So'nggi yillarda aqidaparast oqimlar yoshlar ichidagi faoliyatini mehnat migrantlarini ta'sir doirasiga olish, “hujralar” tashkil etish, diniy ekstremistik mazmundagi materiallarni elektron ko'rinishda tarqatish, internet orqali targ'ibot o'tkazish kabi usullarda amalga oshirmoqda.
Vaziyatning bunday tahlikali o'zgarib borishi respublikamizda barcha jonkuyar fuqarolaridan hushyorlik va ogohlikni keskin oshirishlarini taqozo etadi. Tinchlikni saqlash xushyorlik va ogohlikni talab qiladi. Afsuski, hayotimizda sodir bo'layotgan noqonuniy xatti-harakatlarni ko'rib ko'rmaslikka oladigan, tinchlikni saqlash faqat davlatning ishi deb o'ylaydiganlar, farzandlarining tarbiyasi bilan qiziqmaydigan ota-onalar ham borligini qayd etish lozim. Vatan oiladan boshlanadi. Oilada tinchlik bo'lsa, mahalla, qishloq, shahar, viloyat va nihoyat mamlakatda osoyishtalik bo'ladi, yurt ravnaq topadi. Farzandlarimizning ilmiy saviyalari, kasbu-xunarlari bilan axloqiy fazilatlarini ham o'stirib borishimiz kerak. Yosh avlodning turli yot oqimlar ta'siriga tushib qolishini oldini olish to'g'risida g'amxo'rlik faqat hukumatimiz yoki ta'lim muassasalarining vazifasi emas, balki har bir ota-onaning ham muhim burchlaridan biridir.
Farzandlarimizning bo'sh vaqtlaridan unumli foydalanib borishlarini ta'minlab berishimiz va nazorat kilishimiz lozim.
Afsuski, sog'lom e'tiqodni oyoqosti qiladigan va muborak dinimizni o'z manfaati yo'lida qurol qilib olgan kimsalar borligi bugun barchamizni tashvishga solmoqda.Ma'lumki, aqidaparast va buzg'unchi kuchlar xalq ruxiyatini ichdan emirib, halokatga boshlaydi. Jamiyatning hamjixatligini buzadi, xalqni jar yoqasiga olib boradi. Diniy tushunchalardan ustalik bilan foydalanib,odamlarga uning asl mohiyatini buzib ko'rsatadi. Shuningdek xalqning ishonuvchanligidan foydalanib, ommani norozilik kayfiyatida tarbiyalaydi. Yoshlarni esa aldov yo'li bilan o'zining jirkanch quroliga aylantirib, juvonmarg qiladi.
Aqidaparastlar fikricha islom ma'rifatini yoyishning yo'li faqat zo'rovonlikdir. Shu yo'lda ular jangarilarni tayyorlash va qo'poruvchilik bilan insonlarga vahima solish orqali o'z qora niyatlariga etishni maqsad qiladi. Vaholanki, Alloh taolo : “(Ey Muhammad), Robbingizning yo'li (dini)ga hikmat va chiroyli nasihat bilan da'vat qiling! Ular bilan eng go'zal uslubda munozara qiling!..” (Nahl surasi 125-oyat)
Bir hadisi sharifda: “Yoshlikni g'animat biling, qarilik kelishidan oldin”, deyilgan. Shunday ekan, umrni, yoshlikni behuda o'tkazmaslik zarur. Har bir ota-ona o'z farzandini baxtli bo'lishini istaydi. Shunday ekan, kelajakni bugundan belgilash lozim. Hozir dunyoda ruy berayotgan voqea-hodisalardan o'z vaqtida xabardor bo'lishimiz kerak. Shundagina loqayd va befarq bo'lmaymiz. Hushyorligimiz yanada oshadi. Yoshlarimizni yurt bayrog'ini baland ko'taradigan, fidoyi, yurtparvar va elparvar insonlar qilib tarbiyalasak, yurtimiz kelajagi yanada buyuk bo'lishi muqarrar.
Uchqo'rg'on tumani
“Buzrukxo'ja eshon” jome masjidi imom xatibi
Jahongir To'lakboyev
O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyati vakilligida shahar va tumanlar bosh imom-xatiblari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbirni viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov kirish so‘zi bilan ochib, yig‘ilganlarni yaqinlashib kelayotgan Mustaqilligimizning 35 yillik bayrami bilan samimiy muborakbod etdi. Uchrashuvda davlatimiz Rahbarining tegishli Farmoni bilan bir guruh diniy soha xodimlari «Imom Buxoriy» ordeni bilan taqdirlangani yurtimizda ma’naviy-ma’rifiy sohaga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va tarixiy voqea ekani alohida e’tirof etildi.
Yig‘ilishda «Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!» ezgu shiori ostida vohada amalga oshirilayotgan xayrli ishlar, yoshlarni Vatanga sadoqat va milliy-diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash borasidagi faoliyat sarhisob qilindi.
Shuningdek, tadbir davomida imom-xatiblarga quyidagi ustuvor vazifalar yuklatildi:
Ehtiyojmand, boquvchisini yo‘qotgan va yakka-yolg‘iz keksalar holidan muntazam xabar olish;
Oilalar totuvligini mustahkamlash va mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash;
Masjidlar, qadamjolar va qabristonlarni obodonlashtirish hamda tozalik tadbirlarida faollik ko‘rsatish.
Yig‘ilish yakunida diniy soha xodimlarining kelgusi faoliyatiga muvaffaqiyatlar tilandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati