Hozirda ba'zi guruh yoki shaxslar tomonidan “o'z-o'zini o'ldirish” tushunchasi shahidlik deb noto'g'ri talqin qilinmoqda. Aslida bu harakatlar ham shaxsning o'z hayotiga tajovuz qilishi bo'lib, Qur'on va Sunnatga ko'ra o'z joniga suiqasd qilish hisoblanadi. Dunyoning ba'zi davlatlarida hokimiyatga erishish uchun islom dinini niqob qilib olgan buzg'unchi kuchlar tomonidan musulmon shaxsning ma'lum maqsadlar yo'lida “o'zini-o'zi o'ldirish”i “shahidlik amaliyoti” deb baholanishi ayni adashishdir. Islom ulamolari tomonidan mazkur “kuchlar”ning o'z harakatlarini oqlash maqsadida keltirgan barcha dalillari qoralangan va asossiz deb topilgan. Ibn Hazm aytadilar: “Fuqaholar shaxsni o'zini-o'zi o'ldirishi, a'zolaridan birortasini kesishi, ayniqsa, kessa og'rig'i hayot uchun juda ham xavfli bo'ladigan a'zosini kesib davolamasdan o'zini-o'zi qiynashi halol emasligiga ittifoq qilishgan”.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam marhamat qilganlaridek quyidagi kimsalar shahidlik maqomiga ega bo'ladilar:
اَلطَّاعُونُ وَ الْغَرِقُ وَ الْبَطِنُ وَ الْحَرِقُ وَ النُّفَسَاءُ شَهَادَةٌ لِأُمَّتِي
«Vaboga yo'liqib o'lish, suvga cho'kib o'lish, qorin og'rig'i bilan o'lish, olovga kuyib o'lish, ayollar nifos paytida, ya'ni bola tug'ayotganida o'lishi ummatimning shahidligidir!»
Yoki beshta shahidlikni Rasululloh sollallohu alayhi va sallam quyidagicha sanaganlar:
اَلْقَتَيِلُ فِي سَبِيلِ اللهِ شَهِيدٌ، وَ الْمَبْطُونُ شَهِيدٌ، وَ الْمَطْعُونُ شَهِيدٌ، وَ الْغَرِيقُ شَهِيدٌ، وَ النُّفَسَاءُ شَهِيدَةٌ
«Alloh yo'lida yurganida o'ldirilgan kimsa shahiddir, qorin og'rig'i bilan o'lgan kimsa shahiddir, o'latga yo'liqib o'lgan shahiddir, suvga g'arq bo'lib o'lgan shahiddir, ayollar tug'ayotganida o'lsa shahiddir»
Homiladorlik jihod bilan tenglashtirilgan, homilador ayol tug'sa, shahidlik savob beriladi unga. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning bunday hadislari bor:
إِنَّ شُهَدَاءَ أُمَّتِي إِذَنْ لَقَلِيلٌ: اَلْمَقْتُولُ فِي سَبِيلِ اللهِ شَهِيدٌ وَ الْمَرْءُ يَمُوتُ عَلَى فِرَاشِهِ فِي سَبِيلِ اللهِ شَهِيدٌ وَ الْمَبْطُونُ شَهِيدٌ وَ اللَّدِيغُ شَهِيدٌ وَ الْغَرِيقُ شَهِيدٌ وَ الشَّرِيقُ شَهِيدٌ وَ الَّذِي يَفْتَرِسُهُ السَّبُعُ شَهِيدٌ وَ الْخَارُ عَنْ دَابَّتِهِ شَهِيدٌ وَ صَاحِبُ الْهَدَمِ شَهِيدٌ وَ صَاحِبُ ذَاتِ الْجَنْبِ شَهِيدٌ وَ النُّفَسَاءُ يَقْتُلُهَا وَلَدُهَا نَحَرَهَا بِسَرَرِهِ إِلَى الْجَنَّةِ
«To'g'ri, ummatimning shahidlari oz bo'ladi. Alloh yo'lida yurganda o'ldirilgan kimsa shahiddir; inson o'z to'shagida Alloh yo'lida yotganida o'lsa, shahiddir; qorin og'rig'i bilan o'lgan kimsa shahiddir; chayon yoki ilon chaqqanidan o'lgan kimsa shahiddir; suvga g'arq bo'lib o'lgan kimsa shahiddir; yirtqich hayvon tashlanganidan o'lgan kimsa shahiddir; ulovidan yiqilib o'lgan kimsa shahiddir; vayrona ostida qolib o'lgan kimsa shahiddir; zotiljam kasaliga yo'liqqanidan o'lgan kimsa shahiddir; nifosli ayol bolasi tufayli vafot qilsa, u ham shahiddir: u ayolning bunday qiyinchilikdagi vafoti uni jannatga olib boradi»
Tinch aholi orasiga kirib o'zini portlatgan shaxs, ham o'z joniga va ham o'zgalar joniga tajovuz qilgan bo'ladi. Bu holatda unga shahidlik emas, balki gunohkorlik maqomi beriladi. Alloh taolo Moida surasi 32-oyatida:
«من قتل نفسا بغير نفس او فساد في الارض فكأنما قتل الناس جميعا»
“Kim bir jonni nohaqdan yoki er yuzida fasod qilmasa ham o'ldirsa, xuddi hamma odamlarni o'ldirgan bo'ladi”, deb ogohlantirgan.
Halqimiz e'tiqodini turli g'arazli xurujlar va hamlalardan himoya qilish, yoshlarga dinimizning asl mohiyatini to'g'ri tushuntirish, musaffo islom g'oyalarini aholi, xususan, yoshlarga to'g'ri tushuntirish bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridandir. Shunday ekan doimo hushyorlik va ogohlikni, yoshlar tarbiyasiga mas'uliyat bilan yondashishni shu yo'l bilan jaholatga ma'rifatni qarshi qo'yib, ular qalbini chetdan bo'layotgan barcha xurujlardan qat'iy himoya etishni o'z oldimizga maqsad qilib qo'yishimiz lozimdir.
Jo'ybori Kalon ayol-qizlar islom
ta'lim muassasasi o'qituvchisi:
I.Usta-Alimova
Raddiya: Islomda peshvolikni da’vo qiladigan guruh va oqimlar dindagi ayrim tushuncha va so‘zlarni g‘arazli maqsadlari yo‘lida buzib, noto‘g‘ri talqin qilishi hammaga ma’lum. Ular shu orqali musulmonlar hissiyotiga teginish, o‘zlariga tobelarni ko‘paytirish, dindor va ilmli bo‘lib ko‘rinishga harakat qiladi. “Tog‘ut” so‘zi ular ko‘p ishlatadigan, insonlarni, ayniqsa hukmdorlarni ayblashda qo‘llaydigan tushunchalardan biri. Aslida u nima? Qanday ma’nolarda ishlatiladi? Kimlar tog‘ut bo‘lishi mumkin?
“Tog‘ut” lafzi “tug‘yon” so‘zi bilan o‘zakdosh bo‘lib, Alloh belgilab qo‘ygan chegaradan chiqishga, kufrda haddan oshishga, isyon qilishga nisbatan ishlatiladi. Islomda Allohning yo‘lidan boshqa yo‘l “tog‘ut” deyiladi. Tog‘utning kattasi Shaytondir.
“Tog‘ut” kalimasi Qur’oni karimning sakkiz joyida zikr qilingan bo‘lib, ulamolarimiz uni turlicha tafsir qilgan. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu, Imom Sha’biy, Imom Zahhok “Tog‘utdan murod – Shayton” degan. Imom Abu Oliya va Muhammad ibn Sirin tog‘ut sehrgar va folbin ekanini aytgan.
“Tafsiri Jalolayn”da tog‘ut so‘zi tafsiriga murojaat qilaylik: “Kim tog‘utga kufr keltirib, Allohga iymon keltirsa, batahqiq uzilmaydigan mustahkam tutqichni ushlagan bo‘ladi” (Baqara surasi, 256) va “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir. Ularni nurdan zulmatlarga chiqarurlar” (Baqara surasi, 257) oyatlarida tog‘utlar – but-sanamlar va Shayton, “Kitob (Tavrot)dan nasibador bo‘lganlarning “Jibt” va “Tog‘ut”ga sig‘inishlarini va kofirlarga “Shular mo‘minlardan ko‘ra to‘g‘riroq yo‘ldadir” deyishlarini ko‘rmadingizmi?!” (Niso surasi, 51) oyatida – Jibt va Tog‘ut Quraysh qabilasidagilarning ikki sanami, “O‘zlarini, Sizga nozil qilingan (Qur’on) va Sizdan oldin nozil qilingan (ilohiy kitoblar)ga iymon keltirgan, deb hisoblaydiganlarning hukm so‘rab, Tog‘ut huzuriga borishni xohlayotganlarini ko‘rmadingizmi?” (Niso surasi, 60) oyatidagi tog‘ut kufrda haddan oshgan, tug‘yonga ketgan Ka’b ibn Ashraf, “Kofirlar (esa) Tog‘ut yo‘lida jang qiladilar” (Niso surasi, 76-oyat) va “Kim Allohning la’natiga uchragan, g‘azabiga duchor bo‘lgan, maymun va cho‘chqaga aylantirilgan va tog‘utga ibodat qilgan bo‘lsa, ana o‘shalar yomon martabadagi va to‘g‘ri yo‘ldan butunlay adashgan kimsalardir” (Moida surasi, 60) oyatlarida ular Shayton, “Batahqiq, Biz har bir ummatga: “Allohga ibodat qiling va tog‘utdan chetlaning” deb payg‘ambar yuborganmiz” (Nahl surasi, 36-oyat) va “Tog‘utdan, unga ibodat qilishdan chetda bo‘lganlarga va Allohga qaytganlarga xushxabar bor” (Zumar surasi, 17-oyat) oyatlarida ham ular Shayton deb nazarda tutilgan.
Alloma Ibn Atiyya aytadi: “Ba’zi olimlar: “Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘utdir”, degan”. Fir’avn, Namrud va o‘zini iloh deb e’lon qilganlar va ibodat qilinadigan but-sanamlar tog‘ut deyiladi.
Muqotil roziyallohu anhu “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir” oyatidagi tog‘utni Ka’b ibn Ashraf va Huyay ibn Axtab deb tafsir qilgan. U ikkisi islom va musulmonlarga adovati cheksiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ko‘p aziyat bergan, musulmonlarga qarshi urushga juda ko‘p da’vat qilgan yahudiylardan edi.
Imom Navaviy aytadi: “Lays, Abu Ubayda, Kisoiy va ko‘pchilik tilshunoslar: “Tog‘ut – Alloh taolodan boshqa ibodat qilinadigan narsa”, degan”.
Shayx Muhammad Amin Shinqitiy: “Haqiqat shuki, Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘ut, eng katta tog‘ut esa Shaytondir”, deydi.
Tog‘ut so‘zining ma’nosi haqida buyuk mufassir Imom Tabariy “Jomi’ul bayon” tafsirida: “Fikrimcha, tog‘ut haqida to‘g‘ri gap shuki, tog‘ut Allohga tug‘yon qilib, Uni tark etib, Undan o‘zgaga ibodat qilingan narsadir. O‘sha ma’bud inson, shayton, but va boshqa narsalar bo‘lishi mumkin”, deydi.
Mufassir olim Hasan Tahsin Fayzli “tog‘ut” so‘zini “Allohdan uzoqlashtiradigan, uning amrlarini bajarishni man etadigan kimsalar”, deb izohlagan.
Demak, sahobai kiromlar, tobeinlar va ulamolarimizning so‘zlaridan tog‘ut kalimasi shayton, sehrgar, folbin va Allohdan boshqa ibodat qilinadigan har qanday narsa ekani ma’lum bo‘lmoqda.
Afsuski, hozirgi kunda ba’zi toifalar musulmon rahbarlarni tog‘ut deb atab, ularni osongina kofirga chiqarmoqda. Ularning uslubi xavorijlarnikiga o‘xshaydi. Ular arzimas narsalar tufayli iymonli odamni kofirga chiqarib, qonini halol hisoblab, qanchadan-qancha beayb musulmonlar umriga zomin bo‘lmoqda, islomning pok nomiga dog‘ tushirib, asl mohiyat va tamoyillarini yot va buzg‘unchi g‘oyalardan iborat fitnalar soyasiga tushirib qo‘ymoqda.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi