Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Avgust, 2026   |   7 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:10
Quyosh
05:37
Peshin
12:26
Asr
17:15
Shom
19:19
Xufton
20:41
Bismillah
20 Avgust, 2026, 7 Rabi`ul avval, 1448

Salafi solihlar hayoti va e'tiqodi: Mufassirlar imomi Abu Ja'far Tabariy rahimahulloh

21.08.2022   2038   13 min.
Salafi solihlar hayoti va e'tiqodi: Mufassirlar imomi Abu Ja'far Tabariy rahimahulloh

Ulug' imom va mujtahid olim, ko'plab mashhur asarlar muallifi Abu Ja'far Muhammad ibn Jarir Yazid ibn Kasir ibn G'olib at-Tabariy rahimahulloh 224 hijriy sanada Tabariston viloyatining Omul shahrida tug'ilganlar. Imom Tabariy rahimahulloh mufassirlarning imomi deb tanilganlar.

Zamondoshlarining guvohlik berishicha, Ibn Jarir yoshligidayoq zukko tabiatli, teran fikrli, ilmga ishtiyoqmandligi bilan o'z tengqurlaridan ajralib turarkan. Otasining e'tibori va da'vati bilan u Qur'on xatmiga beriladi va etti yoshidayoq uni to'liq yod olishga muvaffaq bo'ladi. Bundan quvongan otasi uni ilmli insonlar qo'liga topshirib, o'g'li uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib beradi.

Abu Ja'far rahimahulloh o'sha kunlarni xotirlab, keyinchalik shunday yozgan ekanlar: ”Yetti yoshimda Qur'oni Karimni yod oldim. Sakkiz yoshga to'lganimda, taroveh namozlarida imomlikka o'tib beradigan bo'ldim. To'qqiz yoshimdan esa hadislar yoza boshladim”.

Abu Ja'far At-Tabariy rahimahulloh mashhur muhaddis va faqih Ahmad ibn Hanbal (780-855)dan saboq olish maqsadida Bag'dodga boradi, lekin bu paytda mashhur olim vafot etgan bo'ladi. Shundan so'ng Abu Jaf'ar (r.a) ilm izlab Basra, Ko'fa shaharlariga safar qiladi. Ko'fada Abu Qutayba al-Hamadoniy (vafoti 241/855)dan hadis ilmidan saboq oladi. Keyin Bag'dodga qaytib, bu erda bir necha yil yashaydi va Shom orqali 253/867 yilda Misrga keladi. Umrining oxirgi yillarini at-Tabariy Bag'dodda o'tkazdi. Shu erda u o'zining fiqhiy mazhabi – jaririyaga asos soldi. At-Tabariy otasi nomiga qo'yilgan mazkur mazhabini tuzmasidan avval shofi'iylik mazhabida bo'lgani manbalarda qayd qilingan. Uning fiqhiy maktabi uzoq vaqt faoliyat yuritmagan.

Imom Abu Bakr Hatib o'zining “Tarixi Bag'dod” kitobida Abu Ja'far Tabariy haqida shunday yozadi: “Abu Ja'far Muhammad ibn Jarir Tabariy… shunday olim ediki, so'zlari hukm o'rnida qabul qilinardi, uning ra'yiga murojaat qilishardi. U o'z asrida hech kim muvaffaq bo'lmagan darajada ilm oldi va ularni yozdi. U Qur'oni karimni to'la yod olgan, qiroat turlarining barchasini chuqur o'zlashtirgan, ularning ma'nolarini teran o'rgangan olim edi. U hadis ilmida ham benazir bo'lib, sahobalar, tobeinlarning hayotlari haqida ham hammadan yaxshiroq bilar edi”.

Imom Tabariy yuksak e'tiroflarga sabab bo'lgan “Tafsir”ini etti yil davomida shogirdlariga aytib turib yozdirgan deyishadi. Bu haqda Hatib Bag'dodiydan shunday rivoyat keladi: “Abu Ja'far Tabariy bir kuni o'z shogirdlariga aytdi: “Tafsir o'qishni xohlaysizlarmi, yozib beraymi?” dedi. Ular:  “Qancha varaq bo'ladi?” deb so'rashdi. U kishi: “O'ttiz ming sahifa bo'lsa kerak…” deb, javob berdi. Shunda shogirdlari: “Kitobni oxiriga etmasdan umrimiz tugab qoladi-ku!” deb, javob berdilar. So'ng Abu Ja'far Tabariy kitobni uch ming sahifaga qisqartirib, ta'lif qildi. Yana bir kun shogirdlaridan: “Odam alayhissalomdan bizning vaqtimizgacha bo'lgan olam tarixini yozib beraymi” deb so'radi. Shogirdlar bu safar ham: “Necha sahifa bo'ladi?” deyishdi. Abu Ja'far tafsir kitobining adadicha miqdorni aytgan edi, shogirdlari xuddi avvalgi safargiday javob qaytarishdi. Shunda Abu Ja'far: “Inna lillahi! Odamlarda himmat kamayib ketibdi”, deya tafsirni qisqartirgan miqdorda olam tarixini ham qisqartirib yozdi”.

Imom Abu Hamid Ahmad ibn Muhammad Imom Tabariyning yozgan tafsirlari haqida quyidagi gaplarni aytadi: “Agar kimdir Ibn Jarirning tafsiridan ilm olish uchun Hitoyga borsa, bu uning uchun ko'p mehnat emas”.

Imom Abu Bakr ibn Huzayma esa: “Ibn Jarirning tafsirini boshidan to oxirigacha o'qib chiqdim. Bildimki, Yer yuzida undan olimroq odam yo'q”, deb aytadi.

Al-Hatib al-Bag'dodiy shunday deydi: “Ali ibn Ubaydulloh as-Simsimiydan eshitdimki, ibn Jarir Tabariy qirq yil davomida har kuni qirq varaqdan kitob yozgan”.

U zotning “Tarixu Tabariy” nomi bilan mashhur bo'lgan “Payg'ambar va podshohlar tarixi” nomli asarlari ham o'z yo'nalishidagi asos kitoblar sirasiga kiradi. Bu asar dunyoning yaratilishidan boshlab, to o'zlari yashagan davr – 302 hijriy yilgacha bo'lgan voqealarni o'z ichiga olgan.

U kishi bor kuch-g'ayratini ilmga sarflab, hatto oila qurishga ham imkon topmadilar, uylanmay o'tdilar. Va bu borada o'zlari: “Halolga ham haromga ham ko'nglimni bermadim”, degan ekanlar.

Imom Tabariyga Alloh taolo o'zgacha iste'dod bergandi. U zotning bir qancha o'zlariga xos fazilatlari bor edi. Jumladan: 

  • Aql-zakovatlari. Alloh taolo u kishiga nodir zakovat, o'tkir zehn, kuchli xotira bergan edi. Yetti yoshlarida Qur'onni yod olganlari, sakkiz yoshda odamlarga imomlikka o'tib, to'qqiz yoshda esa hadis to'play boshlaganlari bunga yaqqol dalil hisoblanadi. Imom Tabariy bir necha ilmlarni o'zlarida mukammal jamlagan edilar. Buni bizgacha etib kelgan asarlaridan ham bilish mumkin.
  • Parhez va taqvolari. Imom Tabariy parhez va taqvoda havas qilgudek shaxs edilar. Harom-u shubhalardan o'zlarini olib qochar edilar. Umrlarining oxirigacha otalaridan qolgan kichik bog'dan keladigan daromadga qanoat qilib yashaganlar.
  • Or-nomus va iffatlari. U kishi tillariga nihoyatda ehtiyot bo'lar, og'izlaridan yomon so'z chiqmasligi uchun astoydil harakat qilar edilar. Zero, qilich jarohati bitajak, ammo til jarohati bitmaydi. Imom Tabariy ta'magirlikdan yiroq edilar. Eng qiyinchilik vaqtlarida ham odamlardan yordam so'ragan emaslar.
  • Tavoze' va kechirimliliklari. Imom Tabariy sheriklariga, u kishining ziyoratiga kelgan kishilarga, hatto shogirdlariga ham takabburlik qilmas edilar. Odamlarning chaqiruviga doimo labbay deb, savol so'rasalar to'la javob berar edilar.

Imom Tabariy o'zlaridan juda ko'p shogirdlar qoldirganlar. Ulardan Ahmad ibn Komilul Qoziy, Muhammad ibn Abdulloh ash-Shofe'iy, Muhammad ibn Abdulloh ibn al-Husayniy, Abdulloh ibn Ahmad al-Farg'oniy, Abu Bakr az-Zarir kabilar mashhurdir. 

Imom Tabariy hijriy 310 shavvol oyiing 26 kunida vafot etganlar.

E'tiqodlari:

Hozirda yangi paydo bo'lgan soxta salafiy(vahhobiy)lar toifasi Imom Tabariyni o'zlarining olimlari deb sanashadi va aqidaga oid dalillarini ushbu imomning asarlaridan keltirishadi. Haqiqatdan ham shundaymi, buni biz quyida Imom Tabariyning asarlaridan iqtiboslar keltirib bilib olamiz. “Tafsir-ut Tabariy” nomli kitoblarida Baqara surasining 29-oyatining tafsirida:


 وأوْلى المعاني بقول الله جل ثناؤه: » ثم استوى إلى السماء فسوَّاهن «، علا عليهن وارتفع، فدبرهنّ بقدرته، وخلقهنّ سبع سموات

“Eng munosib beriladigan ma'no bu ularga oliy va yuqori bo'ldi va O'z qudrati bilan tadbir qildi va ularni etti qat  osmon qildi”, deydilar.So'ng so'zlarida davom etib, ushbu ma'noga “Agar yuqori bo'ldi deyilsa, demak, Alloh taolo ilgari pastda bo'lganligi kelib chiqadi,” deb e'tiroz bildirgan kishining bahsini keltiradilar va o'sha bahsning oxirida:

فقُلْ: علا عليها علوّ مُلْك وسُلْطان، لا علوّ انتقال وزَوال

 “Mulk va egalik oliyligi bilan oliy bo'ldi, bir joydan ko'chish va (zavol) uzoqlashish oliyligi emas, deb ayt”, deydilar”

Ammo zamonamiz salafiylar olimlaridan biri Abdurahmon Ibn Nasr Al-Barrok “Fathul Boriy”ga bergan izohida: “Ahli sunna Kitob va sunnatda kelgan narslar bilan (Alloh taologa) harakat, kelish, tushish, yaqinlashish, ko'tarilish jinsidan iborat narsalarni isbot qilishga ittifoq qilishgan,” deb izoh keltirgan. Bu izoh albatta Alloh taologa maxluqotlarini sifatini isbot qilishdan boshqa narsa emas hamda ahli sunna valjamoaning tanzih e'tiqodiga ochiqchasiga xilof hisoblanadi.

Salafiylarning yana bir olimi Abdulloh Al-G'unayman esa Tabariyning ushbu munosib ta'viliga “Sahihul Buxoriy”ning sharhida (1/360 bet): “Bu gapni gapirish lozim bo'lmaydi, chunki bu ahli bid'atlarning kalomining jinsidan (sirasidan)dir hamda bu gap shar'iy nasslarga xilof bo'lib, balki bu botil ta'vildandir”, deb izoh yozgan.

Imom Tabariy Fath surasining: “(Ey Muhammad alayhis-salotu vas-salom), darhaqiqat, sizga bay'at-qasamyod qiladigan zotlar hech shak-shubhasiz, Allohga bay'at qilurlar. Allohning “qo'li” ularning qo'llari ustida bo'lur. Endi kim (o'z qasamyodini) buzsa, bas, u faqat o'z ziyoniga buzur. Va kim Alloh bilan ahd-paymon qilgan narsasiga vafo qilsa, u holda (Alloh) unga ulug' ajr-mukofot ato etur”, degan10-oyatini quyidagicha ta'vil qilganlar: “Allohning “qo'li” ularning qo'llari ustida bo'lur” oyatida ikki xil ta'vil bor, birinchisi: “Allohning qo'li bay'at qilish vaqtida ularning qo'llarini ustida, chunki sahobalar roziyallohu anhum Allohga o'z Payg'ambarlariga qilgan bay'atlari orqali bay'at qildilar. Ikkinchi ta'vil esa: “Allohning quvvati Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yordam berishlikda ularning quvvati ustida, chunki sahobalar roziyallohu anhum Rosululloh sollallohu alayhi vasallamga dushman ustidan g'alaba qilish uchun yordam berishga u zotga bay'at qildilar.”

Imom Tabariyning “At-tabsira fi ma'alimid-diyn” nomli kitoblarida olim mutashobih oyatlarga to'xtalib, Alloh taolo eshituvchidir, ammo maxluqotlarga o'xshab quloq vositasi bilan emas, Alloh taoloning bani Odamga o'xshash a'zolari yo'q, deb aytadilar. Hususan olim mazkur kitobining 142 betida:  “Alloh uchun يدان “ikki qo'l”, يمين “o'ng qo'l” va اصابع “barmoqlari” bor, lekin a'zo emas”, deb aytib o'tganlar. Ushbu gaplaridan Imom Tabariyning qanday e'tiqodda bo'lganliklarini bilib  olsa bo'ladi.

Mazkur kitobning avvalidan oxirigacha olim Alloh taologa a'zo, jism va maxluqotlarga tegishli bo'lgan barcha nuqsonli sifatlardan poklayotganiga guvoh bo'lishingiz mumkin. Ammo shu kitobga sharh yozgan Ibn Boz (mashhur salafiylarning olimi) aynan kitobning shu joyida quyidagi gaplarini keltiradi: “Muallif Alloh taolodan a'zolarni inkor qilish haqida aytib o'tgan gapga bizning hojatimiz yo'q, chunki shar'iy nasslarda bu haqda biron narsa vorid bo'lmagan va bu haqda sukut saqlanilgan”.

Hulosa qilib aytadigan bo'lsak, salafi solihlar davrida ijod qilib yashagan mashhur mufassir Imom Tabariy rohimahulloh o'zlarining tafsirlarida hamda boshqa mashhur asarlarida keltirgan gaplariga soxta salafiylar (vahhobiylar) olimlarining javob-izohlaridan, ular salafi solihlarning Alloh taoloni maxluqotlarning sifatidan poklash e'tiqodiga zid ekani ma'lum bo'ladi.          

Ko'kaldosh o'rta maxsus islom ta'lim muassasasi matbuot kotibi R.Axundjanov

 
 
 
MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Diniy ta’lim sohasida ilk bor Respublika anjumani bo‘lib o‘tadi

19.08.2026   16323   1 min.
Diniy ta’lim sohasida ilk bor Respublika anjumani bo‘lib o‘tadi

Joriy yilning 19-20 avgust kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi.

Davlatimiz Rahbari tomonidan har jabhada olib borilayotgan yangilanish va islohotlarga hamohang tarzda Diniy idora tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda jami 700 nafar pedagog va soha mutaxassisi, jumladan, 300 nafar ishtirokchi bevosita anjuman zalida, 400 nafar ishtirokchi esa hududlardan videoselektor orqali qatnashadi.

Anjumandan ko‘zlangan maqsad sohadagi istiqbolli rejalarni muhokama qilish, diniy ta’limda pedagogik va kasbiy mahoratni oshirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni yanada keng tatbiq etish hamda diniy ta’limni yangi bosqichga olib chiqishdir.

Dastur doirasida soha rahbarlari ishtirokida tahliliy ma’ruzalar, taniqli professorlar tomonidan mahorat darslari, ilmiy-metodik mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan yaqindan tanishib, Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari