Hozirgi kunda ba'zi insonlar bilimsizlik bilan Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam yoki solih insonlarni duosida vasila qilayotganlarni kofirga chiqarib, ularga “mushrik” nomini tamg'a qilib qo'ymoqdalar.
Ahli sunna ulamolari o'z asarlarida vasila qilishning joiz ekaniga oyat va hadislardan qator dalillarni keltirishgan.
Vasila lug'atda “yaqinlashish”, “daraja”, “vosita”, degan ma'nolarni anglatadi. Istilohda, maqsadga eltuvchi har qanday vositaga “vasila”, deyiladi. “Tavassul” so'zi solih amallar bilan Allohga qurbat hosil qilish va Alloh taologa yaqinlashish ma'nolarida ishlatiladi.
Vasila qilish Qur'on, sunna, sahobalarning amallari bilan o'z isbotini topgan. Jumladan: Qur'oni karimda bu haqda shunday deyilgan:“Ana o'sha duo qilayotganlari Robbilariga vasila izlarlar, qaysilari yaqinroq ekanini (bilmoq uchun). Uning rahmatini orzu qilurlar va azobidan qo'rqurlar. Albatta, Robbingning azobi hazir bo'lishga loyiqdir (Isro surasi, 57-oyat).
Manbalarda sahobalarning ham vasila qilganlari keltiriladi. Bu borada Hazrati Umarning qurg'oqchilik vaqtida qilgan quyidagi vasilalari juda mashhurdir.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Umar ibn Hattob roziyallohu anhu qahatchilik bo'lganida Abbos ibn Abdulmuttalib ila istisqo qildi: “Ey bor Hudoyo! Albatta, biz Senga Payg'ambarimiz ila tavassul qilar edik. Sen bizni serob qilar eding. Endi biz Senga Payg'ambarimizning amakisini vasila qilamiz. Bizni serob qilgin”, dedi. Yana: “Serob qilinur edilar”, dedi”. (Buxoriy rivoyat qilgan). Umar roziyallohu anhu Abbos roziyallohu anhuni vasila qilganidan keyin “Allohga qasam manashu Allohga bo'lgan vasiladir” deganlar. (Ibn Abdul Bar. Al-Isteob).
Vasila haqida so'z ketganda qayd etish lozimki, vasilasiz Alloh taolo duolarni ijobat qilmaydi, deb e'tiqod qilmaslik darkor. Yana vasila qiluvchi inson duosida haqiqiy yaratuvchi, duolarni ijobat qiluvchi Zot faqat Alloh taolo ekaniga e'tiqod qilishi lozim. Shuningdek, Payg'ambar alayhissalomlar hamda avliyolarni vasila qilib qilingan duoni qabul qilish Allohga lozim bo'lib qoladi, degan e'tiqodda ham bo'lmaslik kerak. Balki, muqarrab bandalarni vasila qilib duo qilinsa, ijobatiga umid ziyodaroq bo'ladi, deb e'tiqod qilish lozimdir. Shuning uchun ham musulmon kishi qabr ziyorati hamda ulug'larni vasila qilishni shariatga muvofiq amalga oshirmog'i lozim bo'ladi.
Hulosa qilib aytganda vasila qilish joiz va din peshvolaridan naql qilingan hamda amal qilib kelinayotgan ishlardandir.
Uchqo'rg'on tuman Saidxon eshon jome masjidi imom xatibi Akbarali Yusufjonov
Istiqlolimizning 35 yillik bayrami arafasida Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev ishtirokida Quvasoy shahrida xayriya tadbir o‘tkazildi. Unda 33 ta xonadonga oziq-ovqat mahsulotlari, 43 nafar bolajonga esa o‘quv qurollari va kiyim-kechaklar hadya qilindi.
Tadbirda farzandlar uchun munosib sharoit yaratish ezgulikning eng go‘zal ko‘rinishlaridan biri ekani, bugun yosh avlodning bilimi va kamoli uchun qilingan har bir xayrli amal ertangi kun taraqqiyotiga muhim hissa bo‘lib qo‘shilishi ta’kidlandi.
Bunday tadbirlar, shuningdek, Buvayda tumanidagi «Katta mahalla» masjidi jamoasi tomonidan ham tashkil etildi. Unda ijtimoiy ko‘makka muhtoj hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlaridan 70 nafariga maktabda ta’lim olishi uchun zarur bo‘lgan o‘quv qurollari tarqatildi. Bolajonlar mustaqillik bayrami hamda boshlanajak yangi o‘quv yili bilan muborakbod etildi.
Ilm va yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bunday ezgu tashabbuslar Farg‘ona shahridagi "Xo‘jamberdiboy", So‘x tumanidagi "Sulton Mahmud" masjidi jamoasi tomonidan ham tashkil etilmoqda.
O‘MI Farg‘ona viloyati vakilligi Matbuot xizmati