Ogohlik – davr talabi
Bugun “soxta salafiylar” degan ibora qulog'imizga ko'p chalinyapti. Aslida “salaf” so'zi “avval yashab o'tganlar”, “ajdodlar” degan ma'nolarni anglatadi. Bu so'zga “soxta” kalimasi qo'shilishi kishini sergak torttiradi.
So'nggi yillardagi “salafi solihlarga ergashish” shiori ostida qarashlarida haddan oshayotgan toifa paydo bo'ldi. Ularning bosh g'oyasi – har bir ishni salaflarga xos joriy qilish. Ammo tutgan yo'li va targ'ibot usullari buning ziddini ko'rsatmoqda.
Bu oqim XVIII asrda yashagan najdlik Muhammad ibn Abdulvahhobning mutaassibona g'oyalariga tayanadi. U esa, aslida, ilk ekstremistik tashkilot – xorijiylik aqidasidir.
Shunga ko'ra, ularnazdida, musulmonlar uchun haqiqiy najot Qur'on va hadisni mahkam tutish bo'lib, har qanday ko'rinishdagi mazhab bu maqsadga erishishda xalaqit beradi. Ular ortiqcha. Ulardan voz kechish lozim.
Ular shu tariqa barcha musulmonlarni Qur'on va hadisni o'rganib, o'z aqli va iqtidori doirasida amal qilishga, ijtihod qilishga chaqiradi. Imom Ahmadning: “Kim dinda taqlid yo'q desa, Alloh va Uning rasuli oldida fosiqdir. Uning so'zi sunnat va salafi solihlar qarashlarini rad qilishdir”, – degan ta'rifi, bizningcha, ushbu qarashga o'rinli raddiya hisoblanadi.
“Soxta salafiylar” dunyoning qayeriga qadam bosmasin, o'sha er jaholat, ixtilof va tashvishlar makoniga aylanadi. Zero, ularning yo'li ahli sunna val jamoaning ham, sahobalar va tobeinlarning ham yo'li emas. Bu – isbotlangan haqiqat.
HIH asrning mashhur olimi, hindistonlik mujtahid Muhammad Siddiq Hasan Qinnavjiy (1832–1890) “soxta salafiylar” haqida “Taqlidul aimma” asarida shunday yozadi: “Hozirgi kunda bir riyokor va shuhratparast guruh paydo bo'lgan bo'lib... o'zlarini eng taqvodor hisoblab, boshqalarni mushriklikda ayblamoqda. Aslida, ularning o'zi eng mutaassib va dinda chuqur – g'uluv ketganlardir. Ularning ishi dindan emas”.
Shayx Muhammad Said Ramazon Butiy esa “salafiylik” degan guruhga mansub bo'lishning o'zi bid'at” ekanini alohida ta'kidlagan.
“Soxta salafiylar”:
Demak, biz bugun har qachongidan ham hushyor bo'lishimiz, yoshlarni turli buzg'unchi oqimlar ta'siridan asrashimiz shart. Tarixning achchiq sabog'i shuni ko'rsatadiki, agar yana beparvo bo'lsak, har ishi soxta bo'lgan soxta salafiylar kirdikorlarini, nayranglarini boshlab yuborishadi.
Mansur O'ROLOV,
Toshkent shahridagi “No'g'ayqo'rg'on” jome masjidi imom-xatibi
Raddiya: Islomda peshvolikni da’vo qiladigan guruh va oqimlar dindagi ayrim tushuncha va so‘zlarni g‘arazli maqsadlari yo‘lida buzib, noto‘g‘ri talqin qilishi hammaga ma’lum. Ular shu orqali musulmonlar hissiyotiga teginish, o‘zlariga tobelarni ko‘paytirish, dindor va ilmli bo‘lib ko‘rinishga harakat qiladi. “Tog‘ut” so‘zi ular ko‘p ishlatadigan, insonlarni, ayniqsa hukmdorlarni ayblashda qo‘llaydigan tushunchalardan biri. Aslida u nima? Qanday ma’nolarda ishlatiladi? Kimlar tog‘ut bo‘lishi mumkin?
“Tog‘ut” lafzi “tug‘yon” so‘zi bilan o‘zakdosh bo‘lib, Alloh belgilab qo‘ygan chegaradan chiqishga, kufrda haddan oshishga, isyon qilishga nisbatan ishlatiladi. Islomda Allohning yo‘lidan boshqa yo‘l “tog‘ut” deyiladi. Tog‘utning kattasi Shaytondir.
“Tog‘ut” kalimasi Qur’oni karimning sakkiz joyida zikr qilingan bo‘lib, ulamolarimiz uni turlicha tafsir qilgan. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu, Imom Sha’biy, Imom Zahhok “Tog‘utdan murod – Shayton” degan. Imom Abu Oliya va Muhammad ibn Sirin tog‘ut sehrgar va folbin ekanini aytgan.
“Tafsiri Jalolayn”da tog‘ut so‘zi tafsiriga murojaat qilaylik: “Kim tog‘utga kufr keltirib, Allohga iymon keltirsa, batahqiq uzilmaydigan mustahkam tutqichni ushlagan bo‘ladi” (Baqara surasi, 256) va “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir. Ularni nurdan zulmatlarga chiqarurlar” (Baqara surasi, 257) oyatlarida tog‘utlar – but-sanamlar va Shayton, “Kitob (Tavrot)dan nasibador bo‘lganlarning “Jibt” va “Tog‘ut”ga sig‘inishlarini va kofirlarga “Shular mo‘minlardan ko‘ra to‘g‘riroq yo‘ldadir” deyishlarini ko‘rmadingizmi?!” (Niso surasi, 51) oyatida – Jibt va Tog‘ut Quraysh qabilasidagilarning ikki sanami, “O‘zlarini, Sizga nozil qilingan (Qur’on) va Sizdan oldin nozil qilingan (ilohiy kitoblar)ga iymon keltirgan, deb hisoblaydiganlarning hukm so‘rab, Tog‘ut huzuriga borishni xohlayotganlarini ko‘rmadingizmi?” (Niso surasi, 60) oyatidagi tog‘ut kufrda haddan oshgan, tug‘yonga ketgan Ka’b ibn Ashraf, “Kofirlar (esa) Tog‘ut yo‘lida jang qiladilar” (Niso surasi, 76-oyat) va “Kim Allohning la’natiga uchragan, g‘azabiga duchor bo‘lgan, maymun va cho‘chqaga aylantirilgan va tog‘utga ibodat qilgan bo‘lsa, ana o‘shalar yomon martabadagi va to‘g‘ri yo‘ldan butunlay adashgan kimsalardir” (Moida surasi, 60) oyatlarida ular Shayton, “Batahqiq, Biz har bir ummatga: “Allohga ibodat qiling va tog‘utdan chetlaning” deb payg‘ambar yuborganmiz” (Nahl surasi, 36-oyat) va “Tog‘utdan, unga ibodat qilishdan chetda bo‘lganlarga va Allohga qaytganlarga xushxabar bor” (Zumar surasi, 17-oyat) oyatlarida ham ular Shayton deb nazarda tutilgan.
Alloma Ibn Atiyya aytadi: “Ba’zi olimlar: “Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘utdir”, degan”. Fir’avn, Namrud va o‘zini iloh deb e’lon qilganlar va ibodat qilinadigan but-sanamlar tog‘ut deyiladi.
Muqotil roziyallohu anhu “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir” oyatidagi tog‘utni Ka’b ibn Ashraf va Huyay ibn Axtab deb tafsir qilgan. U ikkisi islom va musulmonlarga adovati cheksiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ko‘p aziyat bergan, musulmonlarga qarshi urushga juda ko‘p da’vat qilgan yahudiylardan edi.
Imom Navaviy aytadi: “Lays, Abu Ubayda, Kisoiy va ko‘pchilik tilshunoslar: “Tog‘ut – Alloh taolodan boshqa ibodat qilinadigan narsa”, degan”.
Shayx Muhammad Amin Shinqitiy: “Haqiqat shuki, Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘ut, eng katta tog‘ut esa Shaytondir”, deydi.
Tog‘ut so‘zining ma’nosi haqida buyuk mufassir Imom Tabariy “Jomi’ul bayon” tafsirida: “Fikrimcha, tog‘ut haqida to‘g‘ri gap shuki, tog‘ut Allohga tug‘yon qilib, Uni tark etib, Undan o‘zgaga ibodat qilingan narsadir. O‘sha ma’bud inson, shayton, but va boshqa narsalar bo‘lishi mumkin”, deydi.
Mufassir olim Hasan Tahsin Fayzli “tog‘ut” so‘zini “Allohdan uzoqlashtiradigan, uning amrlarini bajarishni man etadigan kimsalar”, deb izohlagan.
Demak, sahobai kiromlar, tobeinlar va ulamolarimizning so‘zlaridan tog‘ut kalimasi shayton, sehrgar, folbin va Allohdan boshqa ibodat qilinadigan har qanday narsa ekani ma’lum bo‘lmoqda.
Afsuski, hozirgi kunda ba’zi toifalar musulmon rahbarlarni tog‘ut deb atab, ularni osongina kofirga chiqarmoqda. Ularning uslubi xavorijlarnikiga o‘xshaydi. Ular arzimas narsalar tufayli iymonli odamni kofirga chiqarib, qonini halol hisoblab, qanchadan-qancha beayb musulmonlar umriga zomin bo‘lmoqda, islomning pok nomiga dog‘ tushirib, asl mohiyat va tamoyillarini yot va buzg‘unchi g‘oyalardan iborat fitnalar soyasiga tushirib qo‘ymoqda.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi