Sabablari ko'p...
Nega erkaklar o'z joniga qasd qilishmoqda? Oila boshlig'ining hayotdan to'yishiga sabab nima? Ba'zilar uni oilaviy mojarolar bilan bog'laydi. Afsuski sabab faqat shu emas, uning omillari juda ko'p.
Butun dunyodagi holat shu...
Dunyodagi barcha o'z joniga qasd qilishlarning to'rtdan uch qismi erkaklar o'rtasida sodir bo'lmoqda. Afsuski, yurtimizda ham o'z joniga qasd qilish holatlari ko'proq erkaklar bilan yuz bermoqda, ya'ni ayollarga nisbatan erkaklar ko'proq suitsidga qo'l urmoqda.
Muammoning ildizi qayerda?
Asosiy sabab – oiladagi noto'g'ri tarbiyaga borib taqaladi. Farzand tarbiyasiga befarq, har kuni urush-janjal, ichkilikbozlik bo'ladigan oilalarda ulg'ayganlar orasida o'z joniga qasd qilish holatlari ko'proq kuzatiladi.
Bola tarbiyasi uchun faqat Ona mas'ul(mi)...
Afsuski aksar oilalarda farzand tarbiyasi bilan faqat onalar shug'ullanadi va shunga mas'ul sanaladilar. Barcha mashaqqatlar ojizalar zimmasiga yuklanadi. Otaning vazifasi esa pul topish, ro'zg'orni bus-butun qilish, xullas oilani faqat moddiy tarafdan ta'minlashi kerak degan noto'g'ri tushuncha keng tarqalgan.
Agar farzand ota mehri va e'tiborisiz ulg'aysa....
O'g'il bolaning erkaklik fazilatlarining shakllanishida otaning o'rni beqiyos. Chunki har bir o'g'il bola o'z otasini qahramon deb biladi. Farzand uchun hayotidagi eng mukammal inson bu uning otasidir.
Hayotidagi qahramonidan namuna olmagan farzand jamiyatda o'z o'rnini topishga, maqsad sari intilishga, mashaqqatlarni engib o'tishga, sinovlarda sabrli va irodali bo'lishga qiynaladi. Bunday vaziyatlardan qanday qutilishni, musibatlani engishni, kimdan maslahat olishni yoki kimga ergashishni bilmay qoladi.
Og'ir kunlarda yaqinlarining, xususan, otasining qo'llab-quvvatlashini, dalda bo'lishini, tasalli berishini, ishonchini kutadi. Afsuski bu bo'shliq ayrim otalar tomonidan to'ldirilmaydi.
“Kuchli portlash”ga olib keladi
Aksincha juda ko'p otalar farzandiga beradigan yagona tasallisi: “sen o'g'il bolasan”,“o'g'il bola yig'lamaydi”, bo'ladi. Nahotki, o'g'il bola yig'lamasa yoki unga yig'lash mumkinmas bo'lsa?
Yo'q, aslo. Aslida o'g'il bola ham o'z muammolari yoki hissiyotlari sababli yig'lashi mumkin. Aksincha kechinmalarni ichga yutish bir kun kelib “kuchli portlash”larga sabab bo'ladi. Shu tariqa muammolar bartaraf etilishining o'rniga, farzand o'z yog'iga yanada battar qovuriladi.
“Jonimga tegdi”
Erkak kishi bir kunda o'z joniga qasd qilish qaroriga kelmaydi. U yoshlikdan muammolar girdobidan chiqa olmagan, o'zini hatto ota-onasiga ham kerakli deb his qilmagan bo'ladi. Hayotda o'z o'rnini topishga, muammolarini echishga harakat qiladi. Ammo hech kimdan dalda topa olmaganidan keyin shu qarorga keladi. Ungacha ancha bosqichlarni bosib o'tgan, lekin hech kim unga e'tibor bermagan bo'ladi. “Hammasi jonimga tegdi”, “Yashagim kelmayapti”, “Eplolmayapman” degan gaplarini esa afsuski yaqinlari “eshitmagan” bo'lishadi.
Tushkunlik – tashvish keltiradi
Shu tariqa erkak kishi muammolar, musibatlar yoki qiyinchiliklarining echimini topa olmay ichini kemiradi. Birov uni eshitmaydi yoki tasalli bermaydi. Natijada yana bir tashvish – kasallikka chalinadi.
O'lim – so'nggi chora emas
Og'ir vaziyatlarda muammolar echimsiz tuyuladi. Bunday holatda ba'zilar muammoning echimini topishga harakat qilmaydi, balki muammoni og'irlashtirni o'ylaydi. Masalan, qarzga botgan yoki ishi yurishmay turgan bo'lishi mumkin. Ayrimlar ushbu muammolarning “echimi”ni – o'lim deb bilishadi.
Musibatlar hech kimni chetlab o'tmaydi, ayab o'tirmaydi ham...
Hamma gap unga munosabatda, uni qanday qabul qilishda. Siz uchun dunyo zimziyo, qorong'imi? Sabrli bo'ling, tong otishiga oz qoldi, quyosh ham hademay charaqlab chiqadi!
Qarzga yoki g'amga botgan bo'lsangiz
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalaridan biriga: “Alloh g'amlaringni ketkazadigan va qarzlaringni uzadigan kalimalarni o'rgatib qo'yaymi?” dedilar. “Ha, yo Allohning Rasuli!” dedi u. Nabiy alayhissalom: “Tong otganda va kech kirganda: Allohim! Sendan g'am bosishidan, mahzunlikdan, ojizlikdan, dangasalikdan, qo'rqoqlikdan, baxillikdan, qarzga botishdan va odamlarning g'olib kelishidan panoh so'rayman, degin”, dedilar.
Barcha muammolar echimi, baraka kaliti
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim istig'for aytishni o'ziga lozim tutsa, Alloh uning mushkulini kushoyish qiladi, og'irini engil qiladi va o'zi o'ylamagan tomondan rizq beradi”, deganlar.
Hali hammasi yaxshi bo'ladi...
Agar solihlarning amal qilishida bellasha olmasangiz, gunohkorlarning istig'for aytishida musobaqalashing! Shunda hammasi yaxshi bo'ladi, insha Alloh.
Davron NURMUHAMMAD
Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».
Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.
Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:
– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.
– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...
– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.
Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.
– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.
– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.
Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.
Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.
Akbarshoh RASULOV