Masala shundaki, to'g'ri tafakkur qilish orqali odatda aql bilan iymon hosil qilinadi. Odatda deyilishdan maqsad Alloh taolo iymonni inson to'g'ri tafakkur yuritganida yaratishidir. Alloh taolo Qur'oni karimda bu haqda: “Ayting (ey Muhammad sollallohu alayhi vasallam), Yer yuzida sayru sayohat qilib, ilgari o'tganlarning oqibatlari qanday bo'lganini ko'ringlar!” deb aytadi.
Imon bu tasdiqdir.
Ba'zi ulamolar imon bu tasdiq va shahodat kalimasini, ya'ni: “Ashhadu an la ilaha illalloh va ashhadu anna Muhammadan abduhu va rosuluhu…”niaytish imonning bir bo'lagi bo'lib, rukn hisoblanadi, amal qilishlik esa komillik shartidir. Lekin shahodat kalimasini nutq qilish soqovlik va majburlash holatlarida soqit bo'lishining ehtimoli bor. Alloh taolo Nahl surasining 106-oyatida: “Kim Allohga iymon keltirganidan keyin (yana qaytib) kofir bo'lsa, (Allohning g'azabiga duchor bo'lur). Lekin kim qalbi iymon bilan orom olgani holda (kufr kalimasini aytishga) majbur qilinsa, (uning iymoniga ziyon etmas),” deydi. Soqit bo'lishning ma'nosi: shahodat kalimasini uzr mavjud bo'lgani sababli aytmasligi sababidan Alloh taoloning azobiga duchor bo'lmasligidir.
Bu ahli sunna valjamoaning ikki yo'nalishi – moturidiy va ash'ariylarning gapidir. Ikki aqidaviy mazhab amal uchun ikki jihati bor, u ham bo'lsa, amal degani Alloh taolo va uning Rasuli sollallohu alayhi vasallam tarafidan yaxshilikka buyurish va yomonlikdan qaytarishi. Bu jihatdan amal imon nomi ostiga ulamolarning ittifoqiga ko'ra kiradi. Namozning farzligiga imon keltirish vojibdir, uni yolg'onga chiqarish esa kufrdir.
Ammo amallarning fe'l bilan ado etish jihatidan esa bu imon nomi ostiga kirmaydi, chunki agar bunday qilinsa, gunohkor osiy odamni kofir deb hukm qilish lozim bo'lib qoladi, bu esa botil gap. Shuning uchun ham zino qilgan va o'g'rilik qilganlarni kofirga chiqarish emas, balki ularga jazo hadd tayin qilingan. Demak, bir kishi namozni ado qilishga kirishsa, u itoatkor mo''min bo'ladi, ammo uni farzligini inkor qilmay, uni ado etishda dangasalik bilan bosh tortsa, gunohkor mo''min kishi hisoblanadi.
Salafi solihlarning: Imon bu so'z va amal qilish degan so'zining ma'nosi, tasdiq bilittifoq rukn hisoblanadi, ikki shahodat kalimasini aytish, bir rivoyatga ko'ra, soqit bo'lishi ehtimoli bor rukn bo'lsa, boshqa rivoyatga ko'ra, komillik sharti bo'ladi, amal esa bilittifoq komillik sharti hisoblanadi.
Ko'kaldosh o'rta maxsus islom bilim yurti
R.Axundjanov
O‘zbekiston elchixonasi tomonidan Bobur nomli xalqaro jamoat fondi bilan hamkorlikda o‘zbekistonlik tarixshunos va boburshunos olimlardan iborat delegatsiyaning Pokistonga tashrifi amalga oshirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrif Bobur va Boburiylar davriga oid tarixiy-madaniy merosni o‘rganish, Pokiston hududida saqlanayotgan mazkur davrga oid tarixiy manbalar, qo‘lyozmalar, eksponatlar va artefaktlar bilan tanishish, shuningdek, ikki mamlakatning ilmiy-tadqiqot va madaniy muassasalari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish maqsadida tashkil eildi.
Delegatsiya a’zolari dastlab Lahor shahrida Boburiylar davriga oid tarixiy obidalar va manzilgohlarga tashrif buyurib, o‘rganishlar olib bordi. Xususan, Lahor muzeyi, Islom galereyasi hamda qator ilmiy-tadqiqot muassasalarida bo‘lib, mazkur muassasalarda qator ilmiy uchrashuvlar o‘tkazdi va boburiylar davriga oid tarixiy manbalar bilan tanishdi.
Lahor shahridagi Panjob universiteti rahbariyati bilan ilmiy va akademik hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Safar davomida mazkur universitet huzuridagi Boburiylar merosi markazi bilan hamkorlikda Boburiylar sulolasining 500 yilligiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.
Ishtirokchilar Bobur va Boburiylar tarixi, ularning Markaziy va Janubiy Osiyo tamaddunidagi o‘rni, mazkur davrning siyosiy, madaniy va ilmiy merosini o‘rganish masalalarini muhokama qildilar.
O‘zbekiston olimlari Islomobod shahrida Pokiston Milliy tilni rivojlantirish departamenti rahbariyati Quaid-i-A’zam universiteti, Alloma Iqbol universiteti, Pokiston Milliy kutubxonasi hamda qator ilmiy-tadqiqot muassasalariga tashrif buyurib, qo‘lyozmalar, boburiylar davriga oid eksponatlar va boshqa tarixiy manbalar bilan tanishdi.
O‘zbekiston vakillari Islom hamkorlik tashkilotining Ilmiy va texnologik hamkorlik bo‘yicha doimiy qo‘mitasi bosh koordinatori Muhammad Iqbol Choudhari tomonidan qabul qilindi.
Unda Bobur va Boburiylar merosini chuqur o‘rganish, uni asrash va musulmon dunyosi ilmiy doiralari hamda keng jamoatchilik o‘rtasida targ‘ib qilish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.
Kelgusida mazkur tashkilot bilan hamkorlikda Boburiylar merosiga bag‘ishlangan yirik xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Tashrifning asosiy tadbiri Islomobod shahrida «Zahiriddin Muhammad Bobur: mushtarak sivilizatsiyaviy meros va O‘zbekiston-Pokiston munosabatlari ko‘prigi» mavzusida tashkil etilgan bo‘ldi.
Konferensiyada Pokiston Milliy meros va madaniyat vazirining o‘rinbosari Farah Naz Akbar, O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev, Pokistondagi «Bobur forumi» rahbari Ramzan Mug‘al hamda tarixchi va boburshunos olimlar hamda yosh tadqiqotchilar ishtirok etdi.
Diplomatik vakolatxona rahbari o‘z nutqida ikki mamlakat o‘rtasidagi tarixiy, madaniy, ma’naviy va sivilizatsiyaviy aloqalar uzoq tarix va chuqur ildizlarga ega ekanini qayd etdi.
– Ushbu mushtarak tarixda Zahiriddin Muhammad Bobur Janubiy Osiyoda ulkan davlatchilikka asos solgani xalqlarimizni birlashtiruvchi muhim tarixiy omil bo‘ldi, – dedi O‘zbekiston elchisi. – Ta’kidlash joizki, bugungi kunda O‘zbekiston-Pokiston munosabatlari barcha sohalarda izchil rivojlanib bormoqda. Ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi muntazam va yaqin do‘stona muloqot natijasida ikki tomonlama munosabatlarimiz strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. Aloqalarning bunday darajasida umumiy tarixiy va madaniy merosni o‘rganishning naqadar muhimligi, bu borada yaqindan hamkorlik qilish ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Bobur nomli xalqaro jamoat fondi raisi o‘rinbosari Rustam Mamasoliyev o‘z chiqishida Bobur va uning ilmiy-adabiy merosi butun mintaqa tarixida alohida o‘rin tutishini urg‘uladi.
– O‘zbekistonda Bobur va boburiylar merosini o‘rganish, asrash va targ‘ib qilish borasida juda katta ishlar amalga oshirilyapti, – dedi u. – Boburiylar merosini chuqur o‘rganishda pokistonlik olimlar va ilmiy muassasalar bilan qo‘shma tadqiqotlar, ilmiy anjumanlar, nashriyot loyihalari va akademik almashinuvlarni kengaytirish juda muhim.
Pokiston Milliy meros va madaniyat vazirining o‘rinbosari Farah Naz Akbar, o‘z navbatida, boburiylarning Pokiston tarixidagi muhim o‘rniga to‘xtaldi.
– Boburiylarning Pokistondagi tarixiy-madaniy merosini asrash va kelajak avlodlarga yetkazishga hukumat darajasida e’tibor qaratilyapti, – dedi Farah Naz Akbar. – Biz O‘zbekiston bilan tarixiy aloqalarimizni yanada mustahkamlash, ilmiy hamkorlik va madaniy almashinuvlarni qo‘llab-quvvatlashga, buyuk ajdodlarimiz qoldirgan merosni birgalikda o‘rganish va targ‘ib qilishga tayyormiz.
Bobur nomli xalqaro jamoat fondi delegatsiyasi tashrifi davomida Panjob viloyatida joylashgan Boburiylar davriga oid qator tarixiy qadamjolarda o‘rganishlar olib borishi rejalashtirilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati