XX-asrning oxirlariga kelib dunyodagi ko'plab xalqlarning istilohida ekstremizm degan atama paydo bo'ldi. Ming afsuski, ayniqsa bu atamani din bilan, xususan Islom dini bilan bog'lab tilga olish odatga aylandi. Ho'sh, ekstremizm o'zi nima? Uni Islom bilan bog'lashning zamirida qanday sabablar va maqsadlar yotibdi?
Ma'lumki, ekstremizm va terrorizm ma'naviy tahdidlarning bir turi bo'lib, undan foydalanuvchi shaxslar yoki tashkilotlar o'zlariga mansub bo'lgan tarafdorlarini radikal harakatlarga chorlovchi, mamlakatdagi tinchlik va osoyishtalikni izdan chiqarishga intiluvchi, mavjud konstitutsion tuzumni ag'darib tashlashga da'vat etuvchi tajovuzkor siyosiy faoliyatidir. Shu kabi tajovuzkor harakatlar garchi ekstremizm degan nom bilan atalmasada, tarixda turli nomlarda ko'p marotaba kuzatilgan.
O'tgan asrda ko'plab musulmon xalqlarning islomning asl mohiyati haqidagi ma'lumotlardan uzoqlashishi uning tinchlik, insonparvarlik va bag'rikenglik g'oyalaridan bebahra qolishiga olib keldi. Mustaqillik tufayli diniy erkinlikka erishgan xalqimizning dinga bo'lgan qiziqishi ortib bordi. Ayni shunday pallada sof diniy bilimlarning etarli emasligi hamda turli tashqi kuchlarning g'arazli ta'siri tufayli dinni noto'g'ri talqin qilish, siyosiy maqsadlarga dinni niqob qilgan holda intilish hollari avj oldi. Bu harakatlar aksar holda ekstremistik harakterda namoyon bo'lib borishi “diniy ekstremizm” tushunchasining keng qo'llanishiga zamin bo'ldi.
Ekstremistik kayfiyatdagi shaxs dindan dunyoviy davlatga qarshi kurashda foydalanadi. Unga ko'ra, go'yo hozirgi kundagi barcha musulmonlar islomiy mohiyatini yo'qotganlar va johiliyat asrida yashamoqdalar. Bunday yondashuv hukumat va uning olib borayotgan siyosatini keskin tanqid qilish uchun go'yoki asos bo'lib xizmat qiladi. O'zidan boshqani “haqiqiy musulmon” sanamaydigan ekstremistlar hokimiyatga kelish va “islomiy tartib”ni qaror toptirishning yagona yo'li keskinlikni keltirib chiqarish va jangarilik yo'li bilan hukumatni bosib olish lozim deb hisoblaydi.
Aslida esa ekstremizm g'oya tarafdorlarining asosiy maqsadi diniy qadriyatlarni qaytadan tiklash emas, balki ana shu g'oyalardan faqat vosita va niqob sifatida foydalanish orqali mintaqada beqarorlikni, diniy va millatlararo nizolarni vujudga keltirish, iqtisodiyotni turli yo'llar bilan izdan chiqarish va iqtisodiy inqirozni yuzaga keltirishdir. Bu yo'lda ular har qanday razillik va jinoyatlardan tap tortmaydi.
Hozirgi kunga qadar turli nomdagi ekstremistik tashkilotlar tomonidan insoniyat yoki jamiyat manfaatlariga xizmat qiladigan biron bir inshoot, maktab, masjid yohud boshqa bir ijtimoiy ob'ekt bunyod qilingani haqida eshitilmagan. Buning aksi o'laroq, ular tomonidan buzib tashlangan maktablar, portlatilgan masjidlar, bosib olingan inshootlar, o'ldirilgan begunoh insonlar haqidagi xabarlargagina dunyo ahli guvoh bo'lgan.
Ayni shu kabi holatlar, ezgulikka chaqiruvchi muqaddas dinimiz sha'niga noo'rin ta'na toshlari otilishiga, uning pok nomini ekstremizm kabi razil illatga bilan birga tilga olinishiga olib kelmoqda. Vaholanki, “islom” so'zining o'zagi “salom” so'zidan olingan. Ya'ni, tinchlik va salomatlik ma'nolarini anglatadi. Islom dini nafaqat insonning o'zi, balki o'zga odamlarga, hatto nabotot va hayvonotga, qo'yingki, barcha mavjudotga nisbatan rahm-shafqatli va mehribon bo'lishga chaqiradi. Islom zo'ravonlik, qo'poruvchilik va tajovuzkorlikni hech qachon oqlagan emas va oqlamaydi ham. Qur'oni karimning Moida surasi 32 – oyati mazmunida shunday deyiladi: “Kimki biron jonni o'ldirmagan va erda buzg'unchilik qilib yurmagan odamni o'ldirsa, demak go'yo barcha odamlarni o'ldiribdi va kimki unga hayot ato etsa, demak, go'yo barcha odamlarga hayot beribdi”.
Bundan tashqari, ekstremistik kayfiyatdagi shaxs, boshqa konfessiyalarga, ularning vakillariga nisbatan toqatsiz va murosasizligini namoyon qiladi. Vaholanki, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning: “Kim ahli zimmadan bir kishining o'ldirsa, jannatning hidini ham hidlamaydi. Albatta, uning hidi etmish yillik masofadan kelib turar”, degan va “Kim bir ahdlashgan (g'ayridin) kishiga zulm qilsa yoki uning haqqini poymol etsa yoxud uni toqati etmaydigan narsaga majbur qilsa yoki undan o'z roziligigiz bir narsa olsa, qiyomat kuni men o'sha odamning xusumatchisi bo'laman” degan hadislarining o'zi bu masalada kifoya qiladi.
Hulosa qilib aytganda, aqlli har bir inson dinimizning tinchliksevar, mo''tadil ta'limot ekanini, u hech qachon qon to'kish, urush olovini yoqishni yoqlamasligini yaxshi biladi. Shulardan kelib chiqqan holda to'liq ishonch bilan aytishimiz mumkinki, ekstremist va terrorchilar qilayotgan ishlarining pokiza islom diniga aslo aloqasi yo'qdir!
Ergashali Rustamov,
Chilonzor tuman bosh imomi
Raddiya: Islomda peshvolikni da’vo qiladigan guruh va oqimlar dindagi ayrim tushuncha va so‘zlarni g‘arazli maqsadlari yo‘lida buzib, noto‘g‘ri talqin qilishi hammaga ma’lum. Ular shu orqali musulmonlar hissiyotiga teginish, o‘zlariga tobelarni ko‘paytirish, dindor va ilmli bo‘lib ko‘rinishga harakat qiladi. “Tog‘ut” so‘zi ular ko‘p ishlatadigan, insonlarni, ayniqsa hukmdorlarni ayblashda qo‘llaydigan tushunchalardan biri. Aslida u nima? Qanday ma’nolarda ishlatiladi? Kimlar tog‘ut bo‘lishi mumkin?
“Tog‘ut” lafzi “tug‘yon” so‘zi bilan o‘zakdosh bo‘lib, Alloh belgilab qo‘ygan chegaradan chiqishga, kufrda haddan oshishga, isyon qilishga nisbatan ishlatiladi. Islomda Allohning yo‘lidan boshqa yo‘l “tog‘ut” deyiladi. Tog‘utning kattasi Shaytondir.
“Tog‘ut” kalimasi Qur’oni karimning sakkiz joyida zikr qilingan bo‘lib, ulamolarimiz uni turlicha tafsir qilgan. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu, Imom Sha’biy, Imom Zahhok “Tog‘utdan murod – Shayton” degan. Imom Abu Oliya va Muhammad ibn Sirin tog‘ut sehrgar va folbin ekanini aytgan.
“Tafsiri Jalolayn”da tog‘ut so‘zi tafsiriga murojaat qilaylik: “Kim tog‘utga kufr keltirib, Allohga iymon keltirsa, batahqiq uzilmaydigan mustahkam tutqichni ushlagan bo‘ladi” (Baqara surasi, 256) va “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir. Ularni nurdan zulmatlarga chiqarurlar” (Baqara surasi, 257) oyatlarida tog‘utlar – but-sanamlar va Shayton, “Kitob (Tavrot)dan nasibador bo‘lganlarning “Jibt” va “Tog‘ut”ga sig‘inishlarini va kofirlarga “Shular mo‘minlardan ko‘ra to‘g‘riroq yo‘ldadir” deyishlarini ko‘rmadingizmi?!” (Niso surasi, 51) oyatida – Jibt va Tog‘ut Quraysh qabilasidagilarning ikki sanami, “O‘zlarini, Sizga nozil qilingan (Qur’on) va Sizdan oldin nozil qilingan (ilohiy kitoblar)ga iymon keltirgan, deb hisoblaydiganlarning hukm so‘rab, Tog‘ut huzuriga borishni xohlayotganlarini ko‘rmadingizmi?” (Niso surasi, 60) oyatidagi tog‘ut kufrda haddan oshgan, tug‘yonga ketgan Ka’b ibn Ashraf, “Kofirlar (esa) Tog‘ut yo‘lida jang qiladilar” (Niso surasi, 76-oyat) va “Kim Allohning la’natiga uchragan, g‘azabiga duchor bo‘lgan, maymun va cho‘chqaga aylantirilgan va tog‘utga ibodat qilgan bo‘lsa, ana o‘shalar yomon martabadagi va to‘g‘ri yo‘ldan butunlay adashgan kimsalardir” (Moida surasi, 60) oyatlarida ular Shayton, “Batahqiq, Biz har bir ummatga: “Allohga ibodat qiling va tog‘utdan chetlaning” deb payg‘ambar yuborganmiz” (Nahl surasi, 36-oyat) va “Tog‘utdan, unga ibodat qilishdan chetda bo‘lganlarga va Allohga qaytganlarga xushxabar bor” (Zumar surasi, 17-oyat) oyatlarida ham ular Shayton deb nazarda tutilgan.
Alloma Ibn Atiyya aytadi: “Ba’zi olimlar: “Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘utdir”, degan”. Fir’avn, Namrud va o‘zini iloh deb e’lon qilganlar va ibodat qilinadigan but-sanamlar tog‘ut deyiladi.
Muqotil roziyallohu anhu “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir” oyatidagi tog‘utni Ka’b ibn Ashraf va Huyay ibn Axtab deb tafsir qilgan. U ikkisi islom va musulmonlarga adovati cheksiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ko‘p aziyat bergan, musulmonlarga qarshi urushga juda ko‘p da’vat qilgan yahudiylardan edi.
Imom Navaviy aytadi: “Lays, Abu Ubayda, Kisoiy va ko‘pchilik tilshunoslar: “Tog‘ut – Alloh taolodan boshqa ibodat qilinadigan narsa”, degan”.
Shayx Muhammad Amin Shinqitiy: “Haqiqat shuki, Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘ut, eng katta tog‘ut esa Shaytondir”, deydi.
Tog‘ut so‘zining ma’nosi haqida buyuk mufassir Imom Tabariy “Jomi’ul bayon” tafsirida: “Fikrimcha, tog‘ut haqida to‘g‘ri gap shuki, tog‘ut Allohga tug‘yon qilib, Uni tark etib, Undan o‘zgaga ibodat qilingan narsadir. O‘sha ma’bud inson, shayton, but va boshqa narsalar bo‘lishi mumkin”, deydi.
Mufassir olim Hasan Tahsin Fayzli “tog‘ut” so‘zini “Allohdan uzoqlashtiradigan, uning amrlarini bajarishni man etadigan kimsalar”, deb izohlagan.
Demak, sahobai kiromlar, tobeinlar va ulamolarimizning so‘zlaridan tog‘ut kalimasi shayton, sehrgar, folbin va Allohdan boshqa ibodat qilinadigan har qanday narsa ekani ma’lum bo‘lmoqda.
Afsuski, hozirgi kunda ba’zi toifalar musulmon rahbarlarni tog‘ut deb atab, ularni osongina kofirga chiqarmoqda. Ularning uslubi xavorijlarnikiga o‘xshaydi. Ular arzimas narsalar tufayli iymonli odamni kofirga chiqarib, qonini halol hisoblab, qanchadan-qancha beayb musulmonlar umriga zomin bo‘lmoqda, islomning pok nomiga dog‘ tushirib, asl mohiyat va tamoyillarini yot va buzg‘unchi g‘oyalardan iborat fitnalar soyasiga tushirib qo‘ymoqda.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi