Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Avgust, 2026   |   11 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:16
Quyosh
05:41
Peshin
12:25
Asr
17:11
Shom
19:13
Xufton
20:34
Bismillah
24 Avgust, 2026, 11 Rabi`ul avval, 1448

Samarqanddagi tadbir haqida qanday gumondamiz?

16.09.2022   2114   3 min.
Samarqanddagi tadbir haqida qanday gumondamiz?

Biz yashayotgan bu dunyo – sabablar dunyosidir. Aytiladiki: “Sabablar – qazoning askarlaridir”. Ya'ni, taqdirimizga bitilgan hodisalarning amalga oshishi yoki o'zgarishi aynan sabablarga bog'langandir.

Ulamolar sabablarni ikki turga bo'ladi: uzoq sabablar va yaqin sabablar.

Uzoq sabablarning ikkinchi nomi bu asl sabablardir. Masalan, bir kishining tirik turishining asl sababi Alloh taoloning Razzoqligi, mehribonligi sabab bo'lsa, yaqin sababi kishining dunyoda qilayotgan kasb kori, harakatidir. Shunga ko'ra, har qanday voqea va hodisalar mana shu ikki sabablar asosida yuzaga keladi. Musulmon kishi har ikki sababni ham inkor qilmaydi. Chunki asl sabablarni inkor qilish e'tiqodga taalluqli masaladir. Yaqin sabablarni inkor qilish esa shari'atga ta'na qilishdir.

Modomiki, bugun biz dunyo hayotida yashar ekanmiz, bizga eng yaqin bo'lgan sabablarni amalga oshirib, asl sabablarni chiroyli qilishini Alloh taolodan so'rashimiz lozim bo'ladi. Dunyo hayotining bir maromda, o'z izmida turishi uchun yaqin sabablarni amalga oshirish eng muhim vositadir. Agar yaqin sabablar inkor qilinsa, dunyo hayoti o'z izidan chiqib ketadi.

Bugun yurtimiz tinchligi, xalqimiz xotirjamligi va farovonligining asl sababi Alloh taoloning mehribonchiligi bo'lsa, yaqin sababi boshimizda rahbar etib tayinlangan kishilarning jonkuyarligi, odilona siyosati va fidoyiligidir.

Ayni kunlarda Samarqand viloyatida bo'lib turgan ushbu yirik tadbir ham mana shunday ikki sabablarni o'zida jamlagan bir voqea bo'lib turibdi.

Dunyoning turli davlatlaridan kelgan rahbarlar, mehmonlar va ziyoli kishilar ayni paytda butun dunyo hamjamiyatida dolzarb bo'lib turgan muhim masalalarni hal qilish, dunyoda tinchlik va xotirjamlikni, kishilarning huquq hamda erkinliklarini ta'minlash, davlatlar orasidagi hamkorlikni mustahkamlab boshqa yurt mehmonlari uchun engillik va qulayliklar yaratish kabi bir qator masalalarni muhokama qilib, yaqin sabablarni amalga oshirishmoqda.

Qolaversa, yurtimizda faoliyat olib borayotgan ikki mingdan ziyod masjid xodimlari ham ushbu xayrli ishga o'z hissalarini qo'shish maqsadida xatmi Qur'onlar, hadislarda tavsiya qilingan go'zal duolar bilan, ushbu yaxshiliklarni amalga oshishi uchun asl maqsadlarni chiroyli qilishini Alloh taolodan so'rab turibdilar. Bu esa nihoyatga go'zal uyg'unlikdir. Bu ish esa Alloh taoloning aynan: “Yaxshilik va taqvo yo'lida hamkorlik qiling. Gunoh va dushmanlik yo'lida hamkorlik qilmang” (Moida surasi 2-oyat) oyatiga muvofiq amaldir.

Demak, butun dunyo kishilariga yaxshilikni sog'ingan bir musulmon shaxs sifatida bo'layotgan ushbu tadbirdan faqat va faqat xayriyatlar umid qilamiz. Halqimizning tinchligi, farovonligi va xotirjamligi uchun muhim bo'lgan sabablar amalga oshirilmoqda, deya xursand bo'lamiz. Shuningdek,  qo'limizdan kelgan barcha sabablar ila ushbu xayrli ishga hissa qo'shamiz. Mana shu eng to'g'ri va go'zal ish hisoblanadi.

Alloh taolo millatimiz va xalqimiz  uchun manfaatli tadbirlardan biri qilsin!

Yorbek  Islomov,

Toshkent shahar, Olmazor tumanidagi

“Mevazor” jome masjidi imom noibi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Anjuman diniy sohada zamoniy kadrlar tayyorlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi

21.08.2026   46241   2 min.
Anjuman diniy sohada zamoniy kadrlar tayyorlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi

Joriy yilning 19-20 avgust kunlari bo‘lib o‘tgan nufuzli anjuman diniy ta’lim tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, ilmiy-tadqiqot ishlari ko‘lamini kengaytirish va sohaga ilg‘or pedagogik yondashuvlarni tatbiq etish va zamon talabiga mos kadrlar tayyorlashda yo‘lidagi salmoqli amaliy qadam bo‘ldi.

Tadbirlar davomida sohaga oid ilmiy ma’ruzalar bilan bir qatorda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Raqamli ta’lim va sun’iy intellektni rivojlantirish markazi hamda ilmiy-tadqiqot sohasining yetakchi mutaxassislari tomonidan ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyot, diniy ta’limda raqamli transformatsiya, sun’iy intellekt va ilmmetriya masalalariga bag‘ishlangan mahorat darslari ham o‘tkazildi. Mashg‘ulotlar tizimda zamonaviy yondashuvlarni ommalashtirish, dars jarayonlarida yangicha uslublarni qo‘llash hamda soha vakillarining kasbiy mahoratini oshirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, anjuman doirasida oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining muhtaram Prezidentimizga yo‘llagan Murojaatnomasi o‘qib eshittirildi.

Unda so‘nggi yillarda diniy-ma’rifiy sohani tubdan rivojlantirish, milliy va diniy qadriyatlarimizni tiklash hamda ulug‘ ajdodlarimizning boy ma’naviy merosini o‘rganish va diniy ta’limni rivojlantirish borasida olib borilayotgan tarixiy islohotlar alohida e’tirof etildi. Jumladan, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi, Imom Termiziy islom instituti kabi diniy ta’lim maskanlari, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va Bahouddin Naqshband kabi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etilishi yurtimizda ma’rifat ahli uchun keng imkoniyatlar ochgani ta’kidlandi.

O‘z navbatida, pedagoglar ushbu yuksak e’tibor va shart-sharoitlar uchun Davlatimiz Rahbariga minnatdorlik bildirib, bunga javoban yoshlarni Vatanga muhabbat va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, Islom dinining asl insonparvarlik g‘oyalarini o‘zlashtirgan va sohada yetuk kadrlarni tayyorlashini ta’kidladilar.

Bo‘lib o‘tgan anjuman diniy ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish, innovatsion va raqamli texnologiyalarni o‘quv jarayoniga tatbiq etish hamda sohada yuqori malakali, zamon bilan hamnafas mutaxassislarni tayyorlashda muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari