Dengizda suzib borayotgan bir kema to'lqinga bas kelolmay g'arq bo'libdi. Faqat to'rt kishigina omon qolibdi. To'lqinlar ularni kimsasiz orolga olib borib qo'yibdi.
Uch kun o'tgach ulardan biri osmondan oltin ham, kumush ham yog'masligini tushunib etgach to'lqinlarni engib o'tishga yaraydigan kichkina qayiq yasashga kirishibdi.
Uning taklifi ikkinchi odamga ham yoqibdi va qayiq yasashga yordamlashibdi.
Uchinchi kishi esa yasalgan qayiq to'lqinlar orasiga kirib oldingi kema kabi to'ntarilib ketishidan qo'rqib joyida o'tiraveribdi, qutqaruv vertalyotlari kelguniga qadar kutishni ma'qul ko'ribdi.
To'rtinchi kishi esa bu oliy intilishni mazah qilibdi, mensimabdi. Bunday harakatlar fikrlashiga ta'sir qilmasligi uchun ulardan uzoqqa ketib qolibdi.
Ikki kun o'tib birinchi va ikkinchi odam to'lqinlardan kechi o'tib, qirg'oqqa etib borishibdi.
Yana ikki kun o'tib qutqaruv vertalyotlari orolga etib borib, uchinchi odamni qutqarishibdi.
Oradan bir oy o'tar-o'tmas jahon miqyosidagi shirkatlardan biri birinchi kishining qarashlarini ma'qullab uni ishga taklif qilishibdi va katta odam bo'lib ketibdi
Haligi orolda qayiq yasashda yordamlashgan ikkinchi kishini ham esdan chiqarmabdi, uni o'ziga sherik qilibdi. Ikkovlari ham muvaffaqiyatli kishilarga aylanishibdi.
Uchinchi kishi esa hayotini oddiy suratda o'tkazibdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda bu xabarni eshitgan bir donishmand odam voqeaga quyidagi to'rtta gap bilan kommentariya yozibdi:
“Buyuklar imkoniyatlarni yuzaga keltiradilar. Muvaffaqiyatlilar uning qimmatini ko'taradilar, baland baholaydilar. Oddiy odamlar uni qilishdan qo'rqadilar. Muvaffaqiyatsizlar esa uning ustidan kuladilar!”.
Kunlar o'tib birinchi odam tarixga kiribdi, ikkinchisi muvaffaqiyatli hayot kechiribdi, uchinchisi kunlarini xuddi quyosh chiqib-botishi kabi oddiy o'tkazibdi, to'rtinchisi esa hali hanuz qidirilmoqda ekan!
Endi savol: siz bulardan qaysi birisiz?
Doktor Hasson Shamsi Poshoning "Metin qoyalar" kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Ne'matulloh Isomov tarjimasi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».
Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.
Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:
– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.
– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...
– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.
Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.
– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.
– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.
Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.
Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.
Akbarshoh RASULOV