Bugun tez suratlar bilan o'zgarib borayotgan shiddatli va murakkab bir davrimizni olim va ziyolilar texnologiyalar zamoni, fikr-tafakkur asri va axboratlashuv davri deya turli ta'rif berishmoqda.
Haqiqatan biz yashayotgan davr, fitna, turli nizolar, hasad, ziddiyatlar to'qnashgan, aniqroq aytganda globallashuv davridir. Har bir ijtimoiy hodisaning ijobiy va salbiy tomoni bo'lgani kabi globallashuv jarayoni ham bundan mustasno emas. Hozirda uning o'tkir va keng qamrovli ta'sirini deyarli barcha sohalarda ko'rish mumkin.
Ayni davr yoshlarimiz ongiga ma'naviy tahdid qilmoqda. Yoshlarni turli qabohatlardan ogohlantirib, ma'naviy tahdidlarga qarshi bilim va ko'nikma, malaka hosil qilishlariga targ'ib qilish davrimiz va dinimiz talabi ekanini anglab etishimiz lozim.
G'oyaviy tahdidlarga qarshi turish uchun har bir insondan o'z mustaqil fikri, sog'lom dunyoqarash va mustahkam irodaga ega bo'lish talab qilinadi. Buning uchun yoshlar har qaysi sohada kasbining etuk mutaxassisi bo'lib chiqishi, jamiyat rivojiga o'z hissasini qo'shishga harkat qilishi lozim.
Voyaga etayotgan har bir yoshning ma'naviy barkamol, irodasi baquvvat, iymoni butun, kuchli mafkuraviy immunitetga ega shaxs sifatida tarbiyalash ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayot barpo etishning asosiy shartlaridan biri bo'lib qolaveradi.
Ulug' ajdodlarimiz or-nomus, uyat, andisha, sharmu-hayo, ibo, iffat kabi yuksak axloqiy tuyg'ularni doimo birinchi o'ringa qo'yib kelgan. Shu bois biz yoshlar o'tmishga nazar solib, ibratli o'gitlardan xulosalar chiqarishimiz, ilm-ma'rifatimizni oshirishimiz lozim.
Barno AZIMOVA,
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Kadrlar bo'limi mutaxassisi
Vatanimiz mustaqilligining 35 yillik bayrami arafasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha mehr-oqibat, oqibat va xayr-saxovat marafonlari yangicha sur’at va keng yoyilmoqda. Inson qadrini ulug‘lashni bosh maqsad qilgan ushbu ezgu tashabbuslar yurtimizdagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga, yolg‘iz va boquvchisini yo‘qotgan farzandlarimizga mehr ulashishga qaratilgan.
"Vaqf" xayriya jamoat fondi Qoraqalpog‘iston bo‘limi tomonidan "Imom eshon Muhammad" jome masjidida yolg‘iz va boquvchisini yo‘qotgan farzandlarimiz uchun maktab formasi va o‘quv qurollarini berish tadbiri o‘tkazildi.
Ko‘ngillarga umid, yuraklarga quvonch taratgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o‘rinbosari Alisher Allaniyazov, Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi Bahramaddin domla Razov va "Vaqf" xayriya jamoat fondi raisi A.Jolovshiyevlar ishtirok etib, 35 bolaga maktab formalari va bayram sovg‘alarini tantanali tarzda topshirdi.
Bunday g‘amxo‘rlik tadbiri farzandlarimizning ko‘zlarida quvonch uchqunini yoqib, ko‘ngillarida cheksiz faxr tuyg‘usini uyg‘otdi.
"Inson qadri ulug‘langan, mehr-oqibat ustuvor bo‘lgan yurtda doimo taraqqiyot va baraka bo‘ladi."
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti