Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Avgust, 2026   |   11 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:16
Quyosh
05:41
Peshin
12:25
Asr
17:11
Shom
19:13
Xufton
20:34
Bismillah
24 Avgust, 2026, 11 Rabi`ul avval, 1448

Mazhablar to'g'risida tasavvurimiz qanday?

22.09.2022   1702   4 min.
Mazhablar to'g'risida tasavvurimiz qanday?

Abu Hanifa rohimahullohdan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: Yolg'onchimening ummatimdan emas, dedilar. Ya'ni bu ummat ichida yolg'onchilik bo'lishi mumkin emas.

Aslida musulmon kishi Islom tarixini yaxshi o'rganishi kerak. Imom Abu Hanifa, Imom Shofe'iy, Imom Ash'ariy va Imom Moturidiy kabi olimlarning ham hadisda aytilgani kabi rostgo'y va haqiqiy olimligini ko'radi. Ulardan keyingi olimlar imom Navaviy, Ibn Hajar Asqaloniy kabi olimlar ham yuqorida zikr qilingan buyuk imomlar oldida talabaga o'xshab qoladi. Shuning uchun Islom olimlari bir ovozdan musulmonlar, avvalo, mazhablarning to'rt imomiga ergashishi lozimligiga ittifoq qilishgan.  

Buyuk olim Abdulloh ibn Muborak “Isnad minad din” – “Isnod (muayyan masalalar bo'yicha aytilgan lafzlar Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamdan boshlanishi) dinning asoslaridan biridir”, degan. Agar Islomda ilm bunday uzluksiz bo'lmasa, kishilar xohlagan narsani dindan deb aytishi mumkin edi. Payg'ambar sollallohu alayhi va sallamdan kelgan narsaga mos kelishi yo kelmasligini tekshirib ko'rish imkoniga ega bo'lmagan bo'lardik.

Biror kishi isnod bilan ta'lim bersa, unga ishonish mumkin. Agar u o'zicha biron narsani kashf qilsa yoki o'z fikriga asoslanib, Qur'on va hadisni sharhlasa, Qur'onni ulug' olimlardan talqin qilishni odat qilmasa, unga ishonib bo'lmaydi. Bu juda muhim bir masala.

Din falsafa yoki ilmiy izlanish maktabi emas. Bu kabi falsafa va ilmiy izlanish maktablarida ko'plab fikrlar bo'ladi va ularning barchasi tengdir. Bizdan talab etiladigan vazifa esa Payg'ambar sollallohu alayhi va sallam olib kelgan narsalarga ergashishimiz, fikrimizni yoki falsafamizni aytish emas.

Shuning uchun butun ummat haqiqatni asl ilmni isnod asosida guvohlik berilgan olimlardan olishi kerak. Abu Hanifa, Shofe'iy, Molik va Ahmad ibn Hanbalning to'rt mazhab imomlariga ham shubhalardan xoli eng yuqori darajadagi ishonch bilan qarashimiz lozim. Musulmonlar 14 asrlik tarixi davomida ularga har doim ergashdi. Faqat so'nggi 50-100 yil ichida mazhablardan voz kechishimiz hamda Qur'oni karim va sunnatning o'zidan yoki isnodi mavjud bo'lmagan kimsalarga ergashamiz, degan aqliy fikrlar paydo bo'la boshladi. Mazhablardan voz kechish, Qur'oni karim tarjimalariga yoki Buxoriy va Muslimning hadislarini tarjima qilish va u erdagi narsaga erishish kifoya, degan fikrlar paydo bo'ldi. Hech qachon mazhablar biror kuch ta'sirida yoki bosimlar natijasida singdirilmagan, lekin musulmonlar necha asrlardan buyon mazhablarga ongli ravishda ergashib kelishgan.

Agar biror fikr kuch bilan singdirishga urinilsa, bu hech ham amalga oshmaydi, imkonsizdir. Kommunistik g'oyalar odamlarga kuch bilan kiritildi, lekin sovet hokimiyati qulaganidan keyin bu g'oyalar g'oyib bo'ldi, deyarli hech kim ularga ergashmaydi. Agar  samimiy bir narsa yuzaga kelsa, odamlar unga ergashganini ko'ramiz.

Taassufki, bugungi kunda ko'pchilik o'zlarini hanafiy yoki shofe'iylar deyishsada, lekin imomlari haqida hech narsa bilishmaydi. Shuning uchun odamlar bu kishilarning kimligini tushunmagan holda ularning taqvodorligi va bilimlari darajasini tasavvur qila olmaydi. Ko'pchiligimiz ular aytgan yoki yozib ketgan ilmlarini emas, balki ularning ismlarini ham bilmaymiz. Ushbu olimlarning hayoti va ilmiy faoliyatini o'rganish ularga bo'lgan muhabbatimizni oshiradi.

Hadisda “Oxiratda siz sevgan kishingiz bilan birga bo'lasiz”, deyiladi. Agar bizning ularga bo'lgan muhabbatimiz samimiy bo'lsa, Alloh bizni bu odamlar bilan tiriltiradi.

Po'latxon KATTAYeV,

Toshkent islom instituti katta o'qituvchisi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Ozarbayjonlik jurnalistlar Samarqanddagi Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qildi

21.08.2026   36800   1 min.
Ozarbayjonlik jurnalistlar Samarqanddagi Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qildi

"Report" xabariga ko‘ra, tashrif O‘zbekiston bo‘ylab media-tur doirasida bo‘lib o‘tdi.

Imom Buxoriy maqbarasi Samarqand viloyatidagi eng muhim ma’naviy va tarixiy obidalardan biridir.

Tashrif davomida Ozarbayjon ommaviy axborot vositalari vakillari Imom Buxoriy maqbarasi, masjid, muzey va kutubxona vazifasini bajaruvchi xonani o‘z ichiga olgan yodgorlik majmuasi hududi bilan tanishdi. Jurnalistlarga majmuaning yaratilish tarixi, Imom Buxoriy hayoti va ilmiy merosi, shuningdek, uning islom ilm-fanidagi alohida o‘rni haqida so‘zlab berildi.

Media-tur ishtirokchilari majmuaning muzey qismiga alohida e’tibor qaratdi. Bu yerda islom madaniyati va Imom Buxoriy merosiga oid qo‘lyozmalar va turli tarixiy materiallar taqdim etilgan. Shuningdek, muzeyda turli mamlakatlar vakillari tomonidan majmuaga sovg‘a qilingan Qur’oni karim nusxalari ham saqlanadi.

Ishtirokchilarga majmua turli mamlakatlardan kelgan dindorlar uchun ziyoratgoh va allomaning ma’naviy merosini asrab-avaylashning muhim markazi ekanligi haqida so‘zlab berildi. Jurnalistlar majmuaning me’moriy xususiyatlari va tashrif buyuruvchilar uchun yaratilgan zamonaviy infratuzilma bilan ham tanishdi.

Imom Buxoriy eng nufuzli islom ulamolaridan biri va islom an’anasidagi eng muhim hadis to‘plamlaridan biri bo‘lgan "Sahih al-Buxoriy" hadislar to‘plamining muallifi hisoblanadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Dunyo yangiliklari