Misrda yashab o'tgan va juda barakali ijod qilgan 19-20 asrning buyuk allomalaridan bo'lmish shayx Muhammad Abu Zahra (rahimahulloh) “Abu Hanifa – uning hayoti – davri – qarashlari va fiqhi” nomli asarida keltirishicha, imom Abu Hanifa rahimahullohning vafotlaridan so'ng U zotning eng yaqin shogirdlari bo'lmish Abu Yusuf va Muhammad Shayboniylar ustozlarining faqatgina fiqhiy qarashlarini naql qiladilar, ularni kitobga tushirib tadvin qiladilar. Biroq, u kishining siyosiy pozitsiyalari, siyosiy qarashlariga aslo to'xtalmaydilar. Bu masalalarni yoritmaydilar. Balki, tarixga ko'mib yuboradilar.
Nega?!.. Axir, ular Abu Hanifa (r.h.)ning shogirdlari emasmidilar?!.. Buyuk ustozlari yoqtirmagan va bor kuchi bilan rad etgan qozilik hatto, qozilar qozisi degan oliy mansabni qabul qilishlari ustozlariga nisbatan jafo va xiyonat emasmidi?!.. Hurmatsizlik emasmidi?!..
Javob: Aslo!.. Ularning bu ishi Ustozga nisbatan hurmatsizlik yoki jafo emas balki, narsalarga o'z hajmiga ko'ra muomala qilish mahoratini egallaganliklaridan hamda o'z mustaqil fikrlari borligidan dalolat edi.
Bu bilan ular ustozlariga xiyonat qilmadilar, u kishiga nisbatan hurmatsizlik sodir etmadilar. Balki, oqilona yo'l tutdilar. Ilm davom etishi uchun shunday qildilar.
Agar bugungi kunda o'zida tayinli ilm bo'lmagan holda tarafkashlik bilan o'zga ahli ilmlarni yomon otliq qilib, tahqirlab, hurmatsizlik qilayotgan kimsalar Imom Abu Hanifa (rahimahulloh) davrida yashaganlarida nima bo'lardi, bir tasavvur qiling. Kimning etagini tutib, kimga qarshi urush ochgan bo'lardilar?..
Vaholanki, u vaqtda fiqhiy va aqidaviy mazhablar nihoyatda ko'payib, hamma bir-birini tanqid qilgan, bir-biriga raddiya bergan va bir-birini bid'atda ayblash odat tusiga kirgan bir zamon bo'lgan.
Ijtimoiy tarmoqni o'ziga jang maydoni qilib olgan atbo'lar o'sha zamonga tushib qolsalar aniqki, boshlari aylanib qolgan bo'lardi.
U davrlarda bir tolibi ilmning ikki ustozi bir-biriga nisbatan qarama-qarshi mavqifda bo'lgan holatlar juda ko'p bo'lgan. Shunday vaziyatda, ular har ikkisining hurmatini joyiga qo'yib, har biridan kerakli bilimni olib ketaverganlar.
Mabodo ustozida qaysidir olimga nisbatan shiddatli yondashuv ko'rsa, u ham darrov mazkur olimga qarshi bo'lib olmagan balki, unga hurmat saqlagan holda so'zlaridan to'g'risini olib, noto'g'ri deb o'ylaganini tashlab ketavergan. Ya'ni, o'z mustaqil fikriga ega bo'lgan.
Abdulloh ibn Muborak imom Abu Hanifaning yaqin ashoblaridan bo'lish bilan birga imom Avzoiyga ham shogird edilar. Vaholanki, imom Avzoiy Abu Hanifa rahimahullohning ayrim fiqhiy qarashlariga nisbatan sovuqroq bir pozitsiyani tutgan edilar. Biroq, Abdulloh ibn Muborak ularning birortasiga hurmatsizlik qilmadilar, bir tomonga taassub qilib, ikkinchisiga hurmatsiz muomala qilmadilar. Avzoiyni tashlab ketmadilar balki, u kishiga Abu Hanifa (r.h) haqlaridagi xato fikrini o'zgartiradigan narsalarni hikmat bilan taqdim etdilar.
O'sha davrda ahli hadislar va faqihlar o'rtasida turli gap-so'zlar aylanardi. Ayrim hadis maktabi vakillari hanafiy mazhabi vakillarini ba'zi masalalarda qattiq tanqid qilishardi. Ammo, bu narsa ularning shogirdlari bir-birlaridan kerakli bilimni olishlariga to'sqinchilik qilmasdi.
Imom Abu Yusuf dastlab Ibn Abu Laylo huzurida fiqhdan ta'lim oladilar keyin Abu Hanifa (r.h.)ga shogird tushadilar. Vaholanki, Ibn Abu Laylo va imom Abu Hanifa (r.h) o'rtalarida ayrim fiqhiy ixtiloflar bor edi.
Shuningdek, imom Abu Yusuf faqih bo'lish birga muhaddis ham edilar. Ahli hadisdan ham dars olganlar.
Muhammad ibn Bishr aytadi: “Ilm olish uchun ham Abu Hanifa, ham Sufyon (Savriy) huzuriga qatnar edim. Abu Hanifaning huzuriga kelganimda “qayerdan kelyapsan?”, desa, “Sufyonning oldidan”, der edim. Shunda u “sen shunday odamning huzuridan kelyapsan-ki, hatto Alqama* va Asvad*lar tirik bo'lganlarida ham unga o'xshagan inson(ning ilmi)ga muhtoj bo'lardilar”, der edi. Keyin, Sufyonning huzuriga borardim va u ham “qayerdan kelyapsan?”, deb so'rar va men “Abu Hanifaning huzuridan”, desam, “sen Yer ahlining eng kuchli faqihi huzuridan kelyapsan”, derdi” (“Tarixu bag'dod”. 15-jild, 471-bet;).
Qadimda, shogirdlar hech qachon o'zlaridan rutbasi yuqori bo'lgan ahli ilmlarga qarshi urush ochib, o'zlarini sharmanda qilmaganlar. Vaholanki, o'sha shogirdlarning ilmi mag'ribu mashriqqa yoyib yuborilsa, bemalol etadigan darajada buyuk edi.
Bugun esa Qur'oni karimni tajvid bilan o'qiy olmaydigan, ilm yo'liga hali bir qadam ham qo'ymagan kishilar katta-katta olimlarni kamsitib, masxaralab, ustidan kulmoqdalar.
Hatoni gapirishning o'z odobi bor. Uning uchun avvalo insonda ilm bo'lishi kerak. Undan tashqari, mazkur gapirish uning shaxsidan nafratlantirmagan, hurmat saqlagan va uning so'zlarini bo'rttirmagan hamda ilmiy omonatdorlikka rioya qilgan holda amalga oshirilishi kerak.
——————————————————-
* Alqama ibn Qays Naxaiy tobeinlardan bo'lib, Ko'fadagi eng katta faqih, hadis roviysi, olim va muqriylaridan biri hisoblanadi.
* Asvad ibn Yazid Naxaiy Ko'falik mashhur tobeinlardan va hadis roviysi, muqriy, olim va faqih kishilardan.
Alisher Sultonxo'jayev
حدثنا أبو جعفر محمد بن علي الوراق نا عبيد الله بن محمد أبو محمد القرشي التيمي نا عبد الرحمن بن حماد نا حفص بن سليمان أنا طلحة بن يحيى بن طلحة عن أبيه عن طلحة بن عبيد الله قال: سألت رسول الله صلى الله عليه وعلى آله وسلم عن تفسير سبحان الله قال: فقال: هو تنزيه الله عن كل سوء.
Talha ibn Ubaydulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va ’alaa olihi vasallamdan “Subhanalloh”ning tafsiri haqida so‘radim. U zot alayhissalom: “U Alloh taoloni har qanday nopoklikdan poklashdir”, dedilar”.
Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD