Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Menga uch narsa sevimli qilindi: xushbo'ylik, ayollar va ko'z quvonchim bo'lmish namoz”, deganlar. Payg'ambarimiz alayhissalomning barcha so'zlari kabi bu hadislari ham go'zal xulq namunasidir.
1. Hushbo'ylik – har bir inson tabiati xush ko'radigan narsa. Rasulimiz sollallohu alayhi va sallam jisman ham xushbo'y edilar. Biror ko'chadan o'tsalar, hamma tarafni muattar hid tutib ketar, sahobalar u zot o'tganini bilar edilar. Bir bolaning boshini silasalar, boshqa bolalar uning yonidan keta olmay qolardi. Butun olamdagi go'zal gullar, chechaklar u zotning iforlaridan bahra olardi.
Aqida kitoblarida har bir avliyoning karomati o'z payg'ambarining mo''jizasiga tobe ekani aytiladi. Imom Buxoriy rahimahulloh vafot etganida qabridan xushbo'y taralgani, hatto odamlar qabr tuprog'idan olib ketishgani haqida rivoyatlar bor.
2. “Ayollar menga sevimli bo'ldi”, deganlari ham his-tuyg'u tarbiyasi, pok muhabbat, halol juft bo'lib yashash kabi dunyoviy hayotning asosiy qoidasi namunasidir. Ayollar his-tuyg'uga tezroq va ko'proq beriladi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning ikki ayoli (Oysha va Hafsa) tufayli o'zlariga halol ishni harom qildilar.
Alloh taolodan: “Ey Payg'ambar! Nega xotinlaringizning roziligini istab, Alloh Siz uchun halol qilgan narsani (asalni) harom qilib olursiz!” (Tahrim surasi, 1-oyat) degan tanbeh tushdi. Bu o'rinda Payg'ambar sollallohu alayhi va sallam ayollariga naqadar ko'ngilchan va sevimli bo'lganlari ayonlashadi. U zot hech qachon ayollariga yuzlarini burishtirib qaramaganlar. Ularni “billur qandillar”, deb erkalaganlar. Ko'ngillarini cho'ktiradigan so'z aytmaganlar. “Otalari qazo qilgan qizlarning otasi menman, ularni xafa qilmanglar”, deya qizlarni himoyasiga olganlar. Zero, Rasulimiz sollallohu alayhi va sallam: “Ayollar erkaklarning tug'ishganlaridir”, “Jannat onalar oyog'i ostidadir”, deganlar. Chunki ular zurriyotini yuragi ostida to'qqiz oy asrab, oziqlantirib, so'ng oq suti bilan, so'ng qo'li bilan boqadi. Ayni paytda, erining xizmatida bo'ladi. Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga munosib ummat bo'laman degan er ayolini e'zozlashi lozim.
3. “Namoz – ko'z quvonchim”. Oysha onamizdan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi va sallam vafotlaridan oldin isitma sabab bemajol bo'ldilar. Namoz vaqti kirganida Oyshaga: “Abu Bakrga buyurgin, odamlarga namoz o'qib bersin”, dedilar... Namozga takbir aytilganida: “Meni ko'taringlar, menga yordam beringlar. Namozga chiqib rohatlanmoqchiman. Meni ko'taringlar, namoz hayotimning mazmuni, ko'z quvonchimdir”, dedilar.
Nabiy sollallohu alayhi va sallam oxirgi so'zlarida ham: “Namozni qoim qilinglar! Sizlarga namozni vasiyat qilurman”, dedilar. U zotning ummatlari uchun Yer yuzining barcha pokiza joyi istalgan vaqtda sajdagoh qilingan.
Qiyomatga qadar hayo, yaxshilik, tartib, poklik, muhabbat, rizolik, oqibat degan tushunchalarning oliy maqomlarida Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bizlarga yo'lboshchi ekanlar, u zotga suyukli qilingan ishlar bizga ham sevimli bo'lmog'i kerak.
Abdumutalib OTABAYeV,
Jizzax viloyati “Holid ibn Valid”
jome masjidi imom-xatibi
"Hidoyat" jurnalining 12-sonidan