Hasharotlar ichida pashsha asosan axlat va iflos bo'lgan narsalarga qo'nadi. Asalari esa gullarga, daraxt changlariga va boshqa xushbo'y hidli narsalarga qo'nib shira yig'adi. Ba'zi otalar pashsha kabi farzandlarining faqat aybu nuqsonlarini, xato-kamchiliklarini ko'radilar. Ularni hadeb koyiyveradilar. Eng yomoni ularni o'z tengdoshlari va aka-uka, opa-singillari bilan soltishtirib kamsitadilar. Natijada bola tushkunlikka tushib qoladi va uzoq vaqt davomida bu kayfiyatdan qutula olmaydi. Borib-borib o'zida faqat yomonlikni ko'radigan bo'lib voyaga etadi. Aksar holatlarda bunday bolalar jamiyatga kerakli insonlar emas, balki, jamiyatga katta xavf soladigan, qabih jinoyatlarni sodir etadigan jinoyatchilar bo'lib o'sishadi.
Hayriyatki, jamiyatimizda “pashsha” otalarga qaraganda “asalari” otalar ko'proq. Bunday otalar farzandlaridagi ko'zga ko'rinmas darajagi maqtovga sazovor jihatlarni ham topib, bu xislatlarini mohir va tajribali bog'bon kabi rivojlantirishadi. Farzandlaridagi xatolarni to'g'ri tushuntirib, fazilatlarini esa xuddi hech qaysi bolada yo'q fazilatni maqtayotgandek his-hayajon bilan e'tirof etishadi. Natija ham shunga yarasha ko'zni quvontiradigan bo'ladi. Chunki bola, ayniqsa, o'g'il bola otasini hayotdagi eng mukammal inson deb biladi. Uning xayolida qahramon siymosida otasidan boshqa odam gavdalanmaydi. Endi o'zining hayotdagi ilk kumeridan, qahramonidan maqtov eshitgan bolaning ko'nglidan nimalar o'tishini tasavvur qilavering! Tajribalar shuni ko'rsatadiki, odatda otasidan ko'p maqtov eshitadigan bolalalarda yo'q qobiliyatlar ham shakllanib, rivojlanib ketadi. Lekin aksar hollarda biz “Bolalarni ko'p maqtash ularni erka, tantiq va yalqov qilib qo'yadi” degan mantiqqa suyanib ish ko'ramiz. Hamma narsada bo'lgani kabi maqtovda ham me'yor bo'lsa, bu narsa tarbiyada juda yaxshi samara beradi. Keling, bu mavzuga hayotiy misollar orqali nazar solamiz.
Birinchi hikoya
Marhum otam o'qish-yozishni bilmas edilar. Ularning bolaligi urush yillariga to'g'ri kelgani uchun ham yoshliklari darbadarlikda o'tgan. Qorinlarini to'yg'azishga imkon bo'lmagan paytlarda o'qish-yozishni o'ylash qayoqda deysiz. Lekin shunga qaramay ilmni va ilm ahlini yaxshi ko'radigan, ularning ilmini qadrlaydigan kishi edilar. Bizni ham ta'lim olishga ilhomlantirgan, doim qiziqtirib undab turgan turtkimiz dadam bo'ladilar.
Dars tayyorlab o'tirgan paytimiz xonamizga kirib hammamizning tepamizda alohid-alohida turib kuzatardilar. Daftalarimizni olib, yozishni bilmasalar ham “O'g'lim, sening xating chiroyli ekan”, “Qizim, chizgan rasming buncha go'zal”, deb g'ayratimizga g'ayrat qo'shardilar. Dadamning maqtovlari bizga shunchalik yoqardiki, ishdan kelib xonamizga kirgunlaricha darslarimizni qilib bo'lgan bo'lsak-da dadamning maqtovlarini eshitish uchun xonamizga kiradigan paytlarida dars qilishga o'tirib olardik. Dadam maqtagan jihatlarimizni yanada rivojlantirishga harakat qilardik. Kimdir xatini yanada chiroyli qilishga harakat qilsa, qimdir chizgan suratlari bo'yoqlarini yanada xilma-xil qilishga urinardi. Yana kimdir kecha o'qiganidan 5-6 bet bo'lsa ham ko'proq kitob o'qishga harkat qilardi. Bundan tashqari otam birortamizni bir sifat bilan maqtab boshqalarni ayni o'sha sifat bilan maqtamasalar, qolganlar ham o'sha maqtovga sazovor bo'lish uchun o'sha iqtidorni o'zida paydo qilishga harakat qilardi. Bu esa oramizda o'ziga yarasha ajoyib bir tabiiy musobaqaning paydo bo'lishiga zamin yaratar edi.
Ikkinchi hikoya
Onam meni doim tergardilar. Qo'shnilar yoki qarindoshlar oldida men haqimda gap ketsa, “Bu juda quloqsiz bola bo'ldi” deb yomonlashga tushib ketardilar. Faqat kamchiligimni ko'rardilar. Atayin fazilatlarimni ko'rsatishga harakat qilsam ham, “Nechuk bugun unday, nechuk bugun bunday” deb shashtimni ham tushirib yuborardilar. Oxir-oqibatda men shunchalar umidsizlikka tushib qoldimki, dunyoda eng yomon odam men bo'lsam kerak, mendan biror foydali inson chiqmasa kerak, shunday bo'ladigan bo'lsa, yashab nima qilaman degan fikrlarga ham borib qoldim. Agar Juma maruzalarida o'zini –o'zi o'ldirish gunohi kabira ekanligini eshitmaganimda kim bilsin balki hozir tirik bo'lmasmidim...
Fuzola ibn Ubayd roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy alayhissalom aytadilar: “Uch narsa kishining belini sindiradi: yaxshilik qilsang ham minnatdor bo'lmaydigan imom (boshliq), yaxshiligingni berkitadigan, yomonligingni tarqatadigan qo'shni va yonida bo'lganingda aziyat beradigan, yo'qligingda xiyonat qiladigan ayol”.
Doktor Abdulloh Muhammad Abdulmu'tining
“Farzand tarbiyasida 700 ta saboq” kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Kamronbek Islom tarjimasi.
Ispaniyaning “El Mundo Financiero” nashrida O‘zbekistonning xalqaro turizm bozoridagi o‘rniga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Maqolada qayd etilishicha, “Global Terrorism Index 2026” reytingida O‘zbekiston yana dunyodagi eng xavfsiz davlatlar qatoriga kirgan. Iqtisodiyot va tinchlik instituti tomonidan tayyorlangan mazkur reyting 163 mamlakatni qamrab olgan bo‘lib, 2026 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston 0,014 ball bilan eng xavfsiz davlatlar guruhidan joy olgan.
Nashr bu natijani mamlakatda jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquq-tartibot tizimini takomillashtirish hamda huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan izchil chora-tadbirlar samarasi sifatida baholagan.
Materialda xorijlik sayyohlar O‘zbekiston bo‘ylab sayohat davomida o‘zini xavfsiz his qilishiga alohida e’tibor qaratilgan. Aeroportlar, temir yo‘l vokzallari, metro, turistik obyektlar, markaziy ko‘chalar va boshqa jamoat joylarida xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha yaratilgan tizim mamlakatning ijobiy imijini mustahkamlashga xizmat qilayotgani ta’kidlangan.
Shuningdek, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi Buyuk Ipak yo‘li shaharlari, shuningdek, zamonaviy Toshkentning boy tarixiy-madaniy merosi hamda mehmondo‘stlik an’analari xorijlik sayyohlarni tobora ko‘proq o‘ziga jalb etayotgani alohida e’tirof etilgan.
“Global Terrorism Index 2026” natijalari O‘zbekistonning turizm, biznes va xalqaro almashinuvlar uchun ishonchli, barqaror hamda xavfsiz mamlakat sifatidagi imijini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi”, deya xulosa qilgan “El Mundo Financiero”.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati