Inson o'zini eng bexavotir, emin-erkin sezadigan maskani uning uyidir. U o'z uyida boshqaning nazari tushishidan, gaplari eshitilib qolishidan xavfsiramay, aziyat chekmay yashashi kerak.Aks holda uning uyidagi rohat-farog'ati ketadi, halovati yo'qoladi. Donishmandlarning «Uying sig'dirsin» deb qilgan duolarida ajib hikmat yashiringan. Hattoki zamonaviy qonunlarda uy-joy daxlsizligi haqida alohida moddalar kiritilgan. Axloqimizda esats birovning xonadoniga, huzuriga iznsiz nazar solgan, ruxsat so'ramay kirgan kishi qattiq qoralanadi va odamlar bu yomon ishdan hamisha qaytarib kelingan.
Maskan so'zi “sokinlik topish joyi” degan ma'noni anglatadi. Bizda insonning o'z oilasi bilan birga yashaydigan joyi “maskan”, ya'ni turar joy, hovli-haram deyiladi. Inson hayotida xavfu xatardan omonlik topish, issiq-sovuqdan pana topish, molu mulkini daxlsiz saqlash, ahli ayoli bilan farog'atda yashash, hayotdagi mashaqqatlar va charchashlardan dam olib, rohat topish uchun, qisqa qilib aytganda, barcha narsalardan sokinlik topish uchun bir maskanga muhtoj bo'ladi. Shuning uchun ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallam keng maskan musulmon kishining saodati omillaridan biri ekanini o'z hadislarida e'lon qilganlar.
Nofe' ibn Abdulhorisdan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Keng maskan, solih qo'shni va yaxshi markab musulmon kishining saodatidandir», dedilar».
Buxoriy «Adabul-mufrad»da rivoyat qilgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan musulmon kishining saodatiga omil bo'ladigan narsalar haqida bir qancha rivoyatlar sobit bo'lgan. Ushbu hadisi sharif o'shalardan biridir.
Keng maskan kishi saodati omillaridan biri bo'lishi bejizga emas. Albatta, maskan – turar joy odam bolasi umrining ko'p qismini o'tkazadigan erdir. Umrning eng nozik va mas'uliyatli qismi odamning shaxsiy maskanida o'tadi.
Maskanning keng bo'lishi yashash sharoitining qulayligi ma'nosidadir. Kishi o'z uyida yashash uchun barcha sharoitlarga ega bo'lsa, saodatli bo'lishi turgan gap. Umrining ko'p qismi o'tadigan maskanda o'zi uchun kerak bo'lgan barcha qulayliklar mavjud bo'lsa, albatta, bu narsa ham saodat omillaridan biri bo'ladi.
Inson dunyo hayotida yashar ekan, turli holatlarga duch keladi. Charchaydi, asabiylashadi, dam olgisi keladi, uxlaydi va hokazolar. Shunday paytlarda uning o'z uyi o'lan to'shagiga aylanadi. Jamoatchilik joylari, safarda, mehmonxona yoki ijaraga turgan erida kerakli sokinlikni topa olmaydi. O'z uyiga esa bemalol kirib boradi, echinadi, orom topadi, hordiq chiqaradi... Shuning uchun ham Islomda keng maskan kishi saodati omillaridan biriga qiyoslangan.
Islom inson hayotining barcha sohalarini qamrab olgani va buzilishdan isloh qilgani kabi maskan sohasini ham qoyillatib qo'ygan. Maskanlarni qurish va ularni tutishning go'zal namunalarini butun dunyoga namoyish qilgan. Musulmonlar qurgan maskanlar qulayligi, go'zalligi va boshqa imtiyozlari ila barchaning tahsiniga sazovor bo'lgan. Samarqandu Buxoroga kelgan bir g'arblik sayyoh “Bu musulmonlarning boshqa narsalari kabi qurgan binolari ham kishiga xotirjamlik bag'ishlaydi-ya” deya ajablangan ekan. Maskanlarning moddiy tarafi bilan birga ma'naviy tarafiga ham alohida e'tibor beriladi.
Islomda har bir shaxsning maskani daxlsizligi kafolatlangan. Kim bo'lishidan qat'i nazar, har bir insonning turar joyi, undagi oilaviy sirlari himoya qilinadi. O'zining roziligisiz hech kim uning maskaniga kira olmaydi, nazar solib qaray olmaydi, u erdagi gaplarga quloq solib eshita olmaydi. Kim biror xonadon eshigi oldida turib, hovli ichiga sohiblarining iznisiz nazar solsa hatto unga nisbatan eng og'ir tanbeh va jazo choralarini qo'llashga ijozat berilgan. Agar biror kishi yopilmagan eshik, pardasiz deraza oldidan o'tayotib ichkariga nazar solsa, buning gunohi unga emas, uy ahliga bo'ladi.
Hazrati Usmon masjidi imom-xatibi Nishanov Mansurxon
Misrning nufuzli ommaviy axborot vositalarida Toshkentda o‘tkazilgan Xalqaro mediaforum yakunlari va O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasi global markazi sifatidagi roliga bag‘ishlangan maqolalar chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Xususan, “Al Montasaf” nashri forum 40 ta mamlakatdan 200 nafardan ortiq jurnalist va OAV vakillarini birlashtirib, O‘zbekistonning madaniy va ma’naviy mash’al sifatidagi maqomini namoyish etgani haqidagi fikrni keng yoritmoqda.
Shuningdek, “Eldameer” nashri Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatiga e’tibor qaratgan. Markaz qadimiy qo‘lyozmalarni, jumladan, mamlakatda saqlanayotgan Mus'hafning eng qadimiy nusxalaridan birini tadqiq etish va nashr qilishda nashriyotlarga amaliy yordam ko‘rsatmoqda.
Ushbu keng ko‘lamli madaniy va ma’rifiy yuksalish O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va qo‘llab-quvvatlash tufayli mumkin bo‘lgani ta’kidlanadi.
Bundan tashqari, “Eldameer” nashri sahifalarida sodir bo‘layotgan uyg‘onishning tarixiy ahamiyati qayd etilib, O‘zbekiston rahbari shafeligida islom mamlakatlari yoshlari o‘rtasida ilmiy-tadqiqot tanlovini tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.
Tadbirning boy dasturi, jumladan, ishtirokchilarning buyuk muhaddis Imom Al-Buxoriy maqbarasini ziyorat qilish uchun Samarqandga rejalashtirilgan tashrifi ham yoritilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati