Vatanimiz o'z erkiga ega bo'lib taraqqiyot sari odimlab borar ekan, afsuski, atrofda halqimiz tinchligi va ravnaqiga chiday olmaydigan "yovuz" kuchlarning ham halovati yo'qolib borayapti.
Natijada esa turli tuman ig'vo tarqatishib aholimiz orasida fitna qilishmoqda.
Minbarda turib jamoatni itoatga chaqirgan imomlar va boshqa ahli ilmlarni "saroy ulamolari, kufr malaylar" degan bo'hton bilan ayblashayapti.
"Aqidatut-tahoviya"da mavzuga oid matnlar bor.
Imomlarimiz, boshliqlarimiz garchi zulm qilsalarda, ularga qarshi chiqishni haq deb hisoblamaymiz. Ulardan birortasini qarg'amaymiz. Ularga bo'ysunishdan bosh tortmaymiz.
Ular modomiki ma'siyatga amr qilishmas ekan, ularga itoat qilishni Allohga itoat qilish o'laroq "farz" deb bilamiz.
Ularning haqqiga salohiyat, muvaffaqiyat va salomatlik so'rab duo qilamiz.
Imom Abu Ja'far at-Tahoviy.
Alloh taolo “Niso”surasi 59-oyatda shunday marhamat qiladi:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا أَطِيعُوا اللَّهَ وَأَطِيعُوا الرَّسُولَ وَأُولِي الْأَمْرِ مِنْكُمْ ۖ فَإِنْ تَنَازَعْتُمْ فِي شَيْءٍ فَرُدُّوهُ إِلَى اللَّهِ وَالرَّسُولِ إِنْ كُنْتُمْ تُؤْمِنُونَ بِاللَّهِ وَالْيَوْمِ الْآخِرِ ۚ ذَٰلِكَ خَيْرٌ وَأَحْسَنُ تَأْوِيلًا
“Ey iymon keltirganlar! Allohga itoat qiling, Payg'ambarga va o'zingizdan bo'lgan ishboshilarga itoat qiling. Biror narsa haqida tortishib qolsangiz, agar Alloh va oxirat kuniga iymon keltirgan bo'lsangiz, uni Allohga va Payg'ambarga qaytaring. Ana shunday qilish xayrli va oqibati yaxshidir”..
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ko'plab hadislari ham imom Tahoviy hazratlari aytgan hujjatlarga asos bo'ladi.
Imom Buxoriy Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Quloq solinglar va bo'ysuninglar! Garchi sizlarga boshi mayizdek habashiy hokim etib tayinlangan bo'lsa ham”.
Demak, ijtimoiy kelib chiqishidan qat'iy nazar, adolatli rahbarga ham, zolim rahbarga ham itoat qilinadi. Qarshi isyon ko'tarish esa aslo mumkin emas. Alloh to'g'ri yo'ldan adashtirmasin.
Manba asosida tayyorlandi.
Sufiyev Ja'farxon To'raqo'rg'on tuman"Ishoqxonto'ra" jome masjidi imom-xatibi
18 avgust Toshkentning nafaqat diniy, balki madaniy va ilmiy merosi tarixida muhim o‘rin tutuvchi sana. Qur’oni Karimning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri sifatida e’zozlanadigan Usmon Mus'hafi asrlar davomida Markaziy Osiyo tarixining turli bosqichlariga guvoh bo‘lib kelgan, xabar bermoqda iccu.uz.
Ushbu nodir qo‘lyozma yirik hajmdagi pergament varaqlarga yozilgan bo‘lib, matni qadimiy Hijoz xatida bitilgan. Mus'hafda hozirgi arab yozuvidagi nuqta va harakat belgilari mavjud emas. Manbalarda uning saqlanib qolgan qismi 338 yoki 353 varaqdan iborat ekani haqida turli ma’lumotlar uchraydi. Ayrim yo‘qolgan pergament varaqlar keyinchalik qog‘oz bilan almashtirilgan. Qo‘lyozmaning aniq sanasi xususida ilmiy adabiyotlarda turli qarashlar mavjud.
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mus'haf uzoq yillar Samarqandda saqlangan. 1868–1869 yillarda u Sankt-Peterburgga olib ketilgan va Imperator xalq kutubxonasiga topshirilgan. 1905 yilda qo‘lyozmaning 50 ta faksimile nusxasi ko‘chirilgan. 1917 yildagi siyosiy o‘zgarishlardan keyin musulmon ulamolarining talabi bilan Mus'haf avval Ufaga, keyin esa O‘rta Osiyoga qaytarilishi jarayoni boshlangan.
1924 yilda Usmon Mus'hafi Tatariston, Boshqirdiston va Turkiston ulamolaridan tashkil topgan maxsus kuzatuvchilar hamrohligida maxsus poyezd orqali Ufadan Toshkentga olib kelindi. Toshkentga olib kelinganidan so‘ng Mus'haf bir muddat shahardagi masjidlardan birida saqlandi. Keyinchalik uning asrab-avaylanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirildi.
1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Musulmonlarning IV quriltoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Usmon Mus'hafining musulmonlar ixtiyoriga qaytarilgani e’lon qilindi. Keyinchalik u O‘zbekiston musulmonlari idorasi ixtiyoriga topshirildi. Mus'haf bir muddat Hazrati Imom majmuasidagi «Mo‘yi Muborak» madrasasi muzey-kutubxonasida maxsus sharoitda ham saqlandi.
Usmon Mus'hafining tarixiy va madaniy ahamiyati xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan. 1997 yilda qo‘lyozma YUNЕSKOning «Memory of the World» — «Jahon xotirasi» dasturi ro‘yxatiga kiritilgan.
2025 yil 13 noyabr — Usmon Mus'hafi tarixida yana bir muhim sana. Aynan shu kuni nodir qo‘lyozma O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga olib kelindi. Bugun Qur’on zalidagi asosiy eksponatlardan biri sifatida alohida o‘rin egallab, yurtimizning ko‘p asrlik diniy, ilmiy va ma’naviy merosini namoyon etuvchi bebaho yodgorlik sifatida taqdim etilgan. Shuningdek, Markazda turli davrlarda Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar davrida ko‘chirilgan Qur’on nusxalarini ham ko‘rish mumkin. Usmon Mus'hafi tarixi bu faqat bir qo‘lyozmaning tarixi emas. Bu asrlar osha saqlangan ilmiy va ma’naviy meros, uni asrab-avaylagan avlodlar xotirasi va O‘zbekiston zaminida shakllangan buyuk islom sivilizatsiyasining uzviy davomiyligi haqidagi tarixdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati