Biz yashayotgan bu dunyo – sabablar dunyosidir. Aytiladiki: “Sabablar – qazoning askarlaridir”. Ya'ni, taqdirimizga bitilgan hodisalarning amalga oshishi yoki o'zgarishi aynan sabablarga bog'langandir.
Ulamolar sabablarni ikki turga bo'ladi: uzoq sabablar va yaqin sabablar.
Uzoq sabablarning ikkinchi nomi bu asl sabablardir. Masalan, bir kishining tirik turishining asl sababi Alloh taoloning Razzoqligi, mehribonligi sabab bo'lsa, yaqin sababi kishining dunyoda qilayotgan kasb kori, harakatidir. Shunga ko'ra, har qanday voqea va hodisalar mana shu ikki sabablar asosida yuzaga keladi. Musulmon kishi har ikki sababni ham inkor qilmaydi. Chunki asl sabablarni inkor qilish e'tiqodga taalluqli masaladir. Yaqin sabablarni inkor qilish esa shari'atga ta'na qilishdir.
Modomiki, bugun biz dunyo hayotida yashar ekanmiz, bizga eng yaqin bo'lgan sabablarni amalga oshirib, asl sabablarni chiroyli qilishini Alloh taolodan so'rashimiz lozim bo'ladi. Dunyo hayotining bir maromda, o'z izmida turishi uchun yaqin sabablarni amalga oshirish eng muhim vositadir. Agar yaqin sabablar inkor qilinsa, dunyo hayoti o'z izidan chiqib ketadi.
Bugun yurtimiz tinchligi, xalqimiz xotirjamligi va farovonligining asl sababi Alloh taoloning mehribonchiligi bo'lsa, yaqin sababi boshimizda rahbar etib tayinlangan kishilarning jonkuyarligi, odilona siyosati va fidoyiligidir.
Ayni kunlarda Samarqand viloyatida bo'lib turgan ushbu yirik tadbir ham mana shunday ikki sabablarni o'zida jamlagan bir voqea bo'lib turibdi.
Dunyoning turli davlatlaridan kelgan rahbarlar, mehmonlar va ziyoli kishilar ayni paytda butun dunyo hamjamiyatida dolzarb bo'lib turgan muhim masalalarni hal qilish, dunyoda tinchlik va xotirjamlikni, kishilarning huquq hamda erkinliklarini ta'minlash, davlatlar orasidagi hamkorlikni mustahkamlab boshqa yurt mehmonlari uchun engillik va qulayliklar yaratish kabi bir qator masalalarni muhokama qilib, yaqin sabablarni amalga oshirishmoqda.
Qolaversa, yurtimizda faoliyat olib borayotgan ikki mingdan ziyod masjid xodimlari ham ushbu xayrli ishga o'z hissalarini qo'shish maqsadida xatmi Qur'onlar, hadislarda tavsiya qilingan go'zal duolar bilan, ushbu yaxshiliklarni amalga oshishi uchun asl maqsadlarni chiroyli qilishini Alloh taolodan so'rab turibdilar. Bu esa nihoyatga go'zal uyg'unlikdir. Bu ish esa Alloh taoloning aynan: “Yaxshilik va taqvo yo'lida hamkorlik qiling. Gunoh va dushmanlik yo'lida hamkorlik qilmang” (Moida surasi 2-oyat) oyatiga muvofiq amaldir.
Demak, butun dunyo kishilariga yaxshilikni sog'ingan bir musulmon shaxs sifatida bo'layotgan ushbu tadbirdan faqat va faqat xayriyatlar umid qilamiz. Halqimizning tinchligi, farovonligi va xotirjamligi uchun muhim bo'lgan sabablar amalga oshirilmoqda, deya xursand bo'lamiz. Shuningdek, qo'limizdan kelgan barcha sabablar ila ushbu xayrli ishga hissa qo'shamiz. Mana shu eng to'g'ri va go'zal ish hisoblanadi.
Alloh taolo millatimiz va xalqimiz uchun manfaatli tadbirlardan biri qilsin!
Yorbek Islomov,
Toshkent shahar, Olmazor tumanidagi
“Mevazor” jome masjidi imom noibi
Joriy yilning 19-20 avgust kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi.
Davlatimiz Rahbari tomonidan har jabhada olib borilayotgan yangilanish va islohotlarga hamohang tarzda Diniy idora tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda jami 700 nafar pedagog va soha mutaxassisi, jumladan, 300 nafar ishtirokchi bevosita anjuman zalida, 400 nafar ishtirokchi esa hududlardan videoselektor orqali qatnashadi.
Anjumandan ko‘zlangan maqsad sohadagi istiqbolli rejalarni muhokama qilish, diniy ta’limda pedagogik va kasbiy mahoratni oshirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni yanada keng tatbiq etish hamda diniy ta’limni yangi bosqichga olib chiqishdir.
Dastur doirasida soha rahbarlari ishtirokida tahliliy ma’ruzalar, taniqli professorlar tomonidan mahorat darslari, ilmiy-metodik mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan yaqindan tanishib, Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati