Mo'min-musulmonlar bir-biri bilan ko'rishganda bir-biriga salom berib, o'zaro tinchlik, omonlik tilaydi, Haq taolodan yurtga tinchlik, obodlik so'rab duoi xayrlar, har bir yaxshilik ustida tinchlik bo'lsin deya, yaxshi niyatlar qiladi. Bu, albatta, bejiz emas.
Negaki har bir inson hayoti davomida ezgu maqsad, orzu-istaklariga etish uchun harakat qiladi. Buning uchun unga eng katta tayanch – tinchlik muhitidir. Osoyishtalik hukm surgan oila bardavom va mustahkam, el-yurtning tinchligi esa mamlakat taraqqiyoti, aholi turmush farovonligiga sabab bo'ladi.
Alloh asrasin, oila va yurt notinch bo'lsa, hayot lazzatini tasavvur qilib bo'lmaydi. Hatto kishi biror luqmasini xotirjam yutolmaydi.
Islom dinida tinchlikni ulug'lash komil mo'minlikning muhim belgilaridan hisoblanadi. Tinchlikni qadrlash, osoyishta hayot uchun shukronalik uni saqlab qolish va mustahkamlashning zaruriy shartidir. Dinimiz ta'limotida masalaning bu jihatiga ham alohida e'tibor berilgan.
Qur'on karimda marhamat qilinadi: “Qachon (Biz) insonga (tinchlik, salomatlik, farovonlikni) in'om etsak, u (shukr qilishdan) yuz o'girib, o'z holicha ketur. Qachon unga (xastalik, kambag'allik kabi) biror yomonlik etsa, noumid bo'lur” (Isro surasi, 83-oyat).
Yurtimizda tinchlik-osoyishtalik barqarorligini ta'minlash yo'lida katta ish olib borilmoqda. Shunga ko'ra biz ham tinch, osoyishta va farovon hayotning qadriga etib, uning davomiyligiga o'z hissamizni qo'shmog'imiz lozim.
Tinchlik va xotirjamlik ulug' ne'mat ekanini hammamiz yaxshi bilamiz, ammo uning qadriga etish lozimligini ayrimlar tushunmaydi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam ta'kidlaganlaridek: “Ikki ne'mat borki, ko'pchilik odamlar uning qadriga etmaydi. U sihat-salomatlik va xotirjamlikdir” (Imom Buxoriy va Imom Termiziy rivoyati). Ushbu ne'matlar qaror topgan yurtda xotirjamlik hukm suradi, farzandlar emin-erkin kamolga erishadi, oqibatda, jamiyatda har tomonlama yuksalish va rivojlanish ro'y beradi.
Dinimizda tinchlikka bo'lgan e'tibor nechog'lik katta bo'lish bilan birga bag'rikenglik uning negizidir. Inson o'zidagi ne'matning qadrini uning ustida mulohaza yuritish, undan o'zgalar ham bahramand yoki bebahra ekanini o'ylab ko'rish bilan his etadi.
Barcha ezgu ishlar ro'yobga chiqishining boisi osoyishtalikdir. Shu bois insonlar nafaqat mavjud tinchlikning qadriga etishi, balki unga noshukrlik qilib futur etkazishdan saqlanishi lozim. Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ey, Parvardigor! Dunyo va oxiratda tinch va omonda qilgin” deb qilingan duodan ko'ra afzalroq duo yo'qdir”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Bugungi tahlikali davrda insoniyat uchun tinchlik va xotirjamlik suv va havodek zarur. Farzandlarimiz, yon-atrofdagi kishilarga ushbu ne'matlarning qadriga etib, uni asrab- avaylash zimmamizdagi burchi ekanini tushuntirishimiz lozim.
Qur'oni karimda Ibrohim alayhissalom tilidan Vatanlari haqiga bunday duo qilgan: “Eslang: Ibrohim: “Ey, Rabbim, bu (Makka)ni tinchlik shahri qilgin va uning aholisidan Allohga va oxirat kuniga ishonuvchilarga (turli) mevalardan rizq qilib bergin” (Baqara surasi, 126-oyat). Oyati karimada Haq taolo Payg'ambarimiz alayhissalomga o'tgan payg'ambarlar hayotidan xabardor qilib, ummatlarini ulug' ne'matlar tinchlik va xotirjamlikni qadrlab, asrab-avaylab hayot kechirishga undalmoqda. Ibrohim alayhissalom yashagan davrda Makka tinch shaharlardan bo'lgan. Shunday bo'lsada, tinchliki doimo so'rab duo qilish muhim ekaniga dalolatdir.
Demak, ushbu buyuk ikki ne'mat bardavom bo'lishi uchun insondan shukr va qadrlash, tinchlik hukm surib turgan joyga yana tinchlik so'rab duo qilish dinimizning eng dolzarb talabidir. Ayniqsa, dinimizni niqob qilib, o'zlarining g'arazli maqsadlariga erishishga urinayotgan firqa va oqimlarga qarshi doimo sergak va hushyor turish zarurligini doimo yodda tutmoq lozim.
Qur'oni karimda: “... Ezgulik va taqvo (yo'li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo'li)da hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo'rqingiz! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir”, deya marhamat qilinadi (Moida surasi, 2-oyat). Oyati karimada aytilganidek, ezgu niyat yo'lida va taqvo yo'lida hamkorlik qilish er yuzida tinchlik va xotirjamlikni barqaror bo'lishiga bosh omil bo'ladi.
Bashariyat barcha narsasi: aql-zakovat, mol-dunyo va kuch-quvvatini sarflashiga haqli bo'lgan ushbu ulug' ne'matlar bardavom bo'lishi uchun uning sabablarini ham davomli bajarilishi lozim. Buning uchun insonlar, ayniqsa, yosh avlod, Haq taoloning toatida bo'lishga targ'ib qilish, ma'siyat ishlardan qaytarish, ne'matlarni qadrlash ruhida tarbiyalash lozim. Bu borada har bir inson o'zining burchi va majburiyatlarini yaxshi bilishi va unga qat'iy amal qilishi dinimiz tavsiyasidir.
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Kim oilasi tinch, jasadi salomat va huzurida bir kunlik taomi bor holatda tong ottirsa, unga dunyo to'lig'icha berilibdi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Jahonda ro'y berib turgan notinchlik, kishi dilini xufton qiladigan holatda g'aflatda qolish hech kimning haqqi yo'q. Mamlakat, oila va insonlarni halokat va falokatga uchratadigan eng yomon musibatlardan bu – beparvolik, g'aflat, loqaydlik va shunga oid yomon hislatlardir. Bu ko'zga ko'rinmaydigan illat, kasallikdir desak mubolag'a bo'lmaydi.
Ushbu yomon illatlardan barchamiz xolos bo'lishimiz lozim va lobuddir. Zero, dinimiz beparvolik, g'aflat, loqaydliklardan qat'iy qaytarib, uni ulamolar orqali muaolaja qilishga targ'ib etadi.
Hulosa qiladigan bo'lsak, tinchlik va xotirjamlik amaliy shukr talab qiladigan ne'matlardandir. Uni ado etish barchaning zimmasiga farz. Yoshi ulug' insonlar ushbu ikki ulug' ne'matning mustahkamligini so'rab ko'proq duo qilishi, yoshlar o'zining halol mehnati, Vatanga har jabhada sharaf bilan xizmat qilishga astoydil bel bog'lash bilan bu ne'matning shukrini ado etgan bo'lamiz, inshoalloh.
Alloh taolo yurtimiz tinchligini bardavom, xalqimiz hayotini faravon qilsin.
Isomiddin AHROROV,
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Kadrlar bo'limi mudiri
“Shahid” so‘zi “hozir”, “guvoh”, “o‘z bilganlari haqida xabar beruvchi” ma’nolarini ifodalaydi. Shuningdek, “Shahid” Alloh taoloning ismlaridan biri bo‘lib, “guvohligi ishonchli, har doim hozir bo‘luvchi Zot” degan ma’nolarni anglatadi.
“Shahid” so‘zi umumiy tarzda Allohning yo‘lida halok bo‘lgan shaxsga nisbatan ishlatiladi.
Shahidlik – Allohning roziligi yo‘lida jonini fido qilgan, iymon-e’tiqodi va nomusini saqlash yo‘lida zolim dushman qo‘lida qatl qilingan kishilarga Alloh tomonidan beriladigan darajadir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarida vabodan, ichki kasalliklardan, fojiali falokatdan vafot etganlarni ham shahidlik darajasini topishi xabar berilgan.
Islom dinida shahidlarning martabasi va ularning maqomi alohida qadrlanadi. Biroq ayrim kimsalar shahidlikni urush-janjallar maydonida o‘lgan odam bilan chegaralab qo‘yib, xato tasavvurga ega bo‘lib yurishadi. Zotan, jangu jadalda o‘lish shahidlikka shart qilingan emas!
Ba’zilar esa o‘z-o‘zini o‘ldirib, portlatib yuborishni ham shahidlik deb odamlarni aldaydilar. O‘z-o‘zini o‘ldirish shahidlik emas. Aslida, bu ikki holatsiz ham inson shahidlik martabasiga ega bo‘lishi mumkin. Zero, Habibimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan kelgan hadisi sharifda quyidagilarni ko‘rishimiz mumkin.
Sahl ibn Hunayf roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Allohdan sidqidildan shahidlikni so‘rasa, garchi ko‘rpasida o‘lsa ham, Alloh uni shahidlar martabasiga yetkazadi”, dedilar (Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Imom Termiziy rivoyati).
Imom Termiziy keltirgan rivoyatda: “Kim Allohdan Uning yo‘lida sodiqlik ila, chin qalbdan qatl bo‘lishni so‘rasa, Alloh unga shahidning ajrini beradi”, deyilgan.
Niyatni xolis qilib, jamiyatdan ajralmagan holda, ota-onasi bag‘rida, oilasi davrasida, do‘stu yorlari bilan birgalikda, vataniga xizmat qilib yurib ham shahidlik martabasiga ega bo‘lib, obro‘-e’tibor va yorug‘ yuz bilan dunyodan o‘tayotgan tabarruk shahid zotlar juda ko‘p. Shulardan o‘rnak olishimiz lozim bo‘ladi.
Shahidlik haqida bir qancha shar’iy hukmlar, fatvolar, bayonotlar mavjud.
Avvalo, shuni bilish lozimki, shahidlar ikki xil bo‘ladi:
1. “Shahidi a’lo” – “oliy darajadagi shahid”. Vatan uchun bo‘lgan jangu jadalda, dushmanlar bilan bo‘lgan urushda, Allohning kalimasini oliy qilish uchun bo‘layotgan jihodda o‘lganlar. Shuningdek, o‘z yurtida, o‘z oilasida tinchlik-osoyishtalikda hayot kechirayotganida birov zulm qilib yoki oilasini himoya qilish natijasida qasddan tig‘li asbob (pichoq, bolta, o‘q) bilan o‘ldirib ketsa, u “shahidi a’lo” – “oliy darajadagi shahid” bo‘ladi.
2. “Shahidi hukmiy” – “shahid bo‘lgan deb hukm qilingan”. Jangu jadalda tig‘li asbob (pichoq, bolta, o‘q) bilan yaralanib, urush maydonidan chiqarilgandan keyin o‘lganlar. Bu holatda kasalxonaga olib borilsa, dori-darmon yoki taom yeb-ichsa, namoz vaqti bo‘lganini bilsa, vasiyat qilsa, ana undan keyin vafot qilsa, “shahidi hukmiy” bo‘ladi.
Shuningdek, o‘z yurtida, o‘z oilasida tinchlik-osoyishtalikda hayot kechirayotganida birov tomonidan zulm qilib, qasddan tosh va tayoq (tig‘siz narsalar) kabilar bilan qatl etilganlar yoki bo‘g‘ib o‘ldirib ketilganlar ham “shahidi hukmiy” hisoblanadi.
Taniqli hanafiy olimi Ibn Obidin rahimahulloh “Raddul muhtor”da keltirishicha, gunoh sababli o‘lgan kimsa shahid, deb hukm qilinmaydi. Gunoh oqibatida vafot qilgan odam shahid hisoblanmaydi.
Masalan, nohaq odam o‘ldirayotib, uni ham o‘ldirishsa, u shahid bo‘lmaydi. Begunoh odamlarni o‘ldirib yurgan kimsa jangda o‘ldirilsa, u shahid hisoblanmaydi. Bu xuddi o‘g‘rilik qilayotib, yiqilib o‘lgan kimsaga o‘xshaydi. Aroq ichaverib-ichaverib, aroqqa yorilib o‘lsa, u ham shahid bo‘lmaydi. Birov zino sababli homilador bo‘lib, bola tug‘ayotib o‘lsa, shahid bo‘ldi, deb hukm qilinmaydi. Bu Imom Ramliy rahimahullohning ham qarashidir (Ibn Obidin. “Raddul muhtor”).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qilganlaridek quyidagi kishilar shahidlik maqomiga ega bo‘ladilar. Ammo bular ichida o‘zini o‘zi portlatgan, o‘zgani o‘ldirganlar yo‘q.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Vaboga yo‘liqib o‘lish, suvga cho‘kib o‘lish, qorin og‘rig‘i bilan o‘lish, olovga kuyib o‘lish, ayollar nifos paytida, ya’ni bola tug‘ayotganida o‘lishi ummatimning shahidligidir!” (Imom Suyutiy “Jome’ as-sag‘ir”).
Yoki beshta shahidlikni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam quyidagicha sanaganlar: “Alloh yo‘lida yurganida o‘ldirilgan kimsa shahiddir, qorin og‘rig‘i bilan o‘lgan kimsa shahiddir, o‘latga yo‘liqib o‘lgan shahiddir, suvga g‘arq bo‘lib o‘lgan shahiddir, ayollar tug‘ayotganida o‘lsa shahiddir” (Imom Tabaroniy rivoyati).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shahidlikning yetti turini ham sanaganlar. Ular orasida ham o‘zini o‘zi o‘ldirish yo‘q, musulmonlarni o‘ldirish ham yo‘q: “Shahidlik Alloh yo‘lida yurganda o‘ldirilishdan tashqari yettitadir. O‘latga yo‘liqib o‘lgan shahiddir; qorin og‘rig‘i bilan o‘lgan kishi shahiddir; g‘arq bo‘lib o‘lgan kishi shahiddir; vayronagarlikda qolib ketgan (masalan, zilzilada) kishi shahiddir; zotiljam kasalidan o‘lgan kishi shahiddir; olovda kuyib o‘lgan kishi shahiddir; tug‘ayotib o‘lgan ayol shahiddir” (Imom Nasoiy, Imom Tabaroniy rivoyati).
Xullas, “Durrul muxtor” va “Raddul muhtor” asarlarida quyidagilarni shahidlar qatorida bo‘lishi sanab o‘tilgan:
⏺ Zotiljam kasaliga yo‘liqib vafot etganlar.
⏺ Ilm talabida yurganda o‘lganlar.
⏺ Dushman bilan kurashib o‘lganlar.
⏺ G‘arq bo‘lganlar.
⏺ Olovda kuyib, tasodifan o‘t ichida qolib o‘lganlar (o‘zini yoqqanlar emas).
⏺ Musofirchilikda qiynalib o‘lganlar.
⏺ Devor ostida, zilzilada qolganlar.
⏺ Qorin og‘riq bilan o‘lganlar.
⏺ Bola tug‘ib, nifos qoni ko‘rayotgan ayollar.
⏺ Juma kechasi vafot topganlar.
⏺ Sil kasalidan o‘lganlar.
⏺ Qattiq isitma ta’sirida vafot topganlar.
⏺ Oilasi, mol-dunyosi va qonini himoya qilayotib o‘lganlar.
⏺ Gunoh bo‘lmagan kuchli ishq-muhabbat oqibatida o‘lganlar.
⏺ Yirtqich va vahshiy hayvon yorgani va shoxlagani oqibatida o‘lganlar.
⏺ Podshohning zulmiga uchrab, nohaq qamalgani sababli qamoqda o‘lganlar.
⏺ Zolimlar urib-urib o‘ldirib qo‘yganlar.
⏺ Chayon yoki ilon chaqib o‘lganlar.
⏺ Xolis muazzinlik qilib vafot topganlar.
⏺ To‘g‘riso‘z va halol savdogar bo‘lib vafot topganlar.
⏺ Oilasini ta’minlash maqsadida halol kasb-kor qilib yurganida vafot topganlar.
⏺ Qayt qilish kasaliga mubtalo bo‘lib, kuchli qayt qilaverish oqibatida qiynalib vafot topganlar.
⏺ Eriga rashk qilaverib, bu rashkiga sabr qilib vafot topgan ayollar.
⏺ Har kuni: “Allohumma, barik liy fil-mavti va fiyma ba’d al-mavti!” (“Allohim, menga o‘lganimda ham, o‘lgandan keyin ham baraka ber!”) deb 25 marta aytib yurganlar.
⏺ Har kuni “zuho” – choshgoh namozini o‘qishni odat qilganlar.
⏺ Ramazonda to‘liq va har oy 3 kun ro‘za tutishni odat qilganlar.
⏺ Uyda ham, safrada ham, har kuni vitr namozini kanda qilmaganlar.
⏺ Fisqu-fasod ko‘paygan zamonlarda sunnatlarni mahkam tutganlar.
⏺ Kasal va bemor bo‘lganida 40 marta “Laa ilaha illa anta! Subhanaka, inniy kuntu minaz-zolimiyn” (“Sendan o‘zga iloh yo‘q! Sen juda ham poksan! Men esa o‘zimga zulm qiluvchilardanman!”) deyishni odat qilganlar.
⏺ Vabo, o‘lat kabi kasalliklardan o‘lganlar.
Demak, musulmon banda Alloh taoloning rahmatidan noumid bo‘lishi kerak emas. Inson o‘z uyida, o‘z to‘shagida jon bersa ham, shahidlik maqomiga muyassar bo‘laveradi. Allohning marhamati keng, bandasiga shahidlik maqomini berib ham oxiratdagi martabasini yuksak qilaveradi. Yuqorida ta’kidlanganidek, inson nohaq odam o‘ldirish bilan yoki o‘z-o‘zini qurbon qilish bilan shahid bo‘la olmaydi.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi