Buzg'unchi terrorchilar o'zlariga ergashmagan, ularning aldov g'oyalariga qarshi chiqqan musulmonlarni ''takfir''da ayblaydilar, hamda shu bilan ularning qonlari, jonlari, mollarini o'zlariga ''halol'' sanab, to'daboshilarining ''fatvo''lari bilan musulmon jamiyatlarda tinch aholiga nisbatan talonchilik, qaroqchilik, zulmu zo'ravonlik amaliyotlarini olib boradilar. Ular o'zlarining bu bosqinchilik qilmishlarini ''jihod'' deb ataydilar.
Vaholanki, Alloh taolo Qur'oni karimda g'arazli maqsadda dunyo matohiga egalik qilish maqsadida musulmon kishini asossiz kofirga chiqarishdan qaytaradi. Jumladan, Alloh taolo ''Niso'' surasi 94-oyatida: ''Ey imon keltirganlar! Alloh yo'lida safarga chiqqaningizda, aniq ish tutingiz! Sizlarga salom bergan (yoki taslim bo'lgan) kishiga bu dunyo matohini (o'ljani) ko'zlab: ''Mo'min emassan'',-demangiz!...'' deb ogohlantiradi.
Abu Zarr G'iforiy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: ''Hech bir kishi boshqa kishini fosiq, kofir deb ayblamasin. Agar u kishi bunday bo'lmasa, aytgan gapi o'ziga qaytib keladi''. Shunday ekan, ayrim soxta ''jihod'' g'oyalariga aldanib,bugungi kunda dunyoning notinch nuqtalariga borib olib, muqaddas dinimiz ta'limotiga zid ravishda zulmu zo'ravonlik qilib yurganlar vaqti borida esini yig'ib olishlari kerak bo'ladi. Dinimiz ta'limotida birovga jabr, zulm qilishlik qanchalik og'ir gunoh ekanligi oyati karima va hadisi shariflar asosida bayon qilinib, ogohlantiriladi. Aynan terrorchi buzg'unchilar o'zlarining er yuzida olib borayotgan fisqu fasodlarini Alloh taoloning kalomi Qur'oni karim oyatlarini buzib, noto'g'ri talqin qilish orqali xaspo'shlashga, shu orqali diniy ilmi etarli bo'lmagan kishilarni chalg'itib, to'g'ri yo'ldan og'dirishga harakat qiladilar. ''Hud'' surasi 18-oyatida Alloh taolo: ''Allohga nisbatan yolg'on to'qigan kimsadan ham zolimroq odam bormi? Ana o'shalar Robbilariga ro'baro' qilinurlar va guvohlar: ''Anavilar Robbilari sha'niga yolg'on gapirganlardir. Ogoh bo'lingkim, Allohning la'nati zolimlargadir'', derlar'', deb dunyo matohini ko'zlab Alloh taologa yolg'on to'qib, er yuzida buzg'unchilik, fasod ishlarni qilgan kimsalarni zolimlar deb atab, ular uchun qiyomat kunida alamli azob borligidan ogohlantiradi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam: ''Muflis kimligini bilasizlarmi?''-deb so'radilar. Sahobiylar: ''Muflis - biror dirhami, dinori, matohi yo'q kishidir'',-deb javob berdilar. Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam: ''Mening ummatimdan bo'lgan muflis qiyomat kuni namozi, zakoti, ro'zasi bilan keladi, shu bilan birga birovni so'kkan, birovni zinoda ayblagan, birovni molini nohaq o'zlashtirgan, birovni nohaq qonini to'kkan, birovni urgan bo'ladi. Uning hasanot-yaxshiliklaridan mazlumlarga olib beriladi. Agar hasanot-yaxshiliklari qolmasa mazlumlarning gunohlari unga yuklanadi. So'ngra do'zaxga uloqtiriladi'', deya bu dunyoda zulmu zo'ravonlik qilib yurganlarning qiyomat kunidagi ahvolini bayon qilib berdilar.
Shuni doim yodda tutmoq kerakkim, Islom dini jangu jadal dini emas, balki tinchlik dinidir. Islom so'zining tub mazmun mohiyati tinchlik, salomatlik, xotirjamlik, ofiyat, sulh kabi ma'nolarni anglatadi. Mo'min musulmon kishi Vatani ozodligi yo'lida kurashsa, oilasi, mol-mulki, din-diyonati, or-nomusi himoyasi yo'lida kurashsa haqiqiy ma'noda jihod sanaladi. Yurt ravnaqi, xalq farovonligi, tinchlikni asrash, ota-ona xizmati, oila nafaqasi, farzandlar tarbiyasi, shuningdek, yoshlar ongini turli xil buzg'unchi yot g'oyalardan, mafkuraviy xurujlardan asrab avaylashga qaratilgan hatti-harakatlar ham jihod sanaladi.
Alloh taolo jondan aziz Yurtimizni tinch, osmonimizni musaffo aylab, turli balolardan O'z panohida asrasin!
N. Imamov Honaqoh jome masjidi imom xatibi
Halollik va rostgo‘ylik insonning shaxsiy fazilatlari bo‘lish bilan birga, oila mustahkamligi, jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy munosabatlarning barqarorligini ta’minlaydigan muhim milliy, diniy, ma’naviy-axloqiy qadriyatlardir.
Islom dinida halollik va rostgo‘ylikka inson hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi muhim tamoyillar sifatida qaraladi. Halol va haromni farqlash, shubhali ishlardan saqlanish, o‘zgalarning haq-huquqini poymol qilmaslik, rostgo‘y va adolatli bo‘lish insonning nafaqat shaxsiy kamoloti, balki jamiyat oldidagi mas’uliyatini ham belgilaydi.
Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ko‘plab hadisi shariflarida insonlarni halollik va rostgo‘ylikka da’vat qilish, har doim halol bo‘lishga undash, aldov va yolg‘on guvohlik berishdan qaytarishga alohida e’tibor qaratilgan. Zero, halollik va rostgo‘ylik insonning ma’naviy kamolotini, imoni mustahkam va axloqi go‘zalligini namoyon etuvchi eng muhim fazilatlardir. Harom va yolg‘on esa nafaqat shaxsning obro‘si va unga ishonchini yemiradi, balki jamiyatda o‘zaro ishonchsizlik, adovat va nizolar kelib chiqishiga ham sabab bo‘ladi.
Alloh taolo "Nahl" surasining 105-oyatida bunday marhamat qilgan: “Yolg‘on so‘zlarni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to‘qiydilar. Aynan o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchilardir”.
Bu o‘rinda yolg‘onning qanchalik og‘ir ma’naviy illat ekani bayon qilinib, uning Allohning oyatlariga munosabat bilan bog‘liq jihati ko‘rsatib berilyapti. Oyatning nozil bo‘lish sababi Makka mushriklarining Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan turli asossiz da’volarni ilgari surgani, jumladan, u zotni yolg‘onchilikda ayblaganidir. Ular Qur’oni karimni go‘yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari to‘qib chiqargani to‘g‘risida asossiz da’volarni ilgari surgan. Qur’oni karim esa bunday iddaolarni ochiq-oydin rad etgan.
Aslida yolg‘onni faqat imonsiz kishilargina to‘qiydi. Chunki, mo‘min kishi yolg‘onni katta gunoh deb biladi. Yolg‘on sababli qiyomatda azobga qolishdan qo‘rqadi. Shuning uchun har qanday vaziyatda rostgo‘y bo‘lishga intiladi. Hatto o‘z manfaatiga zid bo‘lgan holatlarda ham haqiqatni aytishni afzal biladi. Zero, haqiqiy imon insonni faqat ibodatlarga emas, balki yuksak axloqiy fazilatlarga ham undaydi.
Islom ta’limotida halollik va to‘g‘riso‘zlik maqtalgan, yolg‘on gapirish va haqiqatni yashirish keskin qoralangan. Jumladan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Nabiysollallohu alayhi vasallam:“Rostgo‘ylikni o‘zingizga lozim tutingiz (rostgo‘y bo‘lingiz)! Chunki, rostgo‘ylik yaxshilikka yetaklaydi, yaxshilik esa jannatga yetaklaydi. Kishi doim rost gapirsa, Allohning huzurida “siddiq” (o‘ta rostgo‘y) deb yozib qo‘yiladi. Yolg‘ondan saqlaning! Chunki, yolg‘on fojirlikka (gunoh va buzuqlikka) yetaklaydi, fojirlik esa do‘zaxga yetaklaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa, Allohning huzurida “kazzob” (o‘ta yolg‘onchi) deb yozib qo‘yiladi”, dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rostgo‘ylik va yolg‘onchilikning inson axloqi, ma’naviy hayoti va oxiratiga qay darajada ta’sir qilishini ochiq tarzda bayon qilib beryaptilar. Hadis mazmunidan anglashiladiki, insonning jannatga yoki do‘zaxga tushishida uning tili, ya’ni rostgo‘yligi yo yolg‘onchiligi hal qiluvchi omillardan ekan.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam halol va harom o‘rtasidagi shubhali narsalardan saqlangan kishi dini va obro‘yini pok saqlashi borasida bunday marhamat qilganlar: No‘’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha,“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlarini eshitdim: “Halol ham aniq, harom ham aniq. Ularning o‘rtasida shubhali narsalar bor. Ko‘p odamlar buni bilmaydi. Kim shubhalardan saqlansa, dini va obro‘yini pok saqlaydi...” (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu o‘rinda Nabiy sollallohu alayhi vasallam insonlarni ehtiyotkorlik va poklikka da’vat etmoqdalar. Chunki, halollik tamoyillariga amal qilgan inson hayotning har bir jabhasida, jumladan, so‘zida, oilaviy munosabatlarida, ta’lim olishda, mehnat faoliyatida va jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarida adolat, poklik va rostgo‘ylikka intiladi. O‘zgalarning haq-huquqlarini hurmat qiladi, birovning mol-mulki yoki mehnatining mahsuliga tajovuz qilmaydi, aldov, xiyonat va manfaatparastlikdan uzoq bo‘lishga harakat qiladi. Bunday fazilatlar insonning shaxsiy obro‘-e’tiborini yuksaltirish bilan birga jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini mustahkamlaydi.
Muxtasar qilib aytganda, halollik va rostgo‘ylik ijtimoiy hayotning barqarorligini, insonlar o‘rtasidagi ishonch va jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi muhim ma’naviy-axloqiy asosdir. Islom ta’limotidagi halollik, rostgo‘ylik, adolat va omonatdorlikka oid ko‘rsatmalar bu qadriyatlarning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Har bir inson o‘z hayoti va faoliyatida halollik, rostgo‘ylik, adolat va vijdonlilikni ustuvor tamoyilga aylantirsa, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish imkoniyati ortadi.
Yo‘ldoshxon Isayev, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati