Qadimdagi mamlakatlarning holatiga ko'ra chiqarilgan Dorul Islom va dorul kufr atamalari va tushunchalar bugunning voqe'ligiga yuz foiz to'g'ri kela olmaydi. Shunday ekan, mazkur tushunchalarni istalgan joyga tatbiq qilish ham to'g'ri bo'lmaydi.
Chunki, imom Abu Hanifaning ikki izdoshlari Abu Yusuf va Muhammad Shayboniyga ko'ra, dorul islom deganda islom ahkomlari zohir bo'lgan joylar, dorul kufr deganda esa kufr ahkomlari hukmron bo'lgan joylar tushuniladi. Vaholanki, imom Abu Hanifa rahimahullohga ko'ra, biror erni Islom yoki kufr diyori deb atash uchun aynan u erda Islom yoki kufr hukmlarining amalda bo'lishi emas balki, musulmonlarning omonda yoki xavfda bo'lishlari asosdir.
Masala asl-tagi ixtilofli ekan, bu o'rinda birini qo'yib, ikkinchisiga qattiq yopishib olish noto'g'ridir. Ikkinchidan, sohibaynning masaladagi mazhabi Ibn Obidiyn aytganlaridek, qiyosga muvofiq, xolos. Ya'ni, lug'at va mantiq jihatidan ham biror erni Islomga nisbat berish uchun u erda Islom hukmi oshkora bo'lishi lozim edi. Ammo, bu birlamchi qiyos va zehnga mutabodir bo'lib, asl voqe'likni aks ettirmasligi mumkin.
Bu masalada imom Abu Hanifa rahimahullohning mazhablari ko'p olimlar tomonidan e'tirof va qabul etilgan.
Hanafiy faqihlarining fatvolariga tayanib yurtimizni «dorul islom» (musulmon mamlakat) deyishga to'la haqlimiz. Zero, istiqlol shuncha erkinliklar berdi, yuzlab masjidlar ochildi, allomalar nomi tiklandi, ibodat uchun emin-erkin sharoitlar yaratildi. Davlat boshlig'i olib borayotgan siyosatni, nafaqat din sohasida, balki xalq ma'naviyati, iqtisodiyoti, yoshlar kamoloti, mamlakat turmushini engil qilish bo'yicha dasturini butun dunyo o'rganib, e'tirof etmoqda.
Hozirgi paytda paydo bo'lgan oqim va firqalarning da'volari shar'an asossizdir. Islom dini dushmanlari qanchadan-qancha mablag' sarflab, o'z a'zolarini jangarilikka o'rgatib, ularning qo'llariga qurol berib, insoniyatga zid bo'lgan qabih rejalarini amalga oshirishga harakat qilmoqdalar. Ular bilmaydilarki, Alloh haq tomonida va uni O'zi himoya qiladi va aytadiki: «Kimki yomonlik qilsa, o'sha (yomonlik) bilan jazolanur. O'ziga Allohdan o'zga na biror do'st topadi va na biror yordamchi»[1], yana bir oyatda: «Garchi jinoyatchilar yoqtirmasalar-da, Alloh o'z so'zlari (amrlari) bilan haqiqatni ro'yobg'a chiqarur»[2], deydi. Odam uldirish dinimizda ulkan gunohhisoblanib, gunohkor oxiratda jahannam azobiga duchor bo'lishi ta'kidlanadi. Hadisi sharifda payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam: «Mumin kishini haqorat qilish gunoh, u bilan jang qilish esa kufrdir», deb marhamat qilganlar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).
Dinimizda fitna, fasod, g'iybat tarqatish ham ulkan gunohlardan hisoblanadi. Ulug' bobomiz Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadislarida payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam: «Musulmon kishi shunday insonki, uning tilidan va qo'lidan boshqa musulmonlar ozor chekmaydilar», deganlar[3].
Islom dini insonlarni zo'rlab dinga kiritishni yoqlamaydi. Qur'oni karimda: «Dinda zo'rlash yo'q, zero, to'g'ri yo'l yanglish yo'ldan ajrim bo'ldi...»[4], deb marhamat qilingan. Albatta, bu Konstitutsiyamizda ham o'z aksini topgan bo'lib, unda: «Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson xohlagan diniga e'tiqod qilish yoki hech qanday dinga e'tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo'l qo'yilmaydi», deb ta'kidlangan. Ana shunday hamohanglik Konstitutsiyaning deyarli barcha moddalarida sezilib turadi. Unda O'zbekiston hududida yashovchi har bir fuqaroning manfaatlari, xuquq va burchlari qonun asosida belgilab qo'yilgan.
Mo'min-musulmon kishi diniy ishlarida Alloh va rasuliga itoat etmog'i lozimdir. Chunki diniy ishlar ilohiy ta'limotga asoslangan bo'lib, ular faqat payg'ambar orqali bilinadi. Ammo dunyoviy ishlarda esa insonlar hayot tarzlarini bir tartibga solishlari, kelajak ishlarini rejalashtirib olishlari uchun o'z hayotiy tajribalaridan kelib chiqqan holda nizom va qoidalarni joriy qilishlari va unga amal qilib yashashlari hayot uchun zarurdir. Bu haqda Muhammad sollallohu alayhi vasallam: «Men sizlarga faqat diniy ishlaringizni ta'lim berish uchun kelganman, dunyoviy ishlaringizni o'zlaringiz mendan ko'ra yaxshiroq bilasizlar», deganlar. Yana bir hadisi shariflarida: «Men ham bir insondirman, agar sizlarga diniy ishlar bo'yicha biror narsaga buyursam, olingiz, o'z fikrim va ra'yim bilan buyurgan bo'lsam inson ekanligimni hisobga olingiz», deb marhamat qilganlar[5].
Yuqoridagi fikrlardan shuni aytish mumkinki, turli aqidaparast, dinni niqob qilib, siyosiy maqsadlarda foydalanishga urinayotgan guruhlarga qarshi g'oyaviy kurashda, yoshlarimizni islomning ma'rifiy tamoyillari, insonparvarlik va vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash o'ta muhim vazifa hisoblanadi.
Shermuhammad domla Boltayev,
Horazm viloyati, Shovot tumani
Yusuf Hamadoniy jome masjidi imom-xatibi
[1] Abdulaziz Mansurov. Qur'oni karim ma'nolar tarjimasi va tafsiri – T.: “O'zbekiston islom universiteti” 2018. Niso surasi 123-oyat.
[2] Abdulaziz Mansurov. Qur'oni karim ma'nolar tarjimasi va tafsiri – T.: “O'zbekiston islom universiteti” 2018. Yunus surasi 82-oyat.
[3] O'sha asar. –B.255.
[4] Abdulaziz Mansurov. Qur'oni karim ma'nolar tarjimasi va tafsiri – T.: “O'zbekiston islom universiteti” 2018. Baqara surasi 256-oyat.
[5] O'sha asar. –B.256.
Halollik va rostgo‘ylik insonning shaxsiy fazilatlari bo‘lish bilan birga, oila mustahkamligi, jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy munosabatlarning barqarorligini ta’minlaydigan muhim milliy, diniy, ma’naviy-axloqiy qadriyatlardir.
Islom dinida halollik va rostgo‘ylikka inson hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi muhim tamoyillar sifatida qaraladi. Halol va haromni farqlash, shubhali ishlardan saqlanish, o‘zgalarning haq-huquqini poymol qilmaslik, rostgo‘y va adolatli bo‘lish insonning nafaqat shaxsiy kamoloti, balki jamiyat oldidagi mas’uliyatini ham belgilaydi.
Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ko‘plab hadisi shariflarida insonlarni halollik va rostgo‘ylikka da’vat qilish, har doim halol bo‘lishga undash, aldov va yolg‘on guvohlik berishdan qaytarishga alohida e’tibor qaratilgan. Zero, halollik va rostgo‘ylik insonning ma’naviy kamolotini, imoni mustahkam va axloqi go‘zalligini namoyon etuvchi eng muhim fazilatlardir. Harom va yolg‘on esa nafaqat shaxsning obro‘si va unga ishonchini yemiradi, balki jamiyatda o‘zaro ishonchsizlik, adovat va nizolar kelib chiqishiga ham sabab bo‘ladi.
Alloh taolo "Nahl" surasining 105-oyatida bunday marhamat qilgan: “Yolg‘on so‘zlarni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to‘qiydilar. Aynan o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchilardir”.
Bu o‘rinda yolg‘onning qanchalik og‘ir ma’naviy illat ekani bayon qilinib, uning Allohning oyatlariga munosabat bilan bog‘liq jihati ko‘rsatib berilyapti. Oyatning nozil bo‘lish sababi Makka mushriklarining Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan turli asossiz da’volarni ilgari surgani, jumladan, u zotni yolg‘onchilikda ayblaganidir. Ular Qur’oni karimni go‘yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari to‘qib chiqargani to‘g‘risida asossiz da’volarni ilgari surgan. Qur’oni karim esa bunday iddaolarni ochiq-oydin rad etgan.
Aslida yolg‘onni faqat imonsiz kishilargina to‘qiydi. Chunki, mo‘min kishi yolg‘onni katta gunoh deb biladi. Yolg‘on sababli qiyomatda azobga qolishdan qo‘rqadi. Shuning uchun har qanday vaziyatda rostgo‘y bo‘lishga intiladi. Hatto o‘z manfaatiga zid bo‘lgan holatlarda ham haqiqatni aytishni afzal biladi. Zero, haqiqiy imon insonni faqat ibodatlarga emas, balki yuksak axloqiy fazilatlarga ham undaydi.
Islom ta’limotida halollik va to‘g‘riso‘zlik maqtalgan, yolg‘on gapirish va haqiqatni yashirish keskin qoralangan. Jumladan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Nabiysollallohu alayhi vasallam:“Rostgo‘ylikni o‘zingizga lozim tutingiz (rostgo‘y bo‘lingiz)! Chunki, rostgo‘ylik yaxshilikka yetaklaydi, yaxshilik esa jannatga yetaklaydi. Kishi doim rost gapirsa, Allohning huzurida “siddiq” (o‘ta rostgo‘y) deb yozib qo‘yiladi. Yolg‘ondan saqlaning! Chunki, yolg‘on fojirlikka (gunoh va buzuqlikka) yetaklaydi, fojirlik esa do‘zaxga yetaklaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa, Allohning huzurida “kazzob” (o‘ta yolg‘onchi) deb yozib qo‘yiladi”, dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rostgo‘ylik va yolg‘onchilikning inson axloqi, ma’naviy hayoti va oxiratiga qay darajada ta’sir qilishini ochiq tarzda bayon qilib beryaptilar. Hadis mazmunidan anglashiladiki, insonning jannatga yoki do‘zaxga tushishida uning tili, ya’ni rostgo‘yligi yo yolg‘onchiligi hal qiluvchi omillardan ekan.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam halol va harom o‘rtasidagi shubhali narsalardan saqlangan kishi dini va obro‘yini pok saqlashi borasida bunday marhamat qilganlar: No‘’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha,“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlarini eshitdim: “Halol ham aniq, harom ham aniq. Ularning o‘rtasida shubhali narsalar bor. Ko‘p odamlar buni bilmaydi. Kim shubhalardan saqlansa, dini va obro‘yini pok saqlaydi...” (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu o‘rinda Nabiy sollallohu alayhi vasallam insonlarni ehtiyotkorlik va poklikka da’vat etmoqdalar. Chunki, halollik tamoyillariga amal qilgan inson hayotning har bir jabhasida, jumladan, so‘zida, oilaviy munosabatlarida, ta’lim olishda, mehnat faoliyatida va jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarida adolat, poklik va rostgo‘ylikka intiladi. O‘zgalarning haq-huquqlarini hurmat qiladi, birovning mol-mulki yoki mehnatining mahsuliga tajovuz qilmaydi, aldov, xiyonat va manfaatparastlikdan uzoq bo‘lishga harakat qiladi. Bunday fazilatlar insonning shaxsiy obro‘-e’tiborini yuksaltirish bilan birga jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini mustahkamlaydi.
Muxtasar qilib aytganda, halollik va rostgo‘ylik ijtimoiy hayotning barqarorligini, insonlar o‘rtasidagi ishonch va jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi muhim ma’naviy-axloqiy asosdir. Islom ta’limotidagi halollik, rostgo‘ylik, adolat va omonatdorlikka oid ko‘rsatmalar bu qadriyatlarning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Har bir inson o‘z hayoti va faoliyatida halollik, rostgo‘ylik, adolat va vijdonlilikni ustuvor tamoyilga aylantirsa, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish imkoniyati ortadi.
Yo‘ldoshxon Isayev, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati