Islomning asosi aqida. Aqidaning asosi esa Alloh taoloning biru borligiga imon keltirishdir. Dinimining beshta asosi bo'lib, ulardan birinchisi va barcha amallarimizning qabul bo'lishiga asos bo'ladigani – imondir. “Imon” so'zi lug'atda “tasdiqlash”, “ishonish” degan ma'nolarni anglatadi. Yurtimizda an'anaviy hisoblangan moturidiylik mazhabi ta'limotlarida esa, Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallamga Alloh taolo tomonidan etkazilgan barcha narsalarni dil bilan tasdiqlab, til bilan ifodalash “imon” deyiladi. Bu haqda “Aqoidun Nasafiya” kitobida shunday deyilgan: ya'ni: “Iymon, (Rasululloh sallallohu alayhi vasallam) Alloh taolo huzuridan keltirgan narsani tasdiqlash va unga iqror bo'lishdir”.
Bundan kelib chiqadiki, kishi dilida tasdiqlagan narsani uzrsiz tilida aytmasa u Allohning nazdida mo'min bo'ladi, lekin odamlarning nazdida mo'min hisoblanmaydi. Aksincha, tilida aytib, dilida tasdiqlamasa, odamlarning nazarida mo'min hisoblansada, lekin aslida munofiq bo'ladi. Demak, chin mo'min bo'lish uchun kishi dili bilan tasdiq qilgan narsani tili bilan iqror qilishi shart qilingan.
Imom Moturidiy rahmatullohi alayhning nazdlarida dinda buyurilgan yoki qaytarilgan ishlarga amal qilish imonning sharti hisoblanmaydi. Demak, amal qilmagan kishini ham garchi amal qilmagani uchun gunohkor bo'lsa-da, uni musulmon deymiz. Mana shu masala avvaldan ko'p ixtiloflarga sabab bo'lib kelgan.
Havorijlar kabi adashgan toifalar amal qilish imonning sharti deganlar va amal qilmagan kishilarni kofirga chiqarib, ularga urush e'lon qilib, qirg'in-barot urushlar va ko'p musulmonlarning qonlari to'kilishiga sabab bo'lgan.
Afsuski, hozirgi kunda ham ushbu holat ba'zi toifa tarafdorlari tomonidan takrorlanmoqda.
Vaholanki, bizning Ahli sunna val jamoa e'tiqodimizga ko'ra, barcha ulamolarimiz bir ovozdan gunoh ish qilgan kishi modomiki uni halol sanamasa va farz amallarning farzligiga ishonib turib, dangasalik va beparvolik bilan uni ado qilmasa, uni kofirga chiqarmaydilar. Qolaversa, mazhabboshimiz Imomi A'zam rahmatullohi alayh o'zlarini “Fiqhul akbar” kitoblarida shunday deganlar:
ya'ni: “Musulmon kishini, gunohni halol sanamas ekan, biror gunohi sababli kofirga chiqarmaymiz, hattoki katta gunoh qilgan bo'lsa ham”.
Shuning uchun Moturidiy va Ash'ariy yo'nalishlari amal qilmagan musulmon kishini kofirga chiqarmaslik masalasida bir fikrdalar.
Abdurahmonov Muhammadxon
"Hidoya" o'rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi
O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyati vakilligida shahar va tumanlar bosh imom-xatiblari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbirni viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov kirish so‘zi bilan ochib, yig‘ilganlarni yaqinlashib kelayotgan Mustaqilligimizning 35 yillik bayrami bilan samimiy muborakbod etdi. Uchrashuvda davlatimiz Rahbarining tegishli Farmoni bilan bir guruh diniy soha xodimlari «Imom Buxoriy» ordeni bilan taqdirlangani yurtimizda ma’naviy-ma’rifiy sohaga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va tarixiy voqea ekani alohida e’tirof etildi.
Yig‘ilishda «Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!» ezgu shiori ostida vohada amalga oshirilayotgan xayrli ishlar, yoshlarni Vatanga sadoqat va milliy-diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash borasidagi faoliyat sarhisob qilindi.
Shuningdek, tadbir davomida imom-xatiblarga quyidagi ustuvor vazifalar yuklatildi:
Ehtiyojmand, boquvchisini yo‘qotgan va yakka-yolg‘iz keksalar holidan muntazam xabar olish;
Oilalar totuvligini mustahkamlash va mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash;
Masjidlar, qadamjolar va qabristonlarni obodonlashtirish hamda tozalik tadbirlarida faollik ko‘rsatish.
Yig‘ilish yakunida diniy soha xodimlarining kelgusi faoliyatiga muvaffaqiyatlar tilandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati