Alloh taolo marhamat qilib aytadiki: «Ey iymon keltirganlar! Allohga itoat qiling, Payg'ambarga va o'zingizdan bo'lgan ishboshilarga itoat qiling» (Niso surasi 59 oyat).
Ibn Jarir ibn Zayddan u kishi esa otasidan «ishboshilar»ning tafsirida «ular sultonlardir» deb tushuntirganini rivoyat qilgan. (Imom Suyutiy. ad-Dur-rulmansur fit-tafsir bil-mansur. 4 – J. 504 – B. Qohira 2004).
Sa'id ibn Mansur, ibn Abu Shayba, Abd ibn Hamid, ibn Jarir, ibn Munzir va ibn Abu Hotamlar Abu Hurayra roziyallohu anhuning: «ular sizlardan bo'lgan amirlar», deb izoh berganini rivoyat qilishgan. Yana bir lafzida esa «ular qo'mondonlar», deb aytilgan. (Imom Suyutiy. ad-Dur-rulmansur fit-tafsir bil-mansur. 4 – J. 504 – B. Qohira 2004).
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: «Musulmon kishi gunohga buyurgan holatidan boshqa paytlarda, suygan va suymagan barcha ishlarda, (rahbarlarga) quloq solib, itoat etishi vojibdir. Gunoh ishga buyurilsa quloq ham solmaydi, itoat ham etmaydi» (Muttafaqun alayh). «Hokimning so'ziga quloq solish va unga itoat qilish har bir musulmonga vojibdir. Hoh uning tabiatiga to'g'ri kelsin yo kelmasin, baribir. Shu sharti bilanki, gunohga buyurmagan bo'lsa bas. Agar hokim gunohga buyursa unga itoat qilish joiz bo'lmaydi. Lekin shunday bo'lsa-da, unga qarshi urush qilish ham joiz emas! Imom Navaviy Muslimning sharhida aytgan: «Faqihlar, ahli hadislar va mutakallimlardan iborat ahli sunnaning jumhuri aytganki: «boshliq fosiqlik, zulm va haq-huquqlarni poymol qilishi bilan mansabidan bo'shatilmaydi, unga qarshi chiqish joiz ham bo'lmaydi. Balki, unga va'z-nasihat qilish, Alloh taolodan qo'rqitish vojib bo'ladi» (Tuhfatul-ahvaziy. 5 – J. 298 — B).
«(Rahbarlariga) bo'lgan itoatdan voz kechgan kimsa, Alloh taologa hujjati bo'lmagan holatida duch keladi» (Imom Muslim rivoyati).
«Fatvolarda aytgan: har bir fuqaro rahbarga itoat qilishga (shar'an) buyurilgandir. Agar (rahbarning amri) shariatga muovfiq bo'lsa bajon-u dil itoat qilinadi. Agar shariatga muvofiq bo'lmaganda unga qarshi isyon ko'tarish katta fasodga olib borish ehtimoli bo'lsa, bu holatda ham itoat qiladi. Chunki kattaroq zarardan xalos bo'lish uchun kichikroq zararga qo'l uriladi. Shuningdek, bir-biridan tafovutli har qanday ikki fasod ishda ham shu qoida bo'yicha ish ko'riladi. Chunonchi «Ashboh»da shunday deyilgan». (Bariqa. 1 – J. 83 – B. Dor al-Hilofa al-Aliyya. 1324).
Rahbarlarga qarshi chiqish va ularni tashlab qo'yish haromdir.
Bunga bizning hujjatlarimiz bor. Zero Uboda ibn Somit raziyallohu anhu shunday rivoyat qilgan: «Bizni Rasululloh sollallohu alayhi va sallam chaqirib, bay'at (sadoqat) oldilar. Bizdan bay'at olgan narsalar ichida quvonchli va og'ir, qiyinchilik va farog'at zamonlarda (rahbarlarga) quloq solib, itoat etish, muhtoj bo'lgan narsalarimizni ham fido qilish, ishning arbobi bilan Robbimizdan ochiq hujjat bo'lgan kufrni ko'rsaggina tortishish bor edi» (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Sizlar mendan keyin (rahbarlaringizdan) ko'plab yoqtirmaganingiz ishlar va xudbinliklarni ko'rasizlar», — dedilar. (Sahobalar): (U zamonda) nima qilishimizga buyurasiz, yo Rasululloh?, — dedilar. Rasululloh sol-lallohu alayhi va sallam: «Ularga haqlarini berib, o'z haqlaringizni Allohdan tilanglar!» — deb javob berdilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Yuqorida taqdim qilingan dalillar shuni ko'rsatib turibdiki odil podsholar, hokimlar va jamiki rahbarlar musulmonlar manfaatini ko'zlab siyosat yurgizar ekan, manfaat diniy bo'ladimi yoki dunyoviy bulardan qat'iy nazar, ularga itoat qilish, buyruqlarini Alloh va Rasulining buyrug'i kabi tan olish ahli sunnat aqidasiga ko'ra, islom nuqtai nazaridan farzdir!
Manbalar asosida Usmanov Orifxon tayyorladi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
1. Jannatda yoshimiz 30 yoki 33 yosh bo‘ladi (Iso alayhissalom yoshi kabi) va biz qarimaymiz.
2. Jannatdagi bo‘yimiz 60 ziro’ bo‘ladi (Odam alayhissalom bo‘yi kabi. Bir ziro’ taxminan 64 sm).
3. Har juma kuni qiyofamiz yanada go‘zallashib boradi va bu go‘zallik cheksiz ravishda ortib boradi.
4. Jannat ahli Allohning roziligiga erishadi va Uning jamolini ko‘rish baxtiga muyassar bo‘ladi. Bu – jannatning eng ulug‘ ne’matlaridan biridir!
5. Jannat ahlining jismoniy sifatlaridan: ular “jarad” (ya’ni, yuz va tanalarida ortiqcha soch bo‘lmaydi), ko‘zlari esa surma surtilgandek go‘zal bo‘ladi.
6. Jannat ahli saroylarda taxtlarda yonboshlab o‘tiradi, ostida daryolar oqib turadi. Jannatda Firdavsdan boshlanuvchi ko‘plab daryo va buloqlar mavjud.
7. Jannatda inson istagan barcha narsalar – yegulik, ichimlik, hayvonlar, turli qushlar bor. Mo‘min kishi xohlaganicha lazzat oladi.
8. Ayollar esa yoqut va marjon kabi, go‘yoki yashirin durlardek go‘zal bo‘ladi. Ularga abadiy yoshlik va hech qachon ko‘rilmagan go‘zallik beriladi. Boshlarida tojlar, kiyimlari ipakdan bo‘ladi.
9. Jannatning binolari oltin va kumushdan, tuprog‘i esa mushk va za’farondan, toshlari esa dur va yoqutdan bo‘ladi.
Alloh barchamizni jannat ahlidan qilsin
Homidjon qori ISHMATBЕKOV