Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Avgust, 2026   |   11 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:16
Quyosh
05:41
Peshin
12:25
Asr
17:11
Shom
19:13
Xufton
20:34
Bismillah
24 Avgust, 2026, 11 Rabi`ul avval, 1448

Ekstremizm islomga yot tushuncha

22.09.2022   3911   5 min.
Ekstremizm islomga yot tushuncha

XX-asrning oxirlariga kelib dunyodagi ko'plab xalqlarning istilohida ekstremizm degan atama paydo bo'ldi. Ming afsuski, ayniqsa bu atamani din bilan, xususan Islom dini bilan bog'lab tilga olish odatga aylandi. Ho'sh, ekstremizm o'zi nima? Uni Islom bilan bog'lashning zamirida qanday sabablar va maqsadlar yotibdi?

Ma'lumki, ekstremizm va terrorizm ma'naviy tahdidlarning bir turi bo'lib, undan foydalanuvchi shaxslar yoki tashkilotlar o'zlariga mansub bo'lgan tarafdorlarini radikal harakatlarga chorlovchi, mamlakatdagi tinchlik va osoyishtalikni izdan chiqarishga intiluvchi, mavjud konstitutsion tuzumni ag'darib tashlashga da'vat etuvchi tajovuzkor siyosiy faoliyatidir. Shu kabi tajovuzkor harakatlar garchi ekstremizm degan nom bilan atalmasada, tarixda turli nomlarda ko'p marotaba kuzatilgan.

O'tgan asrda ko'plab musulmon xalqlarning islomning asl mohiyati haqidagi ma'lumotlardan uzoqlashishi uning tinchlik, insonparvarlik va bag'rikenglik g'oyalaridan bebahra qolishiga olib keldi. Mustaqillik tufayli diniy erkinlikka erishgan xalqimizning dinga bo'lgan qiziqishi ortib bordi. Ayni shunday pallada sof diniy bilimlarning etarli emasligi hamda turli tashqi kuchlarning g'arazli ta'siri tufayli dinni noto'g'ri talqin qilish, siyosiy maqsadlarga dinni niqob qilgan holda intilish hollari avj oldi. Bu harakatlar aksar holda ekstremistik harakterda namoyon bo'lib borishi “diniy ekstremizm” tushunchasining keng qo'llanishiga zamin bo'ldi.

Ekstremistik kayfiyatdagi shaxs dindan dunyoviy davlatga qarshi kurashda foydalanadi. Unga ko'ra, go'yo hozirgi kundagi barcha musulmonlar islomiy mohiyatini yo'qotganlar va johiliyat asrida yashamoqdalar. Bunday yondashuv hukumat va uning olib borayotgan siyosatini keskin tanqid qilish uchun go'yoki asos bo'lib xizmat qiladi. O'zidan boshqani “haqiqiy musulmon” sanamaydigan ekstremistlar hokimiyatga kelish va “islomiy tartib”ni qaror toptirishning yagona yo'li keskinlikni keltirib chiqarish va jangarilik yo'li bilan hukumatni bosib olish lozim deb hisoblaydi.

Aslida esa ekstremizm g'oya tarafdorlarining asosiy maqsadi diniy qadriyatlarni qaytadan tiklash emas, balki ana shu g'oyalardan faqat vosita va niqob sifatida foydalanish orqali mintaqada beqarorlikni, diniy va millatlararo nizolarni vujudga keltirish, iqtisodiyotni turli yo'llar bilan izdan chiqarish va iqtisodiy inqirozni yuzaga keltirishdir. Bu yo'lda ular har qanday razillik va jinoyatlardan tap tortmaydi.

Hozirgi kunga qadar turli nomdagi ekstremistik tashkilotlar tomonidan insoniyat yoki jamiyat manfaatlariga xizmat qiladigan biron bir inshoot, maktab, masjid yohud boshqa bir ijtimoiy ob'ekt bunyod qilingani haqida eshitilmagan. Buning aksi o'laroq, ular tomonidan buzib tashlangan maktablar, portlatilgan masjidlar, bosib olingan inshootlar, o'ldirilgan begunoh insonlar haqidagi xabarlargagina dunyo ahli guvoh bo'lgan.

Ayni shu kabi holatlar, ezgulikka chaqiruvchi muqaddas dinimiz sha'niga noo'rin ta'na toshlari otilishiga, uning pok nomini ekstremizm kabi razil illatga bilan birga tilga olinishiga olib kelmoqda. Vaholanki, “islom” so'zining o'zagi “salom” so'zidan olingan. Ya'ni, tinchlik va salomatlik ma'nolarini anglatadi. Islom dini nafaqat insonning o'zi, balki o'zga odamlarga, hatto nabotot va hayvonotga, qo'yingki, barcha mavjudotga nisbatan rahm-shafqatli va mehribon bo'lishga chaqiradi. Islom zo'ravonlik, qo'poruvchilik va tajovuzkorlikni hech qachon oqlagan emas va oqlamaydi ham. Qur'oni karimning Moida surasi 32 – oyati mazmunida shunday deyiladi: “Kimki biron jonni o'ldirmagan va erda buzg'unchilik qilib yurmagan odamni o'ldirsa, demak go'yo barcha odamlarni o'ldiribdi va kimki unga hayot ato etsa, demak, go'yo barcha odamlarga hayot beribdi”.

Bundan tashqari, ekstremistik kayfiyatdagi shaxs, boshqa konfessiyalarga, ularning vakillariga nisbatan toqatsiz va murosasizligini namoyon qiladi. Vaholanki, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning: “Kim ahli zimmadan bir kishining o'ldirsa, jannatning hidini ham hidlamaydi. Albatta, uning hidi etmish yillik masofadan kelib turar”, degan va “Kim bir ahdlashgan (g'ayridin) kishiga zulm qilsa yoki uning haqqini poymol etsa yoxud uni toqati etmaydigan narsaga majbur qilsa yoki undan o'z roziligigiz bir narsa olsa, qiyomat kuni men o'sha odamning xusumatchisi bo'laman” degan hadislarining o'zi bu masalada kifoya qiladi.

Hulosa qilib aytganda, aqlli har bir inson dinimizning tinchliksevar, mo''tadil ta'limot ekanini, u hech qachon qon to'kish, urush olovini yoqishni yoqlamasligini yaxshi biladi. Shulardan kelib chiqqan holda to'liq ishonch bilan aytishimiz mumkinki, ekstremist va terrorchilar qilayotgan ishlarining pokiza islom diniga aslo aloqasi yo'qdir!

Ergashali Rustamov,

Chilonzor tuman bosh imomi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Diniy ta’limda yangi bosqich: Toshkentda nufuzli anjuman bo‘lib o‘tmoqda

20.08.2026   38858   2 min.
Diniy ta’limda yangi bosqich: Toshkentda nufuzli anjuman bo‘lib o‘tmoqda

Toshkent shahridagi Islom sivilizatsiyasi markazining Katta majlislar zalida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» mavzusidagi I ilmiy-amaliy anjumani boshlandi. 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu nufuzli tadbirda Prezident maslahatchisi Muzaffar Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov, shuningdek, diniy ta’lim muassasalari rahbarlari, bosh imom-xatiblar va OAV vakillari ishtirok etmoqda.  Anjumanga jami 700 nafarga yaqin pedagog va soha vakillari jalb etilgan bo‘lib, ularning 300 nafari bevosita zalda, 400 nafari esa hududlardan videoselektor orqali qatnashmoqda.

So‘zga chiqqan notiqlar so‘nggi yillarda Prezidentimiz tashabbuslari bilan diniy-ma’rifiy sohani takomillashtirish va zamonaviy kadrlar tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarga to‘xtalib o‘tmoqda. Ta’kidlanganidek, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi, Imom Termiziy islom instituti va madrasasi hamda 4 ta xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining tashkil etilishi ilm ahliga keng imkoniyatlar eshigini ochdi. Toshkent islom institutida magistratura ochildi, tizimdagi 510 nafar pedagogning 50 nafardan ortig‘i PhD va DSc ilmiy darajalariga ega bo‘ldi. 

Shuningdek, yurtimizdagi diniy ta’lim muassasalariga Misrning Al-Azhar majmuasi ustozlari jalb etildi. 90 ta fan dasturi va yangi avlod darsliklari yaratildi. Mir Arab, Xadichai Kubro, Hidoya va Ko‘kaldosh madrasalari zamonaviy binolarga ega bo‘lib, Iordaniya, Misr va Birlashgan Arab Amirliklarining yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorliklar rivojlanmoqda.

Ushbu nufuzli anjumandan ko‘zlangan maqsad ham professor-o‘qituvchilar uchun ilmiy-amaliy muloqot maydonini yaratish, pedagoglarning kasbiy salohiyatini yuksaltirish, ta’lim jarayoniga raqamli va innovatsion usullarni keng joriy etishdir.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari