda hal etish mumkin bo'lgan muammoni ham ko'pchilik hukmiga havola etish, eng yomoni bunda bir-birini obro'sizlantiruvchi xatti-harakatlar va gap-so'zlardan saqlanmaslik hollari ko'zga tashlanmoqdaki, bu hazrat Alisher Navoiy bobomiz aytganlaridek, mast odam kishilarni hushyorlikka chaqirishi yoki uyqudagi odam kishilarni bedorlikka chaqirishi bilan tengdir.
Muftiy hazratlari murojaatlarida davrimiz ayrim ilm ahli orasida avj olgan yana bir og'riqli holat – ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalayotgan munozaralarda “fiqhul voqe'” – voqe'lik fiqhi talablariga amal qilmaslikdir. Ma'lumki, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida turli yosh, turli bilim, turli qarash, turli din, turli tushunchaga ega kishilar bo'ladi. Shuning uchun ham ayrim masalalarni ijtimoiy tarmoqlarga olib chiqish, bu borada o'zaro hurmat doirasidan tashqariga chiqqan holda baxs-munozaralarni uyushtirish o'zini ahli ilm sanagan kishiga yarashadigan ish emas. Zero, “fiqhul voqe'” asosida uyushtirilgan munozara odobi, muftiy hazratlari ta'kidlaganlaridek, niyat xolis bo'lishi, munozarada o'ta ehtiyotkor bo'lish, munozaraning xilvatda bo'lishi, munozara uchun etarli bilimga ega bo'lish, munozara chog'ida sabrli bo'lish, o'zi bilan munozara qiluvchining kim ekanligini yaxshi bilish kabilarni o'z ichiga oladi. Ana shundagina kishilar, ayniqsa, ilm ahli orasidagi munozaradan har ikki taraf ham, xalq ham manfaatdor bo'ladi. Bunday munozara, shubhasiz, ilm rivojiga ulkan hissa qo'shadi. Shu o'rinda yana hazrat Alisher Navoiyning bu boradagi o'gitlari yodga tushadi: “Va'z bir murshid va ogoh ishidur va aning nasihatin qabul etgan maqbul kishidur. Avval bir yo'lni bormoq kerak, andin so'ngra elni boshqarmoq kerak. Yo'lni yurmay kirgan itar va g'ayri maqsud erga etar”, – deb yozadi u zot “Mahbub ul-qulub” asarida.
Muftiy hazratlarini tashvishga solgan holatlardan yana biri ijtimoiy tarmoqlar orqali bo'layotgan tortishuvlarda ayrim ilm ahlining din nomidan gapira turib, nasihat qila turib, o'ta qo'pol, dag'al, hatto haqoratomuz so'zlardan foydalanishlaridir. Muftiy hazratlari hazratlari bu haqda fikr bildirar ekanlar: “Nasihat yumshoqlik va muloyimlik bilan olib boriladi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qo'pol, dag'al gapiruvchi, haqorat qiluvchi Zot bo'lmaganlar. Ming afsuski, Alloh nomidan gapirib, haqorat qilib yuborishlik, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam nomidan gapirib, fahsh so'zlarni ishlatib da'vat qilishliklarni ham eshitib qolyapmiz. Alloh O'zi kechirsin. Dinimiz shunday go'zal, shunday madaniyat ustiga qurilganki, og'zimizdan birorta fahsh so'z chiqmasligi kerak”, – deya ta'kidlaydilar. Darhaqiqat, bugun masjidlar minbaridan, boshqa joydan turib xalqqa va'z aytayotgan, nasihat qilayotgan har bir ahli ilm bu holatga yo'l qo'ymasligi, har qanday vaziyatda ham o'ta bosiqlik, muloyimlik, shirinso'zlik, bilimdonlik bilan nasihat qilishi kerak.
So'zimizga yakun yasar ekanmiz, O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy hazratlarining ahli ilmlarga murojaati ayni vaqtida qilinganligini, unda aytilgan har bir fikr barchani o'ylashga, xulosa chiqarishga undashi, bugun bu sohada faoliyat yuritayotgan har bir ahli ilm bu fikrlarni chuqur o'rganib, ularga amal qilishi lozimligini ta'kidlashni zarur deb topdik. Zero, ahli ilmlarning har bir so'zi xalqimiz tomonidan eng to'g'ri so'z sifatida qabul qilinadi. Bas, shunday ekan, har birimiz oqibatni o'ylab, aytadigan har bir so'zimizni aql tarozisida o'lchab, keyin bayon etishga kirishsak, faqat o'zimizning emas, boshqalarning fikrini ham eshitishni, mulohaza qilib ko'rishni o'rgansak, bu murojaatda bildirilgan salbiy holatlarning oldi olingan bo'lar edi.
Farg'ona viloyati bosh imom xatibi o'rinbosari
Alisher domla Naimov
18 avgust Toshkentning nafaqat diniy, balki madaniy va ilmiy merosi tarixida muhim o‘rin tutuvchi sana. Qur’oni Karimning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri sifatida e’zozlanadigan Usmon Mus'hafi asrlar davomida Markaziy Osiyo tarixining turli bosqichlariga guvoh bo‘lib kelgan, xabar bermoqda iccu.uz.
Ushbu nodir qo‘lyozma yirik hajmdagi pergament varaqlarga yozilgan bo‘lib, matni qadimiy Hijoz xatida bitilgan. Mus'hafda hozirgi arab yozuvidagi nuqta va harakat belgilari mavjud emas. Manbalarda uning saqlanib qolgan qismi 338 yoki 353 varaqdan iborat ekani haqida turli ma’lumotlar uchraydi. Ayrim yo‘qolgan pergament varaqlar keyinchalik qog‘oz bilan almashtirilgan. Qo‘lyozmaning aniq sanasi xususida ilmiy adabiyotlarda turli qarashlar mavjud.
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mus'haf uzoq yillar Samarqandda saqlangan. 1868–1869 yillarda u Sankt-Peterburgga olib ketilgan va Imperator xalq kutubxonasiga topshirilgan. 1905 yilda qo‘lyozmaning 50 ta faksimile nusxasi ko‘chirilgan. 1917 yildagi siyosiy o‘zgarishlardan keyin musulmon ulamolarining talabi bilan Mus'haf avval Ufaga, keyin esa O‘rta Osiyoga qaytarilishi jarayoni boshlangan.
1924 yilda Usmon Mus'hafi Tatariston, Boshqirdiston va Turkiston ulamolaridan tashkil topgan maxsus kuzatuvchilar hamrohligida maxsus poyezd orqali Ufadan Toshkentga olib kelindi. Toshkentga olib kelinganidan so‘ng Mus'haf bir muddat shahardagi masjidlardan birida saqlandi. Keyinchalik uning asrab-avaylanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirildi.
1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Musulmonlarning IV quriltoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Usmon Mus'hafining musulmonlar ixtiyoriga qaytarilgani e’lon qilindi. Keyinchalik u O‘zbekiston musulmonlari idorasi ixtiyoriga topshirildi. Mus'haf bir muddat Hazrati Imom majmuasidagi «Mo‘yi Muborak» madrasasi muzey-kutubxonasida maxsus sharoitda ham saqlandi.
Usmon Mus'hafining tarixiy va madaniy ahamiyati xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan. 1997 yilda qo‘lyozma YUNЕSKOning «Memory of the World» — «Jahon xotirasi» dasturi ro‘yxatiga kiritilgan.
2025 yil 13 noyabr — Usmon Mus'hafi tarixida yana bir muhim sana. Aynan shu kuni nodir qo‘lyozma O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga olib kelindi. Bugun Qur’on zalidagi asosiy eksponatlardan biri sifatida alohida o‘rin egallab, yurtimizning ko‘p asrlik diniy, ilmiy va ma’naviy merosini namoyon etuvchi bebaho yodgorlik sifatida taqdim etilgan. Shuningdek, Markazda turli davrlarda Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar davrida ko‘chirilgan Qur’on nusxalarini ham ko‘rish mumkin. Usmon Mus'hafi tarixi bu faqat bir qo‘lyozmaning tarixi emas. Bu asrlar osha saqlangan ilmiy va ma’naviy meros, uni asrab-avaylagan avlodlar xotirasi va O‘zbekiston zaminida shakllangan buyuk islom sivilizatsiyasining uzviy davomiyligi haqidagi tarixdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati