Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Sentabr, 2026   |   4 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:43
Quyosh
06:03
Peshin
12:18
Asr
16:43
Shom
18:37
Xufton
19:52
Bismillah
15 Sentabr, 2026, 4 Rabi`us soni, 1448

Jihod tushinchasini sohtalashtirish

31.08.2022   2172   4 min.
Jihod tushinchasini sohtalashtirish

Buzg'unchi terrorchilar o'zlariga ergashmagan, ularning aldov g'oyalariga qarshi chiqqan musulmonlarni ''takfir''da ayblaydilar, hamda shu bilan ularning qonlari, jonlari, mollarini o'zlariga ''halol'' sanab, to'daboshilarining ''fatvo''lari bilan musulmon jamiyatlarda tinch aholiga nisbatan talonchilik, qaroqchilik, zulmu zo'ravonlik amaliyotlarini olib boradilar. Ular o'zlarining bu bosqinchilik qilmishlarini ''jihod'' deb ataydilar.

Vaholanki, Alloh taolo Qur'oni karimda g'arazli maqsadda dunyo matohiga egalik qilish maqsadida musulmon kishini asossiz kofirga chiqarishdan qaytaradi. Jumladan, Alloh taolo ''Niso'' surasi 94-oyatida: ''Ey imon keltirganlar! Alloh yo'lida safarga chiqqaningizda, aniq ish tutingiz! Sizlarga salom bergan (yoki taslim bo'lgan) kishiga bu dunyo matohini (o'ljani) ko'zlab: ''Mo'min emassan'',-demangiz!...'' deb ogohlantiradi.

Abu Zarr G'iforiy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: ''Hech bir kishi boshqa kishini fosiq, kofir deb ayblamasin. Agar u kishi bunday bo'lmasa, aytgan gapi o'ziga qaytib keladi''. Shunday ekan, ayrim soxta ''jihod'' g'oyalariga aldanib,bugungi kunda dunyoning notinch nuqtalariga borib olib, muqaddas dinimiz ta'limotiga zid ravishda zulmu zo'ravonlik qilib yurganlar vaqti borida esini yig'ib olishlari kerak bo'ladi. Dinimiz ta'limotida birovga jabr, zulm qilishlik qanchalik og'ir gunoh ekanligi oyati karima va hadisi shariflar asosida bayon qilinib, ogohlantiriladi. Aynan terrorchi buzg'unchilar o'zlarining er yuzida olib borayotgan fisqu fasodlarini Alloh taoloning kalomi Qur'oni karim oyatlarini buzib, noto'g'ri talqin qilish orqali xaspo'shlashga, shu orqali diniy ilmi etarli bo'lmagan kishilarni chalg'itib, to'g'ri yo'ldan og'dirishga harakat qiladilar. ''Hud'' surasi 18-oyatida Alloh taolo: ''Allohga nisbatan yolg'on to'qigan kimsadan ham zolimroq odam bormi? Ana o'shalar Robbilariga ro'baro' qilinurlar va guvohlar: ''Anavilar Robbilari sha'niga yolg'on gapirganlardir. Ogoh bo'lingkim, Allohning la'nati zolimlargadir'', derlar'', deb dunyo matohini ko'zlab Alloh taologa yolg'on to'qib, er yuzida buzg'unchilik, fasod ishlarni qilgan kimsalarni zolimlar deb atab, ular uchun qiyomat kunida alamli azob borligidan ogohlantiradi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam: ''Muflis kimligini bilasizlarmi?''-deb so'radilar. Sahobiylar: ''Muflis - biror dirhami, dinori, matohi yo'q kishidir'',-deb javob berdilar. Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam: ''Mening ummatimdan bo'lgan muflis qiyomat kuni namozi, zakoti, ro'zasi bilan keladi, shu bilan birga birovni so'kkan, birovni zinoda ayblagan, birovni molini nohaq o'zlashtirgan, birovni nohaq qonini to'kkan, birovni urgan bo'ladi. Uning hasanot-yaxshiliklaridan mazlumlarga olib beriladi. Agar hasanot-yaxshiliklari qolmasa mazlumlarning gunohlari unga yuklanadi. So'ngra do'zaxga uloqtiriladi'', deya bu dunyoda zulmu zo'ravonlik qilib yurganlarning qiyomat kunidagi ahvolini bayon qilib berdilar.

Shuni doim yodda tutmoq kerakkim, Islom dini jangu jadal dini emas, balki tinchlik dinidir. Islom so'zining tub mazmun mohiyati tinchlik, salomatlik, xotirjamlik, ofiyat, sulh kabi ma'nolarni anglatadi. Mo'min musulmon kishi  Vatani ozodligi yo'lida kurashsa, oilasi, mol-mulki, din-diyonati, or-nomusi himoyasi yo'lida kurashsa haqiqiy ma'noda jihod sanaladi. Yurt ravnaqi, xalq farovonligi, tinchlikni asrash, ota-ona xizmati, oila nafaqasi, farzandlar tarbiyasi, shuningdek, yoshlar ongini turli xil buzg'unchi yot g'oyalardan, mafkuraviy xurujlardan asrab avaylashga qaratilgan hatti-harakatlar ham jihod sanaladi.

Alloh taolo jondan aziz Yurtimizni tinch, osmonimizni musaffo aylab, turli balolardan O'z panohida asrasin!

 

N. Imamov Honaqoh jome masjidi imom xatibi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekiston delegatsiyasi Misrdagi xalqaro anjumanda ishtirok etadi

02.09.2026   38408   1 min.
O‘zbekiston delegatsiyasi Misrdagi xalqaro anjumanda ishtirok etadi

Joriy yilning 2–3 sentyabr kunlari Qohira shahrida Butunjahon fatvo idoralari va hay’atlari Bosh kotibiyati tashabbusi bilan nufuzli xalqaro anjuman bo‘lib o‘tadi.

Mazkur tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi ishtirok etadi. Ma’lumki, joriy yil iyul oyida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Butunjahon Fatvo idoralari va hay’atlari Bosh kotibiyati a’zoligiga qabul qilingan edilar.

Xalqaro yig‘inda dunyoning taniqli muftiylari, fatvo va fiqh markazlari ulamolari, xalqaro tashkilotlar vakillari, Al-Azhar dorulfununi kabi nufuzli oliygohlar professorlari hamda soha mutaxassislari jam bo‘ladi.

Kun tartibida sun’iy intellekt, jadal raqamlashtirish va zamonaviy bioetika zamonida oila instituti mustahkamligini ta’minlash, ayollar huquqlarini muhofaza qilish, yoshlarni zararli illatlardan asrash hamda ma’naviy inqirozlarga islomiy qadriyatlar asosida shar’iy va ilmiy yechimlar topish masalalari atroflicha muhokama qilinadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari